Turkish Airlines Istanbul–Samarqand aviaqatnovini yo‘lga qo‘ymoqda

Turkish Airlines kompaniyasi parvozlar jug‘rofiyasini kengaytirib, 16 martdan boshlab Istanbul–Samarqand yo‘nalishida yangi aviaqatnovni yo‘lga qo‘ymoqda. Kompaniya matbuot xizmati tarqatgan xabarga ko‘ra, O‘zbekistonning ikkinchi yirik shahri sanalgan Samarqandga to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlar haftada ikki bor amalga oshiriladi.

Istanbul–Samarqand aviaqatnovining yo‘lga qo‘yilishi munosabati bilan 16 mart kuni tantanali marosim o‘tkazilishi va unda O‘zbekiston rasmiylari va Turkish Airlines kompaniyasi rahbariyati qatnashishi ko‘zda tutilgan.

Kompaniya bu borada batafsil ma’lumotni www.turkishairlines.com sayti, +90 212 444 0849 telefon raqami yoki Turkish Airlines ofislaridan olish mumkinligini ma’lum qilgan.

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil oktyabrda Turkiyaga amalga oshirgan tashrifi davomida ikki mamlakatni bir-biri bilan bog‘laydigan transport yo‘laklarini kengaytirish, xususan, Samarqand va Istanbul shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

Turkish Airlines kompaniyasi dunyoning 121 mamlakati bo‘ylab 301 yo‘nalishda parvozlarni amalga oshiradi. Kompaniyaga 1933 yilda asos solingan. O‘sha kezlar kompaniya bor-yo‘g‘i 5 dona samolyotga ega bo‘lgan edi. Ayni paytda esa Turkish Airlines shirkati 328 ta yo‘lovchi va yuk samolyotiga egalik qiladi. Nufuzli Star Alliance ittifoqi a’zosi sanalgan kompaniya o‘tgan yili 68 milliondan oshiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan. Kompaniya turli reyting va tadqiqotlarda xizmat sifati jihatidan yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda.