Toshkentda “Turkmaniston – Buyuk ipak yo‘lining yuragi” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Poytaxtimizda 30 noyabr kuni Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning “Turkmaniston – Buyuk ipak yo‘lining yuragi” nomli kitobining taqdimoti o‘tkazildi.

Shu munosabat bilan tashkil etlgan tadbirda diplomatik korpus vakillari, olimlar, professor-o‘qituvchilar va talabalar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Turkmanistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Shiri Shiriyev, Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Sun Litsze nutq so‘zlab, ushbu asarning ahamiyati haqida fikr bildirdi.

Ushbu kitob Buyuk ipak yo‘lining shakllanish tarixi, Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, ijtimoiy aloqalarning rivojlanishi, madaniy-gumanitar hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan. Asarda savdo yo‘lida Markaziy Osiyo davlatlarining tutgan o‘rni, o‘zaro ishonch va teng sheriklik asosidagi hamkorlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analari haqida so‘z boradi. Kitob Turkmaniston davlat nashriyoti tomonidan turkman, ingliz va rus tillarida chop etilgan bo‘lib, u “Jayhun bo‘ylab”, “Qadimgi Marv”, “Saraxs va Anau oralig‘ida”, “Nisadan Dehistongacha”, “Qadimiy Dashovuz yerlarida” hamda “Mo‘jizaviy dunyo” kabi olti bo‘limdan tashkil topgan.

Muallifi o‘z asarida Turkmanistonning iqtisodiy muvaffaqiyatlari, milliy iqtisodiyotning strategik sohalaridagi katta loyihalarni amalga oshirilishi haqida batafsil faktlarni keltiradi. Zamonaviy Turkmanistonning ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi asosiy yo‘nalishlari, turkman jamiyati oldida turgan maqsad va vazifalarni belgilab beradi.

– Buyuk ipak yo‘li nafaqat savdo yo‘li, ayni paytda xalqlar o‘rtasida madaniy-ma’rifiy hamkorlik vositasi bo‘lgan, – deydi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti o‘qituvchisi Zebo Zaripova. – O‘zbek va turkman xalqlari o‘rtasidagi til, ma’naviy-ma’rifiy qadriyatlar va urf-odatlar o‘rtasidagi yaqinlik ham fikrimizga misol bo‘la oladi. Mazkur savdo yo‘lining zamonamiz talablari doirasida qayta tiklanishi mamlakatlarning iqtisodiyot, savdo, ta’lim, transport, madaniyat, sayyohlik kabi sohalardagi aloqalarini yanada jonlantirish imkonini beradi.

Kitobda mintaqamiz davlatlarining do‘stona munosabatlarini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.