Toshkentda 19-Markaziy Osiyo media konferentsiyasi bo‘lib o‘tmoqda

Toshkentda YeXHT (Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti) tashkil etgan “Markaziy Osiyoda ochiq jurnalistika” 19-Markaziy Osiyo media konferentsiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Ikki kunlik ushbu tadbirda 100 dan ortiq ishtirokchilar, jumladan O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Mongoliya davlatlaridan davlat hokimiyati vakillari, jurnalistlar hamda xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etmoqda.

Ommaviy axborot vositalari ochiqligi va erkinligi masalalariga bag‘ishlangan konferentsiyani O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi vitse-spikeri Sarvar Otamurodov, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori, elchi Jon Mak-Gregor, YeXHTning OAV erkinligi masalalari bo‘yicha vakili Arlem Dezir kirish so‘zi bilan ochdilar.

Janob Arlem Dezir jurnalistlar bilan uchrasharkan, O‘zbekistondagi hozirgi yangilanish jarayonidan xursandligini bayon etdi va “OAVni erkinlashtirish uchun yanada kuchli qonunlar qabul qilish kerak. Men Oliy Majlis vakillari bilan uchrashdim. “Ommaviy axborot vositalari haqida” va “Jurnalistik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlarning yangi tahriri qabul qilinayotgani quvonarli hol” dedi.

Konferentsiyaning 1-kunida “OAVda yangiliklar tarqatishning yangi tendentsiyalari: Markaziy Osiyo va YeXHTning boshqa a’zo davlatlari tajribalari”, “Yangi media maydonida vositachilar: OAV va jurnalistlar uchun yangi imkoniyatlar”, “An’anaviy OAV va yangi formatlar: Markaziy Osiyo va Mongoliyada ijtimoiy tarmoqlar va mobil platformalar”, “Ekstremizm, terrorizm va nafrat uyg‘otish masalalarida o‘z-o‘zini boshqarish institutlarining roli va huquqiy asoslari” mavzularida seminar tashkil etildi. Shuningdek, “Raqamli texnologiyalar asrida milliy ozchiliklar va media”, “Markaziy Osiyoda media va ekologiya” mavzularida maxsus prezentatsiyalar qilindi.

Konferentsiyaning 2-kunida “Markaziy Osiyo va Mongoliyada erkin ommaviy axborot vositalarida yangiliklar” mazusida seminar davom ettiriladi.