Toshkent shahrida “Birga kitob o‘qiylik!” aktsiyasi o‘tkazildi

Poytaxtimizdagi “Bolajon” madaniyat va istirohat bog‘ida kitobxonlik targ‘ibotiga bag‘ishlangan aktsiya o‘tkazildi. “Birga kitob o‘qiylik!” shiorida tashkil etilgan ushbu aktsiyada o‘quvchi va talabalar, kitob muxlislari ishtirok etdi.

Kitob aktsiyasida turli nashriyotlar o‘z ko‘rgazmalarini tashkil etishdi. Ushbu ko‘rgazmalar orqali yuzlab yoshlar taniqli yozuvchi, shoirlar tavsiyasi asosida tafakkur xazinasini boyitishga xizmat qiladigan badiiy, ilmiy adabiyotlarni arzon narxlarda xarid qilish imkoniga ega bo‘ldi.

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, “Intellect” kitobxon yoshlar klubi va boshqa hamkor tashkilotlar tashabbusi bilan o‘tkazilgan ushbu kitob aktsiyasi doirasida qiziqarli intellektual tanlovlar ham tashkil etildi. Jahon va o‘zbek adabiyotining durdona asarlari asosida tuzilgan yutuqli savollar o‘yini juda qiziqarli kechdi.

Iste’dodli yosh shoir va shoiralarning bahru-bayt o‘yini ham yig‘ilganlarning olqishiga sazovor bo‘ldi. Kitob aktsiyasi yakunida ishtirokchilar bu kabi loyihalarning ahamiyatini e’tirof etishdi va uni yanada kengroq davrada tashkil etishga kelishib oldilar.