TİKA Toshkent va Samarqandda ikki yirik loyihani amalga oshirdi

Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TİKA) Amir Temur xalqaro jamoat fondi binosini qayta ta’mirlab jihozladi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali marosimda Turkiya Bosh vaziri o‘rinbosari Yildirim Tug‘rul Turkesh, Turkiya Iqtisodiyot vaziri Nihat Zeybekchi, TİKA Prezidenti o‘rinbosari Mehmet Sureyya Er, Turkiyaning yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Ahmet Bashar Shen hamda savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya yig‘ilishida ishtirok etish uchun Toshkentga kelgan turkiyalik boshqa mehmonlar, o‘zbekistonlik tarixchi olimlar, ilm-fan va madaniyat namoyandalari ishtirok etdi.

Turkiya hukumati rahbari muovini o‘z nutqida Sohibqiron Amir Temurning dunyo tarixidagi o‘rniga yuksak baho berdi.

“Amir Temur 35 yillik hukmronligi davomida barcha yurishlarida g‘alaba qozondi. Xitoydan Dehliga qadar yarim Osiyoni, Iroq, Suriya va Izmirga qadar butun Onado‘lini yagona bayroq ostida birlashtirdi. Kanallar qurdirdi. Buyuk shaharlarni tijorat yo‘llariga bog‘ladi”, – dedi Yildirim Tug‘rul Turkesh.

TİKA Prezidenti o‘rinbosari Mehmet Sureyya Er ham tantanada nutq so‘zlab, ushbu loyiha turk va o‘zbek xalqlari o‘rtasidagi qardoshlik va do‘stlik munosabatlarini yanada mustahkamlash xizmat qilishini qayd etdi.

Bundan tashqari, TİKA homiyligida Samarqand davlat universiteti O‘zbek filologiyasi fakulteti talabalari va izlanuvchilari uchun til laboratoriyasi ham tashkil etildi. Yangi laboratoriya TİKA Prezidenti o‘rinbosari Mehmet Sureyya Er, Samarqand davlat universiteti Rustam Xolmurov hamda TİKAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari, professor Sulaymon Kiziltoprak tomonidan ochib berildi.

Marosimda TİKA homiyligida amalga oshirilayotgan loyihalar ikki qardosh mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.

Turkiya Bosh vaziri devoni huzuridagi Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi 1992 yilda tashkil etilgan. TİKA Turkiyaning xalqaro maydondagi o‘ziga xos timsoli sifatida dunyo hamjamiyati hurmatini qozongan.

TİKAning Toshkentdagi vakolatxonasi O‘zbekiston va Turkiya hukumatlari o‘rtasida imzolangan hamkorlik shartnomasi doirasida 1994 yil 20 mayda ochilgan. Vakolatxona iqtisodiy, texnikaviy, ijtimoiy va madaniy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan loyiha va dasturlarga ko‘mak berib kelmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, TİKA o‘tgan salkam chorak asr mobaynida O‘zbekistonda 700ga yaqin loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirdi.

C.Calim

Shu mavzudagi maqola:

Sulaymon Kiziltoprak: “2017 yilda ham yirik loyihalarni amalga oshirishni niyat qilganmiz”. 08.04.2017