Taniqli o‘zbek diplomati va tarjimoni Frantsiya Respublikasi ordeni bilan taqdirlandi

Taniqli o‘zbek diplomati va tarjimoni, Toshkentdagi Frantsuz alyansi raisi Shoazim Minovarov Frantsiya Respublikasining “Xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi. Ushbu nufuzli mukofot Frantsiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi  Violen de Vilmor tomonidan Toshkentda o‘tgan qabul marosimida tantanali tarzda topshirildi.

Elchi xonim o‘z nutqida qayd etganidek, Sh.Minovarov ushbu yuksak mukofotga davlat arbobi hamda tarjimon sifatida O‘zbekiston hamda Frantsiya o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun sazovor bo‘ldi.

“Xizmatlari uchun” milliy ordeni Frantsiyaning yuksak davlat mukofotlari sirasiga kiradi. 1963 yil 3 dekabrda Prezident Sharl de Goll farmoni bilan ta’sis qilingan orden Frantsiya hamda xorijiy mamlakatlar fuqarolariga yuksak xizmatlari uchun taqdim etiladi.

Shoazim Minovarov davlat arbobi va diplomat sifatida uzoq yillar turli mas’ul vazifalarda faoliyat yuritgan. Jumladan, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi, O‘zbekiston Prezidentining Davlat maslahatchisi, Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari, O‘zbekistonning Misrdagi Favqulodda va muxtor elchisi kabi lavozimlarda xizmat qilgan. 2015 yil apreldan Toshkentdagi Frantsuz alyansi raisi.

Shoazim Minovarov mahoratli tarjimon sifatida ham e’tirof etilgan. U XX asr frantsuz adabiyotining Nobel mukofotiga sazovor vakillari – Fransua Moriakning “Ilonlar komida”, Jan-Mari Gyustav Le Klezioning “Mondo”, Patrik Modianoning “To‘y sayohati” hamda ingliz mumtoz adabiyoti vakili Charlz Dikkensning “Katta umidlar” asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Sh.Minovarov, shuningdek, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zamning “Shovqin” romani, “Pakananing oshiq ko‘ngli” qissasi, “Yozuvchi” va “Aralashqo‘rg‘on” hikoyalarini frantsuzchaga o‘girgan.