Sun Litsze: “Ziddiyatlarni murosa va muloqot yo‘li bilan hal etish lozim”

3 noyabr kuni Toshkentda Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Sun Litsze mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashdi. Diplomat jurnalistlarga joriy yil 18-24 oktyabr kunlari Pekinda bo‘lib o‘tgan Xitoy kommunistik partiyasining XIX s’ezdi yakunlari bo‘yicha ma’lumot berdi.

“Ushbu s’ezd sotsializmning Xitoyga xos yangi davriga qadam qo‘yilayotgan va o‘rta toifaga asoslangan jamiyat bunyod etishga kirishilgan hal qiluvchi pallada o‘tkazilgani bilan ahamiyatlidir. U Xitoy kommunistik partiyasi, umuman Xitoy va xitoyliklar hayotida muhim tarixiy ahamiyat kasb etadi. Unda Xitoy kommunistik partiyasi va mamlakatning yaqin yillardagi taraqqiyoti bo‘yicha strategiyalar va dastur belgilab olindi. Xitoy dunyoning ikkinchi yirik iqtisodiy mamlakati va yirik rivojlanayotgan davlati hamda BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi sifatida xalqaro maydonda muhim rol o‘ynaydi, jahon iqtisodiyoti va global taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shadi. Shu bois ham s’ezd butun dunyo jamoatchiligi diqqat-e’tiborida bo‘ldi”, – dedi XXR elchisi Sun Litsze.

S’ezdda Xitoy kommunistik partiyasi safidagi 89 million a’zodan 2287 delegat qatnashdi. Mashvaratda 18-chaqiriq Xitoy kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasining ma’ruzasi, partiyaning intizom bo‘yicha komissiyasi hisoboti tinglandi. Shuningdek, 19-chaqiriq Xitoy kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi hamda intizom komissiyasi tarkibi tasdiqlandi. Partiya Bosh kotibi lavozimiga ikkinchi muddatda Si Szinpin saylandi. Bosh kotib g‘oyalari asosida partiya ustaviga o‘zgartirishlar kiritildi.

“Asr o‘rtalariga qadar yirik rivojlangan sotsialistik mamlakat qurish bo‘yicha yo‘l xaritasi va aniq rejalar belgilab olingani mashvaratning muhim amaliy natijasi sanaladi”, – dedi xitoylik diplomat.

Xitoy kommunistik partiyasi Bosh kotibi Si Szinpin s’ezda ma’ruza qildi.  Elchiga ko‘ra, ma’ruzada Xitoy bosib o‘tgan besh yillik yo‘l baholangan. O‘tgan muddatda yalpi ichki mahsulot 7,2 foizga oshib, 8 trillion dollardan 12 trillion dollarga yetdi. Xitoyning dunyo iqtisodiy taraqqiyotiga qo‘shgan ulushi 30 foizga o‘sdi. Mamlakatda 13 million yangi ish o‘rni yaratildi,  aholining real daromadi 7,4 foizga ko‘paydi. 60 milliondan oshiq kishi qashshoqlikdan xalos bo‘ldi. 2016 yilda Xitoyning tashqi savdo aylanmasi 3 trillion 680 milliard dollarni tashkil etdi.

Qolaversa, Xitoy rahbari ma’ruzasida mamlakatni rivojlantirish bo‘yicha ulkan rejalar belgilangan.

“Biz ushbu vazifalarni uch bosqichda amalga oshiramiz: 2020 yilgacha jamiyatni o‘rta ta’minlangan darajada olib chiqish; 2020 yildan 2035 yilgacha sotsialistik modernizatsiyaga e’tibor qaratish; 2035 yildan mamlakatimizni boy, qudratli, demokratik, mutaraqqiy, zamonaviy sotsialistik davlatga aylantirish. Joriy yildan 2020 yilgacha o‘rta tabaqadagi jamiyatni bunyod etish hal qiluvchi vazifa bo‘lib qoladi”, – dedi Xitoy elchisi.

Qayd etilishicha, ayni paytda Xitoy uchun kuchli tabaqalanishni bartaraf etish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

“Taraqqiyot – Xitoydagi barcha muammolarga yechimidir. Biz iqtisodiy qurilishga bundan keyin ham alohida e’tibor qaratamiz va o‘z kuchimizga tayanib, ochiqlik va islohotlar siyosatini davom ettiramiz”, – deb ta’kidladi Xitoy elchisi.

Qolaversa, Si Szinpin o‘z ma’ruzasida sotsializmning Xitoyga xos modelini rivojlantirish bo‘yicha 14 bandlik strategiyani e’lon qilgan. Bu o‘rinda, avvalo, “barchasi xalq uchun” g‘oyasi, tub o‘zgarishlar, novatorlik takliflari xususida so‘z bormoqda. Shuningdek, huquqiy davlat asoslarini mustahkamlash, aholi farovonligini oshirish, atrof-muhitni muhofaza qilish, “bir mamlakat – ikki tizim” kontseptsiyasini rivojlantirish, global integratsiyani kuchaytirishga ahamiyat qaratiladi.

Davlat rahbari chiqishida, shuningdek, Xitoy zamonaviy diplomatiyasining asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi. Bunga ko‘ra, Xitoy butun dunyoda tinchlik, barqarorlik hukm surishi, millatlararo do‘stlik qaror topishi, sovuq urush kayfiyati va zo‘ravonlik siyosatiga barham berishni taklif etadi.

“Davlatlararo munosabatlarda ziddiyat va bloklarga bo‘linishdan voz kechib, muloqot va hamkorlikka asoslangan yangi yondashuvlar qo‘llash lozim.  Nizo va ixtiloflar muloqot va murosa orqali hal etilishi lozim. Savdo va sarmoya sohasida liberallashuv va soddalashtirish jarayonini qo‘llab-quvvatlash lozim”, – dedi Xitoy elchisi.

Brifing jarayonida diplomat Xitoy va O‘zbekiston munosabatlariga ham alohida to‘xtaldi.

Qayd etilishicha, ayni paytda ikki mamlakat aloqalari tarixiy yuksak bosqichga ko‘tarilgan. Joriy yil diplomatik munosabatlarning 25 yilligi nishonlandi. Elchiga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan ishlab chiqilgan mamlakatni rivojlantirish bo‘yicha besh yo‘nalishni qamrab olgan Strategiya XXR Raisi Si Szinpin taklif etayotgan rivojlanish tamoyillariga uyg‘undir.

Xitoy elchisiga ko‘ra, rasmiy Pekin O‘zbekiston bilan vaqt sinovidan o‘tgan do‘stlik hamda strategik hamkorlikni qadrlaydi va o‘zaro aloqalarni yanada rivojlantirishga tayyordir.

S.Salim