Shusha okkupatsiyasiga 25 yil to‘ldi

Ozarboyjonning ko‘hna tarixiy-madaniy markazi – Shusha shahri bosib olinganiga 25 yil to‘ldi. 1992 yilning 7-8 may kunlari 250 yillik tarixga ega shahar Armaniston qurolli kuchlari tomonidan okkupatsiya qilingan edi.

Ozarboyjon matbuotiga ko‘ra, Qorabog‘dagi Armaniston harbiy operatsiyalarida 876 ta aholi punkti, 7000 ga yaqin sanoat va qishloq xo‘jaligi korxonalari, 4366 ta madaniy ob’ekt, 616 ta maktab, 242 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 397 ta shifoxona, 10 ta poliklinika, 10 ta tug‘ruqxona, 76 ta apteka, 4 ta sanatoriy va 10 ta masjid vayron etilgan. Shu jumladan, bir zamonlar gullab yashnagan Shusha shahri boshiga ham kulfatlar yog‘ilgan.

Qorabog‘ xonligi yuragida joylashgan Shusha shahri keyingi asrlarda murakkab sinovlarga ro‘baro‘ bo‘ldi. 1751-1797 yillarda shaharga fors xonlari ketma-ket bosqinlar uyushtirdi. 1805 yilda shahar tinchlik ilinjida Rusiya imperiyasi tarkibiga kirdi. Ammo Rusiya imperiyasi kolonial siyosat yuritib, Qorabog‘ xonligi, jumladan, Shusha shahriga armani millatiga mansub aholini ko‘chirib keltirdi. Ya’ni, mutaxassislar Qorabog‘ni egallash ko‘p asrlik mustamlaka rejasi ekani, 1992 yildagi urush esa o‘sha rejaning mantiqiy yakuniy ekanini taxmin qiladi.

“Shusha okkupatsiyasi payti 480 nafar tinch aholi vakili o‘ldirilgan, 600 dan oshig‘i jarohatlangan, 22 mingdan ziyod aholi kindik qoni to‘kilgan vatanida qochqinga aylangan. Bundan tashqari, 68 kishi, jumladan, ayollar va bolalar asir olingan. 6800 xo‘jalik, 44 maktab, 279 madaniy obida, jumladan, bir qancha masjid va uy-muzeylar vayron qilingan”, – deydi Amerikadagi Montana universiteti professori Tomas Golts.

Mazkur shahar asrlar davomida Ozarbayjonning madaniyat o‘choqlaridan biri bo‘lib kelgan. Qorabog‘ xonligi poytaxti bo‘lgan shaharda yuz yilliklar mobaynida ulug‘ san’atkorlar, shoir va musavvirlar yashab kelgan. Masalan, Ozarbayjon mumtoz musiqasi otasi, musulmon olamidagi ilk opera muallifi Uzayr Hojibekov ham shu shaharda tavallud topgan. Shusha Ozarbayjon mug‘omi vatani hamdir.

1988 yili Tog‘li Qorabog‘ Ozarbayjon tarkibidan chiqish haqida bayonot bergach, bir necha yil davomida harbiy to‘qnashuvlar davom etgan. 1994 yil may oyida tomonlar o‘t ochishni to‘xtash borasida kelishuvga erishgan. Ikki davlat o‘shandan buyon YeXHTning Minsk guruhi va Rossiya, Frantsiya, Germaniya hamda AQSh ishtirokida muammo yechimi borasida muzokaralar yuritib kelmoqda.

Rasmiy Boku Tog‘li Qorabog‘ va unga tutash 7 ta tuman (Ozarbayjon hududining 20 foizi) Armaniston qurolli kuchlari tomonidan bosib olingan deb hisoblaydi hamda qo‘shni davlat harbiylari okkupatsiya qilingan hududdan chiqishi lozimligini talab qiladi. Armaniston esa tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi manfaatlarini himoya qilib keladi.

Garchi 1994 yilda kelishuv imzolangan bo‘lsa-da, to‘qnashuvlar ro‘y berib turadi. Tahlilchilar tinchlik kelishuvi juda mo‘rt ekani va istalgan payt to‘qnashuv ro‘y berishi mumkinligidan xavotir bildiradi.

Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘ o‘z hududi ekanini ta’kidlab keladi. Rasmiy Bokuga ko‘ra, Tog‘li Qorabog‘ muammosi BMT Xavfsizlik Kengashi 1993 yil 30 aprel, 1993 yil 29 iyul va 1993 yil 14 oktyabrda qabul qilgan rezolyutsiyalar asosida tinch yo‘l bilan hal qilinishi lozim.

S.Salim