Ozarboyjonda 2017 yil – Islom birdamligi yili

Ozarboyjon Prezidenti Ilhom Aliyev mamlakatda 2017 yilni Islom birdamligi yili deb e’lon qildi. Ozarboyjon matbuoti xabariga ko‘ra, davlat rahbari mazkur qarorni mamlakat Vazirlar Mahkamasining 2016 yil yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishida ma’lum qilgan.

Keyingi yillarda dunyo miqyosida muqaddas islom dinini yomonotliq qilish, uni obro‘sizlantirishga urinish kuzatilayotgani sir emas. Rasmiy Boku xalqaro maydonda muqaddas islom qadriyatlarini himoya qilib, islomofobiyaga qarshi kurashni kuchaytirish lozimligini ta’kidlab kelmoqda.

“Bugun dunyoning ayrim siyosatchilari va ekspertlari islomni terror bilan bog‘lab, uning nomiga dog‘ tushirmoqda. Ular aynan musulmon mamlakatlar terrorizmdan eng ko‘p aziyat chekayotganini unutib qo‘ymoqdalar”, – degan edi Prezident Ilhom Aliyev Bokuda 2016 yil sentyabrda o‘tgan xalqaro gumanitar forumda.

Ozarboyjon rahbariga ko‘ra, islom tinchlik, bag‘rikenglik va adolat dini bo‘lib, uni terror bilan bog‘lash katta xato sanaladi.

Shuningdek, Ozarboyjon Tashqi ishlar vaziri Elmar Mamedyorov 2016 yil 18 oktyabr kuni Toshkentda o‘tgan Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashida xalqaro hamjamiyat islom diniga nisbatan yanglish tushunchalar ildiz otishiga qarshi kerakli chora-tadbirlar ko‘ra olmayotganidan taassufda ekanini bildirgan edi.

“Biz bunday holatga barham berish yo‘lida barcha chora-tadbirlarni ko‘rishimiz lozim. Bu jihatdan, Islom hamkorlik tashkiloti ko‘rayotgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlaymiz va barcha mamlakatlarni bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishga da’vat etamiz”, – degan edi Ozarboyjon Tashqi ishlar vaziri.

Qayd etilishicha, harbiy ziddiyatlar, terrorchilik harakatlari, migratsiya inqirozi, qaltis gumanitar vaziyat hamda islom dini xususida xato qarashning tarqalayotgani dunyo tinchligi va barqarorligiga tahdid bo‘lib turibdi.

Elmar Mamedyorovga ko‘ra, ekstremizm va terrorizm islom dini va musulmonlardan asossiz shubhalanishning avj olishiga sabab bo‘lmoqda. Buning oldini olish uchun esa mavjud ziddiyatlarni bartaraf etish yo‘llarini qidirmoq lozim.

Tahlilchilar tomonidan Ozarboyjonda 2017 yil Islom birdamligi yil deb e’lon qilinishi Bokuning muqaddas islom dinini muhofaza etish yo‘lidagi navbatdagi qadami sifatida baholanmoqda.

Ayni paytda multikulturalizm Ozarboyjon davlat siyosati va hayot tarziga aylangan. Ya’ni mamlakatda turli din, turli etnik guruhga mansub aholi ahil-inoq holda, mamlakat ravnaqi yo‘lida bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilmoqda. So‘nggi hisob-kitoblarga qaraganda, Ozarboyjonda 112 ta millat va elat vakili istiqomat qilmoqda. Ularning har biri o‘z tili, madaniyati hamda dinini asrab-avaylab kelmoqda.

Ozarboyjondagi diniy guruhlar xususida so‘z borganda, eng avval islom dini tilga olinadi. Negaki, mamlakat aholisining asosiy qismi islomga e’tiqod qiladi. Pew Research markazi 2009 yilda o‘tkazgan tadqiqotlarga ko‘ra, aholining 99,2 foizi musulmondir.

Islom dini Ozarboyjon zaminiga VII asrda kirib kelgan. Shu tariqa o‘tgan asrlar davomida islom dini o‘lka madaniyati, san’ati, adabiyotiga kuchli ta’sir etdi. Ushbu diyorda islom diniga oid ko‘plab ko‘hna obidalar, masjidlar, osori atiqalar saqlanib qolgan.


Kavkaz musulmonlari diniy idorasi ham aynan Bokuda joylashgan. Unga O‘zbekistondagi diniy o‘quv dargohlarida tahsil ko‘rgan shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda raislik qilmoqda. Qolaversa, Boku shahri 2007 yilda Islom madaniyati poytaxti deb e’lon qilingani islom tamadduniga qo‘shilgan ulkan hissaning o‘ziga xos e’tirofidir.

Sobir Salim