Nyu-Yorkda dunyo mashvarati bo‘lib o‘tmoqda

Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi o‘z ishini davom ettirmoqda. Mazkur yirik siyosiy tadbirda BMT faoliyatini isloh etish, dunyo hamjamiyatin yangi rivojlanish maqsadlari yo‘lida birlashtirish, terrorizm va separatizm ko‘rinishidagi harakatlarga barham berish kabi masalalar muhokama qilinmoqda.

 

Shavkat Mirziyoyev: BMT bosqichma-bosqich isloh qilinishi lozim

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ko‘plab davlat rahbarlari qatorida 19 sentyabr kuni Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi umumiy muzokaralarida nutq so‘zladi.

“Jamiyatimizda siyosiy faollik ortib bormoqda, barcha sohalarda chuqur islohotlar amalga oshirilmoqda. Ulardan ko‘zlangan maqsad – “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan oddiy va aniq-ravshan tamoyilni amalga oshirish ustuvor ahamiyatga ega bo‘lgan demokratik davlat va adolatli jamiyat barpo etishdan iborat”, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z chiqishida.

Iqtisodiyot, siyosat va boshqa jabhalardagi islohotlar xususida ma’lumot bergan davlatimiz rahbari “Ishonchimiz komil: xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, – deb ta’kidladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT bundan keyin ham xalqaro munosabatlarda hal qiluvchi o‘rin tutishi, ayni choqda, tizim bosqichma-bosqich isloh qilinishi lozimligiga urg‘u berdi.

“O‘zbekiston ushbu tashkilotning bosqichma-bosqich isloh etilishi tarafdoridir. Biz Xavfsizlik Kengashini bugungi kun talablariga mos ravishda kengaytirish zarur, deb hisoblaymiz. Birlashgan Millatlar Tashkilotining yangi rahbariyati tomonidan tashkilotni boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlarni qo‘llab-quvvatlaymiz”, – dedi Sh.Mirziyoyev.

Shuningdek, davlatimiz rahbari o‘z chiqishida O‘zbekistonning tashqi siyosati, mintavaqiy suv munosabatlari, Orol muammosi, Afg‘onistondagi vaziyat, terrorizmga qarshi kurash masalalari to‘xtalib o‘tgan.

 Ilhom Aliyev: BMT rezolyutsiyalari ijrosi bo‘yicha sanktsiyalar joriy etilishi kerak

BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida ma’ruza qilgan Ozarboyjon Prezidenti Ilhom Aliyev esa tashkilot tomonidan qabul qilingan rezolyutsiyalarni bajarmagan davlatlarga qarshi sanktsiya joriy etishni taklif etdi. Masalan, Ozarboyjonning Armaniston tomonidan bosib olingan hududlarini bo‘shatish haqida BMTning to‘rtta rezolyutsiyasi qabul qilingan. Ammo hech qanday javobgarlik yo‘qligini bilgani bois Yerevan mazkur hujjatlarni bajarmay kelmoqda.

Prezident Ilhom Aliyev BMT hujjatlarini amalga tatbiq etishning real mexanizmlarini ishlab chiqish vaqti allaqachon kelganini ta’kidladi. Qayd etilishicha, BMT nufuzli tashkilot bo‘lib qolishi, Armaniston kabi davlatlar u qabul qilgan hujjatlarni bajarishi lozim.

Xalqaro hujjatlar ijrosi borasida ikkiyoqlama standartlar ham kuzatilmoqda. Xalqaro hamjamiyat Armanistonning rezolyutsiyaga rioya qilmayotganiga ham ko‘z yummoqda.

Ozarboyjon rahbari mamlakat tashqi siyosati, zamonaviy o‘zgarishlarga alohida to‘xtalgan.

“2011 yili Ozarboyjon BMT Xavfsizlik Kengashining muvaqqat a’zosi etib saylandi. O‘shanda Ozarboyjonni yoqlab 155 mamlakat ovoz berdi. Ko‘plab a’zo mamlakatlar Ozarboyjon va uning siyosatini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Bu – 20 yillik mustaqil davlat uchun katta yutuqdir. Ozarboyjon dunyoda multikulturalizm markazlaridan biri sanaladi. Multikulturalizm – Ozarboyjon davlat siyosatidir. Ozarboyjonda barcha etnik va diniy guruh vakillari ahillikda yashamoqdalar. 2016 yil Ozarboyjonda “Multikulturalizm yili”, 2017 yil esa “Islom birdamligi yili” deb e’lon qilingan”, – dedi Ilhom Aliyev.

 Donald Tramp: Davlatlarning kuchli ittifoqi zarur

BMT minbarida nutq so‘zlagan AQSh Prezidenti Donald Tramp esa dunyo tinchligi uchun kuchli mustaqil mamlakatlar koalitsiyasi zarurligini aytgan.

“Bu hamkorlik va muvaffaqiyat asosidir. Kuchli, mustaqil millat mamlakatning turli qadriyatlar bilan rivojlanishiga imkon yaratadi. Davlatlar yakka holda mavjud emas, ular bir-birini hurmat qilgan holda yelkama-elka ish olib borishi lozim. Kuchli mustaqil millatlardan iborat koalitsiya – muvaffaqiyat omili”, – degan AQSh rahbari.

Oq uy yetakchisi o‘z nutqida Shimoliy Koreya masalasiga ham e’tibor qaratgan.

“AQSh o‘ta sabrli, AQSh kuchli, lekin bizni o‘zimizni himoya qilishga yoxud ittifoqdoshlarimizni himoyalashga majbur etishsa, Shimoliy Koreyani to‘laligicha yo‘q qilib tashlashdan boshqa choramiz qolmaydi”, – degan AQSh Prezidenti.

D.Tramp, shuningdek, o‘z nutqida BMTning barcha a’zolari Ukrainadan tortib Janubiy Xitoy dengizigacha bo‘lgan davlatlar suverenitetini himoya qilishlari lozim, deb aytgan.

“Biz huquq, chegara va madaniyatga doir hurmatni qo‘llab-quvvatlashimiz va tinch-totuv hamkorlikni yo‘lga qo‘yishimiz lozim”, – deb ta’kidlagan D.Tramp.

Eslatib o‘tamiz, Bosh Assambleyaning oliy siyosiy muzokaralari 19-25 sentyabr kunlari o‘tkaziladi.

BMT Bosh Assambleyasi umumiy siyosiy muzokaralar o‘tkaziladigan xalqaro forum hisoblanadi va Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohda o‘tkaziladi. Xalqaro siyosiy anjuman davomida BMTga a’zo davlatlar delegatsiya rahbarlari dunyo hamjamiyati oldida turgan asosiy xavf-xatarlar, xalqaro va mintaqaviy inqirozlar xususida fikr almashadilar.