Nukusda ilk bor Yevropa kinofestivali o‘tkazildi

Joriy yil 6-8 oktyabr kunlari Nukus shahrida ilk bor Yevropa kinofestivali bo‘lib o‘tdi. Madaniy tadbir Yevropa Ittifoqining yurtimizdagi vakolatxonasi tomonidan “O‘zbekkino” milliy agentligi va “Qoraqalpoqkino” mintaqaviy vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Festival ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Sabur Nagmetov, “O‘zbekkino” milliy agentligi Bosh direktori Furqat Zokirov hamda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari, elchi Eduards Stiprays ishtirok etdi.

“Evropa kinosi festivali YeI delegatsiyasining eng muhim va ko‘lamdor madaniy loyihalaridan biri hisoblanadi. Mazkur loyiha orqali o‘zbekistonlik tomoshabinlar Yevropa kinosanoati yangiliklari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lmoqdalar. Zero, kino Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining madaniy o‘ziga xosligini namoyish etuvchi san’at turidir. Bu yil kinfestival jug‘rofiyasi kengayib, poytaxtdan tashqarida – Nukus va Navoiyda tashkil etilayotganidan xursandman. Kino boshqa san’at turlari kabi chegara bilmaydi. Kinofestival Yevropani O‘zbekiston mintaqalari bilan bog‘lovchi ma’naviy ko‘prik bo‘lishiga tilakdoshman”, – dedi elchi Eduards Stiprays.

Nukusdagi festival davomida tomoshabinlarga Buyuk Britaniya, Germaniya, Shveytsariya, Finlandiya va Frantsiya kinoustalari suratga olgan 6 ta badiiy, hujjatli va animatsion film namoyish etildi. Ular orasida nufuzli xalqaro kinomukofotlarga sazovor bo‘lgan kartinalar bor.

Evropa kinofestivali 2013 yildan buyon Toshkentda o‘tkazilib kelmoqda. Mazkur madaniy tadbir ilk bor poytaxtdan olisda – mamlakatimiz mintaqalarida o‘tkazilmoqda.

Shu mavzudagi maqolalar:

Evropa Ittifoqi elchisi O‘zbekiston bilan hamkorlikni qanday baholaydi? 06.05.2017

Yuriy Shterk: “Asl kino xalqlarni hammaslakka aylantiradi”. 23.05.2015