Naser Busherit: “Jazoir va O‘zbekiston hamkorligi yanada mustahkamlanadi”

Joriy yil 1 noyabr kuni Jazoir milliy bayrami – Inqilob boshlangan sananing 63 yilligi munosabati bilan Toshkentda rasmiy qabul marosimi bo‘lib o‘tdi. Wyndham Tashkent mehmonxonasida o‘tgan tantanali tadbirda O‘zbekistondagi xorijiy davlatlar diplomatik korpus vakillari, fan, madaniyat va san’at namoyandalari, ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi. Marosimda O‘zbekiston hukumati nomidan Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov ishtirok etdi.

Tadbirda Jazoir Xalq Demokratik Respublikasining yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Naser Busherit nutq so‘zladi.

“Jazoir inqilobi g‘alabasi ichki miqyosda – adolat va ozodlik tamoyillariga asoslangan zamonaviy davlat qurishga yo‘l ochdi, xalqaro darajada esa, nafaqat Afrika qit’asi mamlakatlari, balki dunyoning boshqa davlatlari mustaqilligini jadallashtirdi. Jazoir inqilobi ruhi BMT Nizomi hamda xalqlarning o‘zligini namoyon etish huquqiga muvofiq, mamlakatimiz diplomatiyasining butun dunyoda adolat tantanasiga sodiqligi va bu yo‘ldagi jadal sa’y-harakatlarida hamon yashamoqda. O‘zaro hurmat va ichki ishlarga aralashmaslik tamoyillariga asoslangan chora-tadbirlar mening mamlakatimni mintaqadagi barqarorlik kafolatchisi va yaqin qo‘shnilarimiz, xususan, Mali va Liviya aziyat chekayotgan ixtiloflarni bartaraf etishda muhim vositachiga aylantiradi”, – dedi Jazoir elchisi.

Diplomat Jazoir va O‘zbekiston aloqalari xususida so‘zlarkan, hamkorlik o‘zaro hurmat, do‘stlik va ikki tomonlama manfaatga tayanishini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, Jazoir O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olib, Toshkentda o‘z elchixonasini ochgan mamlakatlar sirasiga kiradi.

Mushtarak madaniy meros va tamaddunga ega ikki xalqni mustahkam tarixiy rishtalar bog‘laydi.

“Joriy yil 30 iyun kuni Jazoir va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 25 yilligini nishonladik. Aloqalarimiz bir qator sohalarda yuqori darajaga ko‘tarildi, ikki mamlakat manfaatiga xizmat qiluvchi yana yangi sohalarda ham o‘sish kutilmoqda. Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston hukumati ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishga tayyor ekanini yuksak baholashimizni aytmoqchiman. Diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan yo‘llagan qutlov nomasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev janobi oliylari mamlakatlarimiz mushtarak madaniyat, umumiy an’ana va uyg‘un ma’naviy merosga ega ekanini qayd etdi. O‘zbekiston rahbari Jazoirni “Shimoliy Afrika va butun musulmon olamida munosib o‘ringa va katta nufuzga ega do‘st mamlakat” deb atadi”, – dedi Naser Busherit.

Elchiga ko‘ra, o‘z navbatida, Jazoir rahbari Abdulaziz Buteflika ham mamlakat O‘zbekiston bilan barcha sohalarda aloqalarni mustahkamlashga tayyorligini, ikki mamlakat 25 yillik do‘stlikka tayanib, o‘zaro hamkorlikni yanada yuksak bosqichga olib chiqishini ta’kidlagan.

Jazoir elchisi ikki mamlakat hamkorligi ana shu do‘stona ruhda yanada samarali va mustahkam bo‘lishiga ishonch bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, 1830 yili Jazoir hududiga frantsuz mustamlakachilari bostirib kirdi. 1920-30 yillarda mamlakatda milliy ozodlik harakati kuchaydi. 1945 yilda ro‘y bergan dastlabki qo‘zg‘olon mustamlakachilar tomonidan bostiriladi. 1954 yil 1 noyabrda esa Jazoirda Milliy ozodlik fronti tashkil etildi. Shu tariqa milliy ozodlik yo‘lida 8 yilga cho‘zilgan kurash boshlandi. 1962 yilning 5 iyulida Jazoir mustaqillikka erishdi.

Sobir Salim