Mahmud Koshg‘ariy nomidagi 5-Xalqaro hikoyalar tanloviga marhamat!

Evrosiyo Yozuvchilar Uyushmasi Mahmud Koshg‘ariy nomidagi 5-Xalqaro hikoyalar tanlovini e’lon qiladi. Unda barcha ijodkorlar hikoyalari bilan qatnashishlari mumkin. Xalqaro tanlov avval mamlakatlar miqyosida o‘tkaziladi. Mamlakat miqyosida 1-o‘rinni egallagan hikoya Xalqaro tanlovga qabul qilinadi.

Xalqaro tanlovda O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston davlatlaridan, Boshqirdiston, Tatariston, Chuvashiston, Xakasiya, Yoqutiston, Oltoy, Tuva, Qrim, Gagauziya, Kavkaz (qumuq, no‘g‘ay, qorachoy-bolqor) o‘lkalaridan, Xitoy, Iroq, Eron, Gretsiya, Bolgariya, Kosovo, Kipr, Makedoniya, Ruminiyada yashovchi turkiy xalqlar orasidan g‘olib bo‘lgan hikoyalar ishtirok etadi.

Mahmud Koshg‘ariy nomidagi 5-Xalqaro hikoya tanlovining O‘zbekistonda o‘tkazilishi uchun www.ziyouz.uz portali tanlandi. Tanlovga yuborilgan hikoyalar 5 nafar nufuzli adabiyotshunos va yozuvchilar tomonidan baholanib, g‘oliblar aniqlanadi. Xolislikni ta’minlash maqsadida hakamlar nomi e’lon qilinmaydi. Hakamlarga hikoyalar tekshirib chiqish uchun muallifsiz taqdim etiladi.

Tanlov qoidalari:

1. Tanlovda qatnashuvchi asarlar davronbek@gmail.com elektron pochtasiga yuboriladi.
2. Tanlovda qatnashuvchi asarlar ilgari hech qanday tanlovda ishtirok etmagan va biron bir matbuot nashrida e’lon qilinmagan bo‘lishi shart.
3. Hikoyalar mavzusi erkindir. Tanlovga dunyoning qaysi yerida bo‘lmasin, o‘zbek tilida ijod qiluvchi yozuvchilar taklif qilinadi. Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston va boshqa yurtlardagi o‘zbekzabon ijodkorlar ham qatnashishlari mumkin.
4. Tanlovda eng ko‘p 2 ta hikoya bilan qatnashish mumkin. Hikoyalarning har biri kamida 1000 (bir ming), ko‘pi bilan 10000 (o‘n ming) so‘zdan iborat bo‘lishi zarur.
5. Tanlovga yuboriladigan hikoyalarning ust qismiga muallifning faqatgina taxallusi yozilishi kerak.
6. Tanlov ishtirokchilari shaxsiy ma’lumotlarini (ismi sharifi, tug‘ilgan sanasi va yeri), manzili, tarjimai holi va 1 dona fotosuratini alohida faylda ilova qilishi mumkin. Materiallar hakamlar hay’atiga yuborilganda taxallus, ism-sharif va boshqa shaxsiy ma’lumotlar berilmaydi.
7. Hikoya kompyuterda 12 lik shriftda yozilgan bo‘lishi va Vord faylda taqdim etilishi kerak.
8. Tanlov uchun topshirilgan hikoya matnlari qaytarib berilmaydi.
9. Tanlovda g‘olib bo‘lgan asarlarning nashr haqlari Yevrosiyo Yozuvchilar Uyushmasiga oiddir. Hikoyalar to‘plam sifatida chop etilishi mumkin.

Tanlov muddati:

Tanlovga hikoyalar 2018 yil 31 avgustga qadar qabul qilinadi. G‘oliblar 2018 yil 30 sentyabrda e’lon qilinadi. G‘oliblarni taqdirlash marosimi 2018 yilning oktyabr-noyabr oylarida bo‘lib o‘tadi.
Xalqaro tanlovning baholash jarayoni 2018 yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tadi va g‘oliblar nomi e’lon qilinadi. Xalqaro taqdirlash marosimi 2018 yil dekabr oyida Turkiyaning Anqara shahrida bo‘lib o‘tadi.

Mukofotlar:

O‘zbekiston miqyosida g‘oliblar uchun:
Birinchi o‘ringa — 2500 Turk lirasi
Ikkinchi o‘ringa — 1500 Turk lirasi
Uchinchi o‘ringa — 1000 Turk lirasi

Xalqaro mukofotlar:
Birinchi o‘ringa — 20000 Turk lirasi
Ikkinchi o‘ringa — 15000 Turk lirasi
Uchinchi o‘ringa — 10000 Turk lirasi
Rag‘batlantiruvchi mukofot — 5000 Turk lirasi