Ilhom Aliyev: Tog‘li Qorabog‘dagi “referendum” qonunga zid!

20 fevral kuni ayirmachilar Tog‘li Qorabog‘da “referendum” o‘tkazishni rejalashtirgan. Ozarboyjon Prezidenti Ilhom Aliyev BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuvda mazkur holatga munosabat bildirdi.

Ozarboyjon yetakchisiga ko‘ra, tan olinmagan “Tog‘li Qorabog‘ respublikasi konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish”ga qaratilgan “referendum” qonunga zid sanaladi. Shu bois ham bir qator xalqaro tashkilotlar bunga norozilik bildirgan.

Ayirmachilar rejasiga ko‘ra, “referendum”da tan olinmagan “Tog‘li Qorabog‘ respublikasi” nomi “Artsax respublikasi” tarzida o‘zgartiriladi. Bundan tashqari, “yarim prezidentlik” boshqaruvi “super prezidentlik”ka alishtirilishi rejalashtirilgan.

2016 yil aprel voqealaridan keyin tan olinmagan “Tog‘li Qorabog‘ respublikasi” mudofaa tizimida zaifliklar ko‘zga tashlangach, ayirmachilar konstitutsiyaviy islohotlar haqida gapira boshladi. Holbuki, 2006 yilda qabul qilingan “konstitutsiya” “Tog‘li Qorabog‘ respublikasi”ning “suveren, demokratik va huquqiy davlat” sifatida rivojlanishiga xizmat qilgani da’vo qilingan edi. Endilikda tan olinmagan “respublika” vakillari “referendum” orqali boshqaruvni takomillashtirish, suverenitetni mustahkamlash rejasini e’lon qildi.

Tahlilchilarga ko‘ra, Armanistonda ham, Tog‘li Qorabog‘da ham urushga hozirlik ko‘rilmoqda. “Konstitutsiya”ga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha “referendum” ortida ham ayni shu maqsad yotibdi.

Prezident Ilhom Aliyev Myunxenda Qorabog‘ mojarosi beqarorlik manbai bo‘lib qolayotgani, vaziyat nazoratdan chiqqudek bo‘lsa, mintaqadagi barcha davlatlar jabr ko‘rishini ta’kidladi. “Prezidentlik boshqaruvi” xususidagi “referendum” esa aynan barqarorlikka qarshi qaratilgan harakatdir.

“Referendum”dan ko‘zlangan maqsad nima? Armaniston muzokaraga olib boruvchi so‘nggi ko‘priklarni ham yoqib yubormoqda va Ozarboyjonni munosib tarzda kuch bilan javob qaytarishga undamoqda. “Konstitutsiyaviy referendum” deb atalgan voqeadan ko‘zlangan maqsad azaldan Ozarboyjonga tegishli bo‘lgan hududning jug‘rofiy nomini o‘zgartirish, ya’ni tarixiy vorisiylikga xiyonat qilishdir. Mazkur hudud nizoli ekani yodga olinsa, bu bilan harbiy ziddiyatni yanada taranglashtirish va ixtilofni tinch yo‘l bilan hal etishni yo‘qqa chiqarish ko‘zlangani ayonlashadi”, – deb yozadi Ozarboyjon matbuoti.

Qorabog‘ nomining o‘zgartirilishi esa harbiy vaziyatni battar murakkablashtiradi va tinchlik yo‘lidagi muzokaralarni imkonsiz ishga aylantiradi.

Ozarboyjon matbuotining yozishicha, Armaniston rahbari S.Sargsyan ochiq-oshkora ravishda rasmiy Bokuni harbiy choralarlar ko‘rishga majburlamoqda. Bundan ko‘zlangan yana bir maqsad Armaniston rahbariyatining aholi e’tiborini mamlakatdagi ijtimoiy muammolardan chalg‘itib, Tog‘li Qorabog‘ mojarosi bilan andarmon qilish hamdir.

Eslatib o‘tamiz, rasmiy Boku Tog‘li Qorabog‘ va unga tutash 7 ta tuman (Ozarbayjon hududining 20 foizi) Armaniston qurolli kuchlari tomonidan bosib olingan deb hisoblaydi hamda qo‘shni davlat harbiylari okkupatsiya qilingan hududdan chiqishi lozimligini talab qiladi. Armaniston esa tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi manfaatlarini himoya qilib keladi.

Garchi 1994 yilda kelishuv imzolangan bo‘lsa-da, to‘qnashuvlar ro‘y berib turadi. Tahlilchilar tinchlik kelishuvi juda mo‘rt ekani va istalgan payt to‘qnashuv ro‘y berishi mumkinligidan xavotir bildiradi.

Rasmiy Bokuga ko‘ra, Tog‘li Qorabog‘ muammosi BMT Xavfsizlik Kengashi 1993 yil 30 aprel, 1993 yil 29 iyul va 1993 yil 14 oktyabrda qabul qilgan rezolyutsiyalar asosida tinch yo‘l bilan hal qilinishi lozim.

S.Salim

Shu mavzudagi maqola:

Ilhom Aliyev: “Tog‘li Qorabog‘ mustaqilligiga aslo yo‘l qo‘yilmaydi”. 24.01.2017