Husayn Quliyev: Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik yanada mustahkamlanadi

19 may kuni Ozarboyjonning O‘zbekistondagi elchixonasi Respublika kuni munosabati bilan Windham Garden Tashkent mehmonxonasida tantanali qabul marosimi uyushtirdi. Tadbirda xorijiy davlatlar diplomatik korpusi rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari yetakchilari, fan va madaniyat namoyandalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Qabul marosimida O‘zbekiston hukumati nomidan Bosh vazir Abdulla Aripov qatnashdi.

Ozarbayjonning yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Husayn Quliyev tadbirda nutq so‘zladi.

Elchi o‘z chiqishida 1991 yildan so‘ng Ozarboyjon mustaqil, demokratik davlat qurish yo‘liga kirganini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, nisbatan qisqa muddatda mamlakat BMT, Qo‘shilmaslik harakati, Islom hamkorlik tashkiloti, Yevropa Kengashining doimiy, BMT Xavfsizlik Kengashining muvaqqat a’zosi bo‘ldi hamda xalqaro maydonda o‘z o‘rnini topdi.

Mamlakat asrlar davomida madaniyat va e’tiqodlar chorrahasi bo‘lib kelgan. Multikulturalizm siyosati esa mazkur tarixiy an’ananing bugungi davomidir.

“Mamlakatdagi islohotlar iqtisodiyotni diversifikatsiyalash, neftga tobelikni kamaytirishga qaratilgan va bizning bosh maqsadimiz Ozarboyjonni har jihatdan mutaraqqiy mamlakatga aylantirishdir”, – dedi elchi H.Quliyev.

Diplomatning ta’kidlashicha, Armaniston tomonidan okkupatsiya qilingan Tog‘li Qorabog‘ va unga tutash yetti tuman rasmiy Boku uchun eng og‘riqli muammo bo‘lib qolmoqda. Elchi H.Quliyev mazkur masalada O‘zbekiston Ozarboyjonni qo‘llab-quvvatlagani, BMT Bosh Assambleyasining okkupatsiya qilingan hududdan Armaniston qo‘shinini zudlik bilan olib chiqish haqidagi rezolyutsiyasini ma’qullaganini qayd etdi. Buning uchun O‘zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi.

“Biz ham o‘z navbatida birodar O‘zbekistonni barcha xalqaro tashkilotlar doirasida qo‘llab-quvvatlaganmiz va bundan keyin ham qo‘llab-quvvatlaymiz”, – dedi Ozarboyjon elchisi.

Diplomat o‘tgan 26 yillik mustaqil rivojlanish davrida ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik strategik darajaga ko‘tarilgani va qardoshlik munosabatlari bundan-da mustahkamlanishiga ishonch bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, 1918 yilning 28 mayida Ozarbayjon Milliy kengashi Ozarbayjon Demokratik Respublikasi mustaqilligini e’lon qilgan edi. 1990 yildan buyon 28 may – Respublika kuni sifatida bayram qilinadi.

S.Salim