Gyunter Overfeld – Germaniyaning O‘zbekistondagi yangi elchisi

O‘zbekiston TIV fotosi

Bugun 27 sentyabr kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Germaniya Federativ Respublikasining mamlakatimizga yuborilgan yangi elchisi Gyunter Overfeldni qabul qildi.

Diplomat vazirga ishonch yorlig‘i nusxasini taqdim etgan.

Tashqi siyosat mahkamasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, suhbat chog‘i O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi hamkorlik, jumladan, O‘zbekiston–Evropa Ittifoqi formatidagi aloqalar hamda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi munosabatlar holati va robitalarni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama etilgan.

Uchrashuvda, shuningdek, O‘zbekiston hukumat delegatsiyasining joriy yil noyabrda Germaniyaga tashrifiga oid tafsilotlarga aniqlik kiritilgan.

Gyunter Overfeld 1983 yildan buyon Germaniya Tashqi ishlar vazirligi tizimida faoliyat yuritib kelayotgan tajribali diplomat sanaladi. U siyosiy karerasi davomida Germaniyaning Vetnam, Pokiston, Turkiya, Iroq, Eron, Mali kabi mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalarida mas’ul vazifalarda ishlagan. Germaniyaning YuNESKOdagi Doimiy vakili sifatida faoliyat yuritgan.

Gyunter Overfeld 2014 yil yanvardan 2017 yil sentyabrga qadar Germaniyaning O‘zbekistondagi elchisi sifatida faoliyat yuritgan Naytxart Hyofer-Vissing o‘rnida ish boshlaydi. Avval xabar berganimizdek, Naytxart Hyofer-Vissing joriy yil 16 sentyabr kuni Germaniyaning O‘zbekistondagi elchisi sifatidagi so‘nggi matbuot anjumanini o‘tkazgan edi.