Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasida moliyaviy hamkorlik bitimi imzolandi

28 mart kuni Toshkentda “Germaniya Federativ Respublikasi hukumati va O‘zbekiston Respublikasi hukumati o‘rtasida 2017-2018 yillar mobaynida moliyaviy hamkorlik to‘g‘risida” bitim imzolandi.

12,3 mln yevrolik hujjatga Germaniya hukumati nomidan ushbu mamlakatning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Gyunter Overfeld, O‘zbekiston hukumati nomidan esa Investitsiyalar bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Shuhrat Vafoyev imzo chekdi.

Mazkur hujjat 2017 yil 19 iyul kuni Berlinda bo‘lib o‘tgan hukumatlararo muzokaralar bayonnomasi asosida imzolandi, deb xabar beradi Germaniyaning yurtimizdagi elchixonasi matbuot xizmati.

Mazkur bitim sog‘liqni saqlash sohasida loyihalar amalga oshirishni, xususan, O‘zbekiston viloyatlarida sil kasalligiga qarshi kurash bo‘yicha loyiha doirasida ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarini modernizatsiya qilish va maxsus laboratoriyani jihozlashni nazarda tutadi.

1993 yildan buyon Germaniya hukumati tomonidan texnik va moliyaviy hamkorlik doirasida ajratilgan mablag‘ miqdori 341 mln yevrodan oshdi.

Shu mavzudagi maqola:

Germaniya O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimiga 11 million yevro ajratadi. 27.01.2016