Frantsiyalik mutaxassislar hududiy boshqaruv borasida tajribasi bilan o‘rtoqlashdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasida 9-14 mart kunlari “Davlat, huquq, hududlar” mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Frantsiyadan kelgan malakali huquqshunoslar – Lion hududiy boshqaruv instituti direktori Per Anri Vrey, Val-de-Marn hokimiyati ijtimoiy integratsiya boshqarmasi direktori Bernar Zahra, Davlat kengashi xodimi Toma Odino, Davlat kengashi sudda ishlarni ko‘rish bo‘limi xodimi Katrin Bobo va Parij hokimiyati xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Jan-Iv Kamyu ishtirok etdi. Bu haqda Frantsiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati xabar beradi.

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida tashkil etilgan mazkur seminar Frantsiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Violen de Vilmor xonim va Akademiya rektori Mannon Aliyev tomonidan ochib berilgan.

Seminardan ko‘zlangan maqsad Frantsiyaning markaziy va hududiy boshqaruv, hukumat va fuqarolar munosabatlari borasidagi tajribasi bilan o‘rtoqlashishdan iboratdir. Ma’ruzalarda  hududiy boshqaruv muammolari va tamoyillari, shuningdek, hududiy hokimiyat uslublari va vositalariga e’tibor qaratildi.

To‘rt kunlik seminar frantsuz va o‘zbek mutaxassislariga o‘zaro muloqotda bo‘lish, tajriba almashish imkonini berdi. Muloqotlar samarasi o‘laroq O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda Davlat boshqaruv akademiyasi o‘quv dasturlari yuzasidan turli tavsiyalar berilishi, qolaversa, mamlakatlarimiz o‘rtasida bardavom institutsional hamkorlik o‘rnatilishi uchun sharoitlar yaratilishi kutilmoqda.

Shu mavzudagi maqola:

Violen de Vilmor xonim: O‘zbekistonlik yoshlar Frantsiyada turli yo‘nalishlarda tahsil olish imkoniga ega. 13.01.2017