Evropa parlamenti delegatsiyasi Toshkentda uchrashuvlar o‘tkazdi

Joriy  yil 22-24 may kunlari O‘zbekistonda Yevropa parlamentining Inson huquqlari bo‘yicha kichik qo‘mitasi delegatsiyasi mehmon bo‘ldi. Inson huquqlari bilan bog‘liq holatni o‘rganish hamda hamkorlar bilan fikr almashish maqsadida kelgan delegatsiya tarkibidan deputatlar J.Vaydenholzer (Avstriya), K.Byuxner va J.Zeller (Germaniya) o‘rin olgan.

Evropalik deputatlar Oliy Majlis, Tashqi ishlar vazirligi va boshqa idoralarda muzokaralar o‘tkazdi. Jumladan, 23 may kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov delegatsiyani qabul qildi.

Suhbat davomida Yevroparlamentning Inson huquqlari bo‘yicha kichik qo‘mitasi kun tartibiga kiruvchi sohalarda O‘zbekiston va YeI o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi, deb xabar beradi TIV matbuot xizmati.

Ta’kidlanganidek, Adliya, ichki ishlar, inson huquqlari bo‘yicha qo‘shma kichik qo‘mita va Inson huquqlari bo‘yicha muloqotning alohida mexanizmining O‘zbekiston-Evropa Ittifoqi shaklidagi muntazam majlislari hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan tizimli va konstruktiv asosda fikr almashish imkonini yaratadi.

Uchrashuvda 2017-2021-yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish doirasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar to‘g‘risida Yevropa tomoniga ma’lumot berildi. Demokratik huquqiy davlat qurish va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan izchil harakatlar islohotlarning ajralmas qismi hisoblanishi ta’kidlandi.

Evropa delegatsiyasi O‘zbekiston qonunchiligidagi bir qator ijobiy o‘zgarishlarni qayd etdi. Ayni choqda, sud-huquq va jazoni ijro etish tizimini yanada takomillashtirishga doir tavsiyalar berdi.

Evropa parlamenti deputati J.Vaydenholzerning ta’kidlashicha,  inson huquqlari, demokratiya va qonun ustuvorligi har qanday jamiyat taraqqiyotini belgilovchi asosiy omillardan sanaladi. Mazkur fikr joriy yil mayda O‘zbekistonga tashrif buyurgan BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari tomonidan ham ta’kidlangan edi. Yevropalik deputat bu borada bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirishga e’tibor qaratdi.