Toshkentda kiberxavfsizlik bo‘yicha seminar o‘tkazildi

9-10 yanvar kunlari Amerika Qo‘shma Shtatlari va Germaniya Federativ Respublikasining yurtimizdagi elchixonalari hamkorligida kiberxavfsizlik strategiyasi va sohadagi ilg‘or tajribalarga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.

Tadbir xavfsizlikni o‘rganish bo‘yicha Jorj Marshall nomidagi Yevropa markazi tomonidan tashkil etilib, unda Ozarboyjon, Germaniya, Portugaliya, Polsha, Ukraina va AQShdan kelgan mutaxassislar ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekistondagi kiberxavfsizlikni ta’minlash va bu sohani rivojlantirishga mas’ul hukumat tashkilotlarining yigirmadan ortiq vakili ham qatnashdi.

Seminardan ko‘zlangan maqsad kibersohadagi milliy xavfsizlikni ta’minlash uchun zarur bo‘lgan strategiya, amaliyot, xalqaro ilg‘or tajribalar va umumjamiyatga taalluqli yondashuvlarni tushunishni yanada chuqurlashtirishdan iborat. Xavfsizlik masalalari bo‘yicha ekspertlar ikki kunlik seminar davomida tegishli sohaga oid taqdimotlar o‘tkazib, kun tartibidagi mavzularni guruh va yakka tartibda muhokama qildi.

Toshkentga kelgan ekspertlar boshqa mamlakatlar bilan sohaga tegishli me’yorlarni ilgari surish, xalqaro xavfsizlikni mustahkamlash va kiberjinoyatga qarshi kurashishda hamkorlik qilish bo‘yicha kelishilgan sa’y-harakatlarning tarkibiy qismi hisoblanadi.

Shu bilan birga, ushbu sa’y-harakatlar internetga oid umumiy siyosatni mustahkamlash va boshqarish hamda internet infratuzilmasini kibertahdidlardan himoya qilishga qaratilgandir. Ushbu seminar Jorj Marshall nomidagi Yevropa markazi O‘zbekistonda 2015 yildan beri o‘tkazib kelayotgan tadbirlarning uchinchisi bo‘ldi, deb xabar beradi tashkilotchilar.