Evropa Ittifoqi elchisi O‘zbekiston bilan hamkorlikni qanday baholaydi?

Evropa Ittifoqi O‘zbekiston bilan siyosiy jabhadagi hamkorlikni jadal rivojlantirmoqda. Bu haqda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari, elchi Eduards Stiprays 4 may kuni Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Bu borada ikki o‘rtadagi delegatsiyalar almashuvi faollashganini qayd etish lozim. Masalan, 2016 yil oktyabrda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Bryusselda YeIning Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili, Yevropa Komissiyasi vitse-prezidenti Federika Mogerini bilan muzokaralar o‘tkazdi.

O‘z navbatida, YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Peter Burian joriy yilda O‘zbekistonga ikki bora tashrif buyurdi. Xususan, joriy yil yanvardagi tashrifi chog‘i Peter Burian Yevropa Komissiyasi vitse-prezidenti Federika Mogerinining Prezident Shavkat Mirziyoyevga maktubini topshirdi. Maktubda rasmiy Bryussel Toshkent bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash istagini bildirgan.

EI maxsus vakili o‘tgan hafta ham O‘zbekistonda bo‘lib, rasmiy doiralar bilan muzokaralar o‘tkazdi. Muzokaralardan so‘ng P.Burian O‘zbekistonda so‘nggi paytlarda amalga oshirilayotgan islohotlarni ijobiy baholadi, jumladan, 2017-2021 yillarda mamlakatni rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasini alohida qayd etdi. YeI O‘zbekistonda siyosiy va iqtisodiy islohotlarga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi ma’lum qilindi.

Elchi Eduards Stiprays jurnalistlar bilan muloqotda iqtisodiy sohadagi aloqalarga ham to‘xtaldi.

2016 yilda ikki tomonlama savdo aylanmasi 1 mlrd 800 mln yevroni tashkil etdi (bu ko‘rsatkich 2015 yilda 1 mlrd 837 mln yevro edi). YeI O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari to‘rtligidan o‘rin oldi. Yevropadan O‘zbekistonga  mashinalar, uskunalar, kimyo mahsulotlari, dori-darmon va boshqa mahsulotlar eksport qilindi. O‘zbekistondan esa Yevropaga kimyo mahsulotlari, to‘qimachilik mollari, kiyim-kechak, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va boshqa xomashyolar yuborildi.

“Har ikki tomon bugungi savdo hajmi qoniqarsiz ekanini tan olib, uni ko‘paytirish choralarini ko‘rmoqda. Bu maqsadda YeI va O‘zbekiston ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni rag‘batlantirishga qaratilgan turli vositalarini ishga solmoqda”, – dedi elchi Eduards Stiprays.

Bu borada Savdo va sarmoya bo‘yicha kengash tuzish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda. Qolaversa, YeI O‘zbekistondan tayyor mahsulotlar eksportini kengaytirish uchun imkoniyatlar yaratmoqda. 2016 yil dekabrda  Evropa parlamentida O‘zbekistondan eksport qilinayotgan paxta va to‘qimachilik mahsulotlariga boj to‘lovini kamaytirishga qaratilgan hujjat ham qabul qilindi.

EI diplomati O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar xususida ham ma’lumot berdi. Masalan, 2014-2016 yillarda 2 million yevrolik bolalar uchun inklyuziv ta’lim loyihasi amalga oshirildi. Loyiha doirasida 2016-2018 yillarga mo‘ljallangan inklyuziv ta’lim bo‘yicha Milliy strategiya ishlab chiqildi.

EIning kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish yo‘nalishidagi loyihasi bo‘yicha o‘zbekistonlik 130 nafar ishbilarmon va menejerlar Yevropaning 20 mamlakatida malaka oshirish imkoniga ega bo‘ldi. Muvaffaqiyatli amalga oshirilgan ushbu loyiha muddati yana olti oyga uzaytirildi.

Bu yil YeI mahalliy logistika birlashmalarini hamda qishloq xo‘jaligi va turizmni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalarga ham homiylik qilmoqda. Xususan, 2014-2020 yillarda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish maqsadida 168 million yevro ajratish ko‘zda tutilgan.

Elchi Eduards Stiprays ta’lim yo‘nalishidagi hamkorlikka ham yuqori baho berdi.

Shu mavzudagi maqola:

EI delegatsiyasi rahbari Eduards Stiprays O‘zbekiston bilan hamkorlik xususida. 28.01.2017