“Eng go‘zal hikoyatlar” tanlovining g‘oliblari aniqlandi

%image_alt%

www.ziyouz.uz va www.qadriyat.uz saytlari e’lon qilgan “Eng go‘zal hikoyatlar” tanlovi yakunlandi. Tanlovga 329 ta ibratli hikoyatlar tarjimalari taqdim etildi. Ularning 38 tasi arab tilidan, 28 tasi ingliz tilidan, 232 tasi turk tilidan, 30 tasi rus tilidan, bittasi qozoq tilidan qilingan tarjimalardir. Tanlov uchun eng ko‘p hikoyatlarni Abdulloh Rahimboyev yuborgan (107 ta).

G‘oliblarni aniqlashda hikoyatning mazmuni, dolzarbligi, uning sayt va ijtimoiy sahifalarimizda ommabop bo‘lganligi, matnning badiiy xususiyatlari, imloviy xatolar, manbaning ishonchliligi e’tiborga olindi.

“Eng go‘zal hikoyatlar” tanlovi g‘oliblari bilan tanishing. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarga ikki kishi munosib deb topildi.

1-o‘rin. Maryam Osiyo (Baraka sababi, Ichkaridagi rohatdan tashqaridagi mashaqqat afzal, Hazrati Abu Bakr(r.a)dan hikmatli so‘zlar tarjimalari eng mashhur bo‘ldi). Ishtirokchimizga diplom va Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning 5 jildli “Xislatli hikmatlar sharhi” kitobi taqdim etiladi.

2-o‘rin. Abdulloh Rahimboyev (Mavlono Jaloliddin Rumiydan 55 hikmat, Eshagini tanigan-u, do‘stini tanimagan nobakor, Quyonning tadbiri (“Masnaviy”dan) tarjimalari mashhur bo‘ldi). Ishtirokchimizga diplom, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning “Hadis va hayot” to‘plamidan 19, 21, 23-juzlar va muftiy Usmonxon Alimovning “Tafsiri irfon” kitobi 30-juzi taqdim etiladi.

2-o‘rin. Ummu Yasmin va Mustafo (Odamga aylangan “sigir”, So‘nggi azon tarjimalari eng mashhur bo‘ldi). Ishtirokchimizga diplom va Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning 4 jildli “Odoblar xazinasi” kitobi taqdim etiladi.

3-o‘rin. Sherzod Tog‘ayev (“O‘zingga qattiq, qolganlarga yumshoq bo‘l”, Shayx Sa’diy hikmatlaridan, Islom buyuklaridan ibratli hikmatlar tarjimalari mashhur bo‘ldi). Ishtirokchimizga diplom va Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning “Hadis va hayot” to‘plamidan  21, 22, 23-juzlar taqdim etiladi.

3-o‘rin. Nozimjon Hoshimjon (Yolg‘on tavbaning jazosi, Hech qachon berkilmaydigan eshik tarjimalari mashhur bo‘ldi). Ishtirokchimizga diplom va Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning “Hadis va hayot” to‘plamidan  21, 22, 23-juzlar taqdim etiladi.

IELTE o‘quv markazi ta’sis etgan mukofot G‘iyosiddin Muhammad Yusufga nasib qildi. Ishtirokchimizga Tohir Malikning “Odamiylik mulki” kitobi va o‘quv markazda 3 oy bepul ta’lim olish huquqi taqdim etiladi.

Tanlov g‘oliblariga mukofotlar yetkaziladi (Toshkent shahridan boshqa joylarga pochta orqali yuboriladi). G‘oliblardan tashkilotchilar bilan bog‘lanishlari so‘raladi.

Tanlovdan tashqari ham tarjimalarni yuborib turishingiz mumkin. Eng maqbul hikoyatlar saytimizda e’lon qilinadi.

Barcha g‘olib va ishtirokchilarni tabriklaymiz. Ilm o‘rganish yo‘lidagi harakatlaringizda Alloh taolodan baraka va xayr tilaymiz!