Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri: Suriyadagi vayronagarchiliklar aql bovar qilmas darajaga yetdi

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Boris Jonson Suriya hududi – Sharqiy G‘uta va Idlibdagi gumanitar inqiroz yuzasidan bayonot berdi. Bu haqda Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati xabar beradi.

“Suriyada insonlarning qurbon bo‘lishi va vayronagarchiliklar ko‘lami allaqachon aql bovar qilmas darajaga yetdi. So‘nggi haftalarda biz Sharqiy G‘uta va Idlibdagi yangi azob-uqubatlar, jumladan, kimyoviy qurol qo‘llanganidan voqif bo‘ldik”, – dedi Boris Jonson.

Qayd etilishicha, Idlibga Suriya va Rossiya kuchlari tomonidan aviazarbalar berilayotgani oqibatida tibbiy muassasalar vayron bo‘lmoqda, ko‘p sonli tinch aholi qurbon bo‘lmoqda. Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziriga ko‘ra, bu holga zudlik bilan barham berish kerak.

“Butun dunyo Asad rejimi, Rossiya va Eronni kuzatib turibdi: ushbu qirg‘inbarotni to‘xtatish, shu bilan birga, xavfsizlikni ta’minlash, gumanitar va birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatishga imkon berish kaliti sizning qo‘lingizda. Holbuki, ayni paytda Suriyadagi millionlab odamlar bunday yordamdan mahrum etilgan. Shu paytga qadar buni ta’min etmaganingizni faqat vijdonsizlik deb atash mumkin”, – deyiladi Buyuk Britaniya tashqi siyosat mahkamasi rahbari bayonotida.