Bolalar shoiri Tursunboy Adashboyev vafot etdi

Kichkintoylarning sevimli shoiri, mashhur publitsist va tarjimon Tursunboy Adashboyev 2017 yil 12 may kuni Toshkent shahrida vafot etdi.

Tursunboy Adashboyev 1939 yil 1 yanvarda O‘sh viloyati, Olabuqa tumanidagi Safed Bulon qishlog‘ida tug‘ilgan. Toshkent Davlat universitetini hamda Moskvadagi Jahon adabiyoti institutini bitirgan.

«Kamolning olmasi» deb nomlangan birinchi kitobi 1967 yilda, talabalik chog‘idayoq nashr etilgan. Keyinchalik Toshkentda va Bishkekda «Biz sayohatchilar» (1969), «Ala Toluk bolomun» (1971), «Arslonbobo sharsharasi» (1973), «Surnay» (1975), «Nur daryo» (1977), «Guldasta» (1979), «Olatog‘ — lolatog‘» (1982), «Oqbura to‘lqinlari» (1985), «Sovg‘a» (1987), “Orzularim qo‘sh qanotim” (2003), “Osmondagi darvoza” ), «Oltin yolli tulpor qissasi» (2003) kabi to‘plamlari bosilib chiqqan. U 1967 yildan buyon Yozuvchilar uyushmasining a’zosi edi.

Tursunboy Adashboyevning hazil-mutoyiba bilan yo‘g‘rilgan qator asarlari rus, latish, qozoq, tojik tillarida chop etilgan. Eng sara she’rlari esa qirg‘iz va o‘zbek bolalar she’riyati antalogiyalaridan o‘rin olgan.

Tursunboy Adashboyev jahon hamda qardosh xalqlar bolalar she’riyati vakillarining asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish borasida ham faol ish olib borgan. Uolter De Lamer, Yan Bjexva, Korney Chukovskiy, Samuil Marshak, Musa Jong‘oziyev, Qodir Mirzaliyev, Og‘ageldi Allanazarov, Leons Briyedis kabi shoirlarning she’rlarini yosh kitobxonlar Tursunboy Adashboyev tarjimasida sevib o‘qimoqdalar.

Ziyouz portali shoirning yaqinlariga ta’ziya izhor qiladi.