Bokuda IV Islom birdamligi o‘yinlari boshlandi

12 may kuni Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida IV Islom birdamligi o‘yinlarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tantanali marosimda Ozarboyjon Prezidenti Ilhom Aliyev, IV Islom birdamligi o‘yinlarining tashkiliy qo‘mitasi raisi Mehribon Aliyeva, Islom hamkorligi tashkiloti bosh kotibi Yusuf al-Usaymin va boshqa mehmonlar ishtirok etdi.

Tantanali marosimga teatrlashtirilgan tomosha fayz bag‘ishladi, deb xabar beradi Ozarboyjon ommaviy axborot vositalari.

IV Islom birdamligi o‘yinlarini Boku o‘tkazish haqidagi qaror 2013 yil iyulda Islom birdamligi sport federatsiyasi bosh assambleyasida qabul qilingan.

Ozarboyjon Prezidenti Ilhom Aliyevning 2015 yil 18 sentyabrdagi farmoniga ko‘ra, IV Islom birdamligi o‘yinlari bo‘yicha tashkiliy qo‘mita ta’sis etilgan. Mamlakatning birinchi xonimi Mehribon Aliyeva tashkiliy qo‘mita raisi etib tayinlangan.

O‘tgan muddat ichida Bokudagi 16 ta sport arenacini xalqaro musobaqaga tayyorlash bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirildi.

Islom birdamligi sport federatsiyasi prezidenti Abdulloh bin Mosaad bin Abdulaziz musobaqalarga tayyorgarlikka yuqori baho berib, Ozarboyjon rahbariyatiga tashakkur izhor etgan.

Musulmon olamidagi eng nufuzli sport tadbiri sanalgan musobaqalar yengil va og‘ir atletika, suvga sakrash, suzish, suv polosi, basketbol, futbol, badiiy va sport gimnastikasi, ushu, stol tennisi, qo‘l to‘pi, dzyudo, yunon-rim kurashi, merganlik, tennis, voleybol, boks, karate kabi 24 ta sport turi bo‘yicha o‘tkaziladi. Unda 54 mamlakatdan 3000 sportchi qatnashadi.

Islom birdamlik o‘yinlarida O‘zbekistondan 103 nafar hamyurtimiz sportning 15 ta turi bo‘yicha ishtirok etmoqda. Vakillarimiz yengil atletika, dzyudo, erkin va yunon-rum kurashi, karate, taekvondo, og‘ir atletika, boks, gandbol, o‘q otish, sport gimnastikasi, badiiy gimnastika, tennis, para-atletika va para-dzyudo turlari bo‘yicha musobaqalarda qatnashadi.

Eslatib o‘tamiz, “Islom mamlakatlari olimpiadasi” deb atalgan ushbu musobaqa 4 yilda bir marotaba bo‘lib o‘tadi. Mazkur o‘yinlarning dastlabkisi 2005 yilda Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan.

 

Shu mavzudagi maqola:

Ozarboyjon IV Islom birdamligi o‘yinlariga hozirlik ko‘rmoqda. 14.02.2017