Ashurali Jo‘rayev. Do‘ppisi yo‘q dunyo (turkum hikoyalar)

Qabrning eshigi yo‘q

Uning boshini nam tuproqqa ohista qo‘yishdi. U hamon qimir etmay, toshday qotib yotardi. Xayriyat, avval jag‘ini, so‘ng qo‘llarini bo‘shatishdi. Ishqilib, nafas olayotganini birov sezib qolmasaydi. Sezsa barchasi barbod bo‘ladi…
Uning tirikligini faqat xotini eshitmasin, eshitsa tamom, hammasi qaytadan boshlanadi. U esa janjallardan shu qadar to‘yib ketgan ediki, eh-he, bu janjal-to‘polonlarni, adi-badilarni, achchiq-nordon gap-so‘zlarni, zaharli kesatiqlarni, ur-yiqitlarni ipidan ignasigacha qog‘ozga tushirishga qalamning bardoshi yetmaydi. Ularni birma-bir bayon etish uchun sho‘rlik qog‘ozning yuzi chidamaydi…
Endi u umr bo‘yi yelib-yugurib, orzu qilib topgan shohona joyidan hech qachon turmaydi, turolmaydi, turishni ham istamaydi. Hatto qimirlamaydi ham. Chunki chiqib ketishi uchun qabrning eshigi yo‘q.

Ham kulasiz, ham kuyasiz

Yirik korxonaning yirik bo‘limlaridan birining shinam va yorug‘ xonasida to‘rt kishi savlat to‘kib o‘tiradi. Ular bir xonada ishlaydilar. Hatto ularning lavozimlari ham bir xil. Har uch oyda va bayramlar munosabati bilan beriladigan mukofotlarni ham bir xil miqdorda oladilar. Mehnat ta’tili kunlarini hisobga olmaganda ular har kuni ishga bir vaqtda kelib, belgilangan vaqtda ketishadi. Ular o‘zaro muomalalaridan go‘yo bir-birlari bilan inoq va mehribon odamlarga o‘xshaydilar. Aslida esa…
Kechirasizlar, andak faromushlik qilib, xonadagi beshinchi kishini unutib qo‘yishimizga ozgina qolibdi. Beshinchi odam zamonaviy tilda aytganimizda, ushbu xonada o‘tirgan to‘rt xodimning referenti, to‘g‘risi, yordamchisi. Lekin uning vazifasi ancha og‘ir va murakkab. Oldin ular ham ikki kishi edi. Lekin korxona rahbariga uchta referent zarur bo‘lib qolganligi sababli bittasi yuqoriga ko‘tarilib ketdi. Referentning vazifalari aniq belgilanmagan bo‘lsa-da, u quyidagi yumushlarni bajaradi.
Aytaylik, xonaning o‘ng tomonida o‘tirgan xodimga bir varaq qog‘oz kerak bo‘lib qolsa, u darhol referentga qo‘ng‘iroq qilib, “falonchi akangizdan menga bir varaq qog‘oz olib kelib bering”, – deydi buyruq ohangida. Referent ham qog‘ozni olishi lozim bo‘lgan xodimga darhol qo‘ng‘iroq qilib, uning qog‘ozi bor-yo‘qligini so‘raydi. Agar u rozilik bersa, xodimning iltimosini aytadi. Bo‘lmasa kutadi. Referent qog‘ozni olib, kirim-chiqim daftariga qayd etib, so‘ragan xodimga olib borib beradi. Borishdan oldin esa, qo‘ng‘iroq qilib, xodimdan ruxsat so‘raydi.
Xuddi shunday holat xonaning chap tomonida yoki kun chiqar tomonida o‘tirgan xodimlar bilan ham ro‘y berishi muqarrar. Ular ham o‘ylab o‘tirmasdan darhol referentga qo‘ng‘iroq qiladilar. Referent ularning so‘rovlarini (iltimoslarini emas!) yelib-yugurib bajaradi. Masalan, xodim biror yumush yoki topshiriq bilan ketsa, yonidagi xodimni emas, albatta referentni ogohlantiradi. “Bularga aytib qo‘ying, falon joyga, falon ish bilan ketayotirman”, deydi. Va xonadan viqor bilan chiqib ketadi.
Xodimlarga kun bo‘yi goh ruchka, goh qog‘oz zarur bo‘lib turadi. Ulardan biri choy ichsa, biri qahva xohlaydi. Yana birining ko‘ngli muzqaymoq tusab qo­ladi.
Xullas, referent ularga beminnat xizmat qi­­lishdan aslo charchamaydi. To‘rt nafar xodim esa bo‘­lar-bo‘lmas ishlarni referent zimmasiga yuk­lashdan mutlaqo erinmaydilar. Ular referent uchun har kuni yangi-yangi xizmat turlarini o‘ylab to­pishni o‘zlari uchun sharaf, deb biladilar. Va bu ishlaridan benihoya huzurlanadilar.
Afsus-nadomatlar bo‘lsinki, ular xonaning ko‘zga yaqqol tashlanadigan joyiga yirik-yirik harflar bilan yozilgan “Yo‘qolsin, byurokratizm!” degan shiorga aqalli qayrilib qaramaydilar.

Umr o‘tar, baxt o‘tar…

Kelsa, aqlimni olar,
Ketsa, qarorim yo‘q mani.
Maxtumquli

Ukam Azimboyga!
U quyosh beminnat mehr nurlari bilan yuzlariga erinmay rasm solgan bu qoramag‘iz qizni tasodifan bozorda ko‘rdi. Ko‘rdi-yu ohuday jovdirab turgan mehribon nigohiga ko‘zi tushdi. Qizning ko‘zlari uzukka o‘rnatilgan olmos yanglig‘ charaqlab turardi.
Yigit qizga parvo qilmay:
– Yoningizdagi joy… – deyishi bilan qiz beixtiyor “bo‘sh”, deb yuborganini o‘zi ham sezmay qoldi.
Yigit anjir to‘la tog‘orani dast ko‘tarib, qiz ko‘r­satgan rastaga qo‘ydi. So‘ng rastani aylanib kelib, tog‘oraga o‘ralgan gullik matoni yechdi. Bir tekis shodaday terilgan, quyoshday tovlanib turgan tilla rang anjirlarni so‘rovchi xaridorlar ko‘paydi.
– Anjir qancha? – so‘radi xaridorlardan biri. Yigit bozordagi narxdan biroz pastrog‘ini aytgan edi, savdosi yurishdi.
– Uch kilo o‘lchang!..
– Menga ikki kilo o‘lchang…
– Menga to‘rt kilo…
Qiz o‘ziga tegishli tarozuning pallasini tutib, darhol qo‘lma-qo‘l sotilayotgan anjirlardan o‘lchashib yubordi.
Yigit bir zumda anjirlarini sotib bo‘ldi-yu to­g‘orasini qo‘ltiqlab, tezgina jo‘nab ketdi. Qiz qosh­lari qalin, mo‘ylovlari sabza urgan, bir qarashda mashhur kino qahramoni Otabekni yodga soluvchi bu yigitni go‘yo tushida ko‘rganday bo‘ldi. Faqat uning do‘ppisi yo‘q edi. Beixtiyor ko‘ksi jizillab ketdi. Qiz yuragiga bir be­zovta qush kirib olganday edi. Qizning xayollari to‘zib, beixtiyor yigit ketgan tomonga tez-tez qaray boshladi. Va bu holatidan o‘zi uyalib, negadir yigitni eslamaslikka harakat qildi. Lekin buning ilojini topa olmadi. Yigit uning oromini o‘g‘irlagan edi. Qiz ketishi oldidan yigitga astagina shivirladi:
– Ertaga yana kelasizmi, aka?
– Kelaman, – dedi u ishonch bilan.
Talaba yigit aslida yozgi ta’tilning oxirgi kunlarida ota-onasidan xabar olay, qishloqdagi do‘stlar bilan bir otamlashay, deb uyiga – Hallang qishlog‘iga kelgan edi. Qarasa, anjir g‘arq pishib, bodringlar palaklar ostida soyalab, pomidorlar bir-biridan rang olib rosa qizargan…
– Muncha tez qaytding, o‘g‘lim?
– Ozgina arzon qilgandim, bir pasda sotilib ketdi, – dedi u otasining savoliga javob berib.
– To‘g‘ri qilibsan, o‘g‘lim. Qolgan anjirlarni ham terib, ertaga bozorga olib borgin. Ana bodring, pomidor ham pishib yotibdi. Qanchaga sotsang, o‘zingga olaver, o‘qishingga kerak bo‘ladi…
Yigit ertalab bozorga borsa, qiz allaqachon kelib, unga ham yonidan joy hozirlab qo‘ygan ekan. Lekin yigit bozor chekkasida savdo qilayotgan, otasi tomondan uzoqroq qarindoshi bo‘lgan ayolni ko‘rmadi. Qarindosh ham bozorda savdo qilayotganini unga sezdirmadi. Yigitning esa bozor aylanishga vaqti yo‘q edi…
– Assalom, – birinchi bo‘lib qiz boshini ko‘­tarmay salom berdi.
– Salom, – dedi yigit va anjir to‘la tog‘orani yana dast ko‘tarib rastaga qo‘yib, tog‘oraga o‘ralgan matoni yechdi.
Bugun ham yigitning bozori chopdi. Ana-mana de­guncha anjir to‘la tog‘orani tinchitib, “xayr”, degancha jo‘nab ketdi. U go‘yo bozorga shamolday kelib, yana shamolday g‘oyib bo‘ldi. Qiz bu gal ham u bilan yurak yutib suhbatlasha olmadi. Aqalli ismini so‘rab, qayerda, nima bilan mashg‘ulligini bilmoqchi edi. Bo‘lmadi. Uning sokin yuragiga g‘ulg‘ula solgan, bir me’yorda tinchgina oqayotgan suvni to‘lqinlantirgan bu yigit kim ekan?
Kim ekan, o‘zi u?
Qiz u bilan tuzukroq gaplasholmaganidan o‘kin­di. Xayriyat, “Ertaga yana kelasizmi”, deb so‘rashga ulgurdi. Yigit “ha” degan ma’noda bosh egadi. Ertasi kuni yigit bozorga ikki qop bodring olib keldi. Yana qizning yonida turib savdo qildi. Qiz tushlik paytida unga bir bo‘lak tovuq go‘shti uzatdi.
– Juda mazali ekan. O‘zingiz pishirdingizmi?
Qizning yigitga maqtangisi kelmay, boshini bilinar-bilinmas qimirlatdi. Lekin taomning yigitga yoqqanidan ichida xursand bo‘ldi. Qiz tovuqni mehr bilan pishirgan edi.
Yigit ertasi kuni yana ikki qop bodring va qo‘l­tig‘ida bir kitob bilan keldi. Qiz odatdagiday unga yonidan joy olib qo‘ygan edi va qopdagi bodringlarni olib, latta bilan birma-bir artib, rastaga chiroyli qilib terib chiqdi.
Yigit omadli ekan, yana bozori chaqqon bo‘ldi. Bu orada u haligi kitobni berilib o‘qidi. Kitobdagi go‘­zal bir she’rni qizga ham ilindi:

Umr o‘tar, vaqt o‘tar,
Xonlar o‘tar, taxt o‘tar,
Omad o‘tar, baxt o‘tar.
Lekin hech qachon chiqmas yodimdan,
Sening yurishlaring, sening kulishlaring…

She’r qiz qalbidagi cho‘g‘ni gulxanga aylantirib yubordi. Yigitning ichki bir dard va yoqimli ovozda o‘qigan she’ri qizning yuragiga muhrlanib qolgandek edi.
She’r olov edi, she’r o‘t edi. Qizning yuragini lovullatib yubordi. Endi qiz yigitning asirasiga aylangan edi…
Qiz she’rni yodlab olmagan bo‘lsa-da uning misralari yuragining allaqayerini tirnab o‘tgani aniq. U yigitdan kitobni bir kunga so‘rab olmoqchi bo‘ldi-yu, botinolmadi, andak uyaldi. Ertaga olib kelsa so‘rayman, deb o‘yladi.
– Ertaga yana kelasizmi?
– Albatta!
Bir haftadan buyon yigit uning halovatini o‘g‘ir­lagan, o‘y-xayollarini bandi etgan.
Uning ko‘zlari bezovta, qalbi bezovta, hatto tomirlarida oqayotgan qon bezovta. O‘sha bezovtalik uni batamom chulg‘ab olgan edi.
Qiz es-hushini yo‘qotib, allaqachon Layliga aylangan edi… Xayolida faqat yigitdan eshitgan misralari aylanardi:

Bahorda bog‘ na go‘zal,
Qor tushsa tog‘ na go‘zal,
Bu yoshlik chog‘ na go‘zal,
Lekin hech qachon chiqmas yodimdan
So‘zsiz qarashlaring, holim so‘rash­laring…

Yigit ertasi kuni bozorga kelmadi. Uni kecha oqshom otasi yoniga chaqirdi. Ota-bolaning o‘rtasida shunday qisqa suhbat bo‘lib o‘tdi.
– Kimning qizi?
– Bilmayman.
– Ismi kim?
– So‘ramadim.
– Qaysi qishloqdan ekan?
– Bilmayman, ota. Bu haqda gaplashmadik.
– Bo‘lmasa nega har kuni bozorga qatnayapsan?
– O‘zingiz aytgan narsalarni sotib kelyapman, xolos.
– Narsalarni faqat o‘sha qiz bilan bir rastada sotgin, deb aytganmidim?
– Qiz menga har kuni yonidan joy olib qo‘yadi. Sotaman-u qaytaman. Oramizda hech qanday gap yo‘q.
– Yig‘ishtir. Endi bozorga bormaysan. Tamom.
– Xo‘p ota, bormayman endi o‘sha bozorga…
Bu o‘sha, yigitni bozorda ko‘rgan qarindoshining ishi edi…
Qiz uni ertasi kuni, keyingi kuni va undan keyingi kunlar ham ko‘zlari nigoron, qalbi giryon bo‘lib kutdi. Uzoq kutdi, yuragi orziqib, o‘rtanib, yig‘lab, qon bo‘lib kutdi. Lekin yigitdan darak bo‘lmadi. Suvga tashlangan toshday g‘oyib bo‘ldi.
Uning qalb dardlariga yigit o‘qib bergan she’r yana malham bo‘ldi:

Oy chiqar goh zaholi,
Do‘stlar ko‘pdir vafoli,
Hayot shundan safoli,
Lekin hech qachon chiqmas yodimdan
Sekin so‘zlashlaring, pinhon izlashlaring…

Qiz uning ismini, manzilini so‘rab-surish­tir­ma­ganiga afsus qildi. Kimdan so‘rashni, nima deb so‘­rashni bilmay garang bo‘ldi. Yigitdan unga faqat shoirning “Umr o‘tar” she’ri bir umrga yodgor bo‘lib qoldi…
Peshonasi sho‘r ekan, qizni o‘zi sevmagan bir yigitga uzatishdi. Qiz taqdirga tan berib, to‘yga rozi bo‘ldi. Go‘yo yonidagi kuyov bozorda uchratgan yigitga aylanib qolishini juda-juda istardi u…
To‘yga kelgan mashhur hofiz mashhur qo‘shig‘ini dardli va o‘tli ovozda kuylar edi:

Umr – yo‘l, qayrilish ko‘p,
Uchrashish, ayrilish ko‘p,
Unutish, aytilish ko‘p.
Lekin hech qachon chiqmas yodimdan
O‘sha kulishlaring, o‘sha kelishlaring…

Qo‘shni haqqi

Uning otasi savdo tizimida ishlagan. Har yili kuzda uyining darvozasi oldiga arzon narxda bir mashina kartoshkani olib kelib to‘kardi. Katta ko‘chada yashaydigan qo‘ni-qo‘shnilar qoplarda ko‘targanlaricha kartoshkadan terib olishardi.
Ertasi kuni qo‘shnilar biri-ketin chiqib “mening qopimdagi kartoshka falon kilo chiqdi”, – deb insof bilan pulini berib ketishardi.
– Ota, nega bunday qilasiz? – deb so‘raganida, ota­si:
– O‘g‘lim, qo‘shnining ham haqqi bor. Uni ado etib turish ham savobga kiradi, – derdi.

Teleoila

Oila a’zolarim bilan teleoilamiz, desam as­lo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Gapni o‘zimdan boshlayman: men televizorni yax­shi ko‘raman. Bo‘sh qoldim, deguncha pultni olib telekanallarga sayohat qilaman.
Xotinimning qo‘lidan telefon tushmaydi. Ovqat qilayotganda, kir yuvayotganda, tikish tikayotganda albatta uning qulog‘ida telefonni eshitadigan teleapparat bo‘ladi. Bo‘lmay iloji yo‘q. Qaynonasiga o‘cha­kishganday kelinimizning ham yotgan-turgandagi yaqin hamrohi va ermagi telefon. Dasturxon atrofida o‘tirganda, ovqatlanayotganda ham qo‘lidan telefon tushmaydi. Hatto ikki yoshga to‘layotgan nabiramiz ham telefonni bergin, deb to‘polon qiladi. Telefonni oladi-yu tinchiydi. So‘ng musiqa qo‘yib bergin, deb dadasini holi-joniga qo‘ymaydi. Bu vaqtda dadasi ham berilib telefon o‘ynayotgan bo‘ladi. Bir ota faqat telefon o‘ynasa g‘alati bo‘larkan…
O‘g‘limning ham, qizimning ham qo‘llarida telefon. Biz har safar dasturxon atrofida o‘tir­ganimizda, ko‘zlarimiz televizorda, qulog‘imiz telefonda bo‘l­gani bois mazza qilib gap yeymiz.
Ertalab hammamiz telefon bilan uyg‘onamiz. Ish­ga, o‘qishga ketayotganda quloqlarimiz telefonda bo‘lgani bois xayrlashmaymiz. Men ham zo‘rg‘a televizorni o‘chirib, noiloj ishga jo‘nayman.
Aytmoqchi, mening ham ikkita cho‘ntak telefonim borligini aytish xayolimdan ko‘tarilibdi. Nabiralarim allaqachon so‘nggi rusumdagi “Aypon” te­lefonlariga o‘tganligi va muntazam “Planshet” o‘ynayotganligini aytsam hayron bo‘lmang.
Biz yangi zamon an’anasi – teleoilamizga sodiq­miz. Marhamat, mehmonimiz bo‘ling, teledo‘stlar. Bir telelashib ketasiz. Teletajriba orttirasiz.

Pochta qutisidagi og‘u

U uyining pochta qutisidan o‘z nomiga kelgan xatni shoshilmay oldi. Xatjilt chiroyli edi. Xat kimdan va qayerdan kelganligi noma’lum edi. Uzoq yillar mas’ul lavozimlarda ishlagan, nafaqaga chiqqach tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan Sayfullo Sano xatni xonada bafurja o‘qiyman, deb ichkariga kirib, yechinib kresloga cho‘kdi. Cho‘kdi-yu xatni ochdi. Xat qisqa bo‘lib, unda shunday deb yozilgan edi:
“Sizga va oila a’zolaringizga bevaqt qazo qil­ganligingiz munosabati bilan chuqur ta’ziya izhor etaman. Qachonlardir shunday og‘ir judolik bo‘lishini bilardim. El-yurt orasida hurmatingiz bor ekan, janozada odam ko‘p bo‘ldi. Janozangizni mashhur qori o‘qidi. Tobutingiz qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketdi. Afsuski, bu judolik manzarasini o‘zingiz ko‘rmadingiz…
Oxiratingiz obod bo‘lsin! Xudoyimdan Sizga sabr tilab, do‘stingiz I.I.B.”
Sayfullo Sanoning do‘stlari ko‘p edi. Uni yaxshi ko‘radigan, samimiy, beg‘araz do‘stlari bilan birga, unga hasad qiladigan, ko‘rolmaydigan qitmir “do‘st”­lari ham yetarlicha topilardi. Uning shon-shuh­rati, boyligi, odamlar orasidagi obro‘yi ayrim “do‘st”lariga tinchlik bermasdi. Ba’zi do‘stlari uning yutuqlaridan kuyib-yonib ketardi…
U xatda ismi-sharifining bosh harflari ko‘rsa­tilgan do‘sti borligini eslay olmadi. Xatni o‘qib bo‘lishi bilan yuragi siqildi. Nafas olishi og‘ir­lashdi. So‘ng yuragini changalladi-yu, o‘zini kreslo suyanchig‘iga tashladi… Bir jonajon do‘st ikkinchi qadr­don do‘stni ado qilgan edi.

To‘n

Mahallaga yangi qo‘shni ko‘chib kelibdi. Uning bir yomon qilig‘i bor ekan. Qo‘shnilar to‘y qilsa, albatta to‘yda janjal chiqarib, to‘polon qilarkan. Ma­halladoshlari oldin bunga hayron qolishibdi. So‘ngra tanbeh berishibdi, o‘rtaga olib ko‘p gapirishibdi. Natija bo‘lmabdi. So‘ng ular uning bema’ni qilig‘iga ko‘nikib ketishibdi. Shu mahallada bir aqlli odam yasharkan. U to‘y qilmoqchi bo‘libdi. To‘ydan bir kun oldin o‘sha urishqoq qo‘shnini uyiga mehmonga chaqiribdi. Uni yaxshilab ziyofat qilibdi. Ketishidan oldin yelkasiga yangi to‘n yopibdi. Va uni ertaga bo‘ladigan to‘yga yana bir bor taklif qilibdi.
To‘y boshlanibdi. Hamma qo‘ni-qo‘shnilar qatorida haligi urishqoq ham to‘yga kelibdi. Hamma qatori yeb-ichibdi. Lekin o‘sha kuni to‘yda janjal qilmabdi. Qo‘shnilar hayron bo‘lib, to‘ydan qaytishda nega uning janjal qilmaganligi sababini so‘rashibdi.
– E, qo‘shnijonlar, kecha to‘n kiyganman, to‘n! – debdi u.

Kechikib o‘qilgan kitob

Yozuvchi yangi kitobini bir amaldor og‘ay­nisiga dastxat yozib berdi. Keyin ular ko‘p bora ko‘rishdilar, ma’raka va to‘ylarda uchrashdilar. Lekin amaldor kitobdan so‘z ochmadi. Yozuvchi ham bundan o‘ksimadi. “Ishi ko‘p, kitob o‘qishga vaqti yo‘qdir-da”, – deb o‘yladi.
Hayot bir maromda silliq kechmas ekan. Amaldor mansab kursisida o‘tirganida jig‘ildon kasali tufayli qo‘lga tushib, jazoni o‘tashga mahkum etildi…
Oradan ma’lum vaqt o‘tib, ozodlikka chiqdi. Qim­tinib-qisinib qo‘ni-qo‘shnilarnikida bo‘ladigan ma’rakalarga chiqa boshladi.
Bir kuni ular tasodifan uchrashdilar.
– Iloyo, yomon kunlar ortda qolib ketgan bo‘lsin, og‘ayni, – dedi yozuvchi.
– Zonada ham bekor o‘tirmadim. Kutubxonasida sizning kitobingiz bor ekan… Shuni to‘liq o‘qib chiqib mazza qildim. Juda qiziqarli ekan, – dedi sobiq amaldor bir vaqtlar u dastxat yozib bergan kitobining nomini aytib.
– Yaxshi qilibsiz, og‘ayni. Lekin kitobni o‘qish uchun u yoqqa borish shart emasdi-ku? – dedi yozuvchi afsus bilan.

Jaloyir

Bolaligimda Jaloyir ko‘zlarimga juda katta bo‘lib ko‘rinardi. Xayolimda uning poyoni, cheku chegarasi yo‘qday edi. Rahmatli ustozimiz – jug‘rofiya muallimi Bahron aka Mardonov ko‘rsatgan globusdan ham ulkan edi go‘yo.
Yigitlik paytimda Jaloyir yanada go‘zal, yanada tarovatli, cho‘g‘lari o‘chmaydigan olov bo‘lib ko‘­rindi. Uning yantoqlari eng chiroyli gulga o‘xshardi, Oyoqlarimga kirsa huzur qilardim. Qasoba kanalida jo‘ralarim bilan cho‘milgandagi rohatni qaytib hech bir joyda ko‘rmadim. Jaloyirlik bir suluvning yuragiga yuragimni umrbod boyladim…
Endi Jaloyir menga bobomday donishmand, buvimday mehribon bo‘lib ko‘rinadi. Ota-onamday yo‘l­larimga zor-zor termuladi. Bu o‘tib ketgan azizlarimning ruhlariga mudom duo qilaman.
Jaloyir hamisha yaxshilik va mehrdan saboq berib keladi…
Jaloyir – mening mayda tuyg‘ularga o‘ralashib yurishimni istamaydi. U hamon keng va ulug‘ bo‘lishga chorlaydi. O‘ylab ko‘rsam, Jaloyir onajonim, jonajonim O‘zbekiston ekan!..

Qor

Bobo bilan nabira oppoq marvarid misol yog‘a­yotgan qordan o‘zlaricha zavqlanadilar.
Ko‘zlarida olov porlab turgan nabira tizza bo‘yi yoqqan qordan “koptok” yasab atrofga otadi. Qiyqirib qorga yumalaydi, kuladi, yayraydi…
Nabiraning zavq-shavqini ko‘rib, boboning bolaligi esga tushadi. Qor go‘yo boboning umrini elayotganga o‘xshaydi. U qanchalar joziba, tarovat va latofat bilan yog‘masin, boboning o‘tgan umrini ortga qaytara olmaydi. Bu – hayot qonuni. Endi boboning nabiraga o‘xshab qorbo‘ron o‘ynashiga qo‘lidagi og‘ir aso yo‘l bermaydi. Chunki, aso uni go‘yo qorga mixlab turadi.
Qor esa nabiraning hayrat bilan pirpirayotgan kip­riklariga qo‘nadi…

Yoqub qani?
O‘tmish hangomasi

Hashamatli binoning hashamatli zali liq to‘la odam. Zalda o‘tirganlarning nigohlari sahnadagi ulkan minbarga qadalgan. Minbarni mahkam quchoq­lab olgan viloyat firqa qo‘mitasining birinchi kotibi yil yakuni haqida ko‘tarinki ruhda ma’ruza qilyapti. Zalda mudrab o‘tirganlarni tez-tez yangrayotgan gulduros qarsaklar sergak torttirib turibdi.
– Bu yil paxta, g‘alla rejasini 150 foizga, go‘sht, tuxum, saryog‘ yetishtirishni 130 foizga oshirib ado etdik. Xullas, yuqoridan belgilab berilgan vazifalarni sharaf bilan bajardik, – deb ma’ruzasini tantana bilan tugatdi. Yana gulduros qarsaklar yangradi. So‘ng Kotib zaldagilarga yuzlanib: – Kimda savol bor? – dedi.
Zalning bir chetida ma’ruzani maroq bilan ting­lab o‘tirgan Yoqub sekin qo‘lini ko‘tarib savol berdi:
– Mana siz go‘sht, yog‘, tuxum rejalarini oshirib bajardik, dedingiz. Aytgan gaplaringizni qo‘l­lab-quvvatlagan holda so‘ramoqchimanki, nega bu mah­su­lotlar do‘konlarimizda ko‘rinmaydi?!
– O‘tiring! Bu savolingizga yozma ravishda javob beramiz! – dedi birinchi kotib minbarni mushtlab. Yana qarsak ovozi gumburladi.
… Oradan bir yil o‘tdi. Yana o‘sha hashamatli zal, yana o‘sha “ura-ura” ruhidagi yil yakuniga bag‘ishlangan yig‘ilish. Yana o‘sha ulkan minbarda balandparvoz raqamlar tilga olindi. Ma’ruza so‘ngida birinchi kotib odatdagiday yana zalga yuzlandi:
– Kimda savol bor, marhamat! – dedi.
Zalning bir chetida o‘tirgan Yoqubning do‘sti Isoq asta qo‘lini ko‘tardi.
– Rejalarning necha foizga oshirib bajarilganligiga hech qanday e’tirozim ham, shubham ham yo‘q. Bitta savolim bor xolos!
– Ayting.
– Yoqub qani?!.

Sabr qilgan kelin

Bolaligimda bobom bilan Potkoron qishlog‘iga mehmonga borgan edik. Uy egasi bobomning muridi edi.
Uyda bir suluv kelinchak yelib-yugurib xizmat qi­lardi. Lekin bu go‘zal ayol mendan negadir ko‘zlarini uzmasdi. Menga qandaydir iltijoli boqardi. Go‘yo ko‘z­larida bir olam mehr mujassam edi.
Men qo‘shni bolalar bilan biroz o‘ynab, yana o‘sha xonadonga qaytdim. Biroz vaqt bobomning yonida o‘tir­dim. Choy olib kirgan kelin meni imlab chaqirdi.
– Bu yoqqa kel, bolakay. Isming nima?
– Mardon.
– Nechanchi sinfda o‘qiysan?
– Birinchini bitirdim.
– Muncha ko‘zlaring chiroyli, Mardonjon?..
Kelin cho‘ntagidan qog‘ozli konfet chiqarib, menga uzatdi. Shirinlikka o‘chligim tufayli, darhol konfetga qo‘l cho‘zdim.
Hovlida hech kim yo‘qligini ko‘rib, kelin meni oshxona tomon imladi. O‘zi oshxonaga kirib, so‘ng meni chaqirdi.
– Kel Mardonjon, bu yoqqa kir, – dedi astagina.
Uning mehr bilan chaqirayotganidan iyib oshxonaga kirdim. Shunda kutilmagan, g‘alati voqea ro‘y berdi.
Kelin shartta menga o‘girilib, mahkam bag‘riga bosib, yuz-ko‘zlarimdan o‘pa boshladi. So‘ng uning chiroyli ko‘zlari yoshga to‘ldi. Bu qaynoq yoshlar yuzlarimga tegdi. Juda g‘alati bo‘lib, negadir yuragim to‘lib-toshib mening ham yig‘lagim keldi. Kelinning nega bunday qilayotgani sababini tushunmadim.
Meni hali na onam, na buvim, na amma-xolalarim bunday hayajonli mehr bilan o‘pishmagan edi.
Kelin o‘pishdan to‘xtab, meni bir lahza bag‘riga qattiq bosib turdi. Undan qishloqning xushbo‘y hidi kelardi. Shunda uning yuragi tez-tez urayotganligini his qildim.
U meni astagina bag‘ridan bo‘shatib, ko‘zlarida yosh bilan qo‘llarini ochib “Allohim, Xudojonim…” deb pichirlay boshladi.
Men nima bo‘lganini anglab yetmay yugurib borib, bobomning yoniga kirdim. Bobom muridi bilan berilib suhbatlashib o‘tirardi…
Kechki ovqatni yemay uxlab qoldim.
Ertalab xayrlashayotganimizda, kelinchak: “Yana mehmon bo‘lib kelgin, Mardonjon, yaxshi bor”, dedi o‘sha mehr bilan bizni kuzatar ekan.
Mehmondan qaytishimiz bilan bu voqea esimdan chiqib ketdi. Lekin kelinning qaynoq va mehrli o‘pichlarini anchagacha unutolmadim.
Oradan bir yilmi, undan ko‘proq o‘tibmi, bobomning muridi biznikiga mehmon bo‘lib keldi. Men mehmonga ko‘rpacha to‘shab, dasturxon yozdim. Bobom fotiha qildi.
– Mulla bobo, Xudoyimdan o‘rgilay, nabira ber­di. O‘g‘lim ham nihoyat farzandli bo‘ldi. Kelinga rahmat, besh yil chidadi. Alloh sabr qilgan qulini noumid qoldirmaydi. Mulla bobo, Xudo bergan nabirani bir duo qiling, – dedi.
Bobom sabrli kelinning yaqinda dunyoga kelgan farzandini uzoq duo qildilar…
Men keyinchalik, yoshim ancha ulg‘aygach u ayol meni nega bag‘riga bosib, yuz-ko‘zlarimdan o‘pganini, yuragi to‘lib-toshib yig‘laganini va butun vujudi bilan Allohga iltijo qilgani sabablarini tushunib yetganday edim. Bildimki, Allohning dargohi keng.

Sho‘rlik quyon

Quyon uzoq yillar izlanib, ming mashaqqatlar bilan ijod qilib kitob yozdi. Zavqi ichiga sig‘may kitob qo‘lyozmasini o‘qitish uchun dastlab Tulkiga olib bordi. Tulki kitobni obdon o‘qib chiqib, jo‘yali xato topolmagach, bir joyida vergul qolib ketganini ro‘kach qilib, uni tuzatgan bo‘ldi. Va kitobga o‘zini ham muallif sifatida qo‘shib qo‘ydi. Quyon e’tiroz bildirmadi.
Quyon yana ko‘ngli to‘lmay kitobni Bo‘riga ko‘rsatdi. Bo‘ri ham eski ko‘zoynagini taqib, o‘rindiqda uzoq o‘tirib, qo‘lyozmani hijjalab ko‘zdan kechirdi. Bir o‘rinda nuqta qo‘yish lozimligini alohida ta’kidlab, u ham mualliflar qatoriga o‘zini tirkab qo‘ydi.
Quyon noiloj bunga ham ko‘ndi va yana boshi qotdi: kitobni o‘rmon sardori – Sherga ko‘rsatmasa bo‘lmaydi. U kitobni bag‘riga bosgancha Sherning huzuriga yugurdi. Sher erinmay kitobni qayta-qayta varaqladi. Lekin xato topolmadi. Va oxiri, “Quyon bu yerda nima qilib yuribdi”, deb uni mualliflar ro‘yxatidan o‘chirdi.
Sho‘rlik quyonning boshi qotib, hayratdan quloq­larini ushladi…

Minbar
Sho‘rodan qolgan manzara

Bu minbar temir-betondan ishlangan bo‘lib, ni­hoyatda mustahkam edi. U qanday qurilgan bo‘lsa, shun­day, ya’ni yetmish yildan ortiq qo‘qqayib turdi. Faqat minbar mezanasida salobatidan ot hurkadigan amaldorlar safi – ba’zan ahyon-ahyonda, ba’zan tez-tez o‘zgarardi xolos. Ma’ruzalar bir xil, chapaklar bir xil, shiorlar bir xil, va’dalar ham bir xil edi. Minbarlarda faqat yolg‘on sadolar yangrardi. Bu yolg‘onlar nutqlardan nutqlarga ko‘chardi. Odamlar ana shu shirin yolg‘onlarga yetmish yil ishonib yashadilar. Minbarda turgan haykalsimon kimsalardan tunu kun najot kutdilar. Kutganlari esa oxir-oqibat sarob bo‘lib chiqdi. Va’da qilingan baxtli xayot, nurli kelajak – qatag‘on bilan siylandi. Asosiy kaltak iste’dodlar boshida sindi. O‘limdan qutilganlari surgun azobini tortdilar. Haqiqat oyoq osti qilindi, inson qadr-qimmati ayovsiz toptaldi. To‘g‘ri so‘z o‘rnini batamom yolg‘onga bo‘shatib berdi. Haq so‘z qahat bo‘ldi.
Yolg‘onlarga doya bo‘lgan bu minbar endi huvillab qolgan. Odamlar undan hazar qiladilar.

Bir poy etik

Muzeydagi ko‘rgazmaga bir poy kirza etik qo‘­yilgan. Etikning yirtilgan joylari chiroyli qilib yamalgan. Obdon moy surtilgan, yaltiragan etikning yonidagi taxtachada shunday yozuv bor: “Etikning ikkinchi poyi Berlinda qolib ketgan”.