AQSh Orolbo‘yi mutaxassislarini o‘qitishga ko‘mak beradi

O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi hamda Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi o‘rtasida “Suv, ta’lim va hamkorlik” nomli 5 yillik loyihani imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati xabar beradi.

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) mazkur loyihasi Orolbo‘yi havzasi suv sektorida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar, ilmiy xodimlar va mansabdorlarni o‘qitish, tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirishga qaratilgan.

Avvalroq BMT hamkor muassasalar bilan birgalikda Orolbo‘yi mintaqasi aholisi xavfsizligini ta’minlash maqsadida maxsus jamg‘arma tashkil etgan edi. Jamg‘arma Qoraqalpog‘iston Respublikasining ekologik tahdid kuchli mintaqasida joylashgan Mo‘ynoq, Taxtako‘pir, Shumanay tumanlari aholisida yordam ko‘rsatadi.

Qolaversa, O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyev joriy yil 18 yanvarda “2017-2021 yillarda Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish davlat dasturi to‘g‘risida” qaror imzolagan. Ushbu dastur doirasida umumiy qiymati 8,422 trillion so‘mlik loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligida xususiy sektorni rivojlantirish, yuqumli kasalliklar, xususan, sil va OITSni davolash hamda odam savdosiga qarshi kurash kabi yo‘nalishlardagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. 1992 yildan buyon agentlik O‘zbekistonga 356 million dollardan ziyod ko‘mak bergan.