AQSh elchisi Pamela Spratlen qishloq xo‘jaligiga oid anjumanda qatnashdi

16 fevral kuni  Toshkentda AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) “Qishloq xo‘jaligida qiymat zanjirini rivojlantirish” (AVC) loyihasi doirasida “Meva va sabzavotchilikda sovitgich omborxonalari: bugungi holat va O‘zbekistonda rivojlanish istiqbollari” mavzusida amaliy seminar o‘tkazdi. Bu  haqda AQSh elchixonasi matbuot xizmati xabar beradi. O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda uyushtirilgan anjumanda sohaga ixtisoslashgan 70 nafar tadbirkor hamda 30 dan ziyod davlat organlari, xususiy sektor va xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashdi. Tadbirda, shuningdek, AQShning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Pamela Spratlen ishtirok etib nutq so‘zladi.

Anjumanda O‘zbekistonda sovitgich omborxonalari sanoatini rivojlantirish masalalari muhokama etildi.

“Umumjahon sovitgich omborxonlari imkoniyatlari” hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston 2016 yilda dunyodagi eng yaxshi 20 ta mamlakat ro‘yxatiga kiritilgan.

“O‘zbekiston qisqa vaqt ichida yuqori natijalarga erishdi. Uning bu sohada dunyo bo‘ylab kuchli 20 ta mamlakat qatoriga kirgani quvonarlidir. Bu nafaqat iste’molchilarga yil davomida qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan bahramand bo‘lishga, balki fermerlarga uzoqdagi bozorlarda o‘z mahsulotlarini yaxshigina narxlarda sotishga ham imkon yaratadi. O‘zbekiston yaqin kelajakda ushbu sohada eng yaxshi 10 ta mamlakat qatoriga qo‘shiladi, deb umid qilaman”, – deydi Umumjahon sovitgich zaxiralari uyushmasining xalqaro dasturlari bo‘yicha direktori Richard Treysi.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 2011 yil 7 aprelda “2011-2015 yillar davrida meva-sabzavot mahsulotlarini saqlashning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qilgan.

Eslatib o‘tamiz, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi 2011 yildan buyon sovitgich zaxiralari bo‘yicha turli amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish, 300 nafardan ziyod sovitgich omborxonalari rahbarlari uchun yuqori daromad keltiruvchi texnologiyalarni mahalliy sharoitda foydalanishga moslashtirish hamda iste’molchilar uchun O‘zbekiston bo‘ylab mahsulotlarni yuqori sifatda ishlab chiqarilishini ta’minlash maqsadida o‘zaro tashriflar hamda milliy almashuv dasturlarini tashkil etgan holda ushbu sohani qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Shu mavzudagi maqola:

AQSh Orolbo‘yi mutaxassislarini o‘qitishga ko‘mak beradi. 15.02.2017


Ziyo istagan qalblar Telegram kanaliga marhamat!