Ozod Sharafiddinov xotirasi (video)

O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, Beruniy nomidagi davlat mukofoti sohibi «Jahon adabiyoti» jurnali bosh muharriri, professor Ozod Obidovich Sharafiddinov 1929 yil 1  martda Qo‘qon shahrining Oxunqaynar qishlog‘ida dunyoga keldi.

1951 yilda O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning filologiya fakultetini bitirgach, Moskvadagi Jahon adabiyoti institutining aspiranturasida tahsil olib, nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.

Ozod Sharafiddinov 20-asrning 60-yillaridan adabiyotshunos sifatida tanilgan. Ozod Sharafiddinov — hozirgi o‘zbek adabiyotshunosligi, tanqidchiligi, tarjimachiligining yetuk namoyandasi. Uning badiiy adabiyot muammolariga bag‘ishlangan o‘tkir maqolalar, ayniqsa, «zamon, qalb, poeziya» kitobi o‘zbek adabiyotiga yangicha nafas olib kirdi. Uning tadqiqotlari adabiyotni nuqtai nazaridan tadqiq etgan. Uning tadqiqotlari adabiyotni milliy g‘oyalar va adabiy qonuniyatlari asosida tahlil qilishga bag‘ishlangan. «Adabiy etyudlar» (1968) kitobida ijodkor shaxsi va uning badiiy asardagi o‘rni masalalari talqin qilingan. «Yalovbardorlar» (1974), «Iste’dod jilolari» (1976) to‘plamlariga kiritilgan ilmiy maqolalari adabiy ijoddagi an’analar, mumtoz adabiyotni o‘rganish vositalari va jahon adabiyotini o‘rganish muammolari xaqida. Adib «Birinchi mo‘jiza» (1979), «Talant – xalq mulki» (1979), «Adabiyot-hayot darsligi» (1980), «Hayot bilan hamnafas» (1983), «Go‘zallik izlab» (1985) asarlarida o‘zbek she’riyati, nasri va tanqidchiligining muhim muammolarini yoritgan. Sharafiddinovning munaqqidlik faoliyatida ikki davr ko‘zga tashlanadi. Birinchi davr sho‘ro totalitar tuzumida kechgan bo‘lib, unda adabiyotni totalitar mafkura g‘oyalaridan himoya qilish, adabiy qonuniyatlar asosida tadqiqotlar olib borish muammolari tadqiq etilgan (« Zaharxanda qahqaha», 1962; «Hayotiylik jozibasi, sxematizm inertsiyasi», 1979; «Yurtin madhi bo‘ldi so‘nggi satri ham», 1979; «She’r ko‘p ammo shoir-chi?», 1983). Ikkinchi davr munaqqid faoliyatida asosiy davr bo‘lib, u istiqlol yillaridagi ijodini qamrab oladi. Sharafiddinov «20-asr o‘zbek adabiyoti tarixi» o‘quv dasturi (1997), «20-asr o‘zbek adabiyoti» (1999) darsligi mualliflaridan.