Istiqlol fidoyilari: Abdurauf Fitrat (video)

“Istiqlol fidoyilari: Abdurauf Fitrat”
Stsenariy muallifi: Begali Qosimov
Rejissyor: G‘ayrat Shodmonov

Abdurauf Abdurahim o‘g‘li Fitrat madaniyatimiz tarixiga shoir va nosir, dramaturg va publitsist, tilshunos va adabiyotshunos, tarixchi va faylasuf, san’atshunos va jamoat arbobi sifatida kiradi. U 1886 yili Buxoroda ziyoli oilasida tug‘ilgan. Buxoro, Istambul madrasalari va dorilfununlarida o‘qigan. U arab, fors, turk tillarini mukammal bilganligi tufayli Sharqning buyuk allomalari ijodini yaxshi o‘zlashtirgan.

Adibning otasi savdo ishlari bilan shug‘ullangan bo‘lib, 1918 yilgacha Qashqarda turib qolgan. U asosan, onasi Mustafo bibi (Bibijon) tarbiyasida bo‘lib, u tufayli Bedil, Navoiy, Fuzuliy, Zebuniso, Uvaysiy kabi ulkan shoirlarning g‘azallaridan xabardor bo‘lgan.

Fitrat 1909 yili Turkiyaga o‘qishga borib, 1913 yilgacha Istambul dorilfununida tahsil ko‘rgan. Turkiyada tashkil topgan «Buxoro ta’limi maorifi» uyushmasida faollik ko‘rsatgan. Uning ilk to‘plami 1911 yilda «Sayha» («Chorlov») nomi bilan chop etilgan. «Sayyohi hindi», «Munozara» kabi asarlari ham shu yillarda Turkiyada nashr etilgan.

1909—1913 yillarda Turkiya dorilfununida o‘qiyotganida jadidchilik g‘oyalari bilan tanishib, shu g‘oyalar bilan sug‘orilgan asarlar yozgan. U Turkiyadagi tahsili davrida o‘ziga Fitrat (zukko, dono, bilimdon) deb taxallus olgan.