Hafta voqealari №4: MY5 «reydi», jallod onalar, DXX to‘g‘risidagi Qonun, bombalangan qori-bolakaylar, Jizzax va Samarqanddagi avtohalokat

2018 yil 5 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti  Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi qonunga imzo qo‘ydi va u matbuotda e’lon qilindi. Qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2018 yil 15 martda qabul qilingan, Senat tomonidan 2018 yil 29 martda ma’qullangan.

Chegarani noqonuniy kesib o‘tgan Qirg‘iziston fuqarosi o‘zbek chegarachilari tomonidan otilgan o‘qdan halok bo‘ldi.

O‘tgan haftada ijtimoiy tarmoqda «MY5» («Mening yurtim») telekanalida 1 aprel kuni efirga berilgan «Yashirin kamera» dasturi bo‘yicha munosabatlar ikkiga bo‘lindi. Kimdir «MY5»ning bu faoliyatini qo‘llab-quvvatladi, kimdir e’tiroz bildirdi. Ushbu dasturda telekanal jurnalisti sayyor kamera hamrohligida Toshkent shahridagi parklarni aylanib, sevishgan juftliklarni «qo‘lga tushirgani» va ularni jamoat joyida odob-axloq qoidalariga rioya etishga chaqirganini ko‘rish mumkin.

2 aprel kuni Qo‘qon shahrining Turkiston ko‘chasida joylashgan bino oldidagi archa daraxtlari tagidan 3 yoshli o‘g‘il bolaning jasadi topildi. Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanida istiqomat qiluvchi ayol o‘zining o‘g‘li bo‘lgan, 2015 yil 4 noyabrda tug‘ilgan Firdavsbek Ibrohimjonovni bo‘g‘ib o‘ldirgan. Jinoyatni yashirish maqsadida, bolaning jasadini archa tagiga yashirib qo‘ygan.

2 aprel kuni Afg‘oniston harbiy havo kuchlari Qunduz viloyatida amalga oshirgan operatsiya natijasida aksariyati bolalar bo‘lgan 100 kishi halok bo‘ldi, 150 kishi yaralandi.

4 va 7 aprel kunlari Jizzax va Samarqand viloyatlaridan yirik avtohalokatlar sodir bo‘ldi.