Alisher Navoiy. Yuzungni ko‘rdum, emdi ko‘zlarimni bog‘la, ey qotil (video)

Yuzungni ko‘rdum, emdi ko‘zlarimni bog‘la, ey qotil,
Ki nogah bo‘lmag‘aylar o‘zga yuzni ko‘rgali moyil.

Kitob avroqidek bo‘lg‘ay musattah qolmayin davri
G‘amim toshig‘a bo‘lsa bir nafas to‘quz falak homil.

Meni bedilning ohin o‘kmakim, olamni kuydurdi,
Hanuz ermas ko‘ngulning shu’lasi bu o‘t aro doxil.

Tanimda kul emas gulxan nishoni telbalikdinkim,
Kul o‘ldum o‘rtanib ishqing o‘tidin, lek sen g‘ofil.

Labing shavqi ko‘nguldin xalq  ta’n aylab qachon ketsun,
Sabodin g‘unchaning hargiz bo‘lurmu humrati zoyil?

Nedur oy safhasi bo‘lg‘on qarodin dog‘liq, go‘yo
Jamoling daftarin yozg‘onda bo‘lmish bir varaq botil.

Mening jurm ichra uzrum shayxning zuhd ichra ujbidin
Batardur, do‘st lutfi holima gar bo‘lmasa shomil.

Fig‘oni o‘qidin bulbulning, ey gulbun, hazar qilkim,
Tikan paykonig‘a gul javshani hargiz emas hoyil.

Navoiy qullug‘in faqr ahlining piri qabul etsa,
Erur bir banda ozod aylagan yanglig‘ shahi odil.

Alisher Navoiy