Alisher Navoiy. Xushturur gulgun qadah davrinda gulbargi tari (video)

Xushturur gulgun qadah davrinda gulbargi tari,
Xossa bayram avvali bo‘lg‘ay dag‘i gul oxiri.

Har varaq bir nomayi ishratdurur fahm aylagil,
Tong yelidin abtar o‘lmastin burun gul daftari.

G‘uncha xudi birla gul qolqonig‘a yetti shikast,
Bo‘lg‘ali paydo sarig‘ savsanning oltun shashpari.

Gul adam shomig‘a yuzlangan uchun zanbaq guli
Bor kumush mash’al dog‘iyu xurdalardur axgari.

Lola qon uzra bo‘yalib, o‘t uza anbar qo‘yub
Bor pariyxon, chiqmag‘an g‘oyib chechaklardur pariy.

Nilufar tutmish sipehri lojuvardiy hay’atin,
Jolalar yuzinda andoqkim nujumu axtari.

O‘psa la’lingni Navoiy sanga xush kelmas, vale
Xushturur gulgan qadah davrinda gul bargi tari.

Alisher Navoiy