Alisher Navoiy. Sunbulin Layli ochibtur — yel abiroso emas (video)

Sunbulin Layli ochibtur — yel abiroso emas,
Dog‘ini Majnun qonatmish — lolayi humro emas.

Nastaran ko‘zgusida  bir  sori men,  bir sori  yor
Chehra  aksin ko‘rguzubtur bir, guli ra’no emas,

Gulni o‘xshotqon uchun yorumg‘a go‘yo  bog‘ aro
Muztarib ko‘nglum  qushidur,   bulbuli  shaydo  emas.

Sunbul ustidin nasim esgach,  nigorim  turrasin
Yod qildimkim, dimog‘ oshuftadur, savdo emas.

Nargis oltun jomining ollida kofuriy harir
Pardayi jonimdurur, marhun qadahpolo emas.

Dema,  afg‘onimda  bulbul nolasidek yo‘q nishot,
Bu ham anduhzo emas, gar gul nishotafzo emas.

Gulni sarv uzra xayol ettim ko‘ngul bo‘stonida,
Rost aytay, sarvi gulro‘yum kibi zebo emas.

Bo‘lmangiz mag‘ruri husn, ey sho‘xlarkim, bog‘ aro
Siz kibi bilturg‘i gullardin biri paydo emas.

Manga gulrux soqiyu bulbulg‘a gul tutti qadah,
Mast erur ul ham, Navoiydek vale rasvo emas.

Alisher Navoiy