Alisher Navoiy. Ey mug‘anniy, chun nihon rozim bilursen soz tuz (video)

Ey mug‘anniy, chun nihon rozim bilursen — soz tuz,
Tortibon munglug‘ navo sozing bila, ovoz tuz.

Navha ohangi tuzub, og‘oz qil mahzun surud,
Ul surud ichra hazin ko‘nglumga maxfiy roz tuz.

Tuzma og‘oz aylabon Farhodu Majnun qissasin,
Desang el kuysun, mening dardim qilib og‘oz tuz.

Istasangkim, nag‘mang ichra ko‘p xaloyiq o‘lmagay,
Ul ikavdin ko‘p, vale mendin tarona oz tuz.

Gar mening holim desang tuz barcha dostoni niyoz,
Dilbarimdin nag‘masoz etsang, surudi noz tuz.

Chun bu gulshanda nishiman qilg‘ali qo‘ymas hazon,
Gul firoqi savtin, ey bulbul, qilib parvoz tuz.

Bazm aro o‘rtar Navoiyni nihon munglug‘ surud,
Ey mug‘anniy, chun nihon rozim bilursen — soz tuz.

Alisher Navoiy