Abdulla Oripov. Dunyo (video)

DUNYo

Bir kimsa umrining so‘ngiga qadar,
Yig‘di molu dunyo, yig‘di siymu zar.

Uni qiziqtirdi na do‘stning holi,
Va na qo‘shnisining o‘ksik ahvoli.

U chindan mol-mulkning jilovin tutdi,
Faqat nafs ortidan ot surib o‘tdi.

Bir kuni ba hukmi taqdiri azal,
Shamshirin ko‘tarib keldi-ku ajal.

Endi na siymu zar qutqara olur,
Na billur, na gavhar qutqara olur.

Rozi yo norizo – farqi yo‘q mutloq,
Bunday choq chorasiz hatto do‘st-o‘rtoq.

Beshafqat ajalga berar ekan tan,
U dedi: «Shu ekan, dunyo shu ekan».

Marhumga marhumlik ko‘rilgay loyiq,
Uni qabristonga eltdi xaloyiq.

Uyum tuproq bo‘ldi quvonchi-g‘ami,
Kimdir boqib dedi: «Shunga shunchami»…
1994

Abdulla Oripov