Jamol Kamol: “Til – xalqning nomusi, tarix – uning qomusi” (1989)

http://ziyouz.com/images/uz/jamol_kamol.jpgDunyodagi eng mash’um qullik — tafakkur qulligi, eng ayanchli qashshoqlik — fikr qashshoqligi, degan ekan bir donishmand. Zero, xalqning qudrati yolg‘iz uning soni bilan emas, sifati bilan ham o‘lchanadi. Xalqning sifati esa uning madaniy saviyasi, fikrlay olish iqtidoriga bog‘liq. Qayta qurish fikrlash jarayonini bo‘g‘ovlardan ozod qildi. Biz fikrlashimiz, fikrlashimiz, fikrlashimiz kerak… Fikrlashdan to‘xtagan xalq — halokatga mahkum. Fikrlarni umumlashtira olish, ulardan lo‘nda, aniq xulosalar yasash ham — san’at.

Fikr xulosaga, xulosa qarorga, qaror harakat va amaliyotga yetaklashi darkor. Shunda taraqqiyot bo‘ladi, ijtimoiy-madaniy ravnaqqa yo‘l ochiladi…

Taniqli shoir, tarjimon va adabiyotshunos olim Jamol Kamol bilan suhbat hayotimiz va taraqqiyotimizning ana shunday dolzarb masalalari xususida bordi.

— Jamol aka, XIX Butunittifoq partiya konferentsiyasida 70 yillik tariximizning achchiq saboqlari ro‘y-rost aytildi. Siyosiy sistemani isloh qilish, demokratik erkinliklarni kengaytirish zarurligi alohida ta’kidlandi. Bu borada dastlabki ishlar qilinmoqda. Hokimiyat joylarda mahalliy sovetlar ixtiyoriga o‘tyapti…

— Oldin o‘tsin-chi, keyin ko‘ramiz… Men mahalliy sovetlarning formal hokimiyatini emas, haqiqiy hokimiyatini ko‘zda tutyapman. Qog‘ozda ularga berilgan yoki berilayotgan vakolatlar ancha-muncha. Lekin, amalda-chi? Joylardagi mahalliy sovetlar nari tursin, respublika oliy hokimiyat organlarining ham qo‘li qisqa, so‘zi inobatga o‘tmayapti… Misol axtarib uzoqqa bormaylik. Bo‘stonliqda zavod qurilishining to‘xtatilgani haqida yuksak minbardan turib aytildi. Lekin, afsuski, undan ham kattaroq va undan ham xavfliroq boshqa bir zavod qurilishi boshlab yuborildi. Shunisi qiziqki, bir zavod qurilishining to‘xtatilgani va ikkinchi zavod qurilishnning boshlangani haqidagi materiallar «Yosh leninchi» gazetasida bir kunda bosilib chiqdi. Mana ahvol… Xullas, gap ko‘p, o‘zgarish oz. Depsinib turibmiz. «O‘rtoqlar, gap-so‘zni kamaytirib, ko‘proq amaliy ishga o‘taylik!» qabilidagi chaqiriqlar suvga otilgan toshdek cho‘kib ketyapti. Samarasiz. Nega? Xalq yetmish yil davomida balandparvoz shiorlarga ishonib, ishladi. Endi shiorlarga ishonmaydi. Real haqiqatga ishonadi.

— Qayta qurishning yetarli darajada olg‘a bosmayotganiga o‘zimiz ham bir qadar aybdor emasmi?

— Aybdormiz. O‘zbekistonda umumiy madaniy saviyaning pastligi qayta qurishning olg‘a bosishiga xalal beryapti. Xalqimiz mehnatda chaqilib ketdi. Mehnat qilib, rohat ko‘rmaslikka o‘rganib qoldi. Tirikchilik qozig‘iga bog‘landi: bir kuni o‘tsa, bas, hamma narsaga befarq, beparvo, tevarak-dunyo bilan ishi yo‘q… O‘zi nari tursin, bolalarini ham ayamaydi. Ustiga ustak, zahar yutaverib, sog‘ligidan ajraldi… Men qishloqlarimizni oralab, bir narsaga amin bo‘ldim: xalqimiz xunuklashib ketgan, qizlarimiz qarimsiq, yigitlarimiz yigitga o‘xshamaydi… Nega? Negaki, maishat yomon. Husn ham og‘izdan kiradi, degan gap bor. Boltiqbo‘yida yilida kishi boshiga 90 kg go‘sht, 27 kg baliq to‘g‘ri keladi, Moskvada — 120 kg, bizda — 8 kg. Rossiyada bir yilda kishi boshiga 90 kg meva-cheva to‘g‘ri keladi, mevaning koni bo‘lmish O‘zbekistonda — 40 kg. Ko‘rib turibsizki, tafovut — yer bilan osmoncha. Bunga kim aybdor? Bog‘-rog‘lari, o‘tloqlarini buzib, to eshigiga qadar paxta ekkan xalqmi? Davlat bir kilogramm paxtaga o‘rtacha 60 tiyin to‘lab, keyin undan 60 so‘m foyda olishini, har kilogrammiga o‘rtacha 6 so‘mdan to‘lanadigan pilla jahon bozorida 136 so‘m turishini xalq qayoqdan bilsin. Bir tonna karamga ham, bir tonna paxtaga ham nega bir xilda — 500 so‘m to‘lanishini xalq o‘ylab ham o‘tirmaydi. Chunki u o‘ylamaslikka odatlanib qolgan. Bu — dahshatli hodisa… Bilasiz, yetmish yillik qayqiriq-chaqiriqlarga qaramay, bizda milliy ishchilar sinfi shakllanmadi. Bir tomondan, xalqimiz paxtaga mahkam bog‘lab qo‘yildi; ikkinchi yoqdan, fabrika-zavodlarga ishchilar chetdan ommaviy ravishda ko‘chirib keltirildi. Xullas, biz o‘zbeklar boshi bir umr mehnat — mashaqqatdan chiqmagan dehqonlaru chalasavod intelligentsiyadan iborat bo‘lib qoldik. Har yili paxta terishni qo‘yavering, o‘n yillab qishloq o‘qituvchilari qo‘liga ketmon berib, tonna-tonnalab yantoq choptirishdi. Vrachlarning qo‘liga belkurak berib, chaqirim-chaqirim ariq qazdirishdi. Kitob o‘qish qayoqda! Fizkultura, sportga vaqt qani? Teatr yoki kinoga tushishni gapirmasa ham bo‘ladi. Xalq pulini sovurib, «ulug‘lar» uchun oromgoh-xilvatgohlar qurishdi, qishloqlarda xalq uchun hammom qurishni esa xayollariga ham keltirishmadi… Otiga yarasha tushovi, deganlaridek, madaniy saviyamiz ham shunga yarasha bo‘ldi. Ahmad Donish ta’biri bilan aytganda: avomidan ulamosi, ulamosidan avomi battar bo‘lgan xalqqa aylanib qolmadikmi?.. Minbarlarga chiqsak, gapimizni eshitib, boshqalar holimizga kuladi. Negaki, ba’zan oddiy mantiqqa ham rioya qilmaymiz yoki rioya qilolmaymiz. Misol kerakmi? Marhamat. Oddiy savodxon kishi ham biladiki, paxta monokulturasi — paxta hukmronligi, degan so‘z. Paxta hukmronligini tan olish esa — paxtaga qullikni tan olish degani bo‘ladi. Bu ikkalasi — bir varaqning ikki sahifasi. Biriga iqror bo‘lib, ikkinchisini inkor etib bo‘lmaydi. Hukmronlik bo‘lgan joyda qullik-qaramlik, qullik-qaramlik bo‘lgan joyda hukmronlik bo‘lishi muqarrar… Ular biri ikkinchisiz yashay olmaydi. Bu — oddiy mantiq.

«Pravda Vostoka» gazetasi S. Tursunov degan kimsaning maqolasini e’lon qildi. Unda qay bir bekatning nomini faqat o‘zbekcha e’lon qilgan trolleybus haydovchisi millatchidan olib, millatchiga solinadi va hattoki unga turmaning eshigi ham ko‘rsatib qo‘yiladi. Ha-da, trolleybusda o‘zbek tilini tushunmaydiganlar, poytaxtimiz mehmonlari bo‘lishi mumkin, ularni hurmat qilish kerak!.. Gazetaning da’vosi mana shunday… Men ko‘plab qardosh respublikalar va xorijiy mamlakatlarda bo‘lganman. Ammo o‘zimni O‘zbekistonda emas, Gruziya, Armaniston, Ozarboyjon, Ukraina, Estoniya, Rossiya, Polsha yoki Gretsiyada ekanligimni hech qachon unutganim yo‘q. Tushunmagan so‘zlarimni mahalliy xalq vakillaridan so‘raganman, tushuntirib berishgan. Tuzini yegan tuzligini ayaydi. Bu — insonlar uchun azaliy odat. Buni hamma joyda tabiiy deb bilishadi, ya’ni, qo‘rqinchli joyi yo‘q. Bizda esa aksincha: bekatni o‘zbek tilida e’lon qilgan haydovchi (ehtimolki o‘zbekchalab «eski Juva» degandir) millatchiga chiqariladi va hattoki unga qamoq bilan tahdid etiladi. Bu uchiga chiqqan madaniyatsizlik emasmi?.. Butun respublika Orol dengizi taqdiri uchun yonib, uni hayot-mamot masalasi deb turganda «Pravda Vostoka»da yana bir maqola bosildi. Unda quriyotgan dengiz o‘rnida o‘rmon o‘stirish taklif etiladi. Bu jon talashayotgan kishini shosha-pisha kafanga solishni eslatmaydimi? Bu xalq tuyg‘usini mensimaslik, uning yarasiga tuz sepish, uning sha’nini haqoratlash emasmi? Biz o‘zining sha’nini yerga urganni madaniyatsiz, deymiz, lekin o‘zgalar sha’nini mensimaslik ham madaniyatsizlikka kiradi… Bultur «Pravda» gazetasining 21 noyabr sonida Otaxon Latifiyning «To‘g‘on» degan maqolasi bosildi. Unda shunday satrlar bor: «Qurib borayotgan Orolga zilzila tufayli dengiz sathidan 3300 metr balandlikda paydo bo‘lib, O‘rta Osiyo boshida qasos qilichidek muallaq turgan Sarez ko‘lini oqizish ayni muddao bo‘lur edi. Ko‘lda 17 milliard kubometrdan ziyod suv yig‘ilgan. Agar shunday qilinsa, bir yo‘la ikki muammo hal etilardi: katta xavf-xatarning oldi olinar va Orol dengizi ancha-muncha suvga to‘lardi». Biz Orolga Sibirdan suv kutamiz yoki boyagidek unga o‘lim hukmini o‘qishga oshiqamiz, suv esa shunday yonboshimizda, balki boshimiz ustida turibdi. 17 milliard kubometr! Bu konkret taklifga respublikamiz matbuotida biror sado bo‘lmadi. Mutaxassislarimiz go‘yo quloqlariga paxta tiqib olishgan… Xullas, o‘zimizga ham, o‘zgalarga ham beparvoligimiz, madaniy saviyamizning pastligi oyog‘imizga urib turibdi.

— Keyingi paytda til va xalqimiz tarixi muammolari kun tartibiga keskinroq qilib qo‘yilmoqda. Bu albatta bejiz emas. Yillar davomida bu muammolardai ko‘z yumib keldik. Kamchiliklarimizii xaspo‘shladik. Ana shu loqaydlik ham madaniy saviyamizga bir ko‘zgu emasmi?

— To‘g‘ri. Til — xalqning nomusi, tarix — uning qomusi, deb bekorga aytishmagan. Uzoq yillar davomida hamma xalqlar qo‘shilib, bitta xalqqa aylanadi, barcha tillar birikib, bitta umumiy til paydo bo‘ladi, degan soxta doktrina hukm surdi. Holbuki dunyoning cheksizligi — uning cheksiz rang-barangligidadir. Rang-baranglik — hayot alomati, yakranglik — zavol belgisi. Tabiat qonunlariga zid borib, hammamizni bir qolipga tiqishtirmoqchi bo‘lishdi. Nega? Chunki byurokratiya uchun millat, milliy madaniyat, til va shaxs degan tushunchalarning qiymati yo‘q. Uning uchun buyruqqa shay bo‘lib turgan million-million omma va o‘sha omma ustidan hukmronlik qilish gashti bor… Shundoq ekan, hammaning qo‘shilib-qorishib ketgani yaxshi — hukm yuritish osonroq bo‘ladi…

Mash’um stalinizm hukmronligi yillarida barcha xalqlar jabru jafo chekdi. Bundan zahmatkash o‘zbek xalqi ham benasib qolmadi. Biz bir ming uch yuz yillik alifbomizdan ayrildik (Uni sizniki emas, arabniki deyishdi. Mantiqni qarang: bizga o‘n uch asr xizmat qildi-yu, bizniki bo‘lmay, faqat arabniki bo‘ladimi?) Bobolarimiz qo‘li bilan bitilgan minglab, o‘ng minglab kitoblarimiz olovga otildi, yerga ko‘mildi. Yuzlab tarixiy obidalarimiz buzib tashlandi. Buyuk tarix, qadimiy madaniyat yaratgan xalqni to‘qson sakkiz foiz besavod edi, deb e’lon qilishdi. Agar shu gap rost bo‘lsa, shaharlarimizdagi yuzlab madrasalarda kimlar o‘qigan? Birgina Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan yuz mingga yaqin qo‘lyozma va kitoblarni kimlar yozib, kimlar mutolaa etgan? Lekin biz uyalmasdan, ashula qilib aytib yuraverdik:

Kim edik tarixda bizlar — nomi yo‘q, qashshoq, gado…

Ha-da, nomi yo‘q, qashshoq, gadoda tarix va madaniyat ne qilsin!.. Bizga shunday deb uqdirildi va shunga ishontirmoqchi bo‘lishdi, e’tiroz etganlarning holiga maymunlar yig‘ladi. Yurtimizning sevimli yozuvchi va shoirlari, atoqli davlat va jamoat arboblari qamaldi, otildi, surgunga haydaldi. Turg‘unlik yillari siyosati bu jarohatlarni davolamadi, battar chuqurlashtirdi. Ana shu mahrumiyatlar orasida xalqimizning yuragiga tosh bo‘lib cho‘kkan narsa — tilimizning doimiy kamsitilishi bo‘ldi. Yuqorida aytilgan soxta doktrina ta’siri ostida o‘zbek tilining harakat doirasi cheklab qo‘yildi, hukumat idoralari, boshqaruv organlaridan siqib chiqarildi, maktablarda o‘zbek tili dars soatlari keskin qisqartirildi, oliy o‘quv yurtlarida, filologiya fakultetlarini hisobga olmaganda, nazardan chetda qoldirildi. Tilga e’tibor — elga e’tibor, deydi xalqimiz. Til kamsitilgan joyda tarix ham tahqirlanadi, deydi Karl Marks.

Odamzod o‘z umri davomida kasb etgan, inson huquqlari deklaratsiyasi tomonidan qayd qilinib, jahon xalqlari tomonidan e’tirof etilgan umumbashariy huquqlar, qadriyatlar bor. Ulardan eng muhimi — dunyodagi har bir xalqning o‘z yeriga suverenligi, har bir tilning o‘z tarixiy territoriyasida e’tibor va nufuzga molikligi, qonuniyligi huquqidir. Bu huquqlar SSSR Konstitutsiyasida ham qisman aks etgan. Shunga ko‘ra, Armanistonda — arman tilining, Gruziyada — gruzin tilining, Ozarboyjonda — ozarboyjon tilining, Estoniyada — eston tilining, Latviyada — latish, Litvada — litva tilining davlat tili, deb e’lon etilishi mutlaqo tabiiy va qonuniydir. Biz buni chin yurakdan olqishlaymiz va qo‘llab-quvvatlaymiz., Shuningdek, Rossiyada — rus tili, Ukrainada — ukrain, Belorussiyada — belorus va boshqa respublikalarda ham milliy tillarning davlat tili deb e’lon etilishiga astoydil tarafdormiz. Zero, teng huquqli respublikalar ittifoqi avvalo teng huquqli tillar statusiga suyanmog‘i darkor. Shundagina haqiqiy internatsionalizm, milliy siyosat printsiplari so‘zda emas, amalda qaror topadi, adolat tantana qiladi. Men ana shu nuqtai nazardan o‘zbek tilining O‘zbekiston SSRning davlat tili, deb e’lon etilishini mutlaqo zarur, deb hisoblayman. Bu tarixiy adolatning tiklanishi, respublikada qayta qurishning jiddiy g‘alabasi o‘laroq, jamiyatning obro‘siga obro‘ qo‘shgan bo‘lur edi.

O‘zbekistonda o‘zbek tilining davlat tili deb e’lon etilishi rus tilining nufuzini pasaytirmaydi. Rus tili Gruziya, Armaniston, Moldaviya, Ozarboyjon, Latviya, Litva, Estoniyada bo‘lgani kabi bizda ham millatlar aro til bo‘lib qolaveradi. Ba’zilar rus tilining ham O‘zbekiston SSRning davlat tili deb e’lon etilishini taklif qilmoqdalar. Bu chuqur o‘ylanmagan, bir yoqlama fikr. Butun dunyo bizni kuzatib turibdi. Hali Rossiyaning o‘zida davlat tili deb e’lon etilmagan rus tili O‘zbekistonda davlat tili deb e’lon etilsa, ustimizdan kulishmaydimi? Keyin, mazkur masalada allaqachon qaror qabul qilib bo‘lgan armanlar, gruzinlar, ozarboyjonlar, moldavanlar, latishlar, litvaliklar, estonlarni anoyi sanab, o‘zimizni oqil hisoblashimiz insofdan emas.

Respublikamizda yashayotgan halol va oqko‘ngil, madaniy saviyasi yuksak rus kishilari buni tushunadi va qo‘llab-quvvatlaydi, deb umid qilaman. Bir xalq ikkinchi xalqni kamsitar ekan, bu bilan avvalo o‘z qadr-qimmatini yerga urishini ular yaxshi bilishadi. Maqsadimiz — tenglik va birlik. Tenglik bo‘lmagan joyda birlik bo‘lmaydi, birlik bo‘lmagan joyda insonlar ham, xalqlar ham baxtli bo‘lolmaydilar, baxtsizlik va falokat ro‘y beradi. Tilni yaratgan tabiat, xalqni yaratgan xoliq ularni teng qilib yaratgan. Ana shu oliy haqiqatga bo‘ysunaylik. Har bir til o‘z yeri, o‘z qo‘rg‘onida mag‘rur jaranglasin.

— Xalqimiz ko‘p asrli tarixga, boy madaniy merosga ega. U bizning ildizimiz; bugunimiz va ertamiz undan oziq oladi. Afsuski, goh bilib, goh bilmay ana shu ildizni kesib qo‘ymoqdamiz. Tarixiy voqealarni ob’ektiv yoritish o‘rniga, bugungi kun qolipi bilan o‘lchaymiz, sig‘maganini esa qirqib tashlaymiz. Tarix mavzuida bitilgan asarlar kam, borlari ham atigi bir necha ming nusxada bosilmoqda. Bu haqda Siz qanday fikrdasiz?

— Biz tariximizni bilmaymiz. Maktablar va oliy o‘quv yurtlarida o‘qitilayotgan «SSSR tarixi» — SSSR xalqlari tarixi emas, asosan, Rossiya tarixi. Bizda o‘z xalqi tarixini chuqur biluvchi tarixchilar oz. Tarixiy, madaniy merosimiz esa buyuk, beqiyos. Go‘yo bobosidan ulkan meros olib, o‘sha meros qarshisida nafasi ichiga tushib, dovdirab qolgan sho‘rlik merosxo‘rga o‘xshaymiz. Ulkan merosni bir salmoqlab ko‘rishga bizda na kuch boru na iqtidor. Mutaxassislarning aytishicha, qariyb million nusxaga yaqin qo‘lyozmalarimiz jahon kutubxonalari bo‘ylab sochilib yotibdi. Ularni qachon o‘rganamiz? O‘zimizning, Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan qo‘lyozmalarni qachon o‘rganamiz? Nasaviy, Sharafuddin Ali Yazdiy, Mirxond, Xondamir, Ahmad Donish asarlarini xalqqa qachon yetkazamiz? Bir necha yil oldin Devin Devis degan amerikalik yosh olim bilan uchrashib qoldim. XV asrda yashagan Kamol Husayn Xorazmiyning «Kashfi xudo» falsafiy asarini o‘zbek tilidan ingliz tiliga tarjima qilayotgan ekan. Uning aytishicha, qo‘lyozma yagona nusxada G‘arbiy Germaniyada saqlanmoqda. Ha, demak, mazkur asarni butun dunyo ingliz tilida o‘qiydi. Qadimiy tilimizda bitilgan o‘sha kitobni biz qachon o‘qiymiz? Ming yillik alifbomizni o‘rganmasak, nodir qo‘lyozmalarimizni aslida o‘qiy olmasak, tarix bizni kechirmaydi, kelajak la’nat aytadi. Amerikalik olim Edvard Olvors o‘zbek xalq og‘zaki ijodini to‘plab, nashr ettirsa, ikki yuz tomdan oshishini eshitib, hang-mang bo‘lib qolganini o‘zim ko‘rganman. Shunday katta yuk O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutining yolg‘iz bir bo‘limi yelkasiga yuklangan. Respublikada maxsus folklor va etnografiya instituti ochish fursati yetmadimikin?

Yaqinda Buxoroga yo‘lim tushdi. Qadimiy obidalarni ziyorat qildim. Ular ayanchli ahvolda, tutdek to‘kilib yotibdi. Mashhur «Chor bakr»ni ko‘rib, ko‘zlarimga ishonmadim: ulug‘ imoratlar ulug‘ vayronaga aylanibdi… Surishtirsam, ta’mir ishlariga ajratilgan pul juda oz, yetishmayapti, deyishdi… Buxoro ziyoratiga har yili o‘n minglab xorijiy turistlar keladi. Ulardan tushayotgan mablag‘ Moskvada umumiy qozonga solinib, keyin Sovet Ittifoqining katta-kichik barcha shaharlariga baravar taqsimlanadi. Undan Kamchatka yoki Kuril orollaridagi shahar yoki shaharchalar ham benasib qolmaydi. Buxoroga tegadigan ulush — zig‘ircha… Bu mash’um «uravnilovka» — baravarlashtirish siyosatining tipik namunasi emasmi? Bundan qachon qutulamiz? Buxoroning gazi, tillosi, qorako‘li, paxtasi, pillasidan mablag‘ ortmayotgan ekan, loaqal Buxoro deb kelayotganlarning pulini yolchitib Buxoroga sarflash joiz emasmi? Insofsizlikning ham chegarasi bor, axir!..

Tarixni, madaniy merosni o‘rganishning bir chekkasi til o‘rganishga borib taqaladi. Bir necha tillarni bilish — bizga bobolarimizdan qolgan aziz meros. Ular turkiy tildan tashqari, arab va fors tillarini ham yaxshi bilishgan. Har bir til — dunyoga ochilgan alohida bir eshik. Hadeb bitta eshikdan kirib-chiqaverish endi yarashmaydi. Bugun birgina o‘zbek yoki birgina rus tilini bilishning o‘zi kifoya qilmaydi. O‘zbek ziyolisi yetakchi sharq tillaridan birini va yana yetakchi g‘arb tillaridan birini bilishi shart. Lekin avval-asos — Ona til… Ba’zan taniqli rahbarlarimiz, atoqli olimlarimizning o‘zbekcha nutqlarini eshitib, xijolatdan yerga kirgudek bo‘lasan kishi. Bu yoshlarimiz uchun achchiq saboq bo‘lmog‘i darkor. Bizning tilimiz — arab tilining salobatiyu forsiy tilning fasohatini o‘zining turkiy shiddatiga omuxta qilib olgan tildir. Faqat mehr va parvarishga muhtoj.

— Sizni G‘arb va Sharq adabiyotiniig bilimdoni sifatida yaxshi bilamiz. Siz Shekspirning bir qator asarlarini bevosita ingliz tilidan tarjima qildingiz. Kitobxonlarni Sharq adabiyotining buyuk siymolaridan biri — Jaloliddin Rumiy bilan tanishtirishda jonbozlik ko‘rsatdingiz. Shu yo‘nalishdagi ijodiy ishlarni davom ettiryapsizmi?

— Bir gal suhbatda marhum Olim Xo‘jayev so‘z o‘yini qilib: «Shekspir — hammamizga buyuk pir» deganlari yodimda. Darhaqiqat, Shekspir ijodi — bashariyatning buyuk darsxonasi. Aqlimni tanibmanki, Shekspirni o‘qiyman. Bir necha yil chet ellar adabiyotidan, Shekspir ijodidan institut talabalariga dars berdim. Keyin tarjima qilishga kirishdim. Shekspir saylanmasining besh tomligini nashrga tayyorladim. Shekspir tufayli ingliz tilini o‘rgandim. Uning «Hamlet», «Otello», «Makbet», «Antonny va Kleopatra», «Afinalik Timon» asarlarini inglizchadan tarjima kildim. Mazkur tarjimalar «Jahon adabiyoti durdonalari» seriyasida nashr etilmoqda… Endi boshqa bir buyuk siymo haqida so‘zlamoqchiman. Bu — Mavlono Jaloliddin Rumiy. Gegel, men dialektika haqidagi ta’limotimni Jaloliddin Rumiyga suyanib yaratdim, deb yozgan ekan. Shundan ham tasavvur qilavering… Radiy Fishning «Jaloliddin Rumiy» tarixiy romani mening tarjimamda bosilib chiqdi. Mubolaga yo‘q, ana shu kitob tufayli menga «Jaloliddin Rumiy» degan yangi dunyo ochildi… Shu kunlarda shoirning mashhur «Masnaviyi ma’naviy» asari tarjimasi bilan mashg‘ulman…

— Jamol aka, Rumiyning muxlisi sifatida bu ulkan ishda Sizga omad tilayman. Yangi ilmiy va badiiy asarlaringizni kutamiz.

Suhbatni N. Muhammadiyev olib bordi.

“Yoshlik” jurnali, 1989 yil, 4-son