Tog‘ay Murod: “Badiiy mutolaa inson ko‘zini ochadi” (2003)

— Siz hayotingizda ilk bor «Ma’rifat» gazetasiga chiqayapsiz. Shu bois, muhtaram gazetxonlarimizga o‘zingizni tanishtirsangiz.

— Men Surxondaryo viloyati, Denov tumani, Xo‘jasoat qishlog‘ida dunyoga keldim. Onamiz og‘iroyoq bo‘ladi. Bir oqshom og‘ir oyog‘i bilan bir devor qo‘shnimiz — tog‘amiznikiga boradi. Tog‘amiznikida onamizni to‘lg‘oq tutadi. Momochi izlab, yugur-yugur bo‘ladi, chop-chop bo‘ladi. Ammo, momochi topilmaydi. Onamiz yengil ko‘z yoradi. Og‘ir oyog‘idan yengil qutuladi. Men ana shunday dunyoga kelaman.

Yillar o‘tadi, birinchi sinfga o‘qishga boraman. Bir kuni Vaxshivor qishloq sovetidan maktabimizga vakillar keladi. Birinchi sinf bolalari uchun tug‘ilish guvohnomasi to‘ldirmoqchi bo‘ladi. Qishloq soveti vakili onamiz Tojixol Qurbonovani so‘roq qiladi:

“O‘rtoq Qurbonova, o‘g‘lingiz qachon tug‘ilgan?”

“O‘g‘limizmi? O‘g‘limiz… Normurod chavandoz otdan yiqilgan yili tug‘ilib edi”.

“U chavandoz qachon otdan yiqilgan?”

“Normurod chavandozmi? Shu, besh-olti yil bo‘p qoldi-yov?”

“Xo‘p, yilini ayting, oyini, kunini ayting”.

“Men oy-kunini qayerdan bilayin? Ana siz, ana Normurod chavandoz, uyiga borib so‘rab bilavering”.

“Xo‘p, o‘sha yillarni taxminan ayting”.

“Tusmollab aytsam, o‘sha yili… yo‘lbars yili edi. Qora uzumlar qorayib pishib edi. Kuni? Kuni… Hafta boshi kuni edi, tog‘asinikida bir to‘da ayollar bilan gurunglashib o‘tirib edik. Ayollar, Normurod chavandoz otdan yomon yiqilibdi, o‘lar holatda emish, deb gurung qildi. Shunda, birdan to‘lg‘oq tutib qoldi. So‘ng, mana shu bola dunyoga keldi. Tog‘asinikida tug‘ilgani uchun otini Tog‘ay qo‘ydik, murodiga yetib yursin deb Tog‘aymurod qo‘ydik”.

“O‘rtoq Qurbonova, bizga aniq datalari kerak, datalari”.

“Nimasi-nimasi?”

“Data! Yili…”

“Yili… Mulla Qarshi Armiyadan kelgan yili edi. Mulla Qarshini ayoli Turdixol momo chaqaloqqa momochi bo‘lishi kerak edi… Dastyor yuborib edik, kelmadi. Erim Armiyadan keldi, borolmayman, debdi. Agar ishonmasangiz, ana mulla Qarshi, ana Turdixol momo, borib so‘rab keling”.

Vakillar og‘izlarini ushlab kuladi, yuzlarini chetga burib kuladi.

— Keyin?

— Keyin, maktabimizda katta kutubxona bo‘lar edi. Unda Xadicha opa degan tatar ayol kutubxonachi edi. Xadicha opa Qozon shahridan kelib qolgan edi. Ana shu Xadicha opa bolalarni kutubxonaga a’zo qilolmay sarson edi. Xadicha opa bolalarni qo‘lidan yetaklab, kutubxonaga olib keladi. Bolalar kitob olmay qochadi. Olsa-da, kitobni tashlab qochadi. Bir kuni koridorda o‘ynab yurib edim, Xadicha opa meni qo‘limdan yetaklab, kutubxonaga olib kirdi. Qo‘limga bir kitob berdi.

“Ertak kitob. – dedi. – Shuni bir hafta ichida o‘qib kelib, menga mazmunini gapirib berasan”.

Men maydagina ertak kitobni… bir oycha o‘qidim. Har kuni besh-olti satrdan o‘qidim. Ikkinchi oy deganda kutubxonaga gerdayib kirib keldim. Xadicha opa meni peshonasiga o‘tirg‘izib qo‘yib so‘radi:

“Qani, bir boshidan boshlab aytib ber-chi!”

Men kitob mazmunini o‘zimcha aytib berdim. Esimdan chiqqan joylarni Xadicha opani o‘zi aytib turdi. Men takrorladim. Birimiz qo‘yib, birimiz hikoya qildik. Xadicha opa hikoya qilsa, men bosh irg‘ab tasdiqlab turdim, men hikoya qilsam, Xadicha opa bosh irg‘ab tasdiqlab turdi. Keyin men uchun alohida bir jurnal ochdi. Kitob olingan-topshirilgan kunlarni yozdi. Menga ilk bor… baho qo‘ydi. Tag‘in bir ertak kitob berdi. Keyin, bolalar kitobini berdi, doston berdi. Undan keyin hikoyalar kitobini berdi. Ko‘plariga tushunmasam-da, o‘qib chiqdim. Xadicha opaga kelib gapirib berdim. Opani jurnali men o‘qigan kitoblar nomiga to‘ldi, men olgan baholarga to‘ldi. Xadicha opa yangi jurnal ochdi. To‘qqizinchi sinfga borib, maktab kutubxonasidagi kitoblarni… o‘qib bo‘ldim! Shunda, Xadicha opa qo‘limga to‘rtta kitob ro‘yxatini berdi. Yangi chiqqan kitoblar, dedi. Shaharga borib olib kel, dedi. Men shahardan ushbu kitoblarni ko‘tarib keldim. Bir boshidan o‘qib chiqdim. Xadicha opaga gapirib berdim. “Besh” baho oldim. O‘n birinchi sinfni bitirgunimcha shahardan kitob olib kelib o‘qidim, Xadicha opaga o‘qiganlarimni hikoya qilib berdim, qo‘sha-qo‘sha baholar oldim. Men matematikadan yo fizikadan “ikki” olishdan qo‘rqmas edim. Men kutubxonachi Xadicha opadan “ikki” olishdan qo‘rqar edim.

— Demak, sizni ilk bor adabiyot olamiga yetaklab kiruvchi ustozingiz tatar xalqi vakili, kutubxonachi Xadicha opa ekan-da?

— Shunday, menda adabiyotga havas ham ixlos uyg‘otuvchi kutubxonachi tatar xalqi vakili edi. Biz xalqlar do‘stligi deganda ikki xalq bir-birlarini non-tuz tutib kutib olishini tushunamiz. Yo‘q, xalqlar do‘stligi poydevorini mustahkamlashni turmushning o‘zidan izlash kerak. Turmushning chuqurroq qatlamidan izlash kerak. Chor hukumati, keyin Qizil hukumat tatarlardan vositachi — tarjimon sifatida foydalanib, tatarlarni baloga qoldiradi. Tatarlar o‘ris hukumati bilan o‘zbek xalqi o‘rtasida tilmochlik vazifasini bajargan, xolos. Shu bilan o‘zbek xalqi ko‘ziga yomon ko‘rinib qolgan. Aslida, tatarlar o‘zbek xalqi taraqqiyotida beqiyos rol o‘ynagan. Shu bois, men “Otamdan qolgan dalalar” romanimda tatar xalqi obrazini yaratdim. Bu obraz kino bo‘lib ekranga chiqdi. Ushbu obraz tatar xalqi olqishiga sazovor bo‘ldi. Xalqlar do‘stligi, ayniqsa, turkiy xalqlar do‘stligini mustahkamlash uchun masalani ana shunday tag-zaminidan ko‘tarish kerak.

— Ana shu kutubxonachi sizni adabiy ijodga boshlagan ekan-da.

— Shunday, ana endi adabiy lavhalar mashq qil, dedi Xadicha opa. Men adabiy lavhalar mashq qildim. Rayon gazetasiga jo‘natdim. Gazeta lavhalarimni bosmadi. Men konvert betlariga gullar chizib jo‘natdim. Adabiy lavha chekkalariga bulbullar rasmini chizib jo‘natdim. Adabiy lavha tepasiga og‘zida gul tishlab turgan kaptar rasmini chizib jo‘natdim. Baribir gazeta adabiy lavhalarimni bosmadi. Bir kuni rayon gazetasida ilk bor meni ismi sharifim bilan bir maqola paydo bo‘ldi. Hayron bo‘ldim. Men bunaqa maqola jo‘natmagan edim. Hamma meni tabrikladi. Men bildirmay, gerdayib yuraverdim. Biz shunaqa yozamiz, deb qo‘ydim. Adabiyot o‘qituvchimiz Hamza Hamroyev meni chetroqqa olib bordi.

“Gazetani ko‘rdingmi? — dedi. — O‘shani seni nomingdan men qildim. Gazeta xodimlariga ham tayinlab keldim. Ana endi g‘ayrat qil”.

Darhaqiqat, Hamroyev rayon, oblast gazetalarini shtatsiz muxbiri edi. Ana shundan keyin gazetada muntazam chiqib turdim. Yaqinda uyimizga oriq bir chol kirib keldi. Oppoq soqollari ko‘ksiga tushadi. Bu chol o‘sha adabiyot muallimimiz Hamza Hamroyev bo‘ldi.

“Umrim padagoglik bilan o‘tdi. — dedi Hamroyev. – Sizni o‘qitganim uchun pedagoglik umrimdan mingdan-ming roziman”.

— Surxon vohasi – kindik qoningiz to‘kilgan yurt. Yurtingizga borsangiz, sizni yaxshi kutib oladilarmi?

— Borib turaman. Og‘aynilar bag‘riga bosib yig‘laydi, peshonamdan o‘pib yig‘laydi. Qo‘ylar so‘yib siylaydi. O‘qimishli yurtdoshlar: “buyugim”, deb erkalatadi, “ulug‘im”, deb suyadi. Yurt raislari: “Elimizning faxri va g‘ururi”, deya yelkamga qoqadi. Afsus, o‘z uyida payg‘ambar bo‘lmas, deydilar. Ushbu gapni barcha ulkan zotlar hayotiga qo‘llasa bo‘ladi. Ayniqsa, men uchun. Bir yaxshiga bir yomon har yerda bor. Qadamimni sanaydilar, ichkiligimni poylaydilar, salom-aligimni muhokama qiladilar. Fiybat, ig‘vo, fisq-fasod qiladilar. Zimdan nomimga yorliq yopishtiradilar, sha’nimga loy chaplaydilar. Bu hasad, ichi qoralik, ko‘rolmaslik, kuyganlik oqibati. Maqsad – yelkamdan pastroqqa bosib qo‘yish, popugimni pasaytirib qo‘yish, o‘zi qatori qilib qo‘yish. Keyin, ketidan ergashtirib yurish, burnimdan ip o‘tkazib, yetaklab yurish. Ular bu g‘alamisliklarini o‘zbekchilik, odamgarchilik, oshna-og‘aynigarchilik, qo‘ni-qo‘shnichilik niqobi ostida qiladilar.

— Siz esa bilib turasiz?

— Nafaqat bilib turaman, bunday g‘alamisliklarini… ich-ichimdan his etib turaman. Juda ko‘plar hayron bo‘lar emish. Bu yozuvchi uyida ishlaydi, ko‘chaga chiqmaydi, ko‘cha-ko‘ydagi gaplarni qayerdan biladi, der emish. Xudo menga kamdan-kam bandasi uchun ato etajak qudrat ato etdi. Xudo men uchun… intuitsiya, deya atalmish qudrat ato etdi. Badiiy asarlarim ana shu… intuitsiya mahsuli bo‘ldi. Men uyimda o‘tirib… bor dunyoni qalbimda his etib o‘tiraman. Dunyoning yurak urishini eshitib o‘tiraman. Masalan, ko‘nglim… qachon yomg‘ir, qachon qor yog‘ishini shivirlab aytib turadi. Men uchun kim dushman, kim do‘st, ko‘nglim pichirlab aytib turadi. Biror odamni ko‘rsam, shu odamni dilida menga nisbatan nima gapi bor, miyasida nima gapi bor, tilida nima gapi bor – barchasini ko‘nglim aytib turadi. Masalan, biror voqea bo‘ldi deylik. Shu voqeani oqibati bir-ikki yildan keyin, hatto, besh-olti yildan keyin nima bo‘ladi – barchasini ko‘nglim aytib turadi. Men ko‘nglimni tilimga chiqarmayman. Men tilimga erk bermayman. Meni kuchim tilimda emas, meni kuchim dilimda. Men faqat bir vaziyatdagina ko‘nglimdagini yuzaga chiqaraman. Men ko‘nglimni… badiiy asarlarimda ko‘z-ko‘z qilaman. Shu bois, men ko‘nglimni yaxshi-yomon ko‘zlardan bekitib yuraman – hech kimga qo‘shilmayman, hech narsaga aralashmayman. Qafasdagi bulbulni ko‘z oldingizga keltiring. Ana shu bulbulga erk-demokratiya bering, mansab-martaba bering, deputatlik mandati bering, minbar bering… Bo‘ldi, bulbul uzoqqa borolmaydi. Biror korihol bo‘lib, halok bo‘ladi. Bulbulga qafas ichida-da qiyin. Yaxshi bor, yomon bor. Birov qafas teshigidan cho‘p tiqib o‘ynaydi. Birov barmog‘ini tiqib o‘ynaydi. Birov bulbulni mayna qilib sayraydi. Birov bulbulga puflab o‘ynaydi. Birov bulbulga ishshayib kuladi. Bir so‘z bilan aytsak, bulbulga tinchlik bermaydi. Bulbulni qafas ichida-da, avaylamasa bo‘lmaydi. Adib qalbi… ana shu qafasdagi bulbulga o‘xshaydi! Adib o‘z qalbini o‘zi qafasga solib avaylashi kerak. Meni qudratim-da intuitsiyam, meni… fojiam-da intuitsiyam.

— Fojia?

— Shunday, intuitsiyamning qudrati – men hech bir yozuvchi ko‘ra olmovchi hayot nozikliklarini ko‘raman, hech bir yozuvchi eshita olmovchi hayot ohanglarini eshita olaman, hech bir yozuvchini yetti uxlab tushiga kirmovchi asarlar yarata olaman. Intuitsiyamni fojiali tomoni – men uyda o‘tirib… yerni tagida ilon qimirlasa bilib o‘tiraman, his etib, ko‘nglimda kechirib o‘tiraman. Ana bu… yomon, yomon! Oqibat, ruhiy azob chekaman. Dunyo nega bunday, deya asabiylashaman. Odamlar nega bunaqa, deya hayajonlanaman. Dunyodan bosh olib ketgim keladi. Shu bois, men toifalarga yashash qiyin, qiyin!

— Unda kim yaxshi yashaydi?

— Dovdir-sovdir odamlar yaxshi yashaydi, telba-teskari odamlar yaxshi yashaydi, esi kirar-chiqar odamlar yaxshi yashaydi, tomi ko‘chib ketgan odamlar yaxshi yashaydi. Boisi, bunday odamlarni ko‘p narsalarga aqli yetmaydi, fahm-farosati yetmaydi. Dunyo shunaqa ekan, deya uzun-qisqa bo‘lib yuraveradi.

— “Yulduzlar mangu yonadi” asaringiz Surxon polvonlari hayoti haqida. Asardagi bosh obrazlar – Bo‘ri polvon, Nasim polvonlarning prototipi hayotda bormi?

— Surxon polvonlari asarni o‘qib, asardan o‘zlarini topib edilar, asarda o‘zlarini ko‘rib edilar. Necha-necha polvonlar meni bag‘riga bosib: “Yasha, uka, meni yozibsan”, deb edilar. Darhaqiqat, asardagi deyarli barcha polvonlarni hayotda o‘z prototipi bor edi. O‘sha polvonlar hozir ham hayot. Qarilik gashtini surib yotibdi. Asarda o‘zim ham bor. O‘zim ham baholi qudrat davralarda kurashib edim. “Yulduzlar mangu yonadi” asarim 1976 yili “Sharq yulduzi” jurnalida chop etilib edi. Asar, yilning eng yaxshi asari, deb tan olinib edi. Men o‘shanda 25 yashar bolakay edim. U vaqtlarda kurash, ko‘pkarilarga yomon ko‘z bilan qaralar edi. O‘shanda O‘zbekiston sport komiteti huzurida respublika kurash federatsiyasi tashkil etmoqchi bo‘ldilar. Ammo, sport komitet rahbarlari og‘rindilar. Sambo bor, bo‘ladi, dedilar. Hatto, yig‘ilish o‘tkazish uchun…majlislar zalini ham ochib bermadilar. Keyin, kurash ahli sport komitet podvaliga tushdilar. Podvalda kichkinagina… bufet bor edi. Ana shu bufet polvonlarga liq to‘ldi. O‘zbekiston kurash federatsiyasi ana shu podvalda, ana shu… bufetda tashkil etildi!

Rahbariyat saylandi, prezidium saylandi. Federatsiya nizomi tasdiqlandi. Ana shunda professor Nazarov degan bir kishi meni joyimdan turg‘azib, shunday dedi:

“O‘rtoqlar, kurash bilan ko‘pkari so‘zlarini aytib bo‘lmaydigan, hatto kurash federatsiyasi tashkil etish yig‘ilishi uchun majlislar zali ochib berilmaydigan bir zamonda mana shu ukamiz o‘zbek kurashi haqida go‘zal bir asar yaratdi. Kelinglar, mana shu ukamiz uchun bir qarsak chalaylik!”

Hozirgina tug‘ilgan kurash federatsiyasi ahli joyidan turib, men uchun qarsak chaldi. Men federatsiya ahliga qulluq qilib tashqari chiqdim. Bir burchakka o‘tirib… ho‘ng-ho‘ng yig‘ladim.

— Hurmatli adibimiz Said Ahmad bir kitobingizga yozgan so‘zboshisida: “Tog‘ay Murod adabiyotga tutab emas, yonib kirdi», deb yozadi. Siz ushbu bahoni qanaqa qabul qildingiz?

— Men bu gapni Said Ahmadona mardlik va halollik, deb qabul qildim. Ayrim nopok adiblar asarlarimni o‘qib: «Qadam olishingiz yomon emas», «Tengdoshlaringizdan kam emassiz», «Anavi asaringizni bir o‘qisa bo‘ladi» qabilida sassiq gaplar qildi. Hatto: «Adabiyotga aralashib qolibsiz? Obbo, siz-ey», deguvchi ichi qora adiblar ham bo‘ldi. Said Ahmad esa: «Tog‘ay Murod o‘zbek tilini kuylatdi, o‘zbek tilining jami jilvalarini oftobga solib ko‘rsatdi”, deb yozdi. Har bir asarimni halollik bilan ko‘z-ko‘z etib ulug‘ladi. Mukofotlar, unvonlar olishimda bosh-qosh bo‘ldi. Said Ahmad ana shu halolligi, ana shu mardligi uchun, mana, to‘qson yoshni qoralab borayapti

— “Otamdan qolgan dalalar” romaningiz to‘rt seriyali kino bo‘ldi. Romanning ekran ko‘rinishi sizga yoqdimi?

— Men romanni ekran uchun yo teatr uchun yaratmadim. Men romanni o‘zbek adabiyotini boyitish uchun yaratdim. Shu bois, asarlarim ekran yo teatrga qo‘yilishini juda yomon ko‘raman. Mutlaqo qarshi bo‘laman. Ammo… bundan o‘n besh yillar muqaddam o‘zbek adabiyoti va san’ati… nonko‘rlik davrini boshidan kechirdi, muttahamlik davrini boshidan kechirdi. Betga choparlik, yuzsizlik, surbetlik davrini boshidan kechirdi. O‘zbek adabiyoti va san’ati alg‘ov-dalg‘ov kunda qoldi. O‘zbek madaniyatini yaratgan san’atkorlar bir burchakka tiqib tashlandi. O‘zbek adabiyotini boyitgan adiblar bir chetga surib qo‘yildi. Ulkan adabiyot va san’at namoyandalari misoli… chiqitga chiqarib tashlandi. Bu – bir to‘da qayta quruvchi niqobi ostidagi guruhlar edi. Demokrat niqobi ostidagi to‘dalar edi. Vatanparvar niqobi ostidagi vatanfurushlar edi. Haqiqatni aytuvchi niqobi ostidagi shallaqilar edi, buzuqilar edi. Men ushbu davrni “Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi” romanimda to‘laqonli tasvirlab berdim. Ana shunday burchakka tiqib tashlangan san’atkorlardan biri – kinorejissyor Shuhrat Abbosov edi. O‘zbek kino san’atida to‘rtta manaman degan film bo‘lsa, ana shuning uchtasini ana shu Shuhrat Abbosov yaratib edi. Bilasiz, “Mahallada duv-duv gap”, “Sen yetim emassan”, “Toshkent – non shahri”. Nahotki, ana shunday filmlar yaratgan san’atkor… chiqitga chiqarib qo‘yilsa? Biz ana shu filmlarni ko‘rib o‘sdik-ku? Bir so‘z san’atkori sifatida meni ana shu tuyg‘ular qiynadi. Men Shuhrat Abbosov bilan tanish emas edim. Hatto, hayotda qo‘l berib ko‘rishmagan edim. Ammo men so‘z san’atkori sifatida o‘z so‘zimni aytishim kerak edi. O‘shanda “Otamdan qolgan dalalar” romanimni besh-oltita kinorejissyor kino qilmoqchi bo‘ldi. Men hammasiga rad javobini berdim. Kinokompaniya bosh muharriri telefon qilib, bir rejissyor bilan shartnoma tuzishga taklif etdi. Men bu rejissyorni-da rad etdim. Kinokompaniya raisi yana bir rejissyorni tavsiya etib, shartnoma tuzishga chaqirdi. Men bu rejissyorniyam rad etdim. Ana shunda kinokompaniya rahbarlari men bilan shartnoma tuzmasdan kino qilmoqchi bo‘ldi. Agar romanimni meni ixtiyorimsiz kino qilsalaring, sudga berib, jinoiy javobgarlikka tortaman, dedim. Senu menga borib qoldik. Unda, o‘z nomzodingizni ayting, deyishdi. Men Shuhrat Abbosov nomzodini aytdim. Hammasining peshonasi tirishib ketdi. Boisi… aynan ana shu zotlar Shuhrat Abbosovni bir chetga surib tashlab edilar. Men o‘z so‘zimda turdim. Ertasi kuni kinokompaniyaga borib, shartnoma tuzdim. Ana shunda Shuhrat Abbosov bilan umrimda ilk bor salom-alik qildim, qo‘l berib ko‘rishdim. Meni maqsadim bitta edi — men bir burchakka tiqib qo‘yilgan o‘zbek kinosining tirik klassigi Shuhrat Abbosovni kinosan’at arenasiga qayta olib chiqish edi. Shuhrat Abbosovning mavqeini qayta tiklash edi. Men ana shu maqsadimga erishdim. Men ana shunday ishlarim uchun… o‘zimga o‘zim qulluq qilaman. E yasha, deya ko‘kragimga urib qo‘yaman.

— Hozir maktablarda darsliklar milliylashtirilmoqda. Jumladan, adabiyot darsi ham. Shu haqdagi fikringiz?

— Maktablarda adabiyot darsi o‘qitishda suhbatimiz boshida men aytgan kutubxonachi Xadicha opa usulini qo‘llashlarini taklif etar edim. Dunyoga kelmish har bir bola individual shaxsdir. Individual shaxs esa albatta biror narsaga qiziqadi, biror sohaga moyillik beradi. Bola qaysi sohaga qiziqadi – bolani ana shu sohaga yo‘naltirib yuborish kerak. Bola uchun ana shu sohaga keng yo‘l ochib berish kerak. Ana shunda bola biror-bir sohani mukammal biladi, ana shu soha bo‘yicha biror narsa yarata oladi. Ammo, maktablarda har bir boladan barcha fanlar bo‘yicha “besh” baho talab qiladilar. To‘g‘ri, bola barcha fanlar bo‘yicha “besh” olib o‘qiydi. Voyaga yetgach esa, biror-bir fanni mukammal bilmaydi. Biror soha bo‘yicha yetuk bo‘lib yetisholmaydi. Oqibat, dunyoga individual shaxs bo‘lib kelgan bola voyaga yetib… umumiy odam bo‘lib qoladi, ko‘p qatori odam bo‘lib qoladi, el qatori odam bo‘lib qoladi. Yuqorida aytilgan kutubxonachi Xadicha opa usulida dars yo mashg‘ulot tashkil etish kerak. Dars nomini badiiy mutolaa, deb atash kerak. Boisi, badiiy kitob bola ko‘zini ochadi, bola ruhiyatini o‘stiradi, bolalik his-tuyg‘ularini tarbiyalaydi. Oqibat, bola xayollar og‘ushida bo‘ladi, orzular og‘ushida bo‘ladi. Bola romantik bo‘lib o‘sadi. Romantizm esa hayotga chorlaydi, kelajakka chorlaydi. Romantizm yetilib, realizmga o‘sib o‘tadi. Qarabsizki, bola to‘laqonli, real shaxs bo‘lib yetiladi. O‘g‘il-qizlarimiz ma’naviy barkamol bo‘lsin, desangiz – badiiy kitob o‘qiting. O‘g‘il-qizlarimiz qalban boy bo‘lsin, desangiz – badiiy kitob o‘qiting.

Ushbu suhbat “Ma’rifat” gazetasining 2003 yilning 26 aprel sonida qisqartirilgan holda bosilgan.