Rajab Adashev: “Aktyorning taqdiri ma’lum ma’noda rejissyorga bog‘liq” (2011)

http://ziyouz.com/images/uz/rajab_adash.jpgSan’atning o‘ziga xos tomoni shundaki, xoh u sahnada bo‘lsin, xoh kinolentada bo‘lsin, ijodkorning har bir harakati muxlislarning doimiy e’tiborida turadi. O‘zing ijro etayotgan obraz qiyofasiga qanchalik chuqur kirib borsang, muxlis seni yuragiga shuncha yaqin oladi. Aktyor Rajab Adashevning ijodiy tarjimai holiga nazar tashlagan kishi ushbu haqiqatga yana bir bor amin bo‘ladi.

O‘tgan yili san’atkorning kino sohasidagi ishlari davlatimiz tomonidan yuksak baholandi. U “O‘zbekiston xalq artisti” unvoni bilan taqdirlandi. Tabiiyki, suhbatimiz ham ijodkor mehnati va uning e’tirofiga oid fikrlar bilan boshlandi.

— San’at sohasidagi kamtarona ijodim yuksak unvonga munosib ko‘rilganidan bag‘oyat xursandman, — dedi Rajab Adashev. — Avvalo, bu sharafni tomoshabinlarning menga bo‘lgan ishonchi, deb bilaman.

Har bir odam yoshi ulg‘aygani sayin, o‘tgan umrini sarhisob qiladi. Men ham san’atda erishganlarim va boy berganlarimni birma-bir chamalab ko‘rsam, 1964 yildan beri bu sehrli dunyoda kechgan umrim ko‘z oldimdan o‘tadi. Kinoga bolaligimdanoq ixlosmand bo‘lganman. Butun qobiliyatim, iqtidorimni namoyish etishga intilganman. O‘tgan yillar davomida 130 dan ortiq rang-barang rollar ijro etdim.

Bolalik yillarimni xotirlasam, Urgut tumani kino zallarida beriladigan hamma filmlarni tomosha qilishga shoshadigan, dorboz otasining san’atga chuqur mehr-muhabbatidan shu sohaga ishtiyoqi kundan-kunga oshib borgan bolakay ko‘z oldimda gavdalanadi. Otam masxarabozlar guruhini tashkil etib, butun tumanda tomoshalar ko‘rsatar edi. Ijodkorlik otamdan o‘tgan, desam adashmayman. Bolaligimda “Po‘lat qanday toblandi” filmida epizodik rol ijro etganman.

1964 yili “O‘zbekfilm” kinostudiyasiga tanlovlardan o‘tib ishga keldim. Qirq olti yildan buyon san’at deb atalmish keng maydonda, o‘zligimni kashf etish yo‘lida ijod qilib kelyapman. 1997 yili “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist” unvoni bilan taqdirlandim. O‘sha kezlari ham ijod olamida amalga oshirishim lozim bo‘lgan ishlar hali ko‘p deb bilardim. Hozir ham mening bu boradagi fikrim zarracha o‘zgargani yo‘q. Unvonlar aslida katta mas’uliyat degani.

— San’atga ishtiyoq otamdan o‘tgan, dedingiz. Farzandlaringiz orasida sizning kasbingizni tanlaganlari ham bormi?

— Odam qaysi kasbda faoliyat olib bormasin, uning oila degan qo‘rg‘oni ishonchli bo‘lmasa, jamiyatdagi mavqei ham, tanlagan sohasidagi o‘rni ham mustahkam emas, deb o‘ylayman. O‘zim katta oila boshlig‘iman. Rafiqam oliy toifali boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lgan. Hozir nafaqada. To‘rt farzandimiz bor. Ulardan yettita nabira ko‘rdim. Eng kenja nabiram yaqinda dunyoga keldi.

Qizlarim onasi kasbini tanlashdi. O‘g‘illarim “O‘zbektelefilm”da ishlashadi. Birining kasbi muhandis, biri esa montajchi. Ular aktyorlik kasbini tanlashmagan bo‘lsa-da, sohalari kino san’atiga yaqin.

— “Abdullajon” filmi sizga katta muvaffaqiyat keltirdi? Shu filmdan so‘ng hatto sizni ba’zilar “O‘zga sayyoralikning otasi” deydigan bo‘lishdi.

— Bu film chindan ham aktyorlik faoliyatimda muhim voqea bo‘ldi. 1993 yili Nabi G‘aniyev nomidagi griffonda “Abdullajon” filmidagi ijrom uchun “Eng yaxshi erkak roli” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib bo‘lganman. “Kichkina tabib” filmidagi rolimni ham muvaffaqiyat keltirgan ishlarimdan biri, deb bilaman.

— Ijod olami sir-sinoatlarga to‘la. Tomoshabin filmni ekranda tayyor holda ko‘radi. Kadr ortida esa shunday kutilmagan voqealar bo‘ladiki…

— To‘g‘ri, suratga olish jarayonida kutilmagan, hatto kulgili holatlar yuzaga kelib turadi. Har bir aktyorning ijod jarayoni bilan bog‘liq xotiralari bo‘ladi.

“Dil payvandi” serialini tayyorlash paytida bir voqea sodir bo‘lgandi. Bilasiz, serialda oqsoqol rolini ijro etganman. Suratga olish kunlarining birida aktyorlar bilan tushlik qildik. Tushlik tugamasidanoq, suratga olishga chaqirib qolishdi. Shosha-pisha o‘rnimizdan turdik. “Motor” degan da’vat eshitildi. Jon-jahdim bilan rolga kirishib, ijro etayotsam, yon-atrofdagi partnyorlarim menga qarab og‘zini ko‘rsataveradi. Oxiri, holatdan chiqdim-da: “Nima gap o‘zi, nega meni to‘xtatasizlar?” deb ularga e’tiroz bildirdim. Serialda o‘g‘lim rolini ijro etayotgan aktyor Behzod Hamroyev: “Rajab aka, yasama tishingizni taqish esingizdan chiqibdi”, deb kulib yubordi. Ishonasizmi, shu darajada rolga kirishib ketganimdan buni sezmabman. Boshqalar ham ikkinchi dubldan keyin payqashibdi. Lekin bitta kadr o‘sha holatda montaj qilingan. Menimcha, buni tomoshabinlar ham sezmagan bo‘lsa kerak.

— Ma’lumki, har bir inson o‘z sohasida katta-katta niyatlarni ko‘ngliga tugib yashaydi. Ammo aktyorlikda biror orzu-havas ushalishi doim ham san’atkorning o‘ziga bog‘liq emas. Demaqchimanki, ijod borasida armoningiz bormi?

— Haqiqatan, aktyorning taqdiri ma’lum ma’noda rejissyorlar, kino sohasining barcha vakillariga bog‘liq. Sizga qanday rol berilishini oldindan bilmaysiz.

Umuman aktyor kinoasarda o‘z rolining yetmish besh foizini ijro etib bo‘lgachgina, shu rolni men talqin qilyapman, deya olishi mumkin. Ba’zan film suratga olinayotganida ishning o‘rtasida ham aktyorlar almashtirilganining guvohi bo‘lganmiz. Albatta, biz san’at ahli ichki imkoniyatlarimizni ochib berishga qodir rollar ijro etishni xohlaymiz. Mukammal stsenariylarni kutamiz. Aktyor serqirra ijodkor bo‘lishi lozim. Bitta komik rolni yaxshi ijro etganiga qarab, uni faqat shu yo‘nalishdagi rollarga taklif qilish noto‘g‘ri. Rejissyor mahoratli ijodkorning iqtidoridan istaganicha foydalanishi mumkin. Men shu o‘rinda Zulfiqor Musoqov, Po‘lat Fayziyev kabi professional rejissyorlarning aktyorlar bilan ishlash tajribalarini alohida ta’kidlashni istardim. Ular shaxsan mening ijodiy faoliyatimga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatgan.

Armon haqida… san’at bobida armonsiz aktyorman, deya olaman. 1965 yili “Nasriddin Afandi” filmiga tanlovga chaqirtirilgan edim, afsuski, yosh ijodkorligim, san’atda tajribasizligim uchun ko‘rikdan o‘tolmaganman. Nasriddin rolini ijro etish ozarboyjonlik aktyorga topshirildi. O‘shanda baribir Afandi rolini o‘ynayman, degan orzuni yuragimning bir chetiga tugib qo‘ydim. Buni qarangki, orzuim amalga oshdi. “Afandi va azroil” kartinasida Nasriddin rolini o‘ynashga muvaffaq bo‘ldim.

— Suhbatimiz yakunida shogirdlaringizga, san’at ixlosmandlariga tilaklaringizni izhor etsangiz.

— Yurtimiz ahlini kirib kelgan yangi yil bilan samimiy qutlayman. Har bir xonadonga to‘kin-sochinlik, tinchlik-xotirjamlik, har bir san’atga oshufta qalbga ezgulik yor bo‘lsin. Yosh ijodkorlarga mashaqqatli san’at yo‘lida fidoyilik tilayman. Zero, chin qalbdan qilingan mehnat o‘zining munosib bahosini olishi muqarrar. Yana shuni istardimki, dunyoda toza qalblar ko‘paysin. Yaxshilik tomir yoysin. Ezgu orzular ro‘yobga chiqsin!

Nazokat Umarova suhbatlashdi

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 3-sonidan olindi.