Pirimqul Qodirov: “Buyuk o‘zgarishlar albatta buyuk natijalar beradi” (2010)

Bugun biz buyuk davlat barpo etmoqdamiz. Tabiiyki, buyuk davlat tushunchasini har kim intellektual darajasidan kelib chiqib o‘zicha tushunadi, o‘zicha idrok etadi. Bu tushunchani har bir fikr egasi turlicha tasavvur qiladi, turlicha sharhlaydi. Ayni choqda, olimning, shoiru adibning fikri har doim ham el-yurtning e’tiborida bo‘lib kelgan. Barcha zamonlarda ham ijodkorning so‘zi kitobxonlar, adabiyot muxlislari ruhiga, shuuriga o‘zgacha ta’sir ko‘rsatgan. Shu jihatdan, quyida e’tiboringizga havola qilinayotgan suhbat ko‘pchilikni qiziqtiradi, fikrlashga chorlaydi, deb o‘ylaymiz.

—Inson yaralibdiki, mudom kamolotga intiladi, tinch, erkin va farovon hayotni orzu qiladi. Bu haqda dunyo faylasuflari, jumladan, bizning buyukdonishmand ajdodlarimiz,qadim zamonlardan boshlab ilg‘or fikr va g‘oyalarni ilgari surishgan. Masalan, ulug‘ bobokalonimiz Abu Nasr Forobiyning fozil odamlar shahri haqidagi qarashlari xalqimizning inson kamolotihaqidagi orzu-intilishlarining o‘zigaxosifodasi edi.

Umuman, uch ming yillik davlatchiligimiz tarixiga nazartashlaydigan bo‘lsak,xalqimizning komil inson, adolatlijamiyat haqidagi orzulari bir nafas bo‘lsin so‘nmaganiniko‘ramiz. Muhtaram Prezidentimiz Islom Karimov istiqlolning dastlabki kezlaridanoq kelajagibuyuk davlat barpo etish haqidagi hayotbaxsh g‘oyani o‘rtaga tashlab, bu tom ma’nodagiulug‘ maqsadni amalga oshirishning asosiy sharti, mezoni sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish ekanini har tomonlama chuqur asoslab berdi. Bu o‘z navbatida xalqimizning insoniy komillik haqidagi qarashlarini ro‘yobga chiqarish uchun misli ko‘rilmagan ufq va imkoniyatlar ochib berdi. Mustaqil taraqqiyotimizning har bir yili ana shu g‘oyani amalga oshirish — kelajagibuyuk davlat poydevorini mustahkamlash yo‘lida ulkan qadam bo‘lmoqda.Ayniqsa,Barkamolavlodyilida bu boradagiintilish va harakatlarimiz alohidama’no-mazmun kasb etmoqda. Chunki buyukdavlatnibarkamol avlodsiz tasavvur etib bo‘lmaydi.

Ustoz, ruxsat etsangiz, bugungikunda butun xalqimiz ongu shuurini band etib, amaliy harakatlarimiz mezoniga aylangan ana shu o‘lmas g‘oya — kelajagi buyuk davlat g‘oyasi haqida suhbatlashsak.

Pirimqul Qodirov: — Darhaqiqat, mana, o‘n to‘qqiz yildirki,Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan asoslanib, izchil joriy etilayotgan yurtimizda kelajagi buyuk davlat barpo etish va shu orqali xalqimiz farovonligini oshirish, O‘zbekistonni dunyodagi rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqish g‘oyasi har birimizga beqiyos kuch, g‘ayrat-shijoat bag‘ishlamoqda. Shuni alohida ta’kidlashni xohlardimki, o‘tgan tarixan qisqa davr mobaynida malakatimiz erishgan ulkan yutuq va marralar bizning haqiqatan ham buyuk davlat barpo etishga qodir xalq ekanimizni, mana shunday shiddatli sur’at va qat’iyat bilan harakat qiladigan bo‘lsak, ulug‘ maqsadlarimizga albatta yetib borishimizni yaqqol namoyon etmoqda. Shu asosda hech ikkilanmay aytish mumkinki, mamlakatimizda hozirning o‘zidayoq buyuk davlatga xos belgi-alomatlar yorqin ko‘zga tashlanmoqda. Bu, ayniqsa, muhtaram Prezidentimizning mamlakat kelajagi bo‘lgan yosh avlodning intellektual darajasi yuksalishiga alohida e’tibor qaratayotganida aniq-ravshan ko‘rinmoqda. Joriy yilning “Barkamol avlod yili” deb e’lon qilingani, ana shu maqsadga qaratilgan Davlat dasturi ijrosini ta’minlash uchun qariyb sakkiz trillion so‘m atrofida mablag‘ ajratilgani buning amaliy isbotidir. Butun dunyo moliyaviy-iqtisodiy inqirozni boshidan kechirayotgan bir vaziyatda bunday keng ko‘lamli ijtimoiy dasturlarni amalga oshirish oson bo‘layotgani yo‘q, albatta.

Yaqinda mamlakatimiz poytaxtida to‘rt yuzdan ziyod davlat va jamoat arboblari, biznesmenlar, diplomatlar, olim va ekspertlar, dunyoning nufuzli moliya tashkilotlarining vakillari ishtirokida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda ham Yurtboshimiz rahnamoligida ishlab chiqilgan Inqirozga qarshi choralar dasturinechog‘liqhayotiy ekani, undan boshqa mamlakatlar ham o‘rnak olishi zarurligi e’tirof etildi. Jumladan, Xitoydagi Shanxay hamkorlik tashkiloti tadqiqotlar markazi rahbari Sun Chjuanchji inqiroz hatto ko‘plab rivojlangan davlatlar iqtisodiyotiga katta zarar keltirayotgan bir sharoitda O‘zbekistonning bu bo‘hrondan deyarli aziyat chekmagani, aksincha, shunday og‘ir vaziyatda ham barqaror iqtisodiy o‘sishga erishgani tahsinga loyiq ekanini ta’kidladi. Bu tajribani o‘rganish boshqa davlatlar uchun foydali ekanini alohida qayd etdi.

Berlindagi Xalqaro iqtisodiyot akademiyasi direktori Xans Yoaxim Knaupe esa O‘zbekistonning g‘oyat puxta ishlab chiqilgan Inqirozga qarshi choralar dasturi nafaqat hozirgi murakkab iqtisodiy sharoitda, balki kelgusida — inqirozdan keyingi davrda ham taraqqiyot sari eltuvchi muhim ustuvor yo‘nalishlarni aks ettirganidan hayratda ekanini aytdi. Rossiya, Angliya, Yaponiya va Hindiston vakillari ham xuddi shunday xolis va haqqoniy fikrlarni izhor qildilar.

Menimcha, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan, xalqaro e’tirofga loyiq bunday ishlar bizda buyuk kelajak uchun yetarli zamin yaratilganini ko‘rsatadi. Xo‘sh, buning amaliy tasdig‘i yana nimalarda ko‘rinadi? Birinchidan, mamlakatimiz istiqlolga erishgan dastlabki kunlardanoq Yurtboshimiz tomonidan mamlakat taraqqiyotining mashhur besh tamoyili ishlab chiqildi. Shu tariqa jamiyat hayotini isloh etish har tomonlama chuqur ishlangan strategik rivojlanish dasturiga — taraqqiyotning o‘zbek modeliga asoslandi. Bu esa barcha yutuqlarning garovi bo‘lmoqda.

Ikkinchidan, O‘zbekiston suveren davlat sifatida rivojlanar ekan, o‘z qobig‘iga o‘ralib qolmadi — dunyoda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning faol ishtirokchisi sifatida ularga o‘z ta’sirini ko‘rsatib kelmoqda. O‘zbekistonning eng muhim xalqaro masalalar bo‘yicha o‘z qarashi, o‘z pozitsiyasi borligi dunyo miqyosida haqli ravishda tan olinmoqda. Prezidentimizning xalqaro terrorizmga qarshi kurash faqat bir mamlakatning ishi emasligi, uni bartaraf etish uchun dunyo hamjamiyati o‘zaro ittifoqlikda harakat qilishi zarurligi haqidagi g‘oyani o‘rtaga tashlagani, mamlakatimiz rahbarining tashabbusi bilan shunday markaz tashkil etilgani buning yorqin isbotidir. Yoxud Afg‘oniston muammosini hal etishga dunyo hamjamiyatining e’tiborini tortgan kim?Bular barchasi O‘zbekistonning xalqaro nufuzi oshib borayotganidan, muayyan muammoni hal etishda uning nuqtai nazari e’tiborga olinayotganidan, mamlakatimizning e’tirof doirasi tobora kengayayotganidan dalolat beradi.

Uchinchidan, biz tanlagan yo‘lning o‘zimizga xos va o‘zimizga mosligi jamiyat ma’naviyatini yuksaltirish masalasi taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilanganida ko‘rinadi. Mustaqillikning ibtidosidayoq ma’naviy yuksalishning mezonlari, tamoyillari ishlab chiqilgan bo‘lsa, Yurtboshimizning “Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch” asarida taraqqiyotning o‘zbek modeli ma’naviy yuksalishga asoslanishi nazariy jihatdan dalillab berildi.

To‘rtinchidan, bugun mamlakatimizda shahar va qishloqo‘rtasidagi tafovut tobora kamayib boryapti. “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili” munosabati bilan qabul qilingan davlat dasturi doirasida amalga oshirilgan ulkan islohotlar izchil davom ettirilayotgani qishloq aholisi turmush tarzi yuksalishiga xizmat qilmoqda.

Bular barchasi shundan darak beradiki, kelajagi buyuk davlat degani uzoq istiqbolda amalga oshishi kutilayotgan mavhum voqelik emas, uning alomatlari ayni kezda — bizning zamonimizda aniq-ravshan namoyon bo‘lmoqda.

—To‘g‘ri aytasiz, ustoz, buyuk kelajagimiz vorislari bo‘lgan yosh avlod ta’limi va tarbiyasiga berilayotgan yuksak e’tibor ham, ijtimoiy-iqtisodiy hayotning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan islohotlar kutilgan samaralarni berayotgani ham Siz aytgan alomatlarning amaldagi ifodasidir.

Buyuk ajdodlarimiz orzu qilib kelgan komil inson g‘oyasining amalga oshishi birinchi navbatda, ta’lim va tarbiya bilan bog‘liq. Esingizda bo‘lsa, bundan bir necha yil muqaddam Yurtboshimiz xorijda ta’lim olayotgan yoshlarimiz bilan suhbatda yangi asrda muayyan mamlakatning qudrati uning yer osti va yer usti boyliklari yoxud harbiy quvvati bilan emas, o‘sha mamlakat yoshlarining intellektual salohiyati bilan belgilanishini ta’kidlagan edilar. Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun ana shu yuksak maqsadni amalga oshirishning huquqiy kafoloti o‘laroq katta imkoniyatlar eshigini ochdi. Yoshlarimiz xalqaro miqyosdagi fan olimpiadalarida, innovatsion loyihalar tanlovlarida, sport musobaqalarida mamlakatimiz bayrog‘ini, millatimiz sha’nini baland ko‘tarayotgani ana shu imkoniyatlar samarasidir.

Biror bir mamlakat yoxud millat chinakam taraqqiyotga erishmog‘i uchun, menimcha, ikki omil — birinchidan, yuksaklikka, taraqqiyotga chorlaydigan g‘oya; ikkinchidan, uzoqni ko‘zlab, oqilona siyosat olib boradigan mustahkam irodali, azmu shijoatli, mard va donishmand yo‘lboshchi zarur bo‘ladi. Bizda Siz hozirgina ta’kidlab o‘tgan buyuk kelajak nishonalari yaqqol namoyon bo‘la boshlagani ana shu omillar bilan izohlanadi.

Suhbatimiz avvalida zikr etilgan xalqaro anjumanda qatnashgan “Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo tadqiqotlari” jurnali tahririyati rahbari, professor Chan Bin biz tanlagan taraqqiyotningo‘zbek modeli barqaror rivojlanishning eng to‘g‘ri yo‘li ekani, xalqimizning mentaliteti, boy madaniyati va tarixi hisobga olingan holda puxta ishlab chiqilgan bu yo‘l oqilona siyosat, iqtisodiy rivojlanish va jamiyat yakdilligiga asoslanishi haqida so‘z yuritdi. Butun dunyodan kelgan turli mamlakatlar vakillarining bunday e’tiroflari ham Prezidentimizning kelajagi buyuk davlat haqidagi hayotbaxsh g‘oyaci amalda aniq natijalar berayotganini ko‘rsatadi.

Pirimqul Qodirov: —Muayyan milliy adabiyot rivoji o‘sha millatning umumiy taraqqiyot darajasining ham ifodasidir. Tarixga nazar solinsa, qachonki adabiyot yuksalgan bo‘lsa, ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida ham yuksak taraqqiyotga erishilgan. Ulug‘ Alisher Navoiy asrini eslang. Menimcha, bu adabiyotning jamiyat a’zolari ruhiga kuchli ta’sir ko‘rsata olishi, ulug‘vor g‘oyalarga hayotbaxsh quvvat bag‘ishlash imkoniyatiga ega ekani bilan izohlanadi. Bizda bugungi kunda dunyoga bo‘ylasha oladigan adabiyot shakllanayotgani ham buyuk kelajakning nishonasidir. Adabiyot rivojiga davlat siyosati darajasida katta ahamiyat qaratilayotganining sababi shunda, deb o‘ylayman.

Prezidentimizning “Adabiyotga e’tibor — ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” asaridagi “Agar biz O‘zbekistonimizni dunyoga tarannum etmoqchi, uning qadimiy tarixi va yorug‘ kelajagini ulug‘lamoqchi, uni avlodlar xotirasida boqiy saqlamoqchi bo‘lsak, avvalambor buyuk yozuvchilarni, buyuk shoirlarni, buyuk ijodkorlarni tarbiyalashimiz kerak”, degan fikrlari yoshlarimizda ijodiy tafakkurni tarbiyalashda dasturilamaldir. Axir, ijodiy tafakkur bo‘lmagan joyda tarixdan yetarli ibrat olinmaydi, yorug‘ kelajakka ishonch tuyg‘usi shakllanmaydi, buyuk yozuvchi-shoirlar, ijodkorlar yetishib chiqishi haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Ijodiy tafakkur — xalqning tengsiz boyligi. Uni asrash, o‘stirish, uning yuksalishi uchun mudom g‘amxo‘rlik ko‘rsatish zarur. Zero, ijodiy tafakkur — jamiyatni harakatga keltiruvchi kuch, uning ravnaqini ta’minlovchi bebaho omil. Shuning uchun ham Yurtboshimiz ijodiy tafakkurga qanot beruvchi asosiy manba bo‘lgan adabiyotimiz rivojiga katta e’tibor beryaptilar.

—Davlatimiz rahbaribugungi murakkab va shiddatli zamonda jahonda o‘z o‘rnini topishga intiladigan har qanday xalq va millat umumbashariy taraqqiyot yutuqlarini har tomonlama chuqur va puxta egallashi shart ekanini mudom ta’kidlab keladi. Buning uchun esa dunyoviy ilm-fan yutuqlarini egallamoq va hayotga tatbiqqilmoq zarur. “Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch” asarida buyuk ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiyning dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimligi, zamona ilmi va fanidan bebahra millat boshqalarga poymol bo‘lishi haqidagi so‘zlarini keltirar ekan, Yurtboshimiz: “Hozirgi vaqtda dunyoviy ilm-fan va texnologiyalarni chuqur o‘zlashtirmasak, faqat tariximiz, olis ajdodlarimizning kashfiyotlari bilan maqtanib, ularga mahliyo bo‘lib yashaydigan bo‘lsak, ana shu noyob merosni asrab-avaylab, yanada boyitib, unga o‘z hissamizni qo‘shmasak, zamon bilan hamqadam bo‘lib yurmasak, bizning jahon maydonida munosib o‘rin egallashimiz qiyin bo‘ladi”, degan haqqoniy xulosaga keladi.

Darhaqiqat, dunyo ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan ajdodlarimizning ilmiy merosi bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmay kelyapti. Endigi avlodning vazifasi ular bilan faxrlanishgina emas, bu bebaho merosni chuqur o‘zlashtirish, ularni yangi yutuqlar bilan boyitish, rivojlantirish, yanada yuksak bosqichga ko‘tarishdan iborat bo‘lmog‘i kerak. Ana shundagina bugun alomatlari ayon ko‘rina boshlagan buyuk davlatning chinakam sohiblariga aylanishimiz mumkin.

Pirimqul Qodirov: —Haqiqatan ham, ijodiy tafakkur — taraqqiyotningmuhimomili.Qaysibirmillat ana shu fazilatga ega ekan, taraqqiyotga erishmog‘i, buyuk kelajak sohibiga aylanmog‘i tayin. Qay bir xalq ijodiy tafakkurdan mosuvo bo‘lsa, tanazzul girdobiga botmog‘i ham aniq. Ana shu jihatdan, mamlakatimiz rahbarining hozirgi vaqtda dunyoda kuchayib borayotgan turli ma’naviy tahdidlarning oldini olish, ”ommaviy madaniyat” niqobi ostidagi zararli xurujlar ta’siridan farzandlarimizning ongu tafakkurini himoya qilishda ilmu-fan va madaniyat jamoatchiligi, ijod ahlining o‘rni va roli tobora ortib borayotgani haqidagi fikri biz ijodkorlarga ulkan mas’uliyat yuklaydi.

Biz chindan ham murakkab va ziddiyatli bir davrda yashayapmiz. Milliy o‘zlikni asrash, ming yillar davomida xalqimizning hayotiy a’moliga aylangan qadriyatlarni muhofaza qilish, yosh avlod ongu shuurini yot g‘oya va mafkuralar ta’siridan saqlash bugun har qachongidan ham dolzarbdir. Yurtboshimiz ijod ahli oldiga bunday xatarlardan hayotimizni asrash, ma’naviy bo‘shliqqa yo‘l qo‘ymaslik uchun avvalambor ezgu insoniy g‘oyalar va yuksak mahorat bilan yaratilgan asarlar orqali xalqimizning madaniy saviyasini yuksaltirish, boshqacha aytganda, bugun jahon maydonida yuz berayotgan keskin aql-zakovat va iste’dod musobaqasida bellashuvga qodir bo‘lishimiz shart, degan talabni qo‘ydilar. Modomiki, biz buyuk kelajakka intilayotgan ekanmiz, ana shu ulug‘vor g‘oya bugungi hayotimizda real voqelikka aylanayotgan ekan, loqayd, beparvo bo‘lishga haqli emasmiz. Buyuk kelajakning qisqa tarixiy fursat ichida barpo etib ulgurilgan poydevorini yanada mustahkamlashimiz, milliy mustaqilligimiz asoschisi — Yurtboshimiz atrofida yanada jipslashmog‘imiz, yorug‘ istiqbolning muhtasham inshootini bunyod qilishga har birimiz baholi qudrat hissa qo‘shmog‘imiz zarur.

—Biz Vatan va millatning buguni, istiqboli bilan bog‘liq benihoya muhim va dolzarb mavzuda suhbatlashdik. Tabiiyki, kichik birsuhbatdaxalqimiz, Vatanimizning bugungi va ertangi hayoti bilan bevosita bog‘liq bu mavzuning barcha qirralarini qamrab olish, uning mohiyatini to‘laqonli yoritish oson emas. Bu masala shu millat farzandiman, degan har bir ziyolining qalbiga, ruhiga benihoya yaqin. Ularning har biri bu haqda o‘ziga xos tasavvurga ega. Shu ma’noda, buyuk kelajak haqidagi suhbatlarimiz, munozara-muloqotlarimiz davom etadi, albatta.

Muhtaram ustoz, samimiy suhbatingiz uchun Sizga tashakkur izhor etamiz. Milliy adabiyotimizda munosib maqomga ega Sizday adibdan yana ko‘p yuksak badiiy asarlar, bugungi keng ko‘lamli islohotlarimiz, ma’naviy-madaniy hayotimizdagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq dolzarb publitsistik maqolalar kutib qolamiz. Ijodkor ziyolilarni esa fikr musobaqasiga chaqiramiz.

Nurboy Jabborov suhbatlashdi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 17-sonidan olindi.