Omon Matjon: «Dilimning rangini gul bilsa bo‘ldi…» (1989)

— Omon aka, keling suhbatimizni o‘zbek xalqining ko‘z qoracho‘g‘idek asrab-avaylab kelayotgan milliy urf-odatlaridan boshlaylik. Chunki har bir xalqning milliy qiyofasini birinchi navbatda uning o‘ziga xos udumlari belgilaydi-da! Shunday emasmi?

— Albatta. Bizning xalqimizda yaxshi odatlar» juda ko‘p. Odatlar qomusi tuzilsayam yaxshi bo‘lardi. Lekin o‘nlab doktorlik dissertatsiyasi bo‘ladigan bu narsa shu paytgacha tartibga solinmagan. Har qanday urf ijtimoiydir. Kishilarning hayot kechirishi, ular qanday tuzumni boshdan o‘tkazishi, silkinishlar, larzalar ham odamlarga o‘z ta’sirini o‘tkazadi. O‘zbeklarning yaxshi odatlaridan birini, ya’ni ota-onalarning bolalariga atab uy solishini aytay. Ular so‘ngi topganini ham yig‘ib, uy solishadi. Bu — Vatanga, tug‘ilgan tuproqqa bog‘liqlik belgisi. Buni ba’zi bir tushunmagan odamlar boyishga bog‘lamoqchi ham bo‘lishadi. Nega o‘zbek ikki qavatli kottejda yashamasligi kerak? Kuchi yetsa mayli, o‘n qavatli qilib qursin. Uy biz uchun ona Vatan degan gap. Shuning uchun ham bizning xalq darbadar emas. Otasini, onasini tashlab issiqroq ko‘ringan yerga qochib ketavermaydi. Hozir Noqoratuproq yerlar masalasi ko‘p gapirilyapti. Rossiyadagi bu yerlarning bo‘shab qolgani kimning fojiasi? Tub xalqning fojiasi. Boshqa narsa emas. Agar tuzum tufayli deydigan bo‘lsak, sotsializm har bir xalqqa tug‘ilib o‘sgan yerida, tuprog‘ida o‘z urf-odatlari bilan yashashga imkoniyat ber-gan bo‘lsa… Stalin davrida butun-butun xalqlar quvg‘inga tushdi, qirq yil burun tuzilgan aktlar kasofati bilan ko‘p millatlarning uyi besaranjom bo‘ldi. Yurtni o‘z egalari obod qiladi. Xalqlar bosh qo‘shib, teng manfaatli ulkan bir ish qilib, so‘ng «Internatsional»ni kuylashsa yarashadi. Lekin har kim o‘z yerida, o‘z uyida milliy qo‘shig‘ini aytganiga nima yetsin!

— Ming yillik tariximizni yelkasida ko‘tarib kelayotgan obidalarimiz, minoralarimiz ham xalqimizning buyuk an’analaridan sanaladi…

— Haq gapni aytdingiz. Umuman, gap kelganda mana Samarqand, Xorazmdagi obidadarni, yodgorliklarni xalq qurgan deymiz-u, bu o‘z-o‘zidan amalga oshmaganligini, bunyod qilinmasligini unutib qo‘yamiz. Amaldorlar, hukmdorlar tomonidan qurilganligini ham hisobga olish kerak. Xalqqa katta yo‘nalish beruvchi kuch kerak. Amir Temur «bizning qudratimizga shubhang bo‘lsa, marhamat, tiklagan imoratlarimizni kelib ko‘r» degani, menimcha, klassik gap. Katta qurilishlar zamirida, umumiy, madaniy darajamiz ham turadi. Shuning uchun yurtimizdagi bu asriy yodgorliklarni ko‘rganimizda beixtiyor ulkan kishilarning ulkan ishlari ko‘z oldimizga qeladi. Ularning oldida suratga tushib, hech bo‘lmaganda, o‘tganlarni so‘kmay ketishimiz lozim. Tinchlik, dorilomon kunlar ham yaxshi odatlarning ko‘payishiga sababchi bo‘ladi. Xalq o‘z tinchiga qo‘yib qo‘yilgan, o‘z mehnatining samarasiga qarab kamol topadigan zamonda an’analar yangilarini paydo qiladi va eskilarini saqlab, yodlab qolish uchun sharoit bo‘ladi. Albatta, biz odatdan tashqari narsalarni ko‘rsak, hayratlanib, «bu nima» deb turamiz. Lekin payti kelib, shu narsa qabul qilinadi. Misol uchun — yoshlarning muqaddas joylarni ziyorat qilishi. Bunday an’analar oldin bor edi deb aytolmayman. Tarix — soddaroq qilib aytadigan bo‘lsak, peshonaga bitilgan, yashab o‘tilgan taqdir. Uni tuzatib ham, o‘zgartirib ham bo‘lmaydi. Lekin yillar shafqatsiz. Shu jumladan, o‘zbek xalqining ham o‘sish bosqichlari, tanazzulga yuz tutgan yillari ko‘p bo‘lgan…

— Meni bir savol qiynaydi: Bizning avlodlarimiz xalqimizning asrlar davomida asrab kelgan qadimiy udumlari, onalarimiz aytib kelgan «betakror allalar, to‘ylarimizda aytilguvchi ko‘hna «yor-yor»lar bizdan keyin ham o‘z qadr-qimmatini saqlab qolaveradimi?

— Menimcha, qoladi. Bu pastu baland, to‘g‘rirog‘i, doira bo‘yicha rivojlanuvchi tabiat dialektikasi taqozosidir. Mana hozir she’riyatimizda «Qadimiy ohanglar» degan katta-katta turkumlar ijod qilinyapti. Bu juda yaxshi, folklor qahramonlariga murojaat etilyapti. 70-yillarda chiqqan birinchi kitobimda «Qadimgi ohanglar» degan she’r bor.

Oy-yillar kezardim ajib so‘roq ichinda,
Gul kabi gohi ochib, ko‘nglimni bog‘ ichinda.
Gohi ko‘mdim dilimni oydagi dog‘ ichinda,
Bu dunyo tilsimdir qil bor qiyoq ichinda.
Bir ganji ko‘k ichinda, biri tuproq ichinda…

Shunday, goh ko‘riladi, goh ko‘miladi. Har bir avlod har bir masalaga o‘z munosabatini bildiradi. Tarixiy voqealar ham, an’analar ham shunday.

— Kommunistik jamiyat bunyod etish qonuniyatlariga ko‘ra, xalqlarimiz birlashib, tinch-totuvlashib boraverishi nazarda tutilgan. Buning natijasida ularning xususiy o‘ziga xosligi, ya’ni sof milliy fazilatlari ham umumlashib, ba’zan katta xalq ta’sirida kichiklarning bir qancha urflari yo‘qola borishi tabiiy. Sizningcha, bu umumiy istiqbolmi yoki fojiami? Agar fojia bo‘lsa, uning oldini qanday olish mumkin?

— Bu stalinizm qoldirgan asoratlardir. U oz-muncha «an’analar» meros qilib ketmadi-ya! Har kimdan shubhalanish, har bir so‘zdan ogoh turish mana shu ta’qibkor, ehtiyotkorlik mevalaridir.

Modomiki, katta-katta ko‘ch-ko‘chlar ham Stalin davrida boshlangan-ku! Qrimdan qrim-tatarlarining haydalishi. Kavkazdan arman va gruzinlardan tashqari barcha turkiy xalqlarning quvilishi bunga jonli misol.

Har bir millatning o‘zi tug‘ilib o‘sgan joyida ularning gullab-yashnashi, unib-o‘sishini ta’minlash kerak, «Kommunizm» degani hamma bir yoqqa ko‘chib borsin degani emas-da! Endi biz «Leninga qaytaylik!» deb XXVII s’ezdda yoki partiya XIX konferentsiyasi ko‘rsatmalariga bejiz suyanayotganimiz yo‘q. Shuning uchun bu «xalqlarning qo‘shilib ketishi» degan gapning o‘zi juda xavfli. Chunki «shunday ekan-da!» deb ko‘p narsalar kechirilib boraveradi. Kichkina bir majlisning protokoli qaysi tilda yozilishining ham kelajakda tarixiy ahamiyati bo‘ladi… Ha, atrof voqealariga quruq e’tiqod bilan emas, ozroq bilim bilan qarash kerak. Endi biz bildikki, sotsializm kommunizmga yaqinlashgan sari xalqlar birlashib ketadi degan gap Stalinning tezisi ekan. Nainki birlashadi, aksincha har bir xalq o‘zining nodir xislatlarini qadrlashga intilar ekan. Xalqlarning bir-biriga ta’siri doimiy. Bu yer shari. Bugun faqat SSSR emas, «Dunyo — umumiy uyimiz» degan tarzda qarashimiz kerak. Millatgayam, millatlarning taqdirigayam.

Tepadan qaraganda yer shari juda kichik, odam esa zarradek. Bugun azon tuynugi ochilganini bilamiz Arktika, Antarktida ustida. Millatlarga qilingan zug‘um ham, millatlar o‘rtasidagi nifoq ham ana shu azon tuynugidan kichik bo‘lgan masala emas. Nihoyat, ochiqcha gaplashishning yuqori darajasi ozroq tartibga olindi. Xalq deputatlari s’ezdi — minbarini aytayapman. U barcha xalqlarning oshkora minbariga aylanib qolsa, ayniqsa, bizning deputatlarimiz (O‘rta Osiyoliklar) ham o‘zlarini mustaqilroq sezib, o‘z madaniyatini, ruhini ko‘rsata olsa, menimcha, ma’qul bo‘lardi.

Dunyoda qaysi bir mamlakatda nimaiki ustun bo‘lsa, biz shuni olishga, tatbiq qilishga intilishimiz kerak. Hamma xushxabar faqat Moskva orqali o‘tib kelsin degan qonun hech joyda yozilmagan. Yangi, yaxshi gap bo‘lsa, nega uni bevosita olish mumkin emas ekan? Lenin, har qanday ideal biron foydali, qiziqtirish kuchiga ega bo‘lmasa, bir tiyinga qimmat, degan mazmunda gapirgan edi. Hamma narsa Moskva orqali o‘tib keladigan bo‘lsa, ko‘pgina baxtsizliklarimizni ham u yoqqa to‘nkasak bo‘larkan-da? S’ezdda agar esingizda bo‘lsa, bizning ko‘pgina baxtsizligimizga rus xalqi sababchi, shu tufayli o‘ziyam baxtsiz degan gaplar aytildi-ku! Shuning uchun bitta xalq hamma narsani o‘zining bo‘yniga olib, boshqa xalqlar nomidan ish tutmasligi kerak.

Afg‘onistonni olaylik. Bu bizning urushdan keyingi eng katta va dahshatli xatomiz. Biz chetdan kelib bir xalqni bosh egdirish, zug‘um qilish aslo mumkin emasligini butun dunyo oldida isbotladik. Xayriyat, davlatimiz o‘z xatosini bo‘yniga olib harbiylarini chiqarib ketdi, bo‘lmasa xudo ko‘rsatmasin…

— Repressiya yillari majburan xato qilganlar-chi, ularni endi kechirsak bo‘lar axir?! Qachongacha «aybsiz aybdorlar»ga malomat toshlari otaveramiz? Ularning beg‘ubor ruhlari oldida qilgan gunohlarimizni yuvaylik…

— Xato bilan xatoning farqi bor. 30-yillardagi qilguligini oltmishinchi, yetmishinchi, hatto saksoninchi yillardayam u yoki bu tarzda takrorlagan kimsalar haliyam borga o‘xshayapti! Buni endi xatoga yo‘yib bo‘lmas! Bu yerda aniq qotil haqida gapirish kerak. Lekin biz qandoq ko‘ngilchan millatmiz-a! «Tavba qildim!» desa, jallodni ham kechirishga, afv etishga tayyormiz. Nimaga befarq bo‘lsak, shundan fojia boshlanishini bugun ham aniq bilishimiz kerak.

Mana rus xalqini olaylik. Dahshatli 37-yilning ommaviy qirg‘inlarida repressiya qilingan odamlarni oqlab olayapti. Bizlar esa hali ro‘yxat tuzish bilan ovora bo‘lib yotibmiz. Abdulla Qodiriy, Usmon Nosir, Cho‘lpon, Fitratlar bizning peshonamizga falakning gardishi bir aylanib bitib qolgan so‘nmas yulduzlar edi. Ular tirik bo‘lganida, o‘zbek adabiyotining oldiga tushadigani bo‘lmasdi. Hech bir xalq bizning xalqimiz singari «tepsa-tebranmas» bo‘lmasa kerag-ov. Bo‘lmasa yaqin 4—5 yil oldin ham kimlarningdir ovoziga jo‘r bo‘lib «Cho‘lpon millatchi», «Qodiriy jadid», «Fitrat xalq dushmani» deb yurarmidik? Yoki bo‘lmasa, Navoiyning millatini talashib, Boburni bosqinchi, Temurni ashaddiy zolim hukmdor deb qoralashgacha borib yetgan kimsalarning qo‘shig‘ini jo‘r bo‘lib kuylarmidik? Esiz, endi ko‘zlarimiz ochilyapti. Kech, mayli kech bo‘lsayam, shukur qilib, «Ajdarho yili o‘tdi, iloyo endi ajdarho asri ham o‘tsin-da!» deylik. Endi ularga qurbonlik berishning to‘xtagani chin bo‘lsin-da! Repressiya bo‘lib ketgan eng buyuk bobolarimizning muborak nomlarini yod etib, sadoqatimizni izhor qilaylik…

— Qodiriy ham, Cho‘lpon ham, Fitrat ham qaytib kelmaydi. Lekin shu yorug‘ dunyoda O‘ZBEK degan xalq, millat bor ekan, ularning nomi abadyy yashayveradi…

Endigi savolim, bugungi jarayonda sodir bo‘layotgan jiddiy o‘zgarishlar haqida. Matbuotimizning qo‘li-qo‘liga tegmay qoldi. Siyosiy doiralardagi o‘tkir bahslar, deputatlar s’ezdidagi haqiqiy oshkoralik, milliy munosabatlarning keskinlashuvi, huquqiy organlarning mudhish xatolari. Bular oxir-oqibat nimalarga olib borar ekan-a? Ayniqsa, Farg‘onadagi fojialar…

— Men Farg‘onadagi voqealarga o‘z munosabatimni birinchilar qatori aytdim. Bu fojia hamma turkiy xalqlarning yuragiga g‘ulg‘ula soldi. Bir shaxsning xatosini tuzatish mumkin, lekin shaxs katta ishni boshqara turib, xato qilsa, bundan ko‘pchilik zarar ko‘radi, iztirob chekadi. Biz ko‘klarga ko‘tarib maqtagan Sotsialistik tuzumimizning shu qadar qonunlashtirilmagan joylari ko‘p ekanki, ma’lum bir davrda yo‘l qo‘yilgan xatolarning achchiq mevalarini hali ancha vaqt tortar ekanmiz. Shuning uchun hozirgi kunda birdan-bir yo‘l — demokratlashtirishni xalqning o‘ziga qo‘yib berish kerak.

Olis Farg‘onami, Xorazmda yashaydigan dehqonga nima uchun yuqoridan uning ekayotgan hosilini planlashtirishi hatto mahsulotiga bahoniyam qo‘yib, taqdirini besh yilga shakllantirishi kerak? Buni yerli xalq o‘zi tuzsa bo‘lmaydimi? Aslida planlarni qishloq Sovetlari tuzib berishi kerak. Bu yil nima ekamiz, o‘rtoqlar, paxtami, yo‘q, paxta bizga zarar ekan, shuning uchun biz bu yil sholi ekamiz, deb qishloq Soveti qaror qabul qilishi kerak. Moskva yoki Toshkentda o‘tirgan rahbar unga buyruq qilishi insofdan emas. Men jamiyat anarxiyaga borsin deyayotganim yo‘q. Lekin planlashtirishda ham davlatning, ham xalqning, ham har konkret shaxsning uyg‘unlashgan manfaati bo‘lishi kerak. Xalqning uyg‘unlashgan manfaati bo‘lmasa, xohlagan odam ming chaqirim narida baholash komitetida o‘tirib olib, bizning pomidor yoki uzumimizga narx qo‘yib o‘tirsa, o‘lib-tirilib hosil yetkazgan odam bu yoqda qolib ketsa, unda qanaqa rivojlanish bo‘ladi? Yerdan kim, qanday foydalanishi kerak, yer kimniki degan savolga javob topish kerak. Bungacha bizda hech narsa hal bo‘lmaydi. Mana, masalan Xorazmda mutasaddi kishilar hech bo‘lmasa, sho‘lxaning ellik foizini mol boqish uchun Xorazmda olib qolishi mumkin-ku. Yo‘q! Hozir Xorazmda bor yo‘g‘i 5-10 protsent paxta sho‘lxasi qolyapti xolos. Shu sharoitda yetishtirilgan go‘shtning qayga ketayotganini hech kim bilmaydi…

— Bilasizmi, so‘ngi vaqtda matbuotimizda «ortiqcha ishchi kuchlari» degan g‘alati bir atama ham paydo bo‘ldi. Bu o‘z-o‘zidan paydo bo‘ldimi?

Yo‘q, albatta! Biz shu vaqtgacha jamiyatimizdagi og‘riqlarni yashirib odamlarni aldab kelaveribmiz: «Rivojlangan sotsializm sharoitida ishsizlik yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas», — deb.

— Farg‘ona vodiysi va Xorazm vohasida ishsizlik nihoyatda ko‘payib ketdi. Bularning bir qismi Noqoratuproq zonaga, Chita oblastiga va boshqa joylarga yuborilib, u yerlarda kolxoz va sovxozlar tuzilyapti. O‘rtoq Ye. K. Ligachyovning Toshkentga kelib o‘tkazgan kengashidayam bu haqda batafsil so‘z yuritildi.

Yaxshilab o‘ylab ko‘radigan bo‘lsak, har bir gapning orasida «do‘stlik» so‘zini ishlataverib, bu so‘zni «oldi-sotdi»ga qo‘yaverish ham insofdan emas! «Do‘stlik», «baynalmilalchilik» degan so‘z bilan ko‘proq savdo-sotiq qiladigan odamlarga shubha bilan qarash kerak.

«Do‘stlik» degan so‘zning asl ma’nosini, tub ildizini yana bir ta’kidlashni istardim. Agar xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni avval izohlab berish kerak bo‘lsa, yoki ikki kishi o‘rtasidagi do‘stlikni ta’riflash zarur bo‘lsa, ular o‘rtasida osmonu-ercha farq bor. Xalqlar, millatlar orasidagi do‘stlik teng bo‘lishi uchun unga hech kimning shubhasi uyg‘onmasligi va bu yerda birov olayotgan foyda bilan ikkinchi birov olayotgan foyda o‘rtasida farq bo‘lmasligi kerak. Xo‘sh, keyingi paytlarda nima bo‘ldi. Bir guruh generallar «O‘zbekistonga adolat olib keldik» deb yeng shimarib ishga tushib, har bir o‘zbekda salkam poraxo‘r, sotqinni ko‘rib ish boshlashdi. Oqibat mana ularning yordamida «o‘zbeklar ishi» degan safsata paydo bo‘ldi.

Adolat qayerdan keladi? Agar bor bo‘lsa olib kelishadi-da uni! Har kim o‘zi molini o‘zining joyida erkin sotsa, poraxo‘rlik paydo bo‘ladimi? Hech qachon! Agar molini erkin sotishga qo‘yilmasa, bahoni bitta tomon belgilasa, shu joyda poraxo‘rlik va shunga o‘xshash bema’vi illatlar paydo bo‘ladi. Yuqoridagi «o‘zbek ishi» degan haqorat do‘stlikka xizmat qildimi? Yo‘q. Xalqimizning ko‘pchilik qismida norozilik kayfiyatlari paydo bo‘ldi. Hatto tuzumimizga va uning tub asosiga ham shubha uyg‘ondi. Bugungi kunda oddiy odamlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri «Nima uchun O‘zbekistondan u yoqqa qora mehnat qiluvchilar ketadi-yu, u yoqdan esa bizga rahbarlar kelar ekan? Bu ham do‘stlikka xizmat qiladimi?» deb e’tiroz bildirishyapti.

Shuningdek, yetmish yil davomida nima sabablarga ko‘ra, o‘zbek ishchilar sinfi yetishib chiqmadi, bunga tegishli institutlar allaqachon siyosiy bahoni berishlari zarur edi.

Biz beto‘xtov chiqib turgan qarorlar bilan emas, aksincha sobit qonunlar asosida yashashimiz kerak. Menimcha, o‘zbek xalqining yuridik ongi, aqli bunga yetadi. Huquqning eng oliy sir-asrorlari qadimdan bizda yaratilgan. Har kim jamiyatda o‘zini-o‘zi himoya qilishi kerak. Bir odam o‘zini o‘zi himoya qilolmagan jamiyatda xalq o‘zini himoya qila oladimi. Yo‘q!

— «Kelajak bugundan boshlanadi» degan chiroyli iboramiz ham bor. Bugun bu bizga juda erish tuyulayapti. Bir xavotir deyinmi yo noxush bir bezovtalik deyinmi, hammamizni o‘yga toldiryapti.

Nahotki, yangi kelayotgan avlodlarimizga o‘lib borayotgan Orolni, kimyoviy zaharlarga to‘yib ado bo‘layotgan tuproqni, sizu biz nomini sanab ulgurolmayotgan bedavo xastaliklarni qo‘shqo‘llab topshirsak?

— Kelajak bugundan boshlanadi, degan ibora bugun erish tuyulish u yoqda tursin, bu umuman noto‘g‘ri. Biz tarixni davrga, bosqinchilarga bo‘laverib, bu fanni bichiqchilik, yamoqchilik rastasiga aylantirdik. Kelajak bugundan boshlanmaydi. Kelajak allaqachon kechadan boshlanib bo‘lgan. Vaqt shunday kategoriyaki, uni hisoblasang bor, hisoblamasang yo‘q. Vaqt sanay boshlagan yeringdan boshlanib ketadi. Biz yer sharida kichkinagina shaharda million odam yashab o‘tib ketayapmiz, tashqaridan turib hisoblayotgan birov bormi uni? Uning hisobi bizga qiziqmi yoki qiziqmasmi? Shuning uchun xalq o‘zining tarixini o‘zi yozishi kerak, o‘zining hisob-kitobi bo‘lishi kerak. Aksi bo‘lsa, avlodlar o‘rtasida bo‘linishlar boshlanadi. Yo‘l qo‘yilgan xatolarni o‘nglash uchun qancha vaqt ketsa, yana takrorlamaslik uchun ham ancha vaqt kerak. Birgina «xutorlarni tugatish haqida» yuqoridan qabul qilingan qaror xalqimizning boshiga son-sanoqsiz qiyinchiliklarni soldi. «Xalq o‘zining taqdirini o‘zi belgilashi kerak», degan gap kulgili bo‘lib qoldi.

Avvalroq, «Gaplashadigan vaqt»larda Xorazmni qutqarsa, faqat qo‘shiq qutqaradi, deganman. O‘sha paytda nima uchun bu gapni aytganimni eslay olmayman. Alamdan aytilgan gap edi bu. Ya’ni saksoninchi yillarning boshida ham Orol bilan hech kim shug‘ullanmayotgandi, bolalarning mehnati bilan hech kim qiziqmayotgandi. Engelsning iborasicha, agar jamiyatning kuni bolalar mehnatiga qolgan bo‘lsa, bu jamiyatda kattalarning ahvoli battar fojialidir. Kasalliklar, yerning, suvning holati, qum, tuz bo‘ronlarining boshlanganligi, zaxlar-fojialar, Amudaryodan qayiqda o‘tayotib, hovuchimda suv olib ichmoqchi bo‘ldim, icholmadim, sho‘r. Agar yozuvchi bir narsaga e’tiborini qaratdimi, mutasaddi kishilar ham «E bunaqa ekan-ku» deb fikrlashlari kerak. Baravariga man qilish yo‘li endi o‘tdi, bunaqada ishlab bo‘lmaydi. Har bir xalq o‘z yerida baxtli bo‘lishi kerak.

Millatchilik masalasi ham xuddi shu yerda. Millatchilik bizning xalqimizga xos odat emas. Umuman «millatchilik» degan so‘z qanday sharoitda va qachon paydo bo‘ladi? «Millatchi» degan so‘z kimga kerak? Demak, millatchilik faqat shovinizm bor joyda, ma’lum boshqa kuchlar ta’sirida paydo bo‘ladi. O‘zbek xalqi urushqoq xalq emas, birovning yeriga umidvor ham emas. O‘zining mehnati bilan kun ko‘rib kelgan. Shuning uchun ham zug‘umlarga ma’lum payt chi daydi. Lekin mening fikrim shundayki, har bir xalq o‘z taraqqiyotida kurash maydonlaridan o‘tadi. Shuning uchun darrov unga chegara qo‘ymay, tushunishga talabalarini tinglashga, o‘rganishimiz kerak. Xalqning talablarini qondirish uchun, hatto noroziligini bosish uchun ham uni eshitish, sal oldinroq quloqdan paxtani olib, tashlash kerak bo‘ladi.

— Ayni shu kunlarda Boltiqbo‘yi respublikalarida sodir bo‘layotgan jiddiy o‘zgarishlarga qanday munosabat bildirasiz!

— Boltiqbo‘yi respublikalarining taraqqiyoti, umumiy, madaniy darajasi bizlarga nisbatan ancha ilgarilab ketganini tan olmasdan ilojimiz yo‘q. Ular o‘z taraqqiyotida kapitalistik bosqichni bir qadar bosib o‘tganlar. Endi ma’lum bo‘ldiki, o‘z tarixida jamiyat kerakli bosqichni o‘tnshi kerak ekan.

Ma’lum bir bosqichni chetlab o‘tib sotsializm qurish, Afg‘oniston va bizning mamlakatimiz uchun qanchalik qimmatga tushganini ko‘rdik-ku!

«Chirib borayotgan kapitalizm» deb zaharxanda ulishni bilamizu, lekin ko‘zimiz ularning «Montana»si yoki «Adidas»ida. Nega shunday? Aslini olganda kapitalizm o‘zining afzalligini dunyoga ko‘z-ko‘z qilib bo‘ldi. Har qanday tuzumning afzalligi ana shu mamlakat xalqining yashash darajasi bilan belgilanadi. Agar shiorlar bilan belgilansa, biz allaqachon porloq kommunizmning yilida yashayotgan bo‘lur edik. Tuz, gugurt, transport tekin bo‘lishi kerak edi. Modomiki, bizning bolalarimiz maktab bufetidan bir piyola sut olib icholmaydi. Den Syao-Pen Xitoyni katta taraqqiyot yo‘liga olib chiqqan odam. Uning shunday gapi bor: «Xitoylik onaga, ayolga har kuni ertalab bir piyola sut kerak. Bu sut arzon, sifatli va muttasil berilishi kerak. O‘sha sutni kooperativ yetkazib beradimi, kolxozmi yoki kapitalizmmi, sotsializmmi, ona uchun ne farqi bor…» Biz ham shu yo‘ldan borishimiz shart…

— Mana O‘zbekiston SSRning Tillar to‘g‘risidagi qonun loyihasi xalqimiz tomonidan qattiq norozilikka duchor bo‘ldi. Shuning uchun muhokama muddati yana oktyabr oyigacha uzaytirildi. Chunki, biz orziqib kutgan natija chiqmadi. Nega endi shu tuproqda yashab, shu yurtda tug‘ilib o‘z ona tilimizni oylab, hatto yillab muhokama qilishimiz kerak. Shu ham insofdanmi? Axir, yer yuzida O‘zbekiston va o‘zbek tili yagona-ku?

— Nima uchun Oktyabr revolyutsiyasidan 70 yil o‘tgandan keyin biz «qaysi tilda gaplashishimiz kerak»? degan og‘ir savolga duch keldik? Axir inqilob har bir xalqni, uning urf-odatlarini, madaniyatini, tilini rivojlantirish uchun qilinmaganmidi? Mantiq — revolyutsiyaning o‘ziyoq har bir tilni davlat tili qildi degan gap emasmidi? Nega biz bugunga kelib «ikkitillilik», «ko‘ptillilik» deb yotibmiz. «Ikkitillilik» degan gapni kim chiqaryapti? Ijtimoiy taraqqiyot uchun, xalq uchun o‘zining taraqqiyot bosqichida qaysi til kerak bo‘lsa, o‘shani olaveradi. Har kimning erki o‘z qo‘lida. O‘zbek tili bo‘lishi kerak va jumhuriyatimizda yashayotgan boshqa millatlar uchun o‘zbek tili vosita bo‘lishi shart. Rus tili esa boshqa respublikalar o‘rtasidagi munosabatimizda bizga albatta ob’ektiv tarzda kerak bo‘ladi. O‘zbekistonda o‘z hohishi bilan yashayotgan boshqa millat kishilari marhamat qilib, o‘zbek tilini o‘rgansinlar. Buni qonunga kiritish kerak. Men agar Buryatiyada yashasam, albatta buryat tilini ham bilishim kerak-ku. Shu xalqqa hurmat yuzasidan ham, uning tilini o‘rganish shart. Shu tuproqda yashayapsanmi, nonini yeyapsanmi tilini o‘rgan. O‘zini hurmat qil!

Tillar to‘g‘risidagi qonun loyihasini o‘qib, hayratdan yoqa ushlab qoldik. Modomiki, bu nufuzli komissiya ichiga yozuvchilarimizdan ham kirgan edilar-da. Nega ular til masalasi bunday ahvolda bo‘layotganini jamoatchilikka oldinroq aytmaydilar? Ular nega bizning hukmimizga abgor qilingan, xalqimiz, tilimizni kamsituvchi loyihani taqdim etishdi?

Menimcha, kuzgi ommaviy tashvishlardan keyin biz respublikada o‘zbek tili bayramini o‘tkazishimiz kerak. Xalqimiz qayta tiklagan «Navro‘z»ni qanday nishonlagan bo‘lsa, til bayramini ham xuddi shu tarzda o‘tkazishi kerak.

Bu xalqimiz kayfiyatini yana bir pog‘ona yuksaklikka ko‘tarishga xizmat qiladi.

— Yaqinda xalqimiz sevgan ijodkorlardan bir guruhi Hamza nomidagi jumhuriyat Davlat mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatildi. Ana shular orasida Sizning «Gaplashadigan vaqtlar» she’riy qissangiz ham bor. Bu asaringiz haqida haliyam ko‘p gaplar, mulohazalar bildirilyapti…

— Shu munosabat bilan yagona qoniqishni izhor qilishim mumkin. Men 80—81 yillarda ko‘targan Orol, til, ekologiya, meros, e’tiqod, bolalar mehnati masalalari bugungi umumxalq muhokamasiga chiqdi.

Mukofotga kelsak, bu mening uchinchi bor qo‘yilishim… Qo‘mitaning hukmi qanday bo‘ladi, qolaversa, jamoatchilik bu mukofotga kimni loyiq ko‘radi, bu ularning ishi. Bu borada ulug‘ hofizimiz Sherali Jo‘rayev qo‘shiq qilib aytgan bir she’rimning ilk baytini keltirish bilan kifoyalansam, menimcha to‘g‘ri bo‘lar:

Dilimning rangini gul bilsa bo‘ldi,
Mening kimligimni el bilsa bo‘ldi…

— Endi adabiyot haqida ham ikki og‘iz…

— Bizning adabiyotimiz tarix bilan chambarchas bog‘lanib ketgan. Proza xalqimizning tarixini yozsa, poeziya esa uning qo‘shig‘idir. Hozir bizning she’riyatimizda ham, prozamizda ham juda katta bir to‘lqin mavjlanib turibdi. Qilinadigan ishlar oldinda, Farg‘ona voqealari ham o‘z badiiy in’ikosini topishi kerak deb o‘ylayman. Adabiyot bizning haqiqiy, o‘z tariximizning yozilishiga ko‘maklashsa qaniydi? Bolalarimiz uchun haqiqiy alifbo, maktab va bog‘chalarimnz uchun yagona kitoblar yozilishi kerak. Tarixga, dunyoviy san’atga, nafis madaniyatga bo‘lgan munosabatimiz ham yaxlit bo‘lishi, yozilgan narsalar odamlar o‘qishi uchun doimo ochib qo‘yilishi kerak. O‘tmishda yozilgan narsalarni man qilish, bu eng yomon gunoh.

Hamma muqaddas kitoblar o‘qilib, barcha o‘tgan mashhur shaxslarga har avlod o‘z munosabatini bildirishi shart. Temur haqidayam, Muqanna haqidayam, Ja-loliddin Manguberdi va boshqalar to‘g‘risidayam to‘liq haqiqatni hamma bilishi kerak. Temuriylar xonadonida ko‘plab nomdor, oqil va lobar ayollar o‘tgan. Biz hali ular oldida qarzdormiz. Yurtning komil shajarasi yaratilishi kerak.

— Akmal Ikromov, Fayzulla Xujayev, Usmon Yusupov, Sharof Rashidov haqida ham boricha yozish kerak deysiz-da…

— Ha, faqat shaxslarning hayoti doim qarama-qarshiliklarga boy bo‘ladi. Sharof Rashidov kim edi? Ayyor podshomi yo samarasiz davlatdan samar izlagan boshliqmidi? Nega ikki daryo oralig‘iga o‘tib jon taslim etdi?…

Men yaqinda tugatgan «Nega men?!» nomli yangi dostonimning bir bobida shu masalaga ham ozroq to‘xtaldim. Bu doston 1990 yil «Yosh gvardiya» nashriyotida chop etilayotgan «O‘rtamizda bir olma» to‘plamiga kiritilgan. Bu asardan bir kichik parcha keltirsam nima deysiz?

— Bajonidil.

— Dunyoga sinchiklab tutilgan ko‘zlar,
Mudhish bir holatni payqashga tushdi.
Qay tomonga boqsang bari yo‘lsizlar
Tolelar ayqashu uyqashga tushdi.
 
Etmish yil el yashab Qur’on, Tavrotsiz
Erlar nochor qoldi, ayol avratsiz.
Zamon duradgori asbob, yaroqsiz,
Ilma teshik tomni yalashga tushdi.
 
Qor qora yog‘moqda, yomg‘ir za’faron,
Daryolar o‘rnida oqmoqda armon.
Har podshoh o‘zicha chiqarib farmon,
Qolganlar bir-birin bulg‘ashga tushdi.
 
Har yerda hokim haq, arboblar g‘olib,
Qonun shularniki, shularda qolip
Eng katta aybdor bir yoqda qolib,
Gadoni boshqalar o‘tashga tushdi.
 
Hayronman sen o‘zbek degan millatga,
Eringni to‘ldirding maraz illatga,
Ne javob aylaysan bunday kulfatga,
Qara, poydevoring nurashga tushdi.
 
Na shomda ishing bor, na tongda yoding,
Aroq, uyqu bo‘ldi bor e’tiqoding,
Jahon sahnasidan o‘chmoqda oting,
Nomingdan boshqalar so‘zlashga tushdi.
 
Ko‘kda yo‘q Ulug‘bek ochgan yulduzlar,
Ko‘hna Urganchingni yemoqda tuzlar,
Er osti boyliging begona ko‘zlar,
Ko‘zlab, kavlab, tashib gizlashga tushdi.
 
Nechun qoralaysan sen o‘z o‘tmishing,
Amir ham o‘z kishing, xon ham o‘z kishing,
Ko‘rarmanmi sening unib-o‘sishing,
Nechun parvonalar otashga tushdi.
 
Boyqarong qotilmish, Temuring xunxo‘r,
Manguberding zobit, xor, manglayi sho‘r,
Ne xarob millatsan, bormi biron zo‘r,
Ustunlar tiklanmay qulashga tushdi.
 
Jannat O‘zbekiston, jannating qani,
Shuncha mehnat qilding, rohating qani,
Sig‘ingan, suyangan davlating qani,
Har daydi it seni kavlashga tushdi.
 
O‘zing bo‘lsang eding o‘zingga qozi,
Har og‘ir-engilga bo‘larding rozi,
Etti yotlar qo‘yib nosoz tarozi,
Oqu qorangni kam o‘lchashga tushdi.
 
Bilganing, ko‘rganing paxta bo‘libdir,
Aqling, tafakkuring kalta bo‘libdir,
Yuz sariq, jigaring so‘xta bo‘libdir,
Nasling shajarasi butrashga tushdi.
 
O‘zin, elin, tilin naqd sotgan kim u,
Bir tanda uch sotqin yashagani shu,
Buni sharaf bilib nechalar, yohu,
Davrondan mukofot tilashga tushdi.
 
Keldi Maxtumquli aytgan bir zamon,
Unutdi «Yaxshilik» so‘zini yomon.
Obro‘ talashmoqda qurt bilan ilon,
Fillar pashsha bilan savashga tushdi.
 
Inson bir tug‘ilar, qayta tug‘ilmas,
Azal bunyodkori qayta urinmas,
Asli rost narsalar qayta qurilmas,
Axir, suv boshqayu, o‘t boshqa tushdi.
 
Umidsiz shayton deb takrorlab oyat,
Yolg‘iz umid bilan yashash jinoyat.
Chunki Yolg‘on yana to‘qib rivoyat,
O‘zini yangilash, bo‘yashga tushdi.
 
Shuncha saboq yetar! O‘zingga ishon!
O‘z aqling, xulosang, ko‘zingga ishon!
So‘nggi bor o‘z o‘g‘il-qizingga ishon!
Bugun shular seni o‘ylashga tushdi!

— Yoshlarimizga qanday tilaklaringiz bor? Kattalar bizlarni ortiqcha hissiyotlarga, har xil gap-so‘zlarga berilib ketayotganlikda ayblashayotgani to‘g‘rimi? Norasmiy uyushmalarga bo‘lgan munosabatingiz qanday?

— Yoshlarga munosabat xalqning o‘z kelajagiga munosabatidir. Yoshlar hali juda sustkashlik qilayaptilar deb hisoblayman. Hali dunyoviy bilimga, ma’naviy taraqqiyotga bo‘lgan intilish ancha past. Vaqt ketayapti, shoshiling! Ilm olish uchun Germaniyaga, Amerikaga borib o‘qing, Bobongiz Al-Xorazmiy kibernetika asosini kashf etganini bilasiz, ammo o‘zingiz maktabda oddiy kompyuterga ham ega emassiz. Bugun oshkoralik sizning kelajagingizni belgilayapti. Birinchi navbatda, siz dadil gaplarni ayting. Siz bugun o‘z kelajagingiz haqida qayg‘uring, boshqalardan madad kutish turg‘unlik yillarida qanday meva berganligini ko‘rdingiz.

Har bir masala haqida o‘z fikringiz bo‘lsin! Xalqingizga juda kerak ekanligingizni doim sezib turing. Past ishlarga qo‘l urmang, toki odamlar sizga past nazar bilan qarashmasin! Biz kattalar esa bog‘chadan boshlaboq samarasiz, keraksiz mehnatni yo‘qotishimiz kerak. Bola qog‘ozga gul yopishtirsa ham bir maqsad bilan qilsin, deylik: «Buvimga sovg‘a!»

Hozirgi tuzilayotgan gruppalarni «Norasmiy» demay, jamoat tashkilotlari deyish to‘g‘riroqmikan? Bunday tashkilotlar endi ob’ektiv sharoit taqozosi bilan ko‘plab tug‘iladi. Gap — bularga aql va zakovat, keng yurak bilan qarashimizda. Dunyo ayrim shaxsning istagi bilan yaralgan emas, jamiyat ichidan yangragan ovozlarga, jips harakatga javob berish — demokratik printsitsli tuzumning bosh hislatlaridan biridir. Shuning uchun bu tashkilot vakillari bilan «o‘ta ehtiyotkor» bo‘lib emas, balki ochiqchasiga gaplashish kerak.

Yoshlarning konstitutsion huquqlari masalasi ham ko‘tarilsin. Markaziy Komitet, Oliy Sovet va Ministrlar Soveti huzurida yoshlarning tashabbuskor gruppalarini tuzish kerak deb o‘ylayman. Ular o‘z saflaridan yo‘lboshchilar saylab, davlat ishlarida, qayta qurishga yaqindan yordam bersalar buning nimasi yomon?! Axir maqsadlar mushtarak bo‘lsa, borayotgan yo‘limiz bitta bo‘lsa…

Suhbatni Norqobil Jalilov yozib oldi.

“Yosh leninchi” gazetasi, 1989 yil 13 sentyabr