Nurulloh Muhammad Raufxon. Adabiyot axloqi — mezon (2015)

“Sharq yulduzi” jurnali: — Badiiy asar tarbiya vositasimi? Yaxshi kitob ezgulikka, yomoni yovuzlikka yetaklashiga ishonasizmi?

Nurulloh Muhammad Raufxon: — Ha, badiiy asar tarbiyachidir. Tarbiya vositalaridan biri emas, aynan tarbiyachidir; tarbiyachilardan biridir.

Umuman olganda, tarbiyachi bo‘lmagan nima bor bu dunyoda?! Yaratganning tarbiyachiligini qo‘ya turaylik, Undan boshqa (ammo U yaratgan) barcha narsa va hodisa ham insonning tarbiyasi bilan vazifalangan. Bola dunyoga keldi. Ilk onidan boshlaboq u boshqalarning parvarishiga yo‘liqadi. Ota-ona, oila, ko‘cha, mahalla, bog‘cha, maktab, jamiyat, davlat va hokazo tuzilmalar uning tarbiyasi bilan shug‘ullana boshlaydi. Qolganlarining tarbiya usullari tushunarli, keyingilardan jamiyat diniy yo‘l-yo‘riqlar asosida o‘zaro qabul qilingan odob-axloq me’yorlari va o‘rnak bilan, davlat esa qonunlar bilan tarbiyalashga kirishadi. Hatto davlat qonunlari tarbiyachi bo‘lganidan keyin badiiy asar (adabiyot) tarbiyachi bo‘lmasinmi?!

Lekin, ajabki, keyingi zamonlarda adabiyotning tarbiyachilik sifati eslatilsa, ayrimlarning g‘ashi keladigan bo‘lib qoldi. Badiiy asarga tarbiyaviy nuqtai nazardan baho bera boshlansa yoki birgina “tarbiya” so‘zining o‘zi aytilsayoq yuzi burishadigan toifa paydo bo‘ldi. Nimaga? Uncha tushunmayman. Tagiga yetolmayman. Axir, tarbiya eng yaxshi narsa-ku, deyman. Bu yerda bir nozik nuqta bor: jamiyatda tarbiyaning o‘rni ancha pasaygandek. Ilgarilari odamlar bir-biri huzuriga nasihat istab borardi. Hech bo‘lmasa, bolasini yetaklab kelib: “Nasihat qilib qo‘ying!” deb iltimos qilardi. Endi-chi? Birovni salgina tartibga chaqirsangiz, “Nasihatingni bolangga qil!” deb bobillab beryapti. Biron yosh-yalangga yengilgina tanbeh bersangiz, boshingizga ota-onasi chopqillab keladi,“Oldin o‘zingning bolangni tarbiya qilib ol!” deb g‘avg‘o ko‘taradi. Jamiyatdagi mana shu kayfiyat tarbiyachilarning old safida turishi kerak bo‘lgan adiblarimizga ham yuqdi, shekilli. Boshqacha aytganda, ko‘plar tarbiyalanishni xushlamaydigan etib “tarbiyalanib” qoldi. Ko‘rdingizmi, bunday natija ham tarbiya mevasi ekan! Faqat, u teskari tarbiya mevasidir.

Holbuki, tevaragimizda tarbiyachi bo‘lmagan narsa yo hodisaning o‘zi yo‘q, xuddi shuningdek, tarbiyadan tashqarida ham hech qanday narsa yo hodisa yo‘q. O‘ng yo ters tarbiya bor, xolos. Qay biri o‘ng, qay biri ters tarbiya, insoniyatga qay biri foydali, qay biri zararli ekanini Buyuk Tarbiyachining O‘zi ayirib bergan, aniq o‘lchovni U ko‘rsatgan. Odamning o‘ziga qolsa, to‘g‘ri o‘lchovni aslo belgilay olmasdi. Kimdir o‘zicha nimanidir o‘lchov deb belgilamoqchi bo‘lsa, boshqasi darrov unga qarshi chiqib, o‘zinikini so‘qardi. Ya’ni odamning o‘ziga tashlab qo‘yilsa, tarbiya bir onda izdan chiqib ketadi.

Ikkinchi nozik nuqta: “tarbiya” deyilsa, ayrimlarning xayoliga darrov nasihat keladi. Ijirg‘anadi. Ko‘pincha, o‘zining qing‘ir hayotiga ko‘nikib qolgan, uni to‘g‘ri deb o‘ylaydigan va undan ajralgisi kelmaydiganlar nasihatni yoqtirmaydi. “Yana nasihatmi?!” deydi. Holbuki, tarbiya faqat nasihatdan iborat emas va nasihat tarbiyaning o‘zi emas. Nasihat tarbiya vositalaridan bittasidir, xolos. Adabiyotni tarbiyachi derkanmiz, faqat nasihat qilib o‘tiradi, degani emas. Adabiyotning usullari, vositalari ko‘p. To‘g‘ridan-to‘g‘ri, ochiq nasihat qilishi ham mumkin ‒ buni pand-nasihat adabiyoti deyishadi, bildirmay nasihat qilishi ham mumkin. “Qobusnoma” ochiq nasihat, bu ham buyuk asar! “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun” yashirin nasihat ‒ bular ham buyuk asarlar! Yoki “O‘tkan kunlar”ni oling. Bildirmasdan millatni milliy ruhda shunaqa tarbiyalab qo‘yadi, o‘rnini ko‘p ochiq nasihatlar bosa olmaydi.

Shu ma’noda, ha, adabiyotning tarbiyachi ekaniga ham, yaxshisi o‘quvchi yuragiga ezgulik, yomoni yovuzlik urug‘ini ekishiga ishonaman. Adabiyotni yaratadigan shaxslar ham oddiy odamlardir, ular ham oilada, jamiyatda, tuzumlarda har xil tarbiya ko‘rishgan, bu holat yozgan asarlari ruhiga ko‘chmasligi mumkin emas. Ijodkor shaxsning tarbiya darajasi asarida ko‘rinadi. Hazrat Navoiy iborasi bilan aytganda, u tuzuk bo‘lsa ‒ bu tuzuk, u buzuq bo‘lsa ‒ bu ham buzuq.

Misolni ko‘pchilik suyadigan ikkita multfilmdan olamiz. Birinchisi, “Nu, pogodi!” multfilmi. Uni sovet davrida ko‘rmagan kishi qolmadi. Butun bir avlod tanglayi shu multfilm bilan ko‘tarildi, bo‘ri bilan quyonning quvlashmachoq sahnalari bilan ko‘zi ochildi. Bir qaraganda, quyonning topqirliklari, bo‘rining landavur-lapashangligi g‘arazsiz kulgi bo‘lib ko‘rinadi, ammo masalaga to‘g‘ri yo teskari, foydali yo zararli tarbiya nuqtai nazaridan boqilsa, mohiyatan unchalik g‘arazsiz emasligi oydinlashadi. U kulgili voqealar murg‘ak yuraklarda qanaqa tuyg‘ularni shakllantiradi? Quyonning nayranglaridan shavqlanib, bo‘rining har gal yutqiziqlaridan zavqlanib o‘sgan bolakay kelgusida qanaqa inson bo‘lib yetishadi? Ayniqsa, musulmon bolasi?! Ayniqsa, turkiy xalqlar?! Bilasizlar, bo‘ri turkiy xalqlar tushunchasida (demak, adabiyotida ham) qadimdan mardlik timsoli bo‘lib kelgan. Hatto ayrim bosqichlarda ayrim turkiy qavmlar bo‘ri timsolini o‘zlariga totem qilib olishgan. Hozirgacha shu fikrda toifalar, olimlar, falsafalar yashab kelyapti. Masalaning mafkuraviy tomoniga bu yerda baho bermaymiz, faqat tarbiyaviy tomoniga qarasak, “Nu, pogodi!”dagi bo‘ri bilan quyon mojarolari bizni qaysi ruhda tarbiyalaydi? Mardlik, to‘g‘rilik, kuch-qudrat timsoli bo‘lgan bo‘rini bitta quyoncha nuqul chuv tushirib yursa!..Tinimsiz oyoqdan chalish, chuv tushirish, boplab ketishlardan zavqlangan va bu tuban ishlarni ijobiy xislat deb qabul qilib olgan yosh yurak katta bo‘lganida nima qiladi?!.

Yoki “Tom va Jerri” (“Sichqon va mushuk”) multfilmini oling. Kapitalizm zamoni bolalarining eng sevimli “tarbiyachisi” shu va shunga o‘xshash multfilmlar bo‘lib qoldi. Biz ota-onalar bolalarimiz tarbiyasini “Tom va Jerri”ga va shu kabi “tarbiyachi”lar makoniga aylanib qolgan televideniyega ishonib topshirib qo‘yganmiz! Bolalar aldangan mushukni ko‘rib holiga kulishadi, ming xil usul bilan uni laqillatib ketadigan sichqonning ishlariga qoyil qolishadi. Bu nima degani? Laqillatib yashash bolalarga xush kelyapti deganidir! Mardlik, olijanoblik emas, laqillatish, aldash, bu yo‘lda hech qanday usul va yo‘ldan toymaslik bolalar ongiga ijobiy xislat bo‘lib singayapti. Aslida, murg‘ak yurakka tomchilab-tomchilab zahar singayapti. Tarbiyasiz, aldash hisobiga boyishni ayb sanamaydigan qaysidir mamlakatlarda bolasini ham balki shunaqa mult­filmlar bilan “tarbiyalab” borib o‘zlariga munosib avlod yetishtirishar, ammo aldashni odobsizlik deb biladigan bizning xalq uchun bunaqa “kapitalistik” multfilmlar faqat xavfli va razil tarbiyachidir. Bizga o‘zimizning “Zumrad va Qimmat” ertagimiz va multfilmimiz yoqadi.

— Eng katta adabiyot yuragimizda yashaydi. Demak, adabiyot har birimizning, hammamizning ichimizda. Lekin adabiyotga “yaqin” bo‘lganimiz holda nega dunyoda zulm bor? Nega bugun insoniyat yangi yo‘l qidirmoqda? “Yo‘lini yo‘qotgan dunyo”da adabiyotning o‘rni va roli bormi? Nega u, ya’ni adabiyot dunyoning yo‘lini yo‘qotishiga jim qarab tur(a)di? Endi-chi, adabiyot dunyoning ravishiga ta’sir etib, uning yangi, munosib yo‘l topishiga ilhomlantiruvchi kuch bo‘la oladimi-yo‘qmi?..

— Savol men uchun anchayin tushunarsiz. Nima deyilmoqchi ekanini ilg‘ab turgan bo‘lsam ham, menda arzirli mulohaza tug‘ilmadi. Masalan, men “Eng katta adabiyot yuragimizda yashaydi”, degan jumlaning ma’nosini anglab yetolmadim. Men bunaqa deb hisoblamayman ham. Yoki, deylik, dunyoda zulm bor-yo‘qligiga adabiyotga “yaqin” yo uzoqligimizning nima aloqasi bor? Qo‘pol tuyulsa ham, ixtiyorsiz ravishda esimga kelib qoldi: Adolf Hitler yaxshigina rasm chizuvchi edi, badiiy asarlarni ham sevib o‘qirdi. Ayniqsa, Fyodor Dostoyevskiyning “Jinoyat va jazo” romani doim uning stoli ustida turgan. Adabiyotga yaqin tugul, sevardi hisob, ammo bu adabiyot sevgisi uni zulmdan asrab qoldimi? Dunyoning boshiga nimalar solmadi “adabiyotga yaqin” bu odam! Demak, bu yerda boshqa narsa bor. U boshqa narsa juda katta mavzudir.

“Inson yangi yo‘l qidirmoqda. Nega?” degan savolga ham, “Yo‘lini yo‘qotgan dunyo” haqidagi mulohazalarga ham bir necha tomondan yondashilsa, o‘shanga qarab turlicha fikr bildirsa bo‘ladi. Masalan, bir boqimdan: inson hech qanaqa yo‘l qidirmayapti, yaralganidan beri tushib olgan eski yo‘llarida ‒ ayrimlari to‘g‘ri yo‘lda ketyapti, ayrimlari adashib-uloqib yuribdi, desa ham bo‘ladi yoki, ikkinchi boqimdan: albatta, har bir inson o‘zligini anglashga harakat qilganidek, har bir davr ham o‘zligini anglashga tirishadi va bu izlanish zamon o‘zgarishiga qarab turli-tuman yo‘llardan o‘tishiga to‘g‘ri keladi, desa ham bo‘ladi. Uchinchi xil boqimdan uchinchi fikr tug‘iladi. Shu qirradan qaralsa, mening fikrimcha, dunyo yo‘lini yo‘qotmagan, belgilangan yo‘lida belgilangan ravishda belgilangan vaqtda sobit ilgarilayapti. Adabiyot ham “dunyoning yo‘lini yo‘qotishiga jim qarab turgani” yo‘q: belgilangan izdan chiqqan adabiyot, o‘zi bilib yo bilmay, dunyoning yo‘l yo‘qotishiga “hissa” qo‘shyapti, to‘g‘ri yo‘ldagi adabiyot esa dunyo yo‘lini yo‘qotmasin, deb qayg‘urib yotibdi.

— Bitta asar jamiyatga ikki xil ta’sir ko‘rsatadimi? Nima uchun?..

— Istaymizmi-istamaymizmi, buyuk bir hikmatga ko‘ra, odam har xil qilib yaratilgan. Shaklda ham, mazmunda ham. Kuchda ham, qobiliyatda ham.Ilmda ham, farosatda ham. Berishda ham, olishda ham. Bir fandan o‘ttiz o‘qituvchi o‘ttiz xil darajada dars berganidek, bir o‘qituvchining bitta darsini o‘ttiz talaba o‘ttiz xil darajada qabul qiladi. Bir gulni kimdir payqamay o‘tib ketadi, kimdir undan ko‘zini uzolmay qoladi. Bilmaydigan odam yerda yotgan tillani mis deb o‘ylab tepib o‘tishi mumkin, biladigan kishi olib, xaltasiga soladi. Dunyo shu har xilligi bilan go‘zal! Bunday bir sharoitda xos va omma didi bo‘lishi tabiiy. “Ko‘zi yoshlularning holin na bilsun mardumi g‘ofil, Kavokib sayrini shab to sahar bedor o‘landan so‘r”, derkan, Fuzuliy ilohiy ishq gashtini xoslargina ang­lab yetishlariga urg‘u beradi. Mashrab machit minorasidan yozilgan bo‘lsa, omma “Machit hovlisini bulg‘adi, kofir bo‘ldi”, deydi, xoslar esa, Mashrab o‘zining shaxsini ulug‘lab yuborganlarni o‘zidan bezdirish va ularning muhabbatlarini Yaratganga va dinga to‘g‘ri yo‘naltirish maqsadida: “Men bir gunohkor bandaman, sizlar har qanday aybu nuqsondan xoli Zotga bog‘laninglar”, demoqchi bo‘ldi, deyishadi.

Ammo xosning didi, farosati g‘ururlanishga asos bo‘lmaganidek, ommaning soddaligi ham ularni kamsitishga asos bo‘lmaydi. Ular shunday yaratilgan! Demak, shunday bo‘lishi kerak! Har biri o‘z holicha go‘zal! Ibrohim Haqqiy demoqchi: “Mavlo, go‘ralim, naylar, Naylarsa, go‘zal aylar!” Bizdan lozimi, borini o‘z holicha qabul qilish. Ijodkor agar kuchli bo‘lsa, bir paytning o‘zida ikkala toifaning ehtiyojini ham birday qondiradigan asarlar yozadi. Boshqacha aytganda, asar mahorat bilan yozilsa, har kim o‘z imkoniyati va salohiyati darajasida o‘z nasibasini oladi. Masalan, Ahmad Yassaviy asarlari xosga ham, avomga ham birday ta’sir etadi ‒ ikkalasi ham oh-voh urgan, ikkalasining ham ko‘zida yosh. Holbuki, xos har bir so‘zning teran ildizlarini, ko‘zdan yashirin tomonlarini ko‘rib chidayolmay yig‘lab yuboradi, avom so‘zning yuza ma’nosini o‘qiboq yig‘layveradi! Chunki yuza ma’nosi ham go‘zaldir.

Endi savolning ikkinchi bo‘lagiga kelsak. Menimcha, hammaga “hamma narsa”ni taqdim etib bo‘lmaydi, deydiganlar ham to‘g‘ri aytadi, xitob umumga bo‘lganidan keyin hammaga hamma narsani aytsa bo‘laveradi, har kim o‘ziga keraklisini, o‘zining tog‘orasiga siqqanini olaveradi, deydiganlar ham to‘g‘ri aytadi. Oltin o‘rtaliqni faqat donishmandlargina biladi va bu ikki haqiqatni o‘z o‘rnida, o‘z vaqtida ular oqilona qo‘llay oladi. Ammo hayotda donishmand kam. Nima mumkin, nima mumkin emasligini har kim o‘z qarichi bilan o‘lchay boshlasa, tajribada sinaldi, axloqni asrash niyati to‘g‘ri so‘zni bo‘g‘ish tomoniga og‘ib ketishi ham bemalol mumkin. Shaxsan menga qo‘yib berilsa, men bugun televideniyemiz palapartish berayotgan kinolarning yetmish-sakson foizini xalqimizga taqdim etmagan bo‘lar edim. Menga qo‘yib berilsa, maktab darsliklarimizni past saviyali, tarbiyaviy tomondan bir tiyinga qimmat “asarlar”dan tozalab chiqardim.

Oilamizda kitob yuksak qadrlanar edi. Rahmatli Dadam ko‘p kitob o‘qirdilar. Ayrimlarini biz bolalarga ham tavsiya etsalar, ayrimlarini hozircha o‘qimagin derdilar. Shunga qaramay, kattalar o‘qiydigan kirilcha imlodagi kitoblardan bir-ikkitasini bolaligimdayoq o‘qiganman. Esimda, uyimizda sakkiz jildlik “Ming bir kecha” kitobi bo‘lardi. Yettinchi sinfdalik paytim o‘qiy boshlaganman. Bir gal Dadam ko‘rib qolib, “Buni katta bo‘lganingda o‘qiysan”, deb qo‘limdan olib qo‘yganlar. Lekin men uni yashirilgan joydan topib (sakkiz jon bittagina uyda yashaganmiz, shuncha ko‘p kitob qayerga ham yashirilardi) boshdan-oxir shimib o‘qib chiqqanman. Balki uni topib, baribir, o‘qiyotganimni rahmatli Dadam sezgandirlar, ammo keyin indamaganlar. Xo‘sh, o‘shanda men hammaga ham, har doim ham berib bo‘lmaydigan kitobni o‘qiganim, kattalar hayotiga xos ayrim ishlarni “bilib qolganim” to‘g‘ri bo‘lganmi, xato bo‘lganmi? Haligacha bunga aniq bir nima deya olmayman.

Yana bir qiziq holat: yoshim ulg‘ayib, adabiy suyagim picha qotib, bugun qattiq istasam ham ayrim asarlarni o‘qiy olmayman. Adabiy davralarda u asarlar maqtaladi, yozuvchilari dunyoga mashhur, ularni o‘qimaslik qoloqlik sanaladi, hech bo‘lmasa, zamondan orqada qolmaslik uchun ham ularni o‘qib chiqishim lozim. Ammo…

Masalan, bir sabab bo‘lib, Frants Kafkaning asarlarini o‘qiy olmay qolganman. U yer-bu yerda nomi chiqib, ayrimlar juda ko‘klarga ko‘tarib maqtayvergach, men ham bir o‘rischa tarjimasini topdim. Tabiiy, oldin kitob so‘zboshisini o‘qidim. Unda yozuvchi tarjimai holiga tegishli bir-ikki ma’lumot ham berilgan ekan. Frants Kafka bolaligida dasturxon tevaragida bir odobsizlik qilgani uchun otasidan kaltak yeganini va bir umr yuragida otasiga nisbatan alam va nafrat saqlaganini yozadi. Bitta shu kichkina voqea menga qattiq ta’sir qildi va… asarini o‘qimadim! O‘qiy olmadim! Arzimas dakki uchun otani bir umr yomon ko‘rib qolgan yurakdan nima foydali narsa chiqardi, degan mulohaza-tuyg‘u meni uning asarlaridan to‘sdi. Keyinchalik ham tashqi ta’sirlar tufayli uning asarlarini o‘qishga bir necha marta kirishdim va har gal qarshimda bir dakki uchun otasini yomon ko‘rib qolgan odam gavdalanaverdi. Keyin iqror bo‘ldim: mening ruhimga, tarbiyamga to‘g‘ri kelmasdi uning qilig‘i! Ha-da, nimaga men uni qadrlashim kerak?! Faqat dunyoda mashhur bo‘lgani, dunyo uni shov-shuv bilan qabul qilgani uchunmi?! Uni mashhur qilgan va boshiga ko‘targan dunyo mening ma’naviy ehtiyojimga, ruhiy talabimga javob bera olmasa, “dunyo”da necha karra mashhur bo‘lmaydimi, mening yuragimda u qadrini topmaydi.

Joysning “Uliss” romani ham o‘ta mashhur bo‘ldi. Asar boshqa dunyo kayfiyatining mahsuli, albatta, shuning uchun o‘sha dunyoda u juda qadrlandi. Lekin bizning o‘zbek adabiyotchilari ham uni ulug‘lay boshlashdi. Bu, balki shaxsiy kamchiligimdir, ammo men “Uliss”ni ham o‘qiy olmadim. Uch-to‘rt yil burun oxirgi Maskov nashrini atay sotib olib, yana “qattiq” kirishdim, lekin… baribir, tortmadi. Kimdir uni ich-ichiga kirib ketib o‘qir, bo‘lishi mumkin, ko‘plardan shu kabi gaplarni eshitdim, ayniqsa, yuragi va ruhi o‘sha asarlarga mos tarbiyalanib qolgan bo‘lsa, albatta berilib o‘qiydi va ta’sirlanadi. Ammo men yuz betdan nariga o‘ta olmadim. Chunki meni adabiy mahoratgina, yangicha uslublargina qiziqtirmasdi, meni birinchi galda asarning, adibning yuragi qiziqtirardi.

Holbuki, men juda unaqangi didsiz emasman, mening ham zavqlanadigan o‘z olamlarim bor. Deylik, Muso (alayhissalom) boshliq yahudiylar Fir’avn lashkaridan qochib kelayotganida, orqadan dushman yetay-etay deb turganida oldilaridan o‘tib bo‘lmas bir dengiz chiqib qoladi. Mana shu vaziyatda ‒ ikki chorasizlik orasida chorasiz qolgan qavmning holatini ko‘rsatadigan birgina “Oldinda dushman kabi dengiz, orqada dengiz kabi dushman” ifodasini har gal o‘qiganimda kechalari uyqumni yo‘qotguday darajada ta’sirlanaman, halovatimni butkul yo‘qotaman. Yoki menga taqdir allaqachon bitilgan ma’nosidagi birgina “Qalam ko‘tarildi, siyohlar quridi” ifodasi olam-olam ma’no bera oladi, yuragimni butkul egallaydi. Ammo, nima qilay, yarim dunyo maqtab yotgan butun boshli romanlar zarracha ta’sir etmasligi mumkin. Savol mendan so‘ralgani uchun men o‘z mulohazamni bildirdim, boshqalar o‘zlariga olmasinlar.

Bulardan o‘zimcha xulosa qilsam, baribir, o‘rtada qandaydir bir o‘lchov-nazorat bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman. Masalan, har qanday jamiyat ham insonni hech qachon o‘z holiga tashlab qo‘ymaydi-ku. Hatto o‘zini o‘ta erkin deb hisoblaydigan, qonunlari-la ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan buzuqliklarga-da yo‘l ochib bergan liberal-demokratik jamiyatlarda ham ruxsatlar bilan bir qatorda talay ta’qiqlar bor. Ta’qiqdan oshib o‘tgan kishi mahkamalarga tortiladi, qamoqlarga tiqiladi. Ammo bu bilan erkinlik bo‘g‘ilgan bo‘lmaydi.

Adabiyotda ta’qiq qonun bilan bo‘lmasa-da, ko‘proq axloq bilan bo‘lishi kerak. Ya’ni adabiyot nimani kimga qachon va qancha miqdorda berishini adabiy axloq belgilasin. Asosiy o‘lchov ADABIYoT AXLOQI bo‘lsin.

— Xos va omma didi hamda adabiyoti haqida siz nima degan bo‘lardingiz? Hammaga “hamma narsa”ni taqdim qilish qanday oqibatlarga olib keladi? Ma’naviy immuniteti hali yetarlicha shakllanmagan yosh avlodga qanday asarlar tavsiya etiladiyu qandaylari yo‘q?

— Umidbaxshlilik foydaning koni, tushkunlik har tomondan zararli holatdir. Shunday ekan, birinchi savolga javob savolning o‘zida bor, uni kengaytirib tushuntirishga hojat yo‘q. Ikkinchi savol juda muhim va dolzarbdir.

Zamonaviy (aslida, har qachon ham) dunyo haqiqatga muhtojdir. Haqiqatga muhtoj dunyo adabiyotdan nimani kutardi? Albatta, haqiqatni!

Haqiqat nima? Bu dunyoning bir Yaratuvchisi borligi, dunyo bejiz yaratilmagani, insonning yaratilishdan maqsadi Yaratganigagina qullik qilishi va mana shu bosh masaladan chiqib keladigan boshqa hamma xulosalardir. Bu degani, adabiyot nuqul shu ochiq haqiqatlarni uqtiraverishi kerak, degani emas. Negizda adabiyot to‘g‘ri yo‘lda bo‘lsa, u nima mavzuni, qanaqa tomondan qalamga olmasin, haqiqatga xizmat qilgan bo‘laveradi. Mumtoz adabiyotimizning boshidan to mumtoz adabiyotimizning so‘nggi va yangi adabiyotimizni ilk vakili bo‘lmish Abdulla Qodiriy asarlarigacha shu tomoni bilan e’tiborlidir.

Sharq yulduzi jurnali, 2015 yil, 3-son