Muhammad Ali: “Umid ko‘nglimizni yoritib tursin” (2011)

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali bilan suhbat

Muqaddas narsalar hamisha muhofazaga, himoyaga muhtoj bo‘ladi. Chunki ezgulikning dush­­mani ko‘p. G‘animning ko‘pligi, xavfning ko‘­lami esa EZGULIKning bahosini belgilaydi. Shu ma’noda Vatan va uning hurriyati hamisha himoyaga muhtojdir.

Siz ijodingizda, xususan, tarixiy essela­ringizda, she’riy roman va dostonlaringizda, tarixiy romanlaringizda Vatan tushunchasining naqadar ulug‘ligi, hurriyat esa inson uchun nafas yanglig‘ ehtiyoj ekani haqida yozgansiz.

Ehtimol, sizni qalam olishga undagan ijtimoiytarixiy shartsharoitlar bugun o‘zgargandir, biroq bu tushunchalarni sharh etmoq, yozmoq va etkazmoq ehtiyoji hamon dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q. Ayniqsa, bugungi tezkor, shu bilan birga g‘arazli axborotlar oqimi tinim bilmayotgan zamonda millat oydinlari zimmasidagi yuk yanada vaz­minlashmoqda. Sizningcha, ziyolilarimiz bu ma­s’u­liyatni qanchalik his etayaptilar?

– Albatta, meni qalamga olishga undagan ijti­moiy-tarixiy sharoitlar bugun o‘zgargan. Avval mus­tamlakada edik, bugun, Xudoga shukur, mustaqilmiz. Mazkur tushunchalarni sharh etmoq dolzarbligi ham haqiqat. Lekin haqiqiy ijodkor qaysi zamonda va sharoitda bo‘lmasin, uning Vatanga, xalqqa, zamonga, tarixga, ijodga o‘ziga xos yondoshish yo‘li bo‘ladi. Bu – o‘zgarmaydigan mezon. Buni sharh etsam, misolni o‘zimdan ola qolay. Biz mustamlaka zamonda yashadik, ko‘nglimizdagi niyatlarni, orzularni, maqsadlarni ochiq-oshkora aytish imkonlari bo‘lmadi. Natijada fikr va g‘oyalarni imo-ishora vositalari, ma’nolarni satrlar orasiga joylash, so‘zlar orqasiga yashirish yo‘llari bilan ijod qilib keldik. O‘quvchilarimiz aqlli, o‘qib, mag‘zini chaqarlar, biz yashirgan fikr­larni uqib olarlar degan umid ko‘nglimizni yoritib turgan. Ijod, xususan, adabiyotning ajoyib usullari ko‘p, uquv bilan ishlatilsa, qalovini topsa qor ham yonadi, deganlaridek, juda ko‘p gaplarni ayta olish, o‘quvchiga yetkazib berish mumkin. O‘zim shunday bir mezonga amal qilishga va undan chekinmaslikka tirishib kelaman.

Mustamlaka Vatan – xalq, millat – uning tarixi – shu xalq farzandi bo‘lgan, shunday sharoitga mute ijodkor… Shunday vaziyatda ijodkorning vazifasi qanday bo‘lishi kerak? Ochiq kurashish xatarli. Ijod­kor o‘z ijodida Vatan tarixini yoritishi, ulug‘ va fidoyi qahramonlar siymosini chizishga harakat qi­­lishi, bu bilan o‘z o‘quvchilarini tarixga muhabbat ruhida tarbiyalashi, ularni ruhan qo‘llab-quvvatlashi, mustaqillik, hurriyat (shaxsan o‘zim o‘shanda sho‘rolar tomonidan bo‘g‘ma ilonday o‘rab, bo‘g‘ib tashlangan, nafas olishga ham qiynalayotgan Vatanimning ozod bo‘lishini ko‘z oldimga keltirolmas edim) mavzularida qalam tebratishi lozim, deb hisobladim. Bunga im­konni tarixdan izladim. Shu sababli Spitamen, Mu­qanna, sarbadorlar, o‘sha paytlar bahsli bo‘lgan Amir Temur, Boborahim Mashrab, Dukchi eshon kabi tarixiy siymolarimiz haqida qalam surdim. “Qadimgi qo‘shiq­lar” she’riy turkumini yozdim…

1967 yilda (butun dunyoda Oktyabrning 50 yilligi, Leninning 100 yilligiga tayyorgarlik sanalari edi, har bir yozilgan asarda, har bosgan qadamda, nafasda bu so‘zlar jaranglab turardi) yozilgan “Gumbazdagi nur” dostonimda xalqimizning mehnatini, uning bunyodkor, quruvchi ekanini ko‘rsatmoqchi bo‘ldim. Vosita qilib Samarqanddagi Amir Temur maqbarasi qurilishi ta­rixi olindi. Yoritish asnosida dostonga Amir Temur obrazi ham tabiiy ravishda kirib keldi va to‘siqqa uchramadi. Shu bilan qahramonimiz taqdirini ham ko‘r­satish imkoni yaratildi. “Tarix tilga kiradi bir kun, Buguncha men aytay bilganim” satr­lari ko‘p takrorlangan edi dos­tonda. “Yana keldim, ey Tarix bobo, Yana senga da’vo qilurman. O‘z haqqimni qilmoqni da’vo, Haqiqatning yo‘li bilurman!” satrlari dostonning leytmotivini yaqqol ko‘rsatib turardi. Lekin o‘z haqimizni da’vo qilishga qo‘ymasdilar. Bu paytlar tarixiy asar yozgan adib “o‘tmishni ideal­lashtiryapti” deb ayblanadigan, tarixni badiiy yori­tish ochiqdan-ochiq qoralanadigan zamonlar edi. Oybekning “Navoiy”, keyinroq Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” tarixiy romanlari taqdirlari bunga misoldir. Akademik Ibrohim Mo‘minovning “Amir Temurning O‘rta Osiyo tarixida o‘rni va roli” risolasini ham eslab o‘tish joizdir.

Shunisi g‘aroyibki, “Sharq Yulduzi” jurnalining 1968 yil 11-sonida e’lon qilingan “Gumbazdagi nur” dostonida Oktyabrning “o”, Leninning “l” harfi ham yo‘q ekan! Menimcha, dostonning mazmun-mohiyati, badiiy haqiqat buni talab etmagan, mezonga sig‘dirolmagan ko‘rinadi. Mustaqillikka erishganimizdan keyin dos­ton hech bir o‘zgarishsiz 7-sinf maktab darsligiga kiritildi.

Ana shu mezonga sodiqlikni mahkam tutishga ha­rakat qilaman.

Hamma zamonlarda ham haqiqiy ma’rifat­par­­­­­­varlar hisoblanadigan millat ziyolilari zim­ma­sidagi yuk yengil bo‘lmagan. Lekin birov bu yukni butun vujudi bilan his qilgan, birov esa yelkasini mayishtirib o‘ltirishni istamagan, birov esa Xudo bergan iste’dodini – u xalq mulki! – qadriga yetmagan yoki anglab yeta olmagan. Hozir ham shunday. Abdulla Qahhor bir paytlar ikkita ana shunday talantning o‘z iste’dodlarini ichib sovurganidan yozg‘irib ga­pirganini eshitgandik. Ziyolilarimiz, – adiblar ular eng ilg‘or qismiga kiradi, deb hisoblayman, – zimmasida katta mas’uliyat bor. Bu – millat taq­diri. Millatning kelajagi, yosh avlod tarbiyasi ha­misha yodimizda turmog‘i kerak. Jamiyatimizda bunga intilish bor, lekin bu intilishlarda bizning ishtirokimiz faqat kitob chiqarish – uni birov o‘qiydimi yo‘qmi, bu bilan qiziqishimiz kam, – va uni sotish, goh-goh uchrashuvlarda qatnashishdangina iborat bo‘lib qolmoqda. Adabiyot insonni tarbiyalaydigan vosita, imkon, juda katta qurol. Mustaqillik sha­roitida undan foydalanish yo‘llarini hali bil­mayapmiz shekilli. Yaqinda Istiqlol saroyida nazm va navo kechasini tomosha qildim. Bo‘lar ekan-ku! Keyingi paytlarda ovozi sus­tlashgan she’riyatimiz yana millionlar sahnasiga qaytmoqda! Oynai jahonda she’riyat kechalari, adabiy uchrashuvlar million-million tomoshabinlarga namoyish etilmog‘i kerak. Ma’rifat yoyishning eng zo‘r usullaridan biri bu.

Esimda bor, bir qishloqda mehmonda edik, kech­qurun soat o‘nlar chamasi edi. Uy egasiga, maktabda o‘qiydigan o‘g‘li ko‘chada kim bilandir urishib-jan­jallashgani, militsiyaning ham yetib kelgani haqida xabar qildilar. Hamma besaranjom bo‘ldi. Men, ota darhol o‘rnidan turib, o‘g‘lini qutqargani o‘sha yoqqa otlansa kerak, agar taklif etsa, yo‘q demay borishim lozim, deb o‘yladim. Ammo loqayd ota mehmonlardan ham xijolat chekmadi, o‘rnidan qo‘zg‘alib ham qo‘ymadi. Bamaylixotir o‘tirishda davom etarkan, gapirgan gapi hammasidan oshib tushdi: “Kerak bo‘lsa, o‘zlari tarbiyalab olsin-da!..” Ota maktab o‘qituvchilarini, mahalla-ko‘y, hukumat odamlarini nazarda tutmoqda edi shekilli. Asli kim tarbiyalashi kerak o‘zi?.. Ma’rifatparvarlar sanaladigan ko‘pchilik adibla­rimizda o‘sha mas’uliyatsiz ota kayfiyatiga moyillik, loqaydlik borligi achinarli.

Tarix – vaqtning qo‘lida sayqallangan su­rat. Bu “surat” shundoqki, undan ibrat olish, o‘rganish, tinglash va xulosa chiqarish mumkin. Tarixning qimmati ham ana shunda!

Asrlar kechmishida ajdodlarimiz qanday mu­vaffaqiyatlarga erishgan bo‘lsalar, bir-bi­ri­ga tayanch bo‘lgan, hayotlariga ilmu ma’rifat­ni shior etgan zamonlarda bo‘ldi. Aksincha, ko‘n­gillardan oqibatu ofiyat ko‘tarilgan, ma’rifatdan uzoq­­­lashgan va eng asosiysi, milliy birdamlik yo‘qolgan vaqtlarda parishon holatga tushib qoldilar. Dinu diyonatdan, ilmdan, milliy his-tuyg‘ulardan uzoqlashish buyuk Amir Temurdek zot markazlashtirgan saltanatni ham asta-sekin yemira bordi. Yillar o‘tishi bilan taxt talashishlar, fitnalar, o‘zaro urush-janjallar yurtni parokandalikka olib keldi. Johillik shu darajaga yetdiki, qarshisida beomon dushmanni ko‘rib ham ular bir-birlariga ters o‘girilib turaverdilar. Bu holat g‘anim uchun ayni muddao bo‘ldi. Parokandalik bizga sal kam 130 yillik qullikni taqdim etdi.

Endilikda bu mahzun tarixga – achchiq ha­qi­qatga – tik boqib xulosa chiqarishimiz lozim bo‘ladi. Nazarimda tarixni o‘rganishning eng yaxshi usullaridan biri badiiy adabiyotdir. Chunki tarixning badiiylashtirilishi yoxud ada­­biyotning tarixiylik kasb etishi har ikki san’atning ham ta’sirchanligini oshiradi. Shun­day emasmi?

– Juda to‘g‘ri, tarixni o‘rganishning eng yaxshi usul­laridan biri badiiy adabiyot. Badiiy adabiyot hamisha o‘quvchiga maktab vazifasini o‘tab kelgan. Ayniqsa, tarixiy mavzularda yozilgan asarlar hamisha o‘quvchilar tomonidan sevib o‘qilgan. Salohiyatli va insofli adib tarixni sinchiklab o‘qib-o‘rganib, o‘tgan davr haqida asar yaratadi, bir kishi yozgan asarni o‘qib millionlarda ana shu tariximiz haqida yorqin tasavvur uyg‘onadi. Adabiyot insonni o‘ziga tanitadi. Tarixiy badiiy adabiyot esa, insonga ham o‘zini, ham o‘zligini tanitadi. Olis tarix. Bobolar qismati. Vatan taqdiri. Millat iztirobi. Asrlar o‘tkinchiligi. Yillar bevafoligi. Zamonning beoqibatligi… Bari, bari – adabiyot nasibasi… Badiiy tarixiy kitoblarni o‘qish insonda g‘urur hissini uyg‘otadi, faxru iftixor tuyg‘ularini tarbiyalaydi. Mustaqillik uchun kurashgan bobolarimiz hayoti bizlarga yuksak ibratdir, yozuvchi ana shuni o‘z asarida ko‘rsatib bermog‘i lozim.

Bundan ancha yillar muqaddam, 1970 yilda “Sharq Yulduzi” jurnali savoliga bergan javobimda, xalqimizning badiiy tarixini yaratishimiz kerak, degan edim. Hozir ham shu fikrdaman – xalqimizning badiiy tarixini yaratish lozim! Bu yozuvchilarimiz zimmasidagi mas’uliyatli yuklardan biri. Tarix ha­qida hamma yozishi kerak, deb hisoblayman. Ammo bir shart bor: bilib, o‘rganib yozish kerak. Chunki tarixiy mavzuda yozayotgan adib, shuni unutmasinki, xalq ichida, o‘quvchilar ichida undan ko‘ra chandon-chandon bilimli insonlar bor, ularning oldida uyalib qolmaslik kerak. Ular rasmiy tarixni yaxshi o‘rganishgan.

Tarixiy mavzuda qalam tebratmoq uchun ijodkor ikki karra yozuvchi bo‘lmog‘i lozim! Yozuvchilikdan tash­qari unga olimlik, ilmiy mushohada, tarixiy faktlarni topa bilish, ulardan asar bosh g‘oyasi talab etganlarini umumlashtirib xulosa chiqara olish va barini badiiy haqiqatga bo‘ysundirish qobiliyati zarur bo‘ladi. Noto‘g‘ri bir tushuncha hukmronki, tarixiy asarda tarixiy voqealar yoritilishi kerak degan. Yo‘q, tarixiy asarda ham, haqiqiy romanlardagidek, Inson va uning qalbi ochib berilishi kerak. Soddaroq ta’riflasak, tibbiyot Inson sog‘ligi-sihhati haqidagi fan, anatomiya-fiziologiya Inson vujudi to‘g‘risidagi fan bo‘lsa, adabiyot – Inson qalbi haqidagi fan, de­mak badiiy adabiyot – inson qalbining ifodasi bo‘lishi lozim.

Muhammad Ali aka, endi she’riyat haqida gaplashsak. Zero, o‘tgan yillar davomida o‘nlab she’riy kitoblaringiz nashr etildi. She’r – be­halovat kechinmalar to‘lqini. To‘g‘rirog‘i, ha­qiqiy she’r bedorlikka da’vat, behalovat ruh inshosidir. Undagi “bedorlik” – inson qalbidagi kechinmalar po‘rtanasi, o‘z davri ruhidagi og‘­riq­lar, achchiq haqiqatlar… She’riyatning jozibasi – shu! Ana shu mezonlardan kelib chiqsak, bugungi zamonaviy o‘zbek she’riyati haqida nimalar de­yish mumkin?

– She’riyatimizda yaxshi izlanishlar jarayoni ketmoqda. Har bir she’r go‘zallikning namunasiga aylansa, uning zaminida albatta katta ijtimoiy, insoniy yuk yotgan bo‘ladi. “Modern” degan tushunchalar kirib keldi, ham she’riyatda, ham nasrda ularning yaxshi namunalari yaratilmoqda. “Modern” kerakmi, yo‘qmi, degan bahslarni ortiqcha hisoblagan holda, aytmoqchimanki, bizga izlanishlar kerak, modern esa izlanishlar mahsulidir. O‘quvchi ko‘pincha qofiyasi bo‘l­maydigan, oq she’rda yozilgan modern she’rlarni o‘qib, zavqlanib, maqtanib birovga o‘qib berish uchun ko‘tarib yurmasa ham, harqalay, ulardagi g‘alatilikka, g‘ayritabiiylikka, “she’riyat” deb o‘rgangan tushunchaga uncha to‘g‘ri kelmaydigan yondoshuvlarga, kutilmagan tasvirlarga, ko‘z ko‘rmagan yangicha tashbehlarga boqib hayratlanadi. Ba’zan, she’r ayni o‘sha “g‘alati” tuyulish uchungina yozilganga o‘xshab ketadi. Ustiga ustak, ularni tushunish ham murakkabroq kechadi. O‘zimning ham bir-ikkita oq she’rdagi mashqlarimni eslayman. Umuman olganda, oq she’rning o‘ziga xos ohanrabosi bor.

Ammo ayrim oq she’rlarni o‘qib, “oq” qilingan she’rlar, deging keladi. Ularda qofiya, musiqa, ritm yo‘qligidan tashqari fikr ham ko‘rinmaydi, qup-quruq so‘z tizmasi xolos. Asli oq she’r dramaturgiyada qo‘llangan, undan Vilyam Shekspir o‘z fojealarida maromiga yetkazib foydalangan. Chunki oq she’r so‘z­lashuv, sahna tiliga mos, dialoglarda qo‘l keladi. Rus she’riyatida M.Yu.Lermontovning “Podsho Ivan Vasilevich va navjuvon jasur savdogar Kalashnikov haqida qissa” asari oq she’rning yuksak namunasi darajasiga ko‘tarilgan. O‘zbek adabiyotida Maqsud Shayxzodaning “Mirzo Ulug‘bek” tragediyasi bunga misol bo‘la oladi. Uolt Uitmenning she’rlari chinakam “mo­dern” namunasi, ammo ularni tushunish qiyin emas. Ular ham qofiyasiz, biroq bunga ehtiyoj ham yo‘q, aksincha, qofiya xalal bergan bo‘lardi. Uitmenda kuchli ehtiros, zavq, olmosday favqulodda fikrlar she’rni tutib turadi, shuurni nurlantiradi. Ayni paytda yigirmanchi asrning eng modern shoirlaridan biri Vladimir Mayakovskiy o‘z ijodida qofiyaga alohida urg‘u berar, uning xilma-xil, murakkab (masalan, “do sta rasti, nam bez starosti”) shakllarini izlab topardi.

She’riyat – nafosat, nafislik, musiqa, ravon ohanglar deganini unutmaslik kerak. Modern she’r­larni yozish istagi shoirlarda, ba’zan Abdul­hamid Cho‘lpon aytmoqchi “bir xillik”dan qochish istagidan ham tug‘iladi, deyish mumkin. Lekin qanday bo‘lganda ham, ijodkor o‘z asarini o‘zi uchun emas, birinchi galda o‘quvchi uchun yozadi, so‘zi, fikri uning qalb-qalbiga yetib borishini istaydi. Qo‘lga qalam olar ekan, asari o‘quvchiga yetib borsin, javonda qolib ketmasin.

Tabiiyki, she’r yozguvchilar ko‘p, mustaqil za­monamiz barchaga ham qalam tutqazib, ilhomlar be­rib, o‘z ko‘ngil xohishu mayllarini qog‘ozga tushirish imkonlarini yaratdi. Lekin, hozir adabiyotimizda ne­gadir o‘tgan asrning o‘ttizinchi, oltmishinchi, yet­mishinchi yillariga o‘xshagan kuchli talantlarning guldasta bo‘lib otilib chiqishi kuzatilmaydi, yoshlarda dadillik yetishmayli. Nazarimda, ozodlikka erishgan yurtning ijodkorlari, bu bemisl ne’matdan hayratga tushdilar, hech qachon amalga oshmaydigan bo‘lib tuyulgan ozodlik nashidasi nashu namosi ularni lol qilib qo‘ydi… Bu ja’mi ijodkorlarni chuqur o‘ylashga da’vat etmoqda. Ozodlik, hur mamlakat, buyuk tarix, qutlug‘ kelajak, millatimiz tarixida yuz berayotgan uchinchi renessans – bularning bari haqida adabiyotimizni boyitadigan o‘tli she’rlar, dostonlar, romanlar boshqa badiiy asarlar yozilishiga shubha yo‘q.

Bizlar, bizning avlodimiz qanday sharoitlarda ijod qilgan edi? Yuqorida aytib o‘tdim, bizlarga ozodlik, mustaqillik uzoq xayol bo‘lib ko‘rinardi. Shu sababdan, o‘z asarlarimizda ko‘ngildagi pinhon qutlug‘ niyatlarni aks ettirishga tirishardik. Lekin bizlarda ham she’rni anglashda murakkabliklar bor edi. Yana misolni o‘zimdan olsam. “Bahor kelganda” nomli she’rim bor, 1968 yilda yozilgan. She’r bir qarashda, tabiat haqida. Bahor, tog‘lar, lolaga bo‘yalgan dalalar, yuzlarni siypalab o‘tayotgan shamol va hokazo. Go‘yo she’r umumiy bahor manzarasi tasviriga bag‘ishlangandek. She’rda osmonni ta’riflagan shunday satrlar bor:

 

Men bahor kelganda
 
Osmonga boqaman.
 
Osmonning ko‘ksiga
 
Yulduzlar taqaman.
 
Garchi keng, garchi sof
 
Ul osmon, ul falak,
 
Lekin ul ostida
 
Er yotar jonhalak.
 
Maysalar o‘sadir,
 
Suyumli maysalar,
 
Barglarin, bo‘ylarin
 
Olamga yoysalar…
 
Maysalar niyati
 
Ulug‘dir, ey Osmon!
 
Sen ular tuprog‘in
 
Hibs etding begumon!
 
Maysalar o‘sadir
 
Seni-da yiqay deb!
 
Moviy yuksaklarga
 
Men ham bir chiqay, deb!

 

Cho‘lpon she’riyati ohanglari shundoqqina sezilib turibdi. Kursivga olingan so‘zlarni o‘qib mulohaza qilinsa, shunday manzara namoyon bo‘ladi (shoir na­zarida): osmon singari bepoyon bo‘lgan Rossiya is­kanjasida Yer (O‘zbekiston) o‘zini jonhalak his etadi. Bunda maysalar (yosh o‘g‘lonlar) o‘sayotir. Ularning niyati ulug‘: sen ular tuprog‘i(Vatani)ni bosib olding. Ular seni yiqitaman, deb voyaga yetmoqda, yuksaklarga chiqib, men ham ozodlik havosidan nafas olsam demoqda…

She’riyatni nozik tushunadigan do‘stim, zukko olim Begali Qosimov bu she’rni o‘qib, hazillashib: “Agar boshqa tuzum bo‘lganda, siz juda katta shoir bo‘lar edingiz. Qanday fikrlar aytilgan! Buni oshkora sharhlash qiyin-da!..” degandi.

So‘nggi yillarda adabiyotshunoslarimiz islohida “Mustaqillik davri o‘zbek adabiyoti” degan atama tez-tez takrorlanadigan bo‘lib qoldi. Ayting-chi, bu adabiyot printsiplari qanday mezonlarga asoslanmoqda? Umuman, har qanday mafkuradan, ta’bir joiz bo‘lsa, ta’madan xoli mustaqil adabiyot yarata oldikmi yoki bu yo‘ldagi urinishlarimizni qanday baholash mumkin?

– Ehtimol adabiyotni o‘rganish uchun shunday atama kerak bo‘lar. Ammo adabiyotni ma’lum bir davrga bog‘­lab o‘rganish, sinfiylikka bo‘lish, ijobiy-salbiy qah­ramonlar masalasi, konfliktsizlik nazariyasi va ho­kazolar barchasi sho‘rolar mafkurasidan kelib chiqqan tushunchalardir. Xudoga shukur, hozir bular yo‘q.

Adabiyot – uzluksiz jarayon. Yusuf Xos Hojib, undan oldinroq “Oltin yorug‘” yodgorligidan boshlab to bugungacha adabiyot insonni, ezgulik bilan yovuzlik, oq bilan qora o‘rtasidagi ayovsiz mangulik kurashini o‘rganib, aks etdirib keldi, kelmoqda. Mezonlar ham o‘sha – chinakam adabiyot mezonlari. Agar mustaqil Vatan fuqarosining qalbini ochib beradigan, ja­honiy andozalarga mos, mayli, an’anaviy yoki modern usulida bo‘lsin, yetuk badiiy asarlar yaratsak, mustaqil adabiyot degani shu bo‘ladi, menimcha. Bu yo‘lda katta intilishlar borligi quvonchlidir.

Bir vaqtlar rus adabiyoti klassiklaridan biri F.M.Dostoyevskiy shoir Pushkin dahosiga baho berib: “Rus bo‘laturib, Pushkinni anglamagan odam rus atalishiga noloyiqdir”, degan ekan. Ehtimol, bu ta’rif Dostoyevskiyning Pushkinga bo‘lgan muhabbati sifatida jaranglar, ammo haqiqati shuki, har bir millat milliy adabiyoti va san’atini o‘rganishi, jillaqursa sevishi va hurmat qilishi lozimdir. Shu ma’noda aytish mumkinki, insoniyat badiiy tafakkurining eng yuksak cho‘qqilarini zabt etgan mumtoz ada­biyotimiz vakillarining ijodini o‘rganish, tad­­qiq etish va ulg‘ayib kelayotgan avlodlarga yetkazish zaruratini ham unutmasligimiz ke­rak. Biz bugun ana shu zaruratni qanchalik his etyapmiz?

– Juda ham o‘rinli savol berdingiz. Adabiyotni o‘rganish masalasini o‘rtaga qo‘yayotirsiz. Yana ham aniqlashtirsak – mutolaa masalasi sizni bezovta qilmoqda. Ulug‘ ajdodlarimiz ijodlarini tadqiq-u targ‘ib etish, avlodlarga yetkazish haqida so‘z yurit­moqdasiz.

Ayrim qalamkashlar, men o‘quvchimasman, yozuv­chiman, degan chukcha latifasi qahramoniga o‘xshab ke­tadilar. Ha, hamma yozmoqda, o‘quvchi yo‘q. Afsuski, yozuvchilarning ko‘pi o‘qimaydi. Bu juda achinarli hol. Yozuvchi biron mavzuda qalam tebratar ekan, loaqal shu mavzuda bitilgan asarlarni o‘qib qo‘yishi joiz. Toki ma’lum narsalarni takrorlab o‘tirmasin. Hatto o‘qimaganlik oqibatida Yozuvchilar uyushmasidagi mu­hokamalardan birida qaysidir bir asardagi to‘qima obraz ikkinchi bir asarga tarixiy shaxs(!) bo‘lib kirib ketgani ma’lum bo‘ldi. Buni qanday izohlashga ham hayronsan kishi.

Hali ichimizda, kam o‘qiganimizdan albatta, o‘z­bek adabiyotining butun bo‘y-basti bilan tasavvur eta olmaydiganlar ham bor. Bir payt G‘afur G‘ulom no­midagi Adabiyot va san’at nashriyotida o‘ttiz jild­dan iborat “O‘zbek adabiyoti bo‘stoni” seriyasi nashri boshlangan edi. Afsuski, ob’ektiv sabablarga ko‘ra nashr oxiriga yetkazilmadi. Hozir shunday nashr­ni amalga oshirish fursati keldi. O‘zbekiston tele­videniyesi va radiosida doimiy ravishda mumtoz shoirlarimiz ijodiga bag‘ishlab turkum ko‘rsatuvlar, eshittirishlar tashkil etish joiz.

Mutolaa haqida gapirganda, Lev Tolstoyni es­lagim keladi. Dunyo adabiyotining buyuk zahmat­kash­laridan biri Lev Tolstoy vaqtdan unumli foy­dalangan, yozgan-chizgan, mutolaalar qilgan. Yetmish besh yoshli adib 1903 yilda betob bo‘lib yotib qoladi. Ijodiy ish qilish imkoni bo‘lmaganidan to‘shakda yotar ekan, har kuni ulug‘ mutafakkirlarning kitoblaridan o‘qib, erinmay ta’sirlangan fikrlarni yig‘ib boradi. Natijada “Donishmand kishilarning fikrlari” ki­tobi dunyoga keladi va u 1903 yilda bosilib chiqadi. Unda Diogen, Mark Avreliy, Suqrot, Konfutsiy, Bud­da, Aristotel, Russo, Kant, Shiller, Volter, Dos­toyevskiy va boshqalarning dono fikrlari bor. Har kungi sahifada bir yo ikki shunday fikr berilgan. “O‘zimdan bilaman, – deb yozgan edi u xatlaridan bi­rida, – Suqrot, Epiktet… lar kabi siymolar bilan hamsuhbat bo‘lish kishiga qanchalar kuch, osoyishtalik baxsh etadi, bu tole siylovidir…” Lev Tolstoyday ulug‘ yozuvchi mutolaadan ana shunday rohatlanar edi.

Mutolaa fikrni charxlab, ishlashga majbur etadi. Ijodkorda fikr hamisha o‘smog‘i, harakatda bo‘lmog‘i kerak. Usmon Nosir bir she’rida: “Fikr – bola, bola o‘suvchan” degan so‘zlarni bejiz ishlatgan emas.

O‘tgan asr tongida buyuk Cho‘lpon maqo­la­laridan birida zamon odamlariga xitob qilgan edi: “Ovro‘poning mo‘dasi, shishasi va buzuq axloqi sizlarni xonavayron, bevatan, asir, qul qiladur”. Ming vahki, bu “mo‘da”dan qochib qutulolmadik, “shi­shasi” ham qadahlari bilan jaranglab kirib keldi. “Buzuq axloqi” esa tungi oshxonalar, jin ko‘chalaru sokin xiyobonlarni o‘ziniki qilib oldi.

Darhaqiqat, yaltiroq shiorlar va o‘ziga xos demokratiya niqobi bilan kirib kelyotgan bu “madaniyat”larga qarshi kurashishning yagona yo‘­li ilm va ma’rifat. Menimcha, kurashish, qarshi turish zarurati bugun har qachongidan ham dolzarb masalaga aylandi…

– Ilk marta bundan o‘n to‘qqiz yil avval Amerika Qo‘shma Shtatlariga borganimda, taajjublanadigan narsalar ko‘p ekan, shulardan biri – qizlarning ko‘k­rakdan past – beli-qornini ochib yurganlarini ko‘rib hayron qolgandim. Ichimda, xayriyat, bizda bunday emas, deb quvongandim. Afsuski, besh yildan keyin o‘zimizning Toshkentda ham qizlarning o‘shandoq ki­yinganlari guvohi bo‘ldim. Bu faqat birginasi. Qiz­lar orasida chekish, ichish urf bo‘lib boryapti, ko‘plari “tungi kapalaklar”ga aylanib ketyapti. Juda xunuk narsalar…

Fikrimcha, tungi oshxonalar, klublar faoliyatini yaxshi o‘rganib chiqib, izga solish zarur. Yaxshi so‘z bilan, qonun talabi bilan. Oliy Majlisning Qo­nun­chilik palatasi munosib qonunlar ishlab chi­qi­shi kerak. Yurtimizda ochilayotgan xorijiy tash­kilotlar bo‘limlari faoliyati ham nazardan chetda qolmasligi shart. Tan olishga majburmiz, xorijdan kelayotganlarning o‘ndan to‘qqizi mutlaqo boshqa, mil­latimizga, bizning manfaatlarimizga zid niyat­lar bilan keladi, deyish mumkin. Bu – aksioma. O‘zlarida bo‘lmagan demokratiyani bizlarga olib kelib tiqish­tirishga urinish hollari yuz bermoqda. Keyingi payt­­larda huquq-tartibot organlarining hushyorligi natijasida g‘arb mamlakatlariga tegishli har xil demokratik balandparvoz nomlar bidan ataladigan ancha-muncha idoralarning eshiklari yopilib ketgani buning isbotidir.

O‘tgan asr boshlarida ulug‘ shoirimizning qilgan bashorati nechog‘lik haq bo‘lib chiqmoqda. Bunga qarshi albatta kurashish kerak. Lekin bir kishi emas, butun jamoatchilik bel bog‘lashi lozim. Kurash davlat siyo­sati darajasida olib borilishi kerak.

So‘nggi yillarda matbuot sahifalarida kam ko‘rinayotgandaysiz. Bu “jimlik”ni qanday tushunaylik? Ijodiy rejalar haqida so‘rasam maylimi?

– To‘g‘ri aytasiz, kam ko‘rinayapman. Balki bu “faqir kishi – panada” degan maqolni yaxshi ko‘rganimdan bo‘lsa kerak. Tez-tez ko‘rinish shart emas, deb hisoblayman. Amir Temur mavzuiga bag‘ishlangan publitsistik maqolalar yozyapman, matbuotda chiqib turibdi.

Xabaringiz bor, “Ulug‘ saltanat” tetralogiyasi us­­tida ish davom etmoqda. Uchta kitob nashr qilinib, o‘quvchilar qo‘liga yetib bordi. Xudoga shukur, yaxshi kutib olishyapti, o‘qishyapti. Matbuotda taqrizlar e’­lon qilinyapti. Shu kunlarda to‘rtinchi kitob – “Shoh­rux Mirzo” romanini qog‘ozga tushirish bilan qat­tiq bandman. “Jimlik” deganda siz albatta keyin­gi paytlarda she’rlar yozmayotganimni, aniqrog‘i, she’r­lar e’lon qilmayotganimni nazarda tutdingiz shekilli. Albattayo she’rlar e’lon qilib o‘quvchi bilan diydorlashib turish kerak. Uchrashuvlarda o‘quvchilardan ham shunday talablarni eshitaman. Bir dasta she’rlarimning chiqqaniga ham sal kam uch yil bo‘libdi. Bu – kamchiligim. Shunisi qiziqki, yozgan she’rlaring tobora o‘zingga yoqmay borar ekan. Hatto birovga o‘qib berging ham kelmay qoladi. Taniqli shoirlarimizdan biri yaqinda bunday dedi: “Bizning vaqtimizda, ajabo, bir joyda she’r e’lon qilinsa, falonchining she’ri chiqibdi, zo‘r yozibdi! – deb ovozalar tarqalardi. O‘shani qidirib topguncha tinchimasdik. Hozir har qanday zo‘r she’r yaratsang ham, birov o‘qib hayron qolmaydi…”

Ha, she’rlarni mo‘jizaday fahmlab hay­rat­lanish davrlari o‘tdi shekilli.

She’rlar yozishdan tinganim yo‘q. Yozmay bo‘ladimi? Izlanganim sari bir fikrga kelaman: “She’r – bu aql emas, she’r hissiyot ham emas, she’r – bu, aql bilan his-tuyg‘uning birlashuvidan iborat tafakkurdir.”

Ko‘p ishlash, o‘qish kerak.

Suhbatdosh: Alisher NAZAR

“Yoshlik” jurnali, 2011 yil, 7-son.