Mahmud Sa’diy: “O‘z qadrini bilgan qadr topadi” (1989)

Odatda kinofilmlarda eng xavfli, eng qaltis vazifalarni kaskadyorlar bajaradilar, lekin ularning nomlari suratga tushgan kishilar ro‘yxatiga kiritilmaydi. Hayotda ham umr bo‘yi o‘zgalar mehnatini yuzaga chiqarish uchun zahmat chekib yashaydigan odamlar borki, men ularni ana o‘sha kaskadyorlarga o‘xshatgim keladi. Zero, bugungi suhbatdoshim Mahmud Sa’diyning suratini ko‘rib, «Yosh leninchi» mushtariylarining ko‘pchiligi tanimayotgan bo‘lsalar ulardan gina qilmayman. Chunki bu inson oynai jahon orqali xonadonlarimizga tez-tez tashrif buyurmaganlar, radio to‘lqinlarida otashin ma’ruzalar ham so‘zlamaganlar. Uning nomi O‘zbekiston SSR Yozuvchilari uyushmasining a’zolari ro‘yxatida ham yo‘q, faqat quvonchlisi, o‘zlarini hamisha eng yaxshi ijodkorlar orasidan topish mumkin. U el xazinasi — so‘z mulkini, inson qadrini himoya qilishdek mushkul yumushni bo‘yniga olib yashayotgan, kurashayotgan odamdir.

Mahmud akani o‘z tengi ijodkorlar ham «ustoz» deb ataydilar. Rassomlar ijodiga nazar tashlasangiz, quyoshning rasmiga ko‘zingiz tushmaydi, uni bolalargina chizadi. Ehtimol biz ham shu bois, asl insonlarni maqtash, ulug‘lash uchun o‘zimizda kuch, jur’at topolmayotgandirmiz. Biz, yoshlar mashqlarimizni Mahmud akaning nazaridan o‘tkazishni unutmaganimiz holda, shu yili ustozimizning 50 yoshga to‘lganini birimiz erta, birimiz kechroq eshitdik. Holbuki, u o‘zining 25 yillik faoliyati mobaynida qanchadan-qancha yangi nomlar uchun kurashdi, ular yuzaga chiqqan kunda muallif bilan bab-baravar quvondi. «Sharq yulduzi», «Guliston» jurnallari, «Lenin uchquni», «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi sahifalarida chop etilgan va etilayotgan eng yaxshi maqolalarda Mahmud Sa’diyning barmoq izlari bor. U sizdan bilimini, kuchini, vaqtini mehrini ayamaydi, xatolaringizni tuzatishdan erinmaydi. Bag‘rikenglikda u kishiga teng keladigan hotamtoy kam topiladi. O‘zgalar shodligini o‘zinikidek qabul qilib, quvonolgan inson hammadan baxtlidir.

Men Mahmud akaning qalin-qalin kitoblarini o‘qimaganman, biroq kitob tanlashni u kishidan o‘rganganman. Uning samimiy o‘gitlarini hech bir kitobga alisholmasligim ham rost! Men uni adabiyotshunosligimizning xolis xizmatkori, yoshlarga beminnat maslahatlar beradigan murabbiy deb bilaman, qadrlayman. Zotan, murabbiylik o‘ziga xos qobiliyatki, u hamma ijodkorlarda ham bo‘lavermaydi.

Shu paytga qadar Mahmud Sa’diy to‘g‘risida maqolalar, ocherklar yo‘qligidan qiynalardim. Endi bilsam, yaxshi inson haqida yaxshilab — ko‘ngildagidek yozish, men o‘ylagancha, oson emas ekan… Keling, yaxshisi, o‘z e’tiqodidan chekinmagan, uni butunligicha omon saqlab qololgan inson — «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi tanqid va adabiyotshunoslik bo‘limining mudiri, adabiyotshunos Mahmud Sa’diy bilan qilgan suhbatimizga o‘zingiz guvoh bo‘ling…

— Mahmud aka, mana, bu yil Siz ellik yoshga to‘ldingiz. Hamma shogirdlarintiz singari, mening ham sizga havasim keladi. Demoqchimanki, hayotda har bir odamning ko‘zlagan manzili, o‘z ideali bo‘ladi, lekin, baribir, har birimiz o‘tmishimizni sinchiklab tahlil qiladigan bo‘lsak, juda ko‘p xatolar topamiz. Sizningcha, kishi yanglishmaslik uchun asosiy nuqtai nazarni nimalarga qaratsa to‘g‘ri bo‘ladi? Ideal qanday bo‘lishi kerak? Nimaga intilib yashashni ma’qul ko‘rasiz, umuman odam o‘zidan qoniqib yashashi mumkinmi?

— Yo‘q, odam o‘zidan qoniqishi mumkin emas. Agar u o‘zidan qoniqsa, hamma narsa tamom bo‘ladi. O‘ylaymanki, imkon topib, vaqti-vaqti bilan inson o‘ziga-o‘zi hisob berib tursa, bir haftami, o‘n kunmi boringki, bir yil ichida nima yaxshi ish qildim, nima yomon ish qildim, deb o‘zini-o‘zi tergab borsa, odamga o‘xshab yashayapman, desa bo‘ladi. Aks holda, odam izdan chiqib ketishi, ko‘p nobop ishlar qilib qo‘yishi ham mumkin. Hozir hayot murakkab, ayrim masalalarda ba’zan yon berishga to‘g‘ri keladi. Oqlash mumkin bo‘lgan yon berishlar bor, oqlab bo‘lmaydigan yon berishlar bor. Agar o‘z shaxsingizga, manfaatingizga tegishli masalada yon bersangiz, oqlash mumkin; biroq xalq taqdiriga, boshqalar qismatiga bog‘liq bo‘lgan masalalardagi yon berishni oqlash mumkin emas, ayrim kishilar o‘zining bir so‘mi uchun sizning ming so‘mingizdan voz kechib yuborishi mumkin.

Men birinchi sinfdaligimdayoq g‘irt yetim bo‘lib qolganman. Lekin odam bolalikda baribir katta niyatlar bilan yashaydi. Har bir odamga xos orzu-niyatlar menda ham bo‘lgan. Men o‘zimcha, katta ishlar qilaman deb o‘ylaganman. Uchuvchi bo‘lmoqchi edim, le-in imkoni yo‘qligini tushunganimdan keyin u haqda o‘ylamay ham qo‘ya qoldim. Bilasizki, o‘zbek sag‘irini begonaga bermaydi, meni ham amakim — Mamarasul akam o‘z farzandidek tarbiyalagan. Har holda, biz Stalin zamonasining bolalari bo‘lganmiz-da, o‘zim qarindoshimning uyida yashasam ham, ota-onam bo‘lmasa ham, vatanim SSSR, bu — mening onam, otam — dohiy Stalin, degan tushuncha menda ham bor edi. To‘g‘risi, biz baxtsizlik haqida ko‘p ham o‘ylayvermasdik, ancha xotirjam yashaganmiz. Shu o‘rinda bir gapni aytib o‘tmoqchiman: bizning avlodimiz ancha kech yetildi shekilli, yaqin-yaqinlarda ham qirq-ellik yoshdagi ijodkorlarni yosh adiblar deb hisoblardilar…

Uchinchi sinfda Mirkarim Osimning «O‘tror» qissasini, to‘rtinchi sinfda Oybekning «Navoiy» romanini o‘qidim. Shu kitoblarni, ayniqsa, «Navoiy»ni o‘qiganimdan keyin qandaydir boshqacha bo‘lib qoldim. Oybek Navoiy dunyosini ancha yaxshi ochgan. Menda g‘alati bir tuyg‘u paydo bo‘ldiki, ko‘zimga ko‘p ishlar bachkana, mayda-chuyda bo‘lib ko‘rina boshladi. O‘zim ham birdan ulg‘ayib qolgandek edim. Navoiyning odamiyligi, ulkan qalbli inson ekanligi menga qattiq ta’sir qilgandi. Boya aytganimdek, yaxshi kitoblar odamga o‘z-o‘zini taftish etishni o‘rgatadi, ammo o‘qilgan kitoblarning hammasi ham yaxshi kitob bo‘lavermaydi, albatta. Lekin bir adashtirmaydigan jihati borki, klassik asarlar deb tan olingan kitoblarni o‘qisangiz, har holda, yutqazmaysiz. Nima bo‘lishidan qat’i nazar, odam o‘zini grajdan sifatida tarbiyalab, shakllantirib borishi kerak. Masalan, men «Navoiy»ni o‘qigan paytimda Alisher Navoiyga taqlid qildim, keyinchalik «Po‘lat qanday toblandi» romanini o‘qigach, Pavel Korchaginga o‘xshashga intilib ko‘rdim. Odam izlanadi-da. Lekin uzing sevgan birorta qahramoningga ham o‘xshay olmasliging mumkin. Shunda nima bo‘ladi? Bir kuni shunday qarorga kelganmanki, nega endi, men birovlarga o‘xshashim kerak, aytaylik, Navoiyga yoki Abayga? Nega endi, men — o‘zimga yoki boshqalar menga o‘xshamasliklari kerak?.. Shunday qilib, odam o‘zining hayotiy, axloqiy printsiplarini belgilab olarkan. Qisqasi, odamda yaxshi tomonga o‘zgarish uchun ham, yomon xislatlarni kamol toptirish uchun ham imkoniyat bor. Biz insonni ongli mavjudot deymiz. U hayotda ko‘p yomonliklarga, bemaza ishlarga ham duch keladi. Demak, hayotdan bezib ketmaslik, odamlarga nisbatan mehr tuyg‘usini yo‘qotmaslik uchun inson har doim boshqalardagi yaxshi tomonlarni ko‘rishga, yuragidan yo‘qolgan mehrning o‘rnini to‘ldirib, boyitib borishga harakat qilgani ma’qul. Bo‘lmasa, uning o‘zi istamagan holda ham asabiy, ichi qora, yomonlikni sog‘inadigan kimsaga aylanib qolishi hech gapmas. Men shunday iste’dodli kishilarni bilamanki, ulardan yaxshilik kutib bo‘lmaydi, ichi qora. Chunki, ularning yuragida mehr yetishmaydi, eng insoniy tuyg‘ular kamol topmay qolgan.

Odam umr bo‘yi komil inson bo‘lishga intiladi, balki komil inson bo‘lolmas, lekin, har holda, kishi oldinga qarab intilsa, ancha joyga borib qoladi. Masalan, Alisher Navoiyni ideal deb olsangiz, uning ummatiga aylanib qolasiz. Mashrabda bor-ku: «Ul Ibrohimdan qolgan eski do‘konni na qilay…» Ka’bani shunday deb aytayapti u! Chunki undan yuksakroq xudo bor. Xudoning oldida Ka’ba nima! Makka nima degan gap! Mashrab haddan tashqari maksimalist bo‘lgan. Demak, u eng yuksak, eng muqaddas tushunchani birinchi o‘ringa qo‘ygan. Navoiyning buyukligi, grajdanlik jasorati shundaki, u o‘zbek xalqining qaddini ko‘tarish, bag‘rini butun qilish uchun, o‘zbek tilining boshqa rivojlangan tillar bilan baravar imkoniyatga, qudratga ega ekanligini isbotlash uchun kurashdi. Navoiy ijodi esa chinakam ma’nodagi bir ummonki, undan har kim imkoniyati darajasida olib foydalanishi mumkin. Navoiy tugamaydi-da… Lekin, achinarlisi, uni tushunishga bizning saviyamiz yetmayapti… Ideal yuksakroq bo‘lgani yaxshi. Shunda siz mayda, rezgi narsalarga kamroq ahamiyat berasiz, o‘ylagan katta niyatlaringizni ko‘zdan qochirmaysiz. E’tiqod haqida deysizmi?… E’tiqod masalasida men o‘zimning maqsadimga erishganman. Esimni taniganimdan beri e’tiqodimdan chekinganim yo‘q. Ehtimol, shuning uchun ham moddiy jihatdan birim ikki bo‘lmayotgandir, biroq, ma’naviy tomondan mening hech kimdan o‘zimni kamsitadigan joyim yo‘q. Xudoga shukur, o‘zimning maqsadlarimni og‘ishmay amalga oshirib kelayotirman.

— Ba’zi kishilar bugungi kunda san’at siyosatga aralashmasligi kerak, degan fikrni ilgari surmoqdalar. San’atkorlarning, xususan, o‘zbek yozuvchilarining ijtimoiy-siyosiy hayotimizga bevosita aralashuviga Siz qanday qaraysiz?

— Yozuvchilar aralashishi kerak. Aralashmasa qanday bo‘ladi? «Yozuvchi-grajdan bo‘lishi kerak» degan gap juda to‘g‘ri. Paxta yakka hokimligiga qarshi kurash, til, tarix, ekologiya masalalari hayot-mamot masalalari-ku!

— Mahmud aka, mana shu masalalar «yozuvchilar aralashmaganda ham hal bo‘lardi», degan da’volarnn eshitib qolamiz…

— Hal bo‘lmasdi! Masalan, rus adabiyotini olsak, tarixdan ma’lum: Pushkinlar davrida frantsuz tilining mavqei juda baland bo‘lgan. Demak, Pushkin, Krilov singari adiblar rus tilining sofligi, uning grajdanlik huquqi uchun kurashmaganlarida, millatga ong kiritadigan ziyolilar rus tilini targ‘ib qilmaganlarida, u hozirgidek qudratli tilga aylanmagan bo‘lardi. Masalan, Krilov «Qizginalarga saboq» komediyasida rus tilining jamiyat tomonidan xo‘rlanishiga keskin qarshi chiqadi. Komediya qahramoni — Fekla singari oyimtillalar o‘zlari rus bo‘lishlariga qaramasdan, rus tilidan, umuman ruslardan nafratlanadilar. Fekla «Bir rusning so‘zini eshitgandan ko‘ra, to‘tiqush Jakoning ovozini eshitganim afzal» deydi. Holbuki, Jako frantsuz tilida «Siz ahmoqsiz» degan gapnigina aytardi, xolos… O‘zbekistonda ham ona tilining huquqi uchun kurash kolxozdan yoki sovxozdan boshlanmadi, balki matbuot sahifalaridan boshlandi. Dastlabki maqolalarni shoirlar, yozuvchilar yozdilar. Ular harakat qilmaganlarida Bo‘stonliqdagi zararli zavod qurilishi ham davom etgan bo‘lardi. Xullas, yozuvchilarning xalq hayotiga aloqador hamma masalalarga aralashishga haqqi bor va aralashishlari shart. Chunki yozuvchi — xalqning vijdoni. Xalqning vijdoni bo‘lishga intilgan yozuvchigina chinakam yozuvchi bo‘la oladi. U o‘zining nafsoniyatiga tegishli hamma gaplarni yig‘ishtirib, xalqning manfaatini birinchi o‘ringa qo‘yishi va hamma ezgu ishlarning boshida bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman.

— Til haqida o‘zingiz gap boshlab yaxshi qildingiz. Mana yaqinda O‘zbekiston SSRning Davlat tili haqidagi Qonuni qabul qilindi. Men Sizdan mana shu Qonun haqidagi mulohazalaringizni so‘ramoqchiman.

— Bizda haliyam hadiksirash, «bir cho‘qib, ikki qarash» bor-da! Qulluq qilish, mutelik bizning ruhimizga nihoyatda singib ketgan. Qonunning matbuotda bosilgan ikkinchi loyihasi yaxshi edi. Menga qolsa, o‘sha loyihani yanada mukammalashtirib, qonun shaklida qabul qilinsa yaxshi bo‘lardi. Aslida turg‘unlik yillarida «saylangan» deputatlardan yana nimani ham kutib bo‘lardi!.. Lekin bu Qonunning qabul qilinishi Sovet davridagi 70 yildan ziyod vaqt ichida yuz bergan eng buyuk voqealardan biri bo‘ldi. Axir, o‘zingiz o‘ylang, 1938 yili VKP(b) Markazny Qomiteti bilan SSSR Ministrlar Soveti rus tilini boshqa xalqlarga majburiy o‘rgatish to‘g‘risida qaror qabul qilgan. U gaplar oldida bu juda progressiv Qonun! Umuman har qanday qonun vaqt o‘tishi bilan eskiradi, tuzatishlar kiritilib, to‘ldirilib, takomillashtirilib boriladi. Shu holatda ham bu Qonun juda katta yutuq.

— Mamlakatimizda yangilanish jarayoni boshlanganidan buyon salkam besh yil vaqt o‘tdi. Lekin bu ezgu siyosatning tantanasi borgan sari cho‘zilib ketmoqda. Siz qayta qurishga xalaqit berayotgan asosiy to‘siqlar nimalardan iborat deb o‘ylaysiz?

— Qayta qurishga xalaqit berayotgan narsalar juda ko‘p. Biz o‘tgan davr mobaynida stalincha sotsializm jamiyatida yashadik. Endi yo‘l qo‘ygan xatolarimizning hammasini tuzatishimiz kerak. Xalqimizda loqaydlik kayfiyati nihoyatda kuchli, kimdir birov kelib qilib berishi kerakdek, hamma kutib turadi. Sizga yangi bir misol aytay: shu yil 7 noyabr arafasida Toshkent metrosining yana ikkita bekati ishga tushdi. Biriga «G‘ofur G‘ulom», ikkinchisiga «Chor-su» deb yozilgan. Qarang, biz hatto bekatlarning nomlarini yozishda ham xatoga yo‘l qo‘ymoqdamiz. Axir, shu qurilishda ham o‘zbeklar qatnashgan bo‘lishlari kerak?! Kuni-kecha Toshkentdagi markaziy ko‘chalarning yana biriga «Pravda» nomi berildi. Nega endi, eng katta ko‘chamizning nomi «Pravda» bo‘lishi kerak? Mayli, bu gazeta omon bo‘lsin, lekin hali ham markaziy ko‘chalarimizga buyuk yurtdoshlarimizning nomlarini qo‘yish vaqti, nahotki, yetib kelmagan bo‘lsa?! Nega, Abu Aln ibn Sino nomini, Nizomiddin Xo‘jayev nomini, Abdulla Avloniy, Fitrat, Cho‘lpon nomlarini shaharlarimizga, keng ko‘chalarimizga qo‘ymaymiz? Al-Xorazmiy nomidagi ko‘chani oling. Chilonzor dahasining bir chekkasida. Shu ham insofdanmi? Aytmoqchimanki, biz — o‘zbeklar tepsa, tebranmas, tanbal xalqqa aylanib qoldik. Bizning osmondan chalpak yog‘ishini kutib o‘tirish odatimiz hech qolmayapti, qolmayapti-da! Yoki til uchun kurash «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasidan boshlandi, keyin uning yoniga «Yosh leninchi» qo‘shildi. «Yoshlik» jurnali ancha ishlar qildi, lekin boshqa gazeta va jurnallarimiz nimani kutdi? O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilsa nima bo‘pti! Duppa-durust bir qalamkash shu fikrga qarshi chiqib o‘tiribdi. Men buni o‘zbek yozuvchisining to‘g‘ri pozitsiyasi deb bilmayman. Axir, uning «ish quroli» o‘zbek tili emasmi?! «O‘zbek tili ko‘pdan-ko‘p ma’nolarni ifodalashga noqobil, qashshoq til» emish! Jumhuriyatimizdagi matbuot organlarining hammasi ham xalqimizning dardini, fikrini o‘z sahifalarida yoritayaptimi? Yo‘q!.. Yoki matbuotda qatnashayotgan mualliflarni olaylik. Tahrir etilmaydigan maqola yozadigan mualliflarimiz barmoq bilan sanarli, san’at sohasida-ku, o‘zbek tilida yaxshi maqola yozadiganlar yo‘q hisobida. O‘zbek tilining buzilib ketayotganida O‘zbekiston telegraf agentligining pala-partish tarjimalari ham katta «hissa» qo‘shmoqda. O‘zTAG jumhuriyat markaziy gazetalaridan rayon gazetalarigacha dumbul tildagi materiallar bilan keng ta’minlaydi. O‘zbek terminologiyasida ham ahvol juda yomon, o‘zbek shevalaridagi juda ko‘p so‘zlar yo‘qolib, iste’moldan chiqib ketmoqda. Bu ishlarni qiladigan odamlar esa ko‘rinmayotir. Binobarin, «Ona tili» deb nomlash mumkin bo‘lgan yangi gazeta tashkil etish hayot taqozosidir. Bunday gazetani SSSR Madaniyat fondining O‘zbekiston bo‘limi chiqarishi mumkin. «Ona tili» gazetasi til haqida bahslar olib boradi, imlomizni: tartibga solishga, alfavitimizdagi kamchiliklarga barham berishga hissa qo‘shadi, so‘z boyliklarimiznig to‘playdi va hokazo. Qisqasi, bunday gazeta juda-juda zarur deb o‘ylayman.

Ochig‘ini aytish kerak, hozirgi ahvolimiz juda murakkab. Butun bir mamlakat u yoqda tursin, bitta oilaning o‘zida qancha muammo bor. Shunday muhitda o‘sgan odam kurashga darrov otlanolmaydi. Kurashish uchun kuchli bilim, jur’at kerak. Jamiyatimizdagi yetishmovchiliklar ham ko‘pchilikning e’tiqodidan qaytib, yaxshi odamlarning noto‘g‘ri yo‘llarga kirib-ketishlariga sabab bo‘lmoqda, deb o‘ylayman. Ijtimoiy adolat qaror topmagan yurtda hamisha «Suv keltirgan xor, ko‘za sindirgan aziz» bo‘laveradi!

— Mahmud aka, tarixdan bizga juda yaxshi ma’lumki, har bir xalq hamisha o‘z mustaqilligi uchun kurash olib borgan. Xalqlar o‘rtasida turli xil ixtiloflar, diniy nizolar bo‘lgan. Lekin milliy nizolar hech bir davrda, ayniqsa, O‘rta Osiyo xalqlari o‘rtasida bugungidek yuzaga chiqib qolmagan. Axir, bobomiz Amir Temur juda katta markazlashgan davlat barpo qilgan-ku! Nega endi shu bugunga kelib xalqlarimizning beg‘araz do‘stligiga putur yetdi? Mana shu fojianing ijtimoiy ildizlarini qayerdan qidirish mumkin?

— To‘g‘ri, Temur O‘rta Osiyoni mo‘g‘ul bosqinchilaridan ozod qilib, markazlashgan davlat tuzdi. Marks aytadiki, Temur o‘z mamlakatiga tuzuklar, ya’ni qonunlar berdi. Qonunchilik qaror topgan joyda adolat, tartib-intizom bo‘ladi. Temur zamonasida yashagan ispan elchisi Klavixoning tasvirlashicha, saltanatdagi (imperiyadagi) barcha yo‘llarga qo‘riqchilar qo‘yilib, qaroqchilik, bosqinchiliklarga yo‘l qo‘yilmagan. Mamlakatga kelgan mehmonlar ham, karvonlar ham bexavotir yurganlar. Bu bilan biz uning jahongirlik yurishlarini inkor etmoqchi emasmiz. Har bir podsho saltanat tuzar ekan, u avval o‘z mamlakatini, xalqini birlashtirib, davlatni mustahkamlab olgach, keyingi qadam albatta jahongirlik yurishlari bo‘ladi, bu tarixiy qonuniyatdir.

Siz mendan bugungi kunda yuz berayotgan fojialarning ijtimoiy sabablarini so‘radingiz. Men ularni davr, muhit, sharoit, qolaversa, stalinizmning oqibatlari deb tushunaman. Nazarimda, chorizmning xalqlarni bir-birlariga gij-gijlab qo‘yish siyosatining davom ettirilishi natijasida Stalin siyosati keng quloch yoyib ketdi va milliy chegaralanish paytida ham anchagina xatoliklarga yo‘l qo‘yildi. Stalincha printsiplar chorizmning mustamlakachilik siyosatini davom ettirdi. Urushdan keyin O‘rta Osiyo respublikalariga butun-butun xalqlar quvg‘in qilindi. Endilikda o‘sha xalqlar o‘z yurtlariga ketish xohishini bildirib kurashmoqdalar. Odam dunyoga bir marta keladi, ammo har xil yashab o‘tish mumkin. Ba’zilar o‘zidan «kattalar»ning oldida boshi yerga yetguncha egilib, poyi-patak bo‘ladi, o‘zidan «quyiroqdagilar»ni esa oyog‘ining uchi bilan ko‘rsatadi. O‘z fikriga ega bo‘lgan kishilar esa har doim qadr topavermaydi. Demoqchimanki, inson dunyoga bir marta kelar ekan, o‘zining qadr-qimmatini bilishi kerak. Qadr-qimmatni saqlash ham oson ish emas. Bu uning uchun juda qimmatga tushadi: firqaga qabul qilinmaydi, har xil tazyiqlar ko‘radi va hokazo. Nima bo‘lishidan qat’i nazar, o‘z qadrini bilgan kishi, albatta, qadr topadi. Agar butun bir xalq o‘z qadrini yuksak tutsa, juda katta gap bo‘lardi!

O‘zbek xalqining nohaq jabr ko‘rib, qatl etilgani ulug‘ farzandi, adabiyotimizning buyuk vakili Abdurauf Fitrat shunday deydi: «Himmati va saboti bo‘lmagan millatning haqqi hayoti yo‘qdir». Demak, millat himmatli, sabotli, kurashchan bo‘lishi kerak, qo‘li ochiq bo‘lishi kerak. Har qanday fojialardan ustun turgan xalqgina yashashga haqlidir.

— Men ham ayamdan «O‘z qadrini bilmagan kishi o‘zgalarni ham qadrlamaydi» degan o‘gitni ko‘p marta eshitganman. Keling, endi shu fikrlarni adabiyotga bog‘laylik. Siz aytgan Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Usmon Nosir singari xalqimizning asl o‘g‘illari o‘zini ham, xalqini ham qadrlagan, sevgan edilar-ku! Tarixning yuziga sachragan ulug‘ insonlarning qonini nima bilan yuvish mumkin? O‘tmishning ustidan hukm chiqarib bo‘lmaydi-ku! Har bir davrda bo‘lganidek, 1937 yillarda ham madhiyaboz adiblar o‘tgan bo‘lishlari kerak. Mening nazarimda, hayotdan bevaqt ko‘z yumgan ustozlarimiz o‘sha zamonasoz ijodkorlarimiz qilgan gunohlarning kasriga qolgandek tuyiladi. Albatta, turg‘unlik yillarida ham zamon bilan «hamnafas» qalam tebratgan adiblar oz emasdi. Men Sizdan ana shunday eng og‘ir sharoitlarda ham e’tiqodini butunligicha saqlab qololgan ijodkorlar haqida so‘ramoqchiman. O‘z qadrini bilgan ijodkor sifatida Siz kimlarni qadrlaysiz?

— To‘g‘ri, Zamiraxon, hamma zamonlarda ham zamona zo‘rlarining nog‘orasiga o‘ynagan qalamkashlar ham, o‘z ijodida sobit turgan ijodkorlar ham bo‘lgan.

Bir vaqtlar Stalin haqida madhiyalardan iborat kitoblar chiqqan. Undan keyin partiyani maqtash niqobi ostida ancha «asarlar» chop etilgan. Yoppasiga hamma zamonasozlik qilib yurgan paytlarda ham e’tiqodida mustahkam turgan ijodkor sifatida men Shukur Xolmirzayevni juda qadrlayman. U xalqning yuragidagini yozdi, hech kim qo‘l urmagan, qaltis mavzularda ikkilanmay ijod qildi. Ulug‘ nemis adibi Iogannes Bexer, adabiyot agarda xalqning yuragidagini aytmasa, millatning ko‘zini ochib, ongini uyg‘otmasa, u adabiyot emas, ermakdir, degan edi. Shu ma’noda, Shukur Xolmirzayevning «Og‘ir tosh ko‘chsa…» hikoyasi xalqning ko‘zini ochadigan asardir. Unda o‘zbek xalqining yoppasiga uyg‘ona boshlagani haqqoniy tasvirlangan. Yaqinda adibning «Qora kamar» asari asosida yaratilgan spektakl Hamza mukofotini oldi, men buni qonuniy deb bilaman. «Qora kamar» bosmachilikka biryoqlama qarashga zarba bergan dastlabki asarlardandir.

Shoirlardan esa Cho‘lpon Ergashni e’tiqodi uchun hurmat qilaman. Rauf Parfi, Ma’ruf Jalil to‘g‘risida ham shunday iliq gaplar aytish mumkin.

— Mahmud aka, siz ko‘proq she’r o‘qisangiz kerak. Negaki, ijodkor tengdoshlarimning ko‘pchiligi Sizning huzuringizda tez-tez bo‘lib turishlari menga sir emas. O‘sha yosh shoir do‘stlaringizning ijodi to‘g‘risida qanday fikrdasiz?

— Sizga ochig‘ini aytaymi? Hozirgi she’rlardan she’riyat qochib ketmoqda. Ko‘pchilik shoirlar, ayniqsa, yoshlar ijodida quloch-quloch jozibasiz, obrazlardan xoli tizmalar nihoyatda ko‘payib ketdi. Masalan, hozir hayotdagi kamchiliklarni aytish, turli idoralarni, rahbar va rahbarchalarni so‘kish, dashnom berish urf bo‘lib, tobora «an’ana»ga aylanib bormoqda. Har qadamda qoqilayapmiz, yomon rahbarlar ham oz emas, lekin shunday ekan deb, shoir odam she’r yozayotganini unutishi kerakmi? Bunaqa gaplarni otashin publitsistik maqolalarda ham aytish mumkin-ku! Mirza Kenjaboyev, Aziz Said, Sirojiddin Saidovning publitsistik maqolalari fikrimni isbotlaydi deb o‘ylayman. Biz she’r o‘qiganda parokanda maqola o‘qigandek bo‘lmaylik. Axir, she’r inson yuragiga ta’sir etib, uning ruhini, ongini uyg‘otish uchun xizmat qilishi kerak-ku!

Yoshlar orasida yaxshi shoirlarimiz juda ko‘p, yana ham ko‘paysin. Men ularni nomma-nom sanamoqchi emasman, lekin yosh adiblardan Nazar Eshonqulov ijodi to‘g‘risida ozgina to‘xtalmoqchiman. Yaqinda Nazarning «Xaroba shahar surati» hikoyasini o‘qib, ulug‘ nemis yozuvchisi German Gessening «Shoir» degan rivoyatini esladim. Bu muallifning hikoyalarini o‘qigannngizda asarning g‘oyasi haqida o‘ylamaysiz, balki uning har so‘zi, har jumlasi sizning vujudingizdan o‘tayotgandek bo‘ladi. Unda xalq taqdiri, inson taqdiri uchun qayg‘urish nihoyatda kuchli. Agar «Jahon novellalari antologiyasi» tuzilsa, men O‘zbekistondan eng avval Nazar Eshonqulovning hikoyalarini tavsiya etgan bo‘lardim.

— Xalqimiz hayotiga aloqador masalalar haqida ancha gaplashdik. Endi adabiyot, xususan, o‘zbek adabiyotining taqdiriga bog‘liq bo‘lgan va sizni tashvishlantirayotgan eng muhim muammolar to‘g‘risida to‘xtalsak…

— Amerika olimlarining aniqlashlaricha, har bir odam o‘z umri davomida imkoniyatlarining bor-yo‘g‘i 5—6 foizinigina ro‘yobga chiqararkan. Meningcha ijodkorning imkoniyati kengroq bo‘ladi. Bilasizmi, men nimadan tashvishlanaman, har bir xalqning tarixi badiiy jihatdan ham isbotlangan bo‘lishi kerak. O‘zbek adabiyotida hozirgacha ana o‘sha badiiy tarix yaratilgan emas. Rus adabiyotini olsak, bir obraz yaratildimi, so‘ngra uning yangi-yangi tomonlari ochilib boraveradi. Masalan, Turgenev «Dvoryanlar uyasi» romanida dvaryanlar tabaqasining ma’naviy tanazzulini ko‘rsatadi. Undan keyin Saltikov-Shchedrin «Janob Golovlevlar» romanini yozadi va insonning ma’naviy tanazzuli uning jismoniy halokatiga olib kelishini badiiy tasvirlaydi, binobarin Shchedrin bu mavzuni ishlashda ancha ilgarilab ketadi. Rus adabiyotida ana shunday davomiylik, vorisiylik bor. Bizda-chi? Masalan, Abdulla Qodiriy ziyoli obrazini yaratdi. Otabekdan keyin qaysi obraz keladi? Aytishga qiynalasiz. Yoki Yusufbek Hojini olaylik. Ziyoli. Otabek ilg‘or qarashli bo‘lsa, u o‘zi yashab turgan muhitdan chiqib ketolmaydi, lekin diyonatli pok odam, ulug‘ odam. Qani, menga bu obrazning davomini ayting-chi? Yo‘q, Bizda mana shunaqa uzilishlar bor. Adabiyotimizda butun-butun davrlar yo‘q. Urushdan keyingi davr haqida bittayu-bitta asar — Murod Muhammad Do‘stning «Dashtu dalalarda» qissasidir. Kollektivlashtirish davrining fojialari haqida birorta haqqoniy asar yaratilmagan! Qisqasi, biz badiiy tariximizni tiklab olishimiz kerak. Qarang, Jo‘rji Zaydon islom dinining O‘rta Osiyoga kirib kelishi, Ispaniyaga kirib borishi, qo‘yingki, islomning dunyo bo‘ylab g‘olibona yurishlarini aks ettirgan, romanlar turkumini yaratgan. Qani, bizning Vilyam Shekspirlarimiz, Valter Skottlarimiz, Blasko Ibaneslarimiz.

Hozirgi jahon madaniyati bilan bo‘ylashish uchun bugun yoshlarimiz zimmasida juda katta vazifalar turibdi. Bugun bo‘sh asar yozgan yozuvchi ertaga zo‘r asar yozishi mumkin. Umidsiz bo‘lmaslik kerak. Nekrasov ham o‘zining birinchi chiqargan kitobini sotib olib, yoqib yuborgan. Men yoshlarimizning kuchiga ishonaman. Axir, algebraning vatani shu yer bo‘lsa, birinchi marta minoradan qanot bog‘lab uchgan Al-Javhariy o‘zbek bo‘lsa, bunga shubha qilish mumkinmi! Tariximizning, adabiyotimizning kemtik joylarini to‘ldirish uchun bizga Yahyo G‘ulomov, Maqsud Shayxzoda darajasidagi allomalar juda zarur.

— Mahmud aka, kishi tashvishlarini to‘ksa ko‘ngli ancha bo‘shab, taskin topgandek bo‘ladi. Yana qanday dardlaringiz bor, aytavering!

— E, dardimning hammasini aytsam, juda ko‘p… Siz quduq emassizki, men «Iskandarning shoxi bor» deb qichqirsam. Bu tashvishlarning hammasini aytadigan bo‘lsam, sizga og‘irlik qiladi. Har holda, bizni juda katta kurashlar kutayotgani aniq. Biz Orol uchun kurashni davom ettirishimiz, Xeva yodgorliklarini suvga bostirmaslik uchun imkoniyatimiz boricha harakat qilmog‘imiz kerak! Xirosima, Nagasakining havosi hozir biznikidan tozaroq emish. Xudoga shukur, bizning yurtimizda atom bombasi portlagan emas-ku? O‘zbek shu darajada xokisor xalqki, qornini nonga to‘ydirib, «Ha, barakalla!», deb qo‘yilsa, hamma joyni gullatib yuboradi…

Stalinning o‘ngqo‘l jallodlari bo‘lgan Budyonniy, Voroshilov, Jdanov nomlari qasabalarimizdan, ko‘chalarimizdan hali ham o‘chirilmagan. Kalininning qanchadan-qancha mash’um hujjatlarga imzo chekkanligi bugun hech birimizga sir emas. Endi tasavvur qilib ko‘ring: o‘sha kimsalardan nafratlangan holda, «Kalinin dahasidanman», deyishning naqadar og‘irligini!… Bizning yuragimizni badbin bir qo‘rquv egallab turibdi. Otamizning zo‘rligini bilsak ham, bir vaqtlar kimdir uni «yomon» deb qo‘ygan bo‘lsa, «Otam», deyishga qo‘rqadigan bo‘lib qolganmiz…

Bir rivoyatda aytilishicha: odam baxtli yashagan kunlarinigina umrga hisoblarkan, qolganlarini yo‘q! Shu rivoyatda hikmat ko‘p. Inson dunyoga bir bor kelgandan keyin — baxtli yashashi kerak-da! «Xalqing o‘lsa o‘lib, tirilsa tiril» degan gap hech balandparvoz gap emas. «Tuya minib, uzoqni ko‘zla», deyishadi-ku, uzoqni ko‘zlasangiz, xalqingiz erkin, hur bo‘lsa, siz ham shu yurtning bir chekkasida baxtli bo‘lib yuraverasiz…

— Mahmud aka, garchi sizga bermoqchi bo‘lgan savollarim tugamagan bo‘lsa-da, suhbatimizga shu yerda ko‘p nuqta qo‘ymoqchiman. O‘ylaymanki, xalqimizning dardlariga malham qidirayotgan odamlarning safiga o‘gitlaringizdan bahramand bo‘lgan muhtaram mushtariylarimiz ham qo‘shiladilar. O‘zbekistonning bolalari ko‘paysin, ularning hammasi siz kabi jonkuyar, sog‘lom fikrli bo‘lsin deb orzu qilaman. Sizga katta rahmat!

Zamira Egamberdiyeva suhbatlashdi

“Yosh leninchi” gazetasi, 1989 yil 8 dekabr