Ahmad A’zam: «Adabiy asar – til hodisasi» (2012)

– Ahmad aka, o‘zbek nasrining bugungi mavqei haqida gaplashsak. Yaxshi bilasiz, o‘tgan asrning 90-yillarigacha kimdir biror qissa yozsa mashhur bo‘lib ketar edi. Ne tongki, o‘shalarning ayrimlarinigina bugun yodga olamiz. Ikki yil burun Yozuvchilar uyushmasi yig‘inida jonkuyar mutaxassislardan biri Mustaqillik yillarida yuz yigirmadan ortiq roman chiqqanini ta’kidlab, ularning ro‘yxatini taqdim etdi, buning ustiga majlis qatnashchilariga shu yo‘riqda anketa savollariga javoblar yig‘di.

Tabiiyki, ro‘yxatdagi asarlarning aksariyatini adabiyotchilar ham, yozuvchilarning o‘zlari ham o‘qimagan bo‘lib chiqdi. Hayronman, hozir o‘qimaslik moda kasallikka aylanib qolmadimikan?
– U paytlari… boshqa narsa ham bor edi – katta asar yozishga, e’lon qilishga uncha-muncha odamning haddi sig‘mas, qissani ham nasrning ravish-yo‘nalishlarini yaxshi o‘zlashtirgan, poetikasini his qila olganlar yozgan, bu ham avvalo muallifning malaka chig‘irig‘idan o‘tib, jamoatchilikning yaxshi kutib olishiga shuuri yetgani taqdirda e’lon qilinar edi. Tog‘ay Murod, Murod Muhammad Do‘st kabi u paytlari yosh adiblarning qissalari tili, badiiyati, poetikasi bilan yarq etib ko‘zga tashlangan. Adabiyot oldida, So‘z oldida mas’uliyat juda katta, keyin asarning har bir jumlasi, har bir so‘ziga qaraydigan Vahob Ro‘zimatov kabi qahri qattiq sinchilarining nazaridan qolish, bemaza yozibsan deb zahrini sochadigan Mahmud Sa’diy kabi tahrir pirlariga ro‘para bo‘lish doim kun tartibida turar edi. Yoshlarning o‘z adabiy davrasi ham yaxshigina hakam, yangi chiqqan asar avvalo shu davraning o‘zida muhokamadan o‘tar, bemaza narsa bosilib qolsa, o‘qigan odamga ham xuddi behurmatlikka uchragandek ta’sir qilar edi. Shuning uchun ham oz va soz yozilgan aksariyat asarlar. Adabiy tilimiz martabasi ortgan, bo‘shroq yozadigan yosh yozuvchilarning asari ham ishlov berilmay, puxta tahrirsiz chiqmas edi. Adabiy tilimizning katta rivoj bosqichi ham shu davrda kechdi. Ha, darvoqe, hozir bir nechta yozuvchilarimizning yozganlarini e’lon qilmayotganlari sababi ham shunga kelib taqaladi – bugun tekin tahrir qilib beradigan zahmatkash “mardikor”lar zamoni o‘tdi. Ko‘p narsalar qanday yozilgan bo‘lsa, shunday chiqib ham ketyapti. Buning bir yaxshi tomoni ham bor: sheriklikka sun’iy asar yaratilmaydi. U davrlarda, ochiq gap, ba’zi yozuvchilarimiz romanlari ham uning ustida nashriyotdami, redaktsiyadami yetti bukilib ter to‘kishi bilan qatorga kirardi. Qanday yozgan bo‘lsa, shunday e’lon qilayotganlarning misi o‘z-o‘zidan chiqyapti, bularning tili pala-partish, tozalanmagan, albatta bunaqa asarni qo‘lga olgan kitobxonning umuman kitobdan ko‘ngli qoladi.
Til mas’uliyatining yo‘qolishi so‘z san’atiga yaqin ham kelmaydigan narsalarni urchitib yubordi. To‘g‘ri kelgan odam xayoliga kelgan narsani yozyapti, qo‘lbola rivoyatlardan tortib qotirma romanlargacha. Ilonning nimaligini bilmagan bolakay chaqishidan qo‘rqmay ushlayveradi, tarix nima, unda haqiqatan nimalar kechgan, odamlar qanday yashagan, ruhiyati qanday bo‘lgan, qanaqa shevayu ohanglarda gaplashgan, buni o‘ylab ham o‘tirmay, bir manbani o‘qisa, shunga suyanib yoki “badiiy” ko‘chirib, “borodurman-kelodurman” degan yasama “tarixiy” tilda jild-jild romanlar ham yozib tashlanyapti. Mayli, yozsinlar, shu yozganlari hujjat, manba asosida bo‘lsa kerak, ularning ma’rifiy qimmati ham bor, lekin tadqiqot desinlar, izlanishlar, taassurotlar desinlar, lekin roman deb janrning obro‘sini to‘kmasinlar.
Yoshlar o‘qimaydi, deymiz – shunaqa narsalarni o‘qiydimi? O‘zimizning ham saviyasi past narsalarga ko‘zimiz nurini ketkizishdan boshqa yumushimiz yo‘qmi? Axir, o‘qiydigan narsani o‘qiymiz-da. Menga, ochiq gap, asarning boshlanishidan yarim sahifa, hattoki, birinchi jumlasini o‘qib ko‘rish kifoya, tortsa – kalla tashlab o‘qiyman, yoqmasa, joyiga qo‘yib qaytib qo‘limga olmayman. Til badiiyatini egallamay asar yozish –o‘ziga nisbatan behurmatlik va kitob ahliga nisbatan axloqsizlik. Axloqsizlikni so‘kkandan ko‘ra, uni quloqni bekitib, eshitmagan ma’qul deb bilaman..
– Albatta, odamning o‘sha romanlarga birvarakay baho berishga jur’ati yetmaydi. (Adashmasam, o‘sha majlisda o‘sha “mutaxassis” tomonidan “nega Erkin A’zam roman yozmaydi?” degan xurmacha do‘q ham urilgan edi). Birinchidan, ularni o‘qish kerak, ikkinchidan vaqt va undan so‘ng hafsala ham zarur. Nazarimda, birgina Qozoqboy Yo‘ldosh ularni muttasil o‘qib, erinmay fazilatlar topib maqola yozib yotibdi. Hech kim bahsga ham kirishmaydi. Biz talaba edik, Ahmad A’zam degan tanqidchi bot-bot adabiyot gazetasida yeng shimarib katta olimlarga ham qo‘rqmay tashlanib qolardi va haq gapini isbotlar edi.
Nega axir, bugungi 60 yoshlilar o‘sha faollikdan bezib qolishdimi?
– Ayni kunlarda adabiy tanqidchiligimizda mezon bo‘la oladigan fikrlar, yetakchi tanqidchilarimiz yo‘q. Bevosita adabiy jarayonga ijobiy ta’sir o‘tkazadigan fikr darg‘alarini nazarda tutyapman. M.Qo‘shjonov, O.Sharafiddinov singari salobatlari bilan qo‘r to‘kib, adabiyot darovazasidan kirmoqchi shunchaki havasmandlarni hayiqtirib turadigan ustozlarimiz o‘tib ketdilar. Adabiy-tanqidiy tafakkur beega qolgandek, uning maydoni ham nihoyatda torayib, ta’sir kuchi yo‘qolib, o‘zi tanazzulga yuz tutdi O‘zingizni yoshi o‘tgan tanqidchi o‘rniga qo‘yib ko‘ring: bir umr bu borada mehnat qilgansiz, yozganlaringizni ilgari o‘quvchilar nazardan qoldirmagan, qaysi asarlarni tahlilga olgan bo‘lsangiz, o‘shalarni ham izlab topib mutolaa qilgan, bugun sizni ham, siz umr bo‘yi tahlilu tadqiqot qilgan asarlarni ham o‘qimaydi. Zamonga moslashib yangi narsalar bozoriga tushishga esa oyog‘ingiz tortmaydi. Nima qilasiz? Nima qilamiz? E-e, bu zamon qayoqqa qarab ketyapti, o‘tgan o‘rtacha yozuvchilarimiz mayli, lekin nimaga buyuklarimiz ham e’tibordan qolyapti, ha, hammasiga OAV, ko‘cha matbuoti, Internet sababchi, adabiyotga esa g‘arbdan modernizm balosi kirib kelyapti deb, yomonning kuchini yapaloqqa ko‘rsatamiz; kuchimizni o‘zimizga nisbatan yosh, lekin allaqachon ellikni qoralab, oldinga o‘tishga odob saqlab turgan adiblarimiz yo shoirlarimizga ko‘rsatamiz, yangicha badiiy tafakkur o‘zgarishlarini yot ta’sirlarga yo‘yib, qani an’analarimizga sadoqat, qani buyuklarimiz xotirasini hurmatlash deb na’ra tortishga chog‘lanamiz – befoyda, yoshlar g‘adir-budur bo‘lsa-da, o‘zlari kashf qilgan yo‘ldan ketaveradi, o‘tmishimizning cho‘ng qoyalarini darsliklarda tiklab qo‘ygan bo‘lsak-da, ularga qaramaydi. Ha-ya, tortadigan na’ramiz ham ichimizda – kitob o‘qimagandan keyin o‘tmish iztirobi bilan yozilgan maqolamizni ham o‘qimaydi-da. Keyin, o‘n kun, bir oy o‘tirib yozgan maqolamizga o‘zi zo‘rg‘a kun ko‘rayotgan gazeta hemiri ham bermaydi.
Damimizni ichimizga yutib o‘tiraveramiz. Hayot esa ilgarilab ketib borayotir, adabiy jarayonda, istaymizmi, yo‘qmi, o‘tmishga tarmashgan irodamiz bilan hisoblashmay, botiniy o‘zgarishlar kechayotir. Dagish ishini qilyapti, qirg‘oqning tagidagi qumlarni allaqachonlardan beri yuvib o‘tyapti, yupqagina yuza turibdi xotiramizda, qurigan chinorlari bilan. O‘zimizni hali ham ro‘yxatdagi shu chinorlar soyasida deb o‘ylaymiz…
To‘g‘ri, vaqt o‘tishi bilan adabiyot saralab, saralanib boraveradi, ancha-muncha asarlar eskirib, tasarrufdan chiqadi, ularning o‘rniga yanada yangiroq, yanada tozaroq asarlar kirib keladi. Bu – muqarrar kechadigan ichki rivoj qonuniyati, busiz so‘z san’ati yashay olmaydi Lekin siz aytayotgan to‘qsoninchi yillar boshida faqat sanoqli asarlar emas, adabiyotning yangilanish jarayonining o‘zi tagdan buhronga uchradi, ayni paytda shu buhron tubidan adabiyotimiz kelajagi o‘laroq yangicha badiiy tafakkur qoyalari o‘sishga boshladi. Bu faqat sho‘ro tuzumining patarot topishi bilan bog‘liq emas… To‘g‘ri, yangi Mustaqillik tuzumi, yangi davrdagi fikr erkinligi ayni badiiy tafakkurning eski mahsullaridan qoniqmay, unda ham o‘zgarishlar qilish talabini qo‘ydi. Bu tabiiy hol, lekin bozor talablari, erkinlik havosi deb adabiyotni o‘z holiga tashlab qo‘yishda jamiyat o‘zgarishi bilan birga o‘zimiz “yaratgan” sabablar ham bor. Kitob tarqalishi, savdosi butkul izdan chiqib, badiiy adabiyotni targ‘ib etadigan matbuotning nomi ko‘paygani holda tirajining tamom tushib ketgani ham bir omil.
Vakuum bo‘sh turmaydi, professinonal baquvvat asarlar bilan o‘zini to‘ldira olmagan vakuum bozor orqali saviyasi past, adabiyot emas, biznesni ko‘zlagan oldi-qochdi bejamalarni so‘rib oldi. Hozir kitob do‘konlari shularga to‘la.
Buning yanada o‘zimizga, adabiy jamoatchilikka tegishli jihatlari bor. Yangilanish tarixi boshlanganiga yigirma yildan oshib ketdi, biz esa haligacha o‘tgan ustozlar yetagida yuribmiz. Yoshlar kitob o‘qimaydi, hamma Internetga yopishgan deymiz, lekin nimani o‘qimayapti, nima yaxshi asarlardan yuz buryapti kitobxon? Eskidan qolayotgan, eskirayotgan asarlarni bizning tengdoshlar ham o‘qimaydi, chunki sho‘ro zamonida yaratilgan asarlardan hidini bir chaqirimdan bilib qochamiz, yangilari esa yo yo‘q, yo ularga didimiz ko‘nikmayotir. Yoshlarga esa adabiyot darsliklaridagi shu eskilar ham yuqmaydi, o‘zlariga to‘g‘ri keladigan yangilar juda kam.Nima o‘qisin ular? Ochig‘i, shu savolni qo‘yyayapman-u, javobiga xuddi adabiyotimiz o‘tmishiga tosh otayotgandek, qiynalyapman.
Albatta, yangi asar, yangicha tafakkur yo‘q yerdan paydo bo‘lmaydi, adabiyotda davomiylik bor, u – adabiy tilning ravnaqi, bunda uzilish bo‘lmaydi. Lekin A.Qodiriy asarlari yaratilganiga sakson-to‘qson, A.Qahhor asarlari yaratilganiga ellik yildan oshyapti, hozirgi shakllangan avlod yozuvchilari shu asarlardan til tarbiyasini olgan, lekin adabiy til chiqqan dovonida qotib turmaydi, o‘sadi, ustozlarimiz ham bir joyda qotib turmaydi-ku. Ustozlarimiz ham men kelgan chegaradan u yog‘iga o‘tmaysizlar degan o‘git bermagan. Tog‘ay Murodning xalqona suyumli, Murod Muhammad Do‘stning baland havoli, teran falsafaga boy, Erkin A’zamning har bir so‘zni chertib olib yozilgan tili yaralib boshlaganiga ham o‘ttiz-qirq yil bo‘lyapti. Til tuyg‘usi ona suti bilan, aql bilan birga beriladi, keyin o‘zgaradi, sayqal topadi, lekin ilk asarlari tilidan uncha uzoqqa ketmaydi yozuvchining tili. Demoqchimanki, adabiy tilimiz rivoji saksoninchi yillar oxirigacha keldi, keyin hayot tashvishlariga o‘ralashdik, bozor tamoyili degan gaplar chiqdi, xullas, unga e’tibor o‘ldi. Ana shundan keyin, siz aytgandek do‘kon peshtaxtalarini o‘z didini ayaydigan, o‘zini hurmat qiladigan odamlar o‘qimaydigan kitoblar istilo qildi.
Erkin A’zam nimaga yoshi oltmishdan oshib roman e’lon qildi? Haligi mutaxassis iddao qilgandek, oldinroq nimaga yozmadi? Nimaga biz havas qiladigan iste’dodlarning bor-yo‘g‘i bitta yo ikkita romani bor? Bu kuchi yetmaganidan emas, balki roman nimaligini, unga qanday til tajribasi zarurligini anglab, o‘zini tayyor bilmaguncha qo‘li bormaganidan. Erkin hozir ham yozib tashlayvermaydi, bunday yozuvchilar uchun yozish – So‘z mas’uliyati, vijdon ishi. Hozir qarang, bularni ayrim ham deya olmaysan, qo‘sh jildlik, trilogiya, hatto tetralogiyalar chiqib ketyapti, ikki xatboshisini o‘qiysiz-da, qaytib qo‘lingizga olmaysiz – tili yozuvchining tili emas, tasvir yo‘q, dialog yo‘q, poetika yo‘q, badiiyatning asos xossasi – tili g‘aribdan g‘arib.
Kitob do‘konlarida savlat to‘kib turgan muhtasham bezakli “yostiq”larni ko‘rib odam hayiqasan: e-e, bunga ozmuncha mehnat sarf bo‘lganmi, qog‘oziyu boshqa xarajatini qo‘yavering, qancha umr sarf bo‘lyapti; mayli deysan, katta qismi yaxshi niyatda qilinyapti-ku, ertami-bir kun bu oqim ham tiniqlashib, ichishga yaraydigan bo‘lib qolar, deb tilingni tiyasan.
Oltmishni urib qo‘yganlarning faol emasligi… yosh bilan, oilaviy, turmush tashvishlari ko‘payishiga, moddiy manfaat yo‘qligiga bog‘liqdir. Lekin adabiyotni kuzatib-o‘qib borish so‘nmagan bo‘lsa kerak deyman. Men ko‘p gaplashadiganlardan Ibrohim Haqqul, Erkin A’zam, Xurshid Do‘stmuhammad doim o‘qib borishi misolida tengqurlarimizdan ko‘pchligi adabiy jarayonga befarq emas degan xulosaga kelaman. Shoir Xurshid Davronni gapirmayman, uning faolligini hamma biladi, tarixiy siymolarimiz haqida qator nasriy asarlar, tadqiqotlar yaratish bilan bir qatorda Internetda har kuni turkiy adabiyotlar, tillar, ma’naviyat haqida o‘nlab(!) kitoblar e’lon qiladi, bahslarga aralashadi, o‘z fikrlarini muntazam bildirib boradi. Endi, baribir, ko‘pchilikning buncha jimib ketishini ma’qul ko‘rmayman. Tengqurlarimning pastga tushib, tortishuv-olishuvlarda qatnashmasa ham, to‘rda qo‘r to‘kib o‘tirishlarini istar edim, chunki ularning borligi majlis ahliga adabiyotning yukini har kim yelkalab keta olmasligini eslatib turadi. Qozoqboy akaga kelsak, u kishi bizga tengdosh, demak qatorimizda faol munaqqidimiz ham bor, omon bo‘lsinlar, lekin boshqalari… barmoq bilan sanashga ham yetmaydimi deyman. Endi bugungi kunda tanqid bilan shug‘ullanishni hech kimga oson tutib bo‘lmaydi. Bu ish juda katta zahmat va rag‘batni talab qiladi. Lekin, umid shulki, yoshlar yetishib kelyapti, nasrning yillik muhokamasida ko‘rdim, ularning chiqishlarida asar haqida umumiy gapirish yo‘q, muayyan kontseptsiya bilan yondashish, aniq fikrlash bor. Shundoq, keyingi avlodlarning o‘z tanqidchilari bor, lekin menga ular haddan ortiq boodobdek, ustozlar qoshida tortinib turadigandek tuyuldi.
– “Asqartog‘ tomonlarda” degan qissangiz bosilayotganda men “Yoshlik” jurnalining kichik xodimi edim. Ochig‘i, bu qissada biz ko‘nikib qolgan silliq mavhumot va mavhumday tuyuluvchi ziddiyatlarga qarama-qarshi o‘laroq favqulodda reallikni ko‘rganman. O‘.Usmonovning “Girdob” romanidagi domlalar bilan “Asqartog‘…”dagi domlalarning, garchi zamon o‘sha-o‘sha bo‘lgani bilan, farqi ancha edi-da. Bu bilan Sizga pishang berib maqtamoqchi emasman-u, har qalay vaqti-zamonida o‘zingiz aytgan bir gap miyamda muhrlanib qolgan: “Proza odam odam bilan bemalol, ochilib suhbatlashgani singari tabiiy bo‘lishi kerak”. Shundan beri qarayman, kuzataman, o‘qiyman. (Yozganlaringizning deyarli barini o‘qigan chiqarman). “El qatori” ancha jimib ketdingiz ham. Keyin: “Tiqin”, “Hali hayot bor”, “Tugmachagul”, “Dutor bilan tanbur”, “O‘zi uylanmagan sovchi”, “Ro‘yo yohud G‘ulistonga safar””, (shu romanni andak istisno qilganda) tabiiy maromni ko‘raman. O‘ylab qolamanki, bu boshqalarga o‘rgatib yo tatbiq qilib bo‘lmaydigan Ahmad A’zamning o‘zigagina xos ijodiy printsipi bo‘lsa kerak…
– Adabiyot, so‘z san’ati haqida gapirib turganda, odamning birdan o‘ziga o‘tishi juda noqulay. Saksoninchi yillar jahon adabiyotiga ayniqsa ruju qo‘ygan yillarim. Bitta men emas, qirq to‘qqizinchi yil avlodi deymiz, bizga dunyoning sara asarlarini mutolaa qilish, o‘rganish bir urf edi. Men rus tilini “tvoya-moya” darajasida bilgan holimda, o‘qishni harbiyda birdaniga D.J.Selinjerning “Nad propastyu vo rji” asaridan boshlaganman. Kutubxonada bor ekan, so‘zni so‘zga to‘qishtirib, yigirma kunlar bosib o‘tirib o‘qidim va shu bilan rus tilidagi go‘zal tarjimalar bilan tanishishga yo‘l ochib oldim. Xemingueyning bir suhbatini o‘qib, u o‘qigan yozuvchilar asarlarini qidirishga tushdim, adabiyotshunos bo‘laman deganim uchun yozuvchilarning o‘z ijodlari, adabiyot haqidagi suhbatlari, ular haqidagi tadqiqotlarni o‘rganib, xayolimda dunyoning sara yozuvchilari ro‘yxatini tuzib oldim. Shu bilan asta-sekin jahon badiiy tafakkur maydonini o‘z biligimcha kezishga tushdim. Hozir ham Yasunari Kavabata, Xorxe Luis Borxes, Jan Pol Sartr, G‘ulomhusayn Saadiy (ruschada “Saedi”), Maks Frish asarlarini qayta mutolaa qilib turaman. Tili ohorli-toza asarlarni sevaman, tabiiyki, “Qissasi Rabg‘uziy”, “Boburnoma” tili qanaqadir entiktiradigan hayajonlarga tortib ketadi, rostdan! “O‘tkan kunlar”, “O‘tmishdan ertaklar”. “Bolalik”, “Shum bola” yoshligimdan tiliga mahliyo bo‘lganim asarlar. Tili uncha toza bo‘lmagan asarlarni o‘qiy olmayman, jumladan qiyomiga yetkizmay qilingan tarjimalarni ham. Demoqchimanki, meni tanqidchilikni tashlab, yozuvchi bo‘lishga undagan omil shu. Dunyoning sara asarlaridan juda ko‘pini o‘qib yurdim, rus tiliga qilingan shu tarjimalar orqali shakllandim. Yozuvchi bo‘lib, u-bu narsalarga erishgan bo‘lsam, ana shu tarjimalar va o‘z adabiyotimizdan terib-tergilab olib o‘qishim tufayli. Va bunda, albatta Samarqand universitetida Navoiy bobomizdan chuqur darslar olganimizning ham ulushi juda katta. Qanaqa yozuvchi ekanimga o‘zim bir narsa deyishim qiyin, bahoni kitobxon beradi. Men qanaqa yozuvchi bo‘lishga intilganimni gapiryapman. Shu o‘qish, o‘rganishlar maromida o‘quvchi, kitobxonni hurmatlab, unga aql o‘rgatavermaslik, hayot haqida uning o‘zi ham biladigan xulosalarni tiqishtirmaslik, tendentsiyayu mafkuradan qochish, xolis turib, tasvirdan fikr chiqarib olishni o‘quvchining o‘ziga qoldirib yozish yo‘lini tanlashga harakat qildim. Ha, siz aytganday, odam bilan odam ochilib gaplashgandek tasvirlashni. Buning tagida, albatta, tasvirni xuddi rasmga tushirgandek o‘zini berish nazarda tutilmaydi, detal, tafsilot, voqea ham o‘qigan odamda boshqa taassurotlar uyg‘otishi lozim. Yozuvchi xolis qoladi, o‘zini bilmaslikka oladi, ba’zan anoyi tutadi, tasvirlari keraksiz ham tuyuladi, lekin til ohanglari bilan tortib turadi va shu ohanglar kitobxon ko‘nglida aks-sado bo‘lib, fikr uyg‘otadi. Orzuim shunaqa chiroyli. Qani edi shunday yoza olsam deyman.
Bir maromda, uzmay yoza olmaganman, bir ishda ishlagan paytlarim yozmaganman, shuning uchun ko‘p joyda ikki yilga borib-bormay, bo‘shab ketaverganman. Faqat TVda o‘n bir yildan oshiqroq ishladim, shu payti ham yozmadim, orada muharririyat almashganda uchta hikoya yozib qolganimni istisno qilsa. “Ro‘yo”gacha bir maromda kelgan bo‘lsam, o‘sha o‘zim ekanman. “Ro‘yo”ni dardda yotib, dard bilan yozdim. Ishqilib tugatay degan xavotir, M.M.Do‘st aytganday, “vasvasa bilan” oxiriga yetkazdim. Hammasi o‘zining tabiiy maromida, yutug‘u kamchiliklari bilan birga bo‘lsin deb, odatimga xilof ravishda tiliga ham qayta teginmadim. Yana yozishni mo‘ljal qilgan, boshlab qo‘yilgan narsalarim bor, ularga ham vaqt qolishi, kuch yetishi kerak edi. Xudo xohlasa, siz aytgan, menga xos ijodiy printsip shu urinishlarimda ko‘rinsa kerak. Bilmayman yana nima deyishni, kuch bersa, yozaveray-chi; yozishning o‘zidan ham kattaroq gap yo‘q men uchun.
– Yosh yozuvchilardan biri bundan rosa 15 yil burun “bu yog‘iga adabiyot elitarlashadi” degan fikr aytuvdi. O‘zi-ku yozuvchi o‘shandan buyon tamoman jim. Lekin har zamonda yon-verimga qarab, men g‘aflatdaligimda adabiyot jonivor “elitarlashib” qolmadimikin deyman… Siz ham shunaqa fikrga borganmisiz?..
– Bu savolga javobni misoldan boshlasam. Sakson yettinchi yilmidi, yozuvchilar uyushmasiga Parijdan “Aksion poetik” degan jurnal vakillari keldi. Ular bilan tanishdik, suhbatlashdik. Gapdan gap chiqib, qaysimizdir bizda Erkin Vohidov, Abulla Oripovning she’riy to‘plamlari sakson-yuz ming nusxada chop etilishini aytgan edi, frantsuzlar angrayib qoldi. “Men sizlarda qancha nusxada bosiladi?” deb qiziqdim, e-e, bularni toza urib ketgan ekan-ku degan ma’noda. Ulardan biri “Yuz-ikki yuz nusxada. Buni ham shoirning o‘zi chop qildiradi, yoru do‘stlariga tarqatadi, o‘tsa yana chiqaradi. Katta tiraj besh yuzga boradi-da”, dedi. Men ajablanib, “Dunyoga mashhur shoirlaringiz ham shu ahvoldami?”, deb so‘radim. “Ha, men buyuklarni aytyapman”, dedi. “She’riyat bunday bo‘lsa, prozaning ahvoli qanday? Masalan, Frantsiyada yashayotgan Nobel mukofoti laureati Semyuel Bekket asarlari qanchadan bosiladi?”, deb so‘rasam, “Bekketni uni tushungan odamlargina o‘qiydi. Bular ham ko‘p emas. Bekket teatri ham bor, unga ellik-oltmish xos odamlargina tushadi” dedi. Men Chingiz Aytmatovni so‘radim, “Uning asarlari katta tirajlarda bosilar ekan-ku sizlarda ham?” degan savolimga, “Ha, Aytmatov katta tirajda bosiladi. Lekin u bestseller”, deb gapni lo‘nda qildi.
Uzun misol bo‘ldi, lekin nima demoqchiligimni bilyapsiz. Kitobxon deganimiz bir xil yuksak didli odamlardan tarkib topmaydi, o‘qiyotgan omma qiziqishi, didi, bilimi, saviyasi, dunyoqarashi turli darajada bo‘lgan qatlamlardan iborat. Butun dunyo kitobxoni shunday. Do‘kon peshtaxtalarini asar emas, asarlar bosib ketdi deymiz, demak, shuncha narsaga talab bor, uni o‘qiyotgan omma bor-da. Nashriyotlar ham o‘tmaydigan molini savdoga qo‘ymaydi. Badiiyati teran asarlarni didi teran kitobxonlar o‘qiydi, bu qatlam uncha qalin emas, ozchilikni tashkil qiladi, kelib chiqadiki, adabiyot elitarlashyapti. Dunyoning ilg‘or adabiyotlari shunday: har bir kitobxon qatlamining o‘ziga yarasha mahsullari bor, lekin, keling, shunaqa deylik, yuksak adabiyotni bozor adabiyotidan past ko‘rmaydi, ayni paytda bozor adabiyotini ham yuksakka ko‘tarmaydi. Hammasi o‘zining o‘rnida, o‘z maromi bilan rivojlanadi. Xususan o‘zimizning sharoitga kelsak, adabiyotning bachki novdalari g‘ovlab ketishi bor, lekin bu shoxlar mangu ko‘karib turmaydi. Elitar adabiyot umuman adabiy jarayonni oziqlantirib, bachki novdalarni qaychilab turadi bari bir.
– Adabiyot , xususan, nasrning o‘zini olganimizda ham had-hududsiz bir makon. Umrbod o‘quvchi bo‘lib yashab uning sarhadiga yetish qiyin. Faqat mashhurlarning asarlarini o‘qishga ulgurish ham mahol. Bizda klassik romanchilik an’analari bor. Hozirgi kundagi proza bari bir kechagidan farq qiladi. Bu ham tabiiy. Sababi bugungi odam bugungi shart-sharoitga moslashib yashayapti va o‘z-o‘zidan fikr-o‘yi ham, muammosi ham kechaginikidan farq qiladi. Kecha sokin va turg‘un bir kechmishda yashayotganimizda Tog‘ay Murod xalqona ohang va dardlar bilan qissalar yozganida sevinib, sevib o‘qishga tushib ketganmiz. Bugun, masalan, shu kayfiyatdagi yozuvchi chiqishiga va so‘ng odamlar uning asarlarini yopirilib o‘qishiga kishining ko‘zi yetmaydi. Pafos degani ham ayrim zamonlarda ko‘tarilib, boshqa vaqtda tushib yo‘qolib ketadi shekilli-da. Umuman olganda bugungi o‘zbek nasrining o‘rnini qanday baholar edingiz?
– Nima bo‘lganda ham nasrning o‘zi ham, ahamiyati ham yo‘qolmaydi. O‘zgarishlar tubdan yo ochiq kechishi mumkin, lekin millatning ma’naviy ehtiyoji bir-ikki davr yo navbatdagi mafkura bilan qonib qolmaydi. Badiiy tafakkur harakati azaliy-mangu jarayon. U hozir sustlashgandek, uning gurkirab ketishiga havo yetmayotgandek tuyular, lekin tub oqimlar harakatdan to‘xtamay, o‘z ishini qilib, yangi iste’dodlarni yetishtirib yotibdi. Men, masalan, o‘zimga nisbatan yosh, lekin allaqachon katta adib bo‘lib tanilgan Nazar Eshonqul, Siz, Isajon Sulton, Ulug‘bek Hamdam kabilarni nazarda tutyapman. Bir davr she’riyatini badiiy tafakkurdan ayricha olmaslik kerak, bizda keyingi yillari, Mustaqillik zamonida she’riyat yangicha talqinlari bilan oldinga ham o‘tdi, uning Faxriyor, Abduvali Qutbiddin, Bahrom Ro‘zimuhammad, Aziz Said, Xayrullo Fayz singari ustunlari borki, bular o‘zlaridan keyingilarining erkin fikrlashiga keng yo‘l ochib beryapti, juda yoshlar orasida unda-bunda chiqib, o‘zlarining yangicha fikrlash tarzini namoyish etayotgalari bor, men shularga qarab, jarayonga nekbin yondashishga urinaman. Hozir bugungi o‘zbek nasriga bir qarashda aniq tashxis bo‘ladigan baho berish mushkul masala, Izlanishlarning jug‘rofiyasi juda keng, ko‘pi yuza qatlamda, hali shakllanmagan, aytganimdek, tub oqimlar kechyapti, hali uncha yuzaga chiqmagan, keyin, adabiyotimiz, jumladan nasr targ‘iboti shu reklama zamonida o‘gay soha bo‘lib kelyapti. Hozircha, ertangi nasr ham aniq belgi berayotgani yo‘q, lekin tagdan qalqib turibdi, yorib chiqib qolar deb umid qilamiz. Zero, har qanday sharoitda ham adabiyot rivojdan to‘xtamaydi. Yangilanish ruhi, yangilanish ehtiyoji bugungi o‘zbek nasrining xos alomati bo‘lsa kerak.
– Taniqli yozuvchi Murod Muhammad Do‘st shoir Faxriyor bilan suhbatida (“Yoshlik”, 2012 y. 4-son) yaponiyalik X.Murokami, braziliyalik P.Koelolarni puflab shishirilgan “daho”lar deb ataydi. To‘g‘rimikan? Shuningdek, “Urush va tinchlik”, “Aka-uka Karamazovlar”, “Master va Margarita”, “Arsenevlar hayoti”, “Doktor Jivago”, hatto Aytmatovning ayrim romanlarini ham “orqasi keng” ba’zi ziyolilargina o‘qiyapti desak bo‘ladi. O‘zi adabiyotda qanday asarlar yashab qoladi?
– Keyingi o‘n besh yillar mobaynida ish, siyosat va turmush tashvishlari bilan bo‘lib, ilgarigidek ko‘p o‘qiy olmaganman. Jarayondan uzoqlashdim, yoshlikdagi ishonch ketdi, hakamlik qilishga haddim sig‘maydi. Keyin, rus tilidan boshqa xorijiy tillarni bilmayman, binobarin, chet adabiyotni asliyatida o‘qishim imkoni yo‘q. Men ham ko‘p qatori jahon adabiyoti namunalarini rus tili orqali, ruslarning tanlovida, ular tavsiya qilganlarini o‘qiyman. Masalan, Murakamini ham, Koeloni ham mutolaa qilganman. Kafkani, Sartrni, Borxesni sevib o‘qigan odamda ko‘tar-ko‘tar bo‘lgan bu yozuvchilar uncha hayrat uyg‘otmaydi. Masalan, bularning hech birini Kamyu darajasiga qo‘ymayman. Pamuk asarlari ham menga xalqaro Nobel mukofoti oladigan darajada tuyulmadi. Siz tilga olgan asarlardan Tolstoy va Dostoyevskiy romanlarini bahodan baland turishini ta’kidlashni istar edim, Ch.Aytmatov asarlari esa hali vaqt, zamon sinovida.
Hozirgilaridan qanday asarlar yashab qoladi, degan savolning javobi kelajak kitobxoniga oydin bo‘ladi. Har holda, achchiq haqiqat, shakkoklik emas bu, ko‘p asarlarimiz tarix chig‘irig‘idan o‘tmaydi. Kimdir yo kimlarningdir xohish-irodasi bilan emas, zamon o‘zgarishi, mafkura – fikrlashimiz yangilanishi bilan qancha asarlarimiz o‘tmish mulkiga aylandi, bu jarayon hali davom etyapti, adabiyot ehtimol shafqatsizlarcha o‘zini tozalayapti, bizning yozganlarimizdan qanchasi bir kuni o‘tmish mulki bo‘lib qoladi, bu – boshdan do‘ppini olib, xotirjam o‘ylab ko‘radigan masala.
– Yozuvchilar uyushmasi huzuridagi tashkil etilgan “Ijod” jamoat fondi ko‘magida adabiyotimizning ko‘zga ko‘ringan asarlarini ingliz, ispan, nemis, rus tillariga tarjima qilish ishlari boshlanyapti. O‘zbek adabiyotining qaysi namunalari dunyo miqyosida bizning yuzimizni yorug‘ qiladi deb hisoblaysiz?
– E-e, shu savolning javobiga qiynalaman. Gap o‘zing kimsan degan e’tirozga ro‘para kelishimda ham emas. Adabiy tanqid bilan shug‘ullanmay qo‘yganim boisi shunda. Dunyo adabiyotining eng zo‘r asarlarini o‘qiyverib, o‘zimizga chog‘ishtirib ko‘ra boshlaganda, ochig‘i, ayni shu yangilanishni “urish” emas, qo‘llab-quvvatlash kerakligini anglab, “otashin” kurashning befoydaligiga aqlim yetdi. Chunki, sho‘ro davrida shuncha dovrug‘ qozongan adiblarimiz bo‘lishiga qaramay, badiiy tafakkurda yosh, navqironligimizcha qolganmiz. Adabiy tilimiz hali dovonlar oshishi kerak. Buni nechog‘li zarurligini badiiyati, dunyobinligi biznikidan tubdan farq qiladigan, tafakkur tarzi o‘zgacha asarlarni o‘z tilimizga o‘girgan tarjimonlar juda yaxshi biladi. Taglama orqali bizdan qilingan tarjimalarda g‘alati holat paydo bo‘ladi, tili, badiiyati g‘arib, lekin voqeasi, syujeti chet el kitobxoni uchun qiziq tuyuladigan xomashyodan binoyidek asar yaratiladi. Chetga chiqqan yaxshi asarlarimizning o‘zi ham juda kam, bir millat adabiyotini tanish uchun to‘la tasavvur bermaydi. Lekin o‘zim o‘qib kelayotgan chet el yozuvchilari asarlariga xayolan qiyoslasam, bizdan uni tarjima qilsa bo‘ladi, bunisi bo‘lmaydi, degan gaplarni aytishga, ochig‘i ikkilanaman, gapni bemalol qo‘yib yuborishga ko‘rpamiz kaltalik qilmasmikan deyman. Cho‘bir otlar poygasidan voz kechib, o‘zimizga qaytaylik, aslimizni tiklaylik; egamen mamlakat, mustaqil millatmiz, tilimiz davlat tili, o‘zimizga qoldi deb, uni buncha toptamaylik, rivojlantiraylik. Avval adabiy uyni sarishta qilib olaylik, dunyoga chiqish qochmaydi… Yuzimiz birinchi galda o‘z kitobxonimiz oldida yorug‘ bo‘lsin. Adabiyot, adabiy asar birinchi galda til hodisasi, u milliy tilda yaratiladi, uning milliy jarangi bo‘lsa, chetdagilar eshitadi, yirtiq karnayu teshik childirma bilan dunyoga chiqishni o‘ylash.. hay, bilmadim.
Ijod fondi g‘ayrat qilayotgan ekanmi, omadini bersin! Lekin bu yoqdagi emas, u yoqdagi konyukturaga qarash kerak. O‘zimiz oshna-og‘aynigarchilik qilib tuzgan rasmiy ro‘yxat bo‘yicha qilgan ishimiz u yoqda izsiz yo‘qolib ketishi mumkin.
Ha, yana bir gap aytmoqchiman, yaxshi asar uni o‘qiydigan yaxshi kitobxon bo‘lsagina, uni ko‘zlab yoziladi, binobarin, kitobxonning asar yaralashida hissasi katta. Bu uchun ham uning tanglayi yaxshi kitoblar bilan ko‘tarilgan bo‘lishi kerak.

Suhbatdosh: Sobir O‘NAR

«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 6-sonidan olindi.