Ismoil Mahmud: «Marg‘ilon – orif zotlar makoni» (2007)

O‘zbekiston xalq shoiri, marhum Yo‘ldosh Sulaymon har gal Marg‘ilonga tashrif buyurganida “Bu shaharga tahoratsiz kirib bo‘lmaydi”, degan so‘zlarni ko‘p takrorlar ekan. Albatta, go‘zal Farg‘onaning dovruqli shoiri aytgan bunday lutfu ehtiromda mubolag‘a yo‘q. Marg‘ilon qadim-qadimdan islomiy madaniyat o‘choqlaridan biri bo‘lib kelgan. Burhoniddin Marg‘inoniy tavalludining 910 hamda Marg‘ilon shahrining 2000 yilligi to‘ylari munosabati bilan ko‘hna shaharning o‘ziga xos muhiti, marg‘ilonliklar sha’niga bunday e’tiroflar ko‘p aytildi.
Xo‘sh, shaharning ma’naviy-madaniy muhiti, adabiy an’analari qanday rivoj topmoqda? Yozuvchilar uyushmasi Marg‘ilon sho‘basi rahbari shoir Ismoil Mahmud bilan suhbatimiz shu xususda.
— Marg‘ilon azaldan islom madaniyati, inson shaxsini barkamolikka yetkazadigan ma’naviyatni ulug‘lab kelayotgan shaharlardan biri sifatida e’tibor topgan. Siz mana shu benazir muhitning sarchashmalarini nimalarda deb bilasiz?
— Yurtboshimiz Marg‘ilon shahrining ikki ming yilligiga bag‘ishlangan tantanalarda bu jihatlarga alohida to‘xtalib o‘tdilar. Avvalo, islom olamiga “Hidoya”dek ulug‘ asarni tuhfa etgan Burhoniddin Marg‘inoniyning tafakkur olamini ko‘z ilg‘amas cho‘qqilarga olib chiqqan shaharning qutlug‘ dargoh ekanligi ilmiy manbalardan yaxshi ma’lum. Mashhur fiqhshunos Mahmud ibn Tojiddin Ahmadning “Al Muhiyt al Burhoniy fi fiqxi an Nu’moniy” asarida “… Bu shaharda juda ko‘p fozil odamlar tavallud topganlar”, — deya e’tirof etiladi. Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan biografik asarlar ichida o‘ttizdan ortiq Al-Marg‘iloniy nisbasi bilan ijod qilgan allomalar nomi bor. Shaharda bir davrning o‘zida yetmishdan ziyod “mavlono” rutbasini olgan allomalar yashagan. Shuning uchun ham Marg‘ilon Allohini tanigan orif zotlar makoni, deya ta’riflangan.
Ruhiy-ma’naviy barkamollik maskani bo‘lgan bu ko‘hna zamin Abubakir Siddiq, Hazrat Ali (r.a) kabi chahoriyorlar zurriyodlarining qadamjolari, oriflar sultoni G‘avsul A’zam, Maxdumi A’zam kabi buyuk salaflarning avlodlari yashayotgan muqaddas ma’vo hisoblanadi. Mo‘yi Muborak, Pur Siddiq kabi o‘nlab tarixiy obidalar ham bu ulug‘ shaharning teran ruhoniyatidan darak berib turibdi.
Shu o‘rinda Marg‘ilondagi Jome masjidi xodimi tabarruk yoshli Manarxon akaning ushbu xotiralariga e’tibor bering-da: ”Savdogarlik bilan shug‘ullanuvchi otam bolalagimda bir kuni meni ham otga mindirib O‘shdan Qo‘qonga qarab yo‘l oldilar, — deya eslaydi otaxon. — Marg‘ilonning Taqachilik dahasiga yetganimizda, “Qani endi, otdan tushing o‘g‘lim, bu yerlarda otda yurib bo‘lmaydi, Marg‘ilonga kirib kelyapmiz”, — deb meni dast ko‘tarib otdan tushirib qo‘ydilar. Shu yurgancha oyog‘im qavarib ketdi, yig‘ladim, lekin to Marg‘ilondan chiqib ketgunimizcha otga mindirmadilar, yayov yurdik. Shaharning qiblasidagi Eshonguzar dahasidan o‘tganimizdan so‘nggina, “Endi o‘g‘lim, otga minsak bo‘ladi, qani kelingchi”, deb meni Qo‘qonga olib ketgan edi. Marg‘ilon shunaqa aziz, muqaddas joy, uka”.
Marg‘ilonning o‘ziga xos ma’naviy muhiti mana shunday qutlug‘ zaminda kamol topgan qanchadan-qancha orif zotlarning barokotlari va hidoyatlari sharofati bilan shakllangan, deb o‘ylayman.

— O‘tgan asrning 50-70-yillarida o‘zbek milliy san’ati rivojiga katta hissa qo‘shgan bir qancha marg‘ilonlik mashhur san’atkorlar dovruq taratishgan. Shaharning adabiy muhiti haqida esa kengroq tasavvurga ega emasmiz. Bu jarayon qanday davom etayotir?
—Marg‘ilonda yashab ijod etgan Jahon otin Uvaysiy, yirik mutasavvuf shoir Xo‘jaxon Rojiy Marg‘iloniy, o‘zidan o‘n ikki ming she’riy misra qoldirgan, tabobat va nujum ilmlari bilan jiddiy shug‘ullangan Muhammad Umar Umidiy kabi yorqin ijodkorlarning izdoshlari ko‘p bo‘lgan. Ahmad qori Chorchinoriy, Fazl Vahhob qori, Mulla Yusuf Oxun Hazin, Toliy Marg‘iloniy, Mulla Toshboltu Ibrat, Nasimiy Marg‘iloniy, Xodimiy singari el yodidan o‘chmagan yoniq shoirlar an’anaviy ijodiy xalqalarni davom ettirib kelganlar. O‘tgan asrning elliginchi-etmishinchi yillarida ham Marg‘ilonda ijod qizg‘in davom etgan-u, biroq sho‘ro mafkurasini qabul qila olmagan ilmparvar zotlar o‘z ijodlarini oshkor qilmaganlar. Ijodni ham ibodat deb bilib haroratli baytlar bitgan, hazrat Alisher Navoiy, Fuzuliy, Mashrab, Bedil, Huvaydo, Xaziniy ijodlariga ergashib, g‘azallariga muhammaslar bog‘lagan, o‘zlari ham oshiqona, orifona g‘azallar yaratgan va ularni xos davralarda o‘qib yurgan Fahmiy, G‘olib Marg‘iloniy, Mufazzal Shoumarov, Abdusamad Oxundada (Qoil) kabi zabardast qalam ahillari o‘zlaridan bebaho ijod namunalarini qoldirib ketdilar. Olloberdi hojidadaning xotirlashicha, Marg‘ilonga tashrif buyurgan Mulla Sharif Hindistoniy-Mavlaviy domla Abdusamad Oxundada g‘azallarini eshitib, “Hay-hay-hay, nimaga biz shu vaqtgacha bu ulug‘ zotning baytlaridan bexabar qolganmiz. Avj nuqtalarida bitilgan-ku”, deya e’tirof etgan ekanlar. Tadqiqotchi Tolibjon Ro‘ziboyev G‘olib Marg‘iloniy ijodi bilan tanisharkan, noyob adabiy hodisaga duch kelganini ta’kidlaydi. Odatda ulug‘larning g‘azallariga muxammas bog‘lanardi, G‘olib Marg‘iloniy esa Fuzuliyning “Ofarin” qasidasiga muxammas bog‘laganlar. Tadqiqotchi bu muxammasdagi mutanosibliklarga yuksak baho berib, undan hayratga tushadi.
Mumtoz adabiyotimiz an’analari ruhida bitilgan bu kabi haroratli muxammaslarni, g‘azallarni yuqorida nomi tilga olingan har bir ijodkor merosidan istagancha topish mumkin. Ular ilhomlari kelgan chog‘i darrov patqalam olib ishga tushib ketmaganlar. Tahorat qilib, nafl namozlarini o‘qib, Yaratganga munojot bilan ko‘ngildagi zavqu iztirobni qog‘ozga tushirganlar. Shuning uchun ham ular ijodda mukammallikka, barkamollikka yetishganlar. Bu davr adabiy muhitining zohiriy va botiniy jihatlarini yaxlit holda talqin etish bugungi yetuk tadqiqotchilarning vazifasidir. Bugun biz adabiy to‘garaklarda yoshlarga saboq berar ekanmiz, ijodiy jarayonning, ma’naviy tarbiyaning shu jihatlarini ham sira esdan chiqarmasligimiz kerak.

— Darvoqe, o‘zingiz boshqarayotgan Jahon Otin Uvaysiy nomidagi adabiy to‘garak faollari haqida ham so‘zlab bersangiz?
— Bu to‘garakni tashkil etish fikri ancha oldin — saksoninchi yillarda Toshkentda ishlab yurgan davrlarimda tug‘ilgan edi. Sababi, har bir ijodkor o‘zi voyaga yetgan shahardan yana qaysi qalamkash yetishib chiqarkin degan umid bilan ortiga qaraydi. 80-yillarda Marg‘ilondan Muhtarama Ulug‘ova bilan kaminaning poytaxt nashriyotlarida ilk she’riy kitoblari nashr etilganini hisobga olmaganda, o‘tgan yillar mobaynida birorta yosh ijodkor ilk to‘plamini ko‘tarib markazga kelmagan.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida ulug‘ ustozlarimiz Mirtemir, Zulfiya, Saida Zunnunova, Turob To‘la, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov boshchiligida o‘tgan adabiy mushoiralar, anjumanlar, to‘garak mashg‘ulotlarida qatnashib yurgan kezlarimda, nasib etsa Marg‘ilonda ham shunday adabiy to‘garak tashkil etib, ustozlardan olgan saboqlarimni yoshlarga yetkazaman, degan o‘ylar kechardi xayolimdan. Allohga shukur, mustaqillik sharofati bilan shu orzular ro‘yobga chiqdi. Mana, sakkiz yildirki, shahar bolalar ijodiyoti markazi qoshidagi Uvaysiy nomidagi adabiy to‘garakni boshqarib, ustozlarning o‘gitlarini ularga yetkazib kelmoqdaman.
Bu davrda to‘garak ishtirokchilaridan Dilfuza Sodiqova, Nargiza Oxunova, Nilufar Abdug‘aniyeva Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari bo‘lishdi. Zumrad Vahobova va O‘lmasoy Nishonova Oliy Adabiyot kursini tugatib markaziy nashrlarimizda ishlashmoqda. Yosh ijodkorlardan Abdubannob Mansurov va Munira Qo‘qonova “O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi jamg‘armasi” tomonidan o‘tkazilgan respublika “Yangi avlod” ko‘rik-tanlovida sovrindor bo‘lishdi. Ayniqsa, to‘garakda qalami charxlangan Nargiza Oxunova, O‘lmasoy Nishonova, Zumrad Vahobova, Nazira Maqsud, Shoira Karimova, Alisher Isoqovlarning Yozuvchilar uyushmasi tomonidan har yili an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan Zomin yosh ijodkorlar anjumanlarida oliy va sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritishlari Marg‘ilon adabiy muhitining yanada jonlanishiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Toshloq, Oxunboboyev, Oltiariq tumanlari, Farg‘ona va Marg‘ilon shahri yosh ijodkorlaridan tarkib topgan adabiy to‘garagimiz iqtidorli yoshlarining markaziy va viloyat nashriyotlarida o‘ndan ziyod ilk she’riy kitoblari nashr etilgan.

— Bugungi kunda Marg‘ilon oynai jahoni o‘zining o‘n milliondan ortiq tomoshabiniga ega ekan. Siz ana shu mahalliy telekanal orqali berilayotgan turkum ko‘rsatuvlarga ham boshlovchilik qilasiz. Teletomoshabinlar bu ko‘rsatuvlardagi qaysi mavzularga ko‘proq qiziqishadi?
— Marg‘ilon shahrining 2000 yilligiga bag‘ishlab tashkil etilgan “She’riyat gulshani” nomli adabiy ko‘rsatuvimiz tezda o‘z muxlislarini topdi. Uning asosiy yo‘nalishi el ardoqlagan taniqli shoirlar bilan efir orqali suhbat qurish, tomoshabinlarni ularning ijod laboratoriyasi bilan oshno etib, qalb so‘zlarini muxlislarga yetkazishdan iborat. Taniqli ijodkorlarning hayotga qarashi, voqelikka bo‘lgan o‘ziga xos munosabati, o‘tmish, bugun va ertangi kun haqidagi teran mushohadalari, o‘ylaymanki, har bir ziyrak tomoshabinni, kitobxonni qiziqtiradi. Shu yo‘nalishda vodiyda va poytaxtda yashab ijod qilayotgan yigirmadan ziyod taniqli qalam ahllari bilan ijodiy suhbatlar tashkil etdik. O‘zbekiston xalq shoirlari Oxunjon Hakimov, To‘lan Nizom, taniqli shoirlar Olimjon Xoldor, Malika Mirzayeva, Qamchibek Kenja, Enaxon Siddiqova, Ziyovuddin Mansur, Chorsha’m, Yahyo Tog‘alar ijodiga bag‘ishlangan ko‘rsatuvlar tomoshabinlarga manzur bo‘ldi. Bu suhbatlarni tayyorlash jarayonida mustaqil diyorimiz, uning ulug‘ insonlari va Marg‘ilon kabi tarixiy shaharlar haqida yangi she’rlar yaratildi. Ularni jamlab, “She’riyat gulshani” turkumida to‘plam qilib chop etmoqchimiz. Bu muloqotlar davomida ijodkorlarimiz ham Marg‘ilonning o‘ziga xos betakror sehru jozibasini kashf etishmoqda. Endigi rejalarimizda olamdan o‘tgan mashhur ijodkorlar xotirasiga bag‘ishlab turkum adabiy ko‘rsatuvlar tashkil etish aks etgan. Bu xayrli ishni O‘zbekiston xalq shoiri, marhum Charxiy domlani yod etish bilan boshladik. Maqsadimiz yoshlarni ulug‘ ajdodlarimizning boy ijodiy merosi bilan yanada kengroq tanishtirish, ayni chog‘da, ular yaratgan yuksak ma’naviyat ruhida tarbiyalash va ijodga rag‘bat uyg‘otishdir. Bu borada, markazda yashab, ijod etayotgan nufuzli ijodkorlar, allomalarning tashrifiga ham katta umid bog‘laymiz. Bu — qalam ahlini o‘z o‘quvchilariga, kitobxonlariga yaqinlashtirishning eng qulay imkoniyatlaridan biri, deb o‘ylayman.
Xalq ko‘nglidan joy olgan milliy ruh va qadriyatlarimizni targ‘ib etib kelayotgan Marg‘ilon televideniyesining ijodkorlar bilan bunday hamkorligi biz uchun ham ayni muddaodir.
Vodiyning turli qishloqlaridan studiyaga kelayotgan xatlarda “Ko‘zgu”, “Marg‘ilon chinorlari” kabi ko‘rsatuvlar ham elga manzur bo‘layotgani bayon etilgan. “She’riyat gulshani” ko‘rsatuvlaridan kelib chiqib shuni aytmoqchimanki, mahalliy tomoshabinlar mumtoz adabiyotimiz namoyandalarining xalqona, hikmatli baytlarini jon qulog‘i bilan qabul qilishadi. Mashhur kishilarning har bir so‘zini hayot hikmatlari sifatida e’tirof etishib, hayot tarzi, qiziqishlarini o‘zlariga namuna deb biladilar. Shuning uchun ham ularning tez-tez oynai jahonda chiqib turishining tarbiyaviy ahamiyati juda katta.

— Qodiriy bobomiz o‘zining eng sevimli qahramonlaridan birini aynan Marg‘ilondan tanlaganlari bejiz bo‘lmasa kerak. O‘sha davrlarda Marg‘ilon o‘zining qanday ohanrabosi bilan ulug‘ adib e’tiborini qozongan, deb o‘ylaysiz?
— Abdulla Qodiriy va Marg‘ilon mavzusi bitta Otabek va Kumushbibi muhabbati bilangina kifoyalanmaydi. Abdulla Qodiriy, avvalo, o‘zi bilgan va yaxshi o‘rgangan mavzuni qalamga olgan. Adib o‘zbek xalqi hayotining keng manzaralarini tasvirlashni maqsad qilib olar ekan, XX asrda bitta xonlik tasarrufida bo‘lgan Toshkent va Farg‘onaning o‘zaro bordi-keldilari, savdo-sotiq, madaniy-iqtisodiy aloqalar bois shakllangan munosabatlariga alohida ahamiyat bergan. O‘z-o‘zidan, tabiiyki, jamiyatda muayyan mavqega ega bo‘lgan odamlar bu munosabatlarda faol ishtirok etishgan. Qodiriy bolaligidan shu muhitda o‘sgani uchun ham yoshligida Farg‘ona va Toshkentning o‘zaro aloqalariga doir eshitgan ta’sirli voqealar izidan borib, ko‘p narsalarni o‘rgangan. Shu jarayonda Marg‘ilonning hayot tarzi, islomiy ma’naviyatdan bahra olib yashayotgan xalq turmushi, qiz o‘stirish, o‘g‘il uylantirish, farzand tarbiyasi bilan bog‘liq an’analarining o‘ziga xosligi Qodiriy e’tiborini jalb etgan bo‘lsa ajab emas. Qodiriy Marg‘ilonda idealidagi obraz prototipi sifatida Kumushbibini ko‘rgan bo‘lishi mumkin. Shu ma’noda o‘zbekona iffat, nazokat timsoli bo‘lgan Kumushbibining Marg‘ilondan tanlangani bejiz emas.
Marg‘ilonda Abdulla Qodiriy qalamga olgan yuksak g‘oya, teran badiiy falsafa, o‘tkir ma’naviy muammolar ildizi, ulug‘ ruhoniyat qatlamlari mavjud edi. Adib Otabek muhabbati Kumushbibi timsolidagi mahbubada namoyon ekanini qalb ko‘zi bilan idrok etgan. Kumushbibi A.Qodiriygacha boshqa badiiy asarlarda, dostonlarda tasvirlangan ma’shuqa obrazlaridan o‘z milliy ruhi, hayotiyligi va o‘zbekona hayo-ibosi bilan keskin farq qiladi. Davr yozuvchi zimmasiga Otabek va Kumushbibi qalbidagi ulug‘ muhabbatni abadiyatga muhrlash vazifasini qo‘ygan edi. Abdulla Qodiriy o‘z idrokidagi shu buyuk ma’naviy ehtiyojga arzigulik timsolni axtardi va uni dovonlar osha Marg‘ilondan topdi.

Suhbatdosh M.Abdullayev
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 41-sonidan olindi.