Shukur Xolmirzayev: «Jahonbop asar yoza olaman, lekin» (2002)

Mazkur suhbatni qog‘ozga tushirish uchun yozuv stoliga o‘tirar ekanman, xonaning naqadar yorug‘ligi diqqatimni tortdi. O‘girilib tepaga — elektr lampaga qaradim: o‘tkir nurdan ko‘zim qamashdi. So‘ngra qog‘ozga yuzlandim. Negadir ko‘z oldim qorong‘ilashdi. Baribir nur manbaiga mehrim ortdi.
Qiziq, inson o‘zi yaratgan narsaga o‘xshaydi. Ba’zi elektr chiroqlar kichkina xonani bazo‘r yoritadi, peshonangni devorga urib olmaganingga shukr qilasan.

Xuddi shu hajmdagi boshqa bir elektr chiroq esa hayhotday xonaning istagan burchagida ignaga ip o‘tkazishga imkon yaratib beradi. Sababi oddiy: voltining oz yoki ko‘pligida, ya’ni quvvatida! Odamlar ham shunday-da! Birov o‘z savodini arang chiqaradi, yana birov ma’naviy olami bilan butun bir avlod uchun yo‘lchi yulduz bo‘la oladi. Albatta, Xudo bergan qobiliyat bilan. Ammo bu qobiliyatni tarbiyalab, kamol toptirib borish ko‘proq sohibga bog‘liq ekanligini inobatga olsak, unga ham oson emas. Zero, bir narsaga erishish uchun boshqa bir narsadan voz kechish kerak-ku, axir.
Shukur aka ham badiiy ijod uchun hayotning farog‘atli jilvalariga qo‘l siltagan fidoyilardan. Hatto sal bo‘lmasa sog‘ligidan ayrilib qolayozgan ekan. «Bir o‘limdan qoldim» deydi o‘zi. Qayta-qayta jarrohi bo‘libdi. Ko‘p qon yo‘qotibdi. Kasalxona atrofidagi dorixonalarda hamma dori boru bitta doimiy zarurat — insof yo‘qligidan noroziligini yashirmadi. «Ayrim dorilarni qizim 14-15 ming so‘mdan olibdi, bir ko‘cha narida shu dori 7 ming so‘m ekan, zarildan oladi deb ikki barobar qimmat qilib qo‘yish yaxshimi?», — deydi kuyunib.
Alqissa, hol-ahvol, u-bu gaplar bilan Shukur akaning ancha vaqtini olishga to‘g‘ri keldi. Qulay fursat kelgach, gazetamizga musohaba yozish niyatim borligini aytdim. Yaxshiyamki, yo‘q demadi.
— Shukur aka, Sizning adabiy muhit va undagi turli jarayonlar xususida o‘rtaga tashlagan fikr-mulohazalaringiz hamisha adabiy jamoatchilikni qiziqtirib kelgan. Bu borada bugungi qarashlaringiz, kuzatuvlaringiz qanday?
— Bir narsaga amin bo‘ldimki, ijodkorlarni ma’naviy-moddiy qo‘llab-quvatlash yanada jonlantirilishi lozim. Bugungi kunda adabiyotga sodiq qolayotgan yozuvchilar kam qolayotganining asl sabablaridan biri shunda. Mustaqillikni, uning g‘oyasini, insonlar taqdirini to‘laqonli aks ettirish lozim. Buni jurnalistlar bajarishga harakat qilyapti. Lekin ular yuzaki yondoshadi. Jurnalist harqancha maqtagan odamni yozuvchiga berishsa, shu qadar qahramon hayotiga kirib ketadiki, uning ko‘p qirralarini ochib tashlaydi. Natijada o‘sha maqtovning o‘ttiz foizi ham qolmaydi.
Ijodkorga moddiy manfaat bo‘lmasa bekor. Men sizga bir misol aytaman. Bir kuni nashriyotdan Erkin Malikov telefon qildi. Yangi avlod tarbiyasi uchun milliy o‘yinlar ham katta ahamiyatga ega. Sizning bir qator hikoyalaringizda milliy o‘yinlarimiz mohiyati ochib berilgan. Shularni jamlab bersangiz, biz shuni kitob qilib chiqaramiz, dedi. Bu gap menga ma’qul bo‘ldi. Men bir to‘plam qilib, olib bordim. Erkin qo‘lyozmamni ko‘rib chiqib, mashinkalatib kelsangiz, dedi. Menda bunday imkoniyat yo‘q, agar o‘zlaringda mashinistkalar bo‘lsa, ko‘chirib berishsin, pulini beraman, dedim. «Xo‘p» deb qo‘lyozmamni ko‘tarib chiqib ketdi-da birozdan so‘ng qaytib kelib, to‘qqiz ming so‘m bo‘larkan, dedi. Endi to‘g‘risini aytinglar, kitob bo‘lib chiqsa, qancha gonorar berasizlar, dedim. Shartta kalkulyatorga solishdi-da, sakkiz ming so‘m beramiz, dedi…
— Mana, siz mohir hikoyanavissiz, nega hikoya yozmay qo‘ydingiz?
— Bir-ikki yil ilgari bir oylar uydan chiqmay bitta hikoya yozdim, gazetada bosildi, qalam haqiga, ishonasizmi-yo‘qmi, bir kilogina go‘sht olib, uyga qaytdim. Mana shu darajada bo‘lib qolgan, bir hikoyaning qadr-qimmati bir maqolaga tenglashib qolgan. Vaholanki, maqolani bir o‘tirishda yozish mumkin. Hikoya qancha mashaqqat bilan yoziladi!? Bu — bitta sababi.
Yana bir sababi, hayotiy munosabatlarning inson qismatidagi aksini tuyg‘u orqali ifodalay olish mahoratining yetishmasligida. Hali aynib ketishlar, modern-podern deganlari ham shundan kelib chiqqan.
— Modernizmga umumiy nuqtai naza- ringiz qanaqa?
— «Modern» degani asli «yangilik» degani. Shu o‘rinda bir gap. Bir paytlar Abdulla Qodiriyning Sotti Husayn bilan savol-javobi gazetada bosilgan. Shunda Sotti Husayn Qodiriyga asaringiz, xususan, «O‘tkan kunlar» ancha jo‘n deydi va isbotlab beradi. Qodiriy buni bo‘yniga oladi va men bu asarni doston, ertak eshitib yurgan xalq uchun yozganman, ammo Ovro‘pa modern uslubida yozish ham qo‘limdan keladi, deydi.
— Keyingi paytda hikoyachilik sezilarli darajada oqsayapti. Masalan, gazetamizning nasr bo‘limiga yaxshi hikoya juda kam keladi. Yozuvchilardan so‘rasak, yozolmayapman — hali u, hali bu sabab, deyishadi… Vaholanki, zamon qahramoni, degan masalalar bor. Siz shu jarayonga qanday qaraysiz?
— O‘zim ham o‘shalarning bittasi sifatida aytishim mumkin. Bilaman, men yoza olaman. Men yozganimni «ko‘tarolmaydi» adabiyotchilar.
— Qaysi ma’noda?
— Xuddi o‘sha qahramon obrazi masalasida. Misol uchun, sayrga chiqqan ayol: chiroyli kiyinib, xursand bo‘lib, bolalari bilan tomosha qilib yurdi, qaytishda esa avtobusga puli qolmadi… Ana shu yerda ochiladi qahramon qiyofasi! Prezidentimiz aytayapti: rostini aytinglar, rostini yozinglar, deb. Hech kim yozmayapti rostini. Ilgariyam o‘zi hikoyanavislar juda kam edi, barmoq bilan sanarli darajada. “Hikoyani shunday bir joyda to‘xtatki, qahramonning o‘limi ma’lum bo‘lsin yoki yashab ketishi muqarrar bo‘lsin» — deydi Jek London. O‘sha nuqtani topa bilishimiz kerak.
— Sizningcha, qahramonni qaysi sohadan ko‘proq izlash kerak?
— Zamon qahramoni — yaxshi masala. Zamon qahramoni haqida yozadigan yozuvchining o‘zi to‘g‘ri, to‘liq bo‘lishi kerak. Xemingueyning bir gapi bor: yaxshi odamdan yaxshi yozuvchi chiqadi, deydi u. Demak, yomon odamdan hech qachon yaxshi yozuvchi chiqmaydi. Shundayki, xayoli bo‘lingan yozuvchida ijobiy qahramon bo‘lmaydi. Kim o‘zgani o‘zichalik tasavvur etadi?! U o‘zini, o‘zligini asarida aks ettiradi. O‘zi, o‘zligi chatoq bo‘lgandan keyin ijobiy qahramon qayerdan paydo bo‘lsin. Shukur akam maqtanayapti, demang. Men o‘zimni urib, tadqiq etib, «Dinozavr»dagi qahramonimni yaratganman.
— Qaysi yozuvchilarni shunday talablar bilan yoza olishi mumkin deb hisoblaysiz?
— O‘tkir yaxshi yozishi mumkin, Murod yaxshi yozadi — Murod Muhammad Do‘st. Negadir yozmayapti. Erkin, juda bag‘ri keng yozuvchi u. Keyin… Eslating boshqalarini…
— Nazar Eshonqul…
— Ha, Nazar Eshonqul yozishi mumkin. Lekin u modern-poderndan kechishi kerak. Bir gal aytdim unga: siz Yaponiyada tug‘ilganmisiz, yo Yevropada? Qachon o‘zbekka qaytasiz… Ammo eng yaxshi yozuvchi shu — Nazar Eshonqul. Qo‘lidan har balo keladi. Istagan mavzuda yoza oladi. Asosim bor shunday deyishga. Chunki bir so‘zli, adabiyotga fidoyi bir inson u. Yana kim bor edi, eslating.
— Omon Muxtor.
— Omon Muxtorning ijodiy yo‘li menga ko‘p tushunarli emas. U qayoqqa ketayotganini bilmayman. Yoki, masalan, Zohir A’lam. Yaxshi hikoyanavis. Keyingi vaqtda uyam yozmay qo‘ydi. Balki yozayotgandir.
— Eshqobil Shukurning vaqtli matbuotda e’lon qilingan hikoyalari qiziqish bilan o‘qilyapti.
— Ha-a, Eshqobil Shukurning ayrim hikoyalari chiqyapti. Men Eshqobil bilan uchrashdim. Hikoyalaringni jamlab kel, bir o‘qib chiqay, deb so‘radim. Yo‘q, Shukur aka, men she’rga sig‘magan paytda yozyapman, dedi. «Sizga olib kelmayman» deganday bo‘ldi. U juda vazmin, yaxshi yozadi. Zohir ham shunaqa: do‘stlariga vafodor, halol, millatsevar.
Shoyim yaxshi yozyapti. Rajabboy yozmayapti. Eng yomoni, Norto‘xta Qilich yozmay qo‘ydi.
— Shodiqul Hamroning «Qora kun» asari ancha shov-shuv bo‘luvdi. Uning ijodini kuzatganmisiz?
— Shodiqul ham mana shu keyingi avlodning ishonarli vakillaridan. Juda yaxshi eslatdingiz-da Shodiqulni. U yurakdan qaynab-jo‘shib yozadi, yaxshi yozuvchi.
— Yosh yozuvchi Ulug‘bek Hamdamning «Muvozanat» romani ancha tilga tushib qoldi.
— Bir joyda o‘qidim bir parchasini. U hali jilva qilayotgan suvga o‘xshaydi. Lekin samimiy yozibdi.
— Qo‘chqor Norqobil ham qissalar yozyapti izma-iz.
— Adabiyotda ham mol egasiga o‘xshaydi. Qo‘chqor tabiatan tezkor, ba’zan pala-partish. Shu jihatlar asarlarigayam ko‘chgan. O‘rta balandlikda yozadi. Men uning qissalarining ayrimlariga so‘z ham yozganman. Bir narsasi yoqmadi menga: bir qissa yozgandi, ixcham, ma’noligina. Shuni roman deb e’lon qilibdi keyin. U rostmana qissa edi. Romanning yuki yo‘q edi unda… Aytmoqchi, Andijon tomonda Jaloliddin degan yozuvchi yigit bor.
— Nabi Jaloliddinmi?
— Ha, o‘sha yigitning hikoyalari ancha ma’qul menga. Yana, Sotiboldi Rajabov degan yozuvchi bor. Yaxshi yozardi. Toshkentdan ketdiyu ijodi ko‘rinmay qoldi.
— Mustaqillik tufayli sportimiz, san’atimiz jahon maydoniga chiqdi. Adabiyotimiz qachon dunyo bilan yuzlashadi?
— Dunyo adabiyotining mashhur asarlari bilan bo‘ylashadigan asarlarni ko‘zda tutyapsiz, shekilli. Safarjon, masalan, dunyoga dong‘i ketgan, Nobel mukofotini olgan yozuvchilarning ham asarlarini bunday salmoqlab ko‘rsangiz o‘n-o‘n beshta yaxshi hikoya chiqadi, xolos. Xemingueydan ham shuncha hikoya chiqadi. Shu ma’noda ishonch bilan ayta olamanki, jahonbop asar yoza olaman lekin… Dunyoga tatiydigan hikoyalar o‘zimizdan, deylik, O‘tkir Hoshimovdan ham, Uchqun Nazarovdan ham, Murod Muhammad Do‘st va Erkin A’zamovlardan ham chiqadi. Hikoyachiligimizga ta’mal toshini qo‘ygan Abdulla Qahhorning, lof bo‘lsa ham, ellik foiz hikoyasi dunyoga mashhur hikoyalar bilan bo‘ylashadi.
— Demak, bizda faqat asliyatdan — o‘zbekchadan bevosita jahon tillariga tarjima sust, hatto yo‘q darajada. To‘g‘rimi, asosiy sabab shu-da?
— Albatta. Bular chetga tarjima orqali chiqadi. Ilgari rus tili orqali chiqardi va tashvishlari ko‘p bo‘lardi. Deyarli har bir asarning tarjima jarayoniga xushomadgo‘ylik aralashgan bo‘lardi. Mana o‘zimdan qiyos: bitta asarimni Moskvada tarjima qilishmoqchi bo‘lishdi. So‘zma-so‘z tarjimasini yubordim. «Molodaya gvardiya» nashriyotidan Shivelev degan noshir Temur Po‘latov bilan keldi.
— Bu voqea qachon bo‘lgan?
— Sho‘ro davrida. Keyin u asarim yozilgan joylarni ko‘raman, dedi. Surxondaryoga bormoqchi bo‘ldik. So‘ng Temur uni qo‘rqitibdi, u yer tog‘lardan iborat, ayiqlar, yirtqich hayvonlar ko‘p, deb. Bormayman, dedi. Nima deyman. Bo‘lmasa Xorazmga boraman, dedi. Xorazm butunlay boshqa iqlim, u yerda tog‘ yo‘q, dedim. Mayli, olib bor meni, dedi. Zohir A’lam degan yozuvchi ukamiz bor, shu bilan Xorazmga bordik. U yerda Omon Matjonning otasining xudoyisi bo‘layotgan ekan, shunga kirib o‘tdik. Havo sovuq edi, eshik oldida yoshullilar chiroyli-chiroyli chopon kiyib turishgan ekan. Shivelev shundan olib ber, dedi. Surishtirsam, ikki ming so‘m turarkan, o‘sha paytda to‘rt mingga mashina berardi,menda buncha pul yo‘q, dedim. Xafa bo‘ldi, gaplashmay qo‘ydi. Ertasiga mehmonxonada Temur menga bir ro‘yxat tutqazdi. Qarasam yong‘oq, mayiz, pista va hokazo noz-ne’mat, hammasi o‘n kilodan yozilgan. Men hayron qoldim. Bu nimasi, dedim. Hamma shunaqa qiladi, dedi Temur. Birov turkman gilam, birov po‘stin — kim asarini tarjima qildirsa chekiga tusharkan. Men qilmayman buni, bor, ketaver, dedim. Shundan keyin asarlarim tarjimasiga qiziqmadim.
Bugungi kunda tarjima bo‘lib chetga chiqayotgan asarlarimiz yo‘q emas. Xususan, turkchaga tarjima bo‘layapti. Bu tilda bir necha romanlar, hikoyalar to‘plamlari chiqdi. Ammo turkchadan nariga o‘tolmay turibdi. Bu ishlar qay tarzda amalga oshirilayapti, men bexabarman. Menimcha, bu ishga o‘zbek-turk do‘stlik jamiyati, Turkiya elchixonasidan hayrixoh odamlarning hissasi katta, deb o‘ylayman. Ammo yana bir narsani bilaman. Ana shu dargohlarga yaqin bo‘lgan yozuvchilarimiz bormi, shoirlarimiz bormi, «nimani tarjima qilaylik» deb so‘ralsa, marhamat deb o‘zlarining o‘rtamiyona asarlarini ham ularning qo‘llariga tutqazishadi. Ey, birodar, o‘zbek adabiyotida mana bunday qissalar, hikoyalar bor, shularni tarjima qilinglar, bular o‘zbek adabiyotining qiyofasini ko‘rsatadi, deydigan vallomat yo‘q.
Qiziq-da, bir zamonlar Gorkiyni akademiyaga a’zolikka olishmagandi. Chexov, Korolenko va boshqa yozuvchilar zaldan chiqib ketishgan ekan. Akademiyaga baykot e’lon qilishgan ekan. Ana shunday qadrlashgan adiblar bir-birini.
— Shukur aka, nima uchun kitoblar chiqarmay qo‘ydingiz? O‘n yillar bo‘ldi-yov, chamamda.
— O‘n yetti yil bo‘ldi.
— O‘n yetti yil?! Lekin baribir mashhur yozuvchi Shukur Xolmirzayev bo‘lib yuribsiz. Qanday erishgansiz bunga?
— Shukrki, adabiyotga xiyonat qilmagan ekanman. Hamma gap shunda. Shu o‘rinda men sizni xursand qiladigan bir yangilikni aytishim mumkin. «Sharq» nashriyotida uch jildlik to‘plamim chiqyapti. Kelgusi hafta birinchi jild hikoyalar to‘plamimning «korrektura»si chiqadi. Xudo yarlaqagur Bobur qilyapti bu ishlarni. Ming rahmat shularga. «Dinozavr»niyam hech qayerga bermang, o‘zimiz bosamiz, deyapti. Rosa xursand bo‘ldim. Shunday qilib, kun «Sharq»dan chiqdi.
— Hozir qanday asar ustida ishlayapsiz?
— Faqat «Dinozavr» ustida. O‘rtaga suqulib qolgan bir-ikkita asarlar ham bor. «Ot yili» degan bir hikoya yozyapman.
— «Guliston» jurnalida o‘qidik.
— Ha, «Guliston»da chiqyapti. Orada ko‘ch-ko‘ron bilan bo‘lib, oxirgi yigirma besh varag‘i yo‘qolibdi.
— Jurnalda «davomi bor» deb e’lon qilingan-ku. Endi nima bo‘ladi?
— Bilmadim. Davomini qaytadan yozsammi… Yozsam qanday chiqarkan, tushunmay qoldim. Shu bir g‘ov bo‘lib turibdi-da. Ha, yana kichik-kichik to‘rt-beshta hikoya yozmoqchiman, mavzulari tayyor — o‘ylab qo‘yibman. Hozircha shu.
Darvoqe, suhbatimiz so‘ngida Shukur aka gazetamizga bitta yangi hikoya va’da qildi.

Suhbatdosh Safar Olloyor
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2002 yil 48-sonidan olindi.