Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: “Iymon va e’tiqod insonga yo‘ldosh” (1991)

— Muftiy hazratlari! Oynomamizning birinchi soni sahifalanayotgan hayajonli bir paytda Siz bilan uchrashuvimiz biz uchun alohida quvonchli.

— Bismillahir rohmanir rohim. Men uchun ham. Eng avvalo «Muloqot» oynomasi ijodkorlari va mushtariylarini uning ilk soni chiqishi munosabati ila chin qalbimdan muborakbod etaman va men bilan muloqot qilayotganingizdan mamnunligimni bildiraman.

— Tashakkur, taqsirim, ruxsatingiz bilan maqsadga ko‘chsak.

— Marhamat.

— Siz nafaqat jumhuriyatimizda balki dunyo musulmon olamida ham ma’lum darajada ko‘zga tashlangan arbobsiz. Shunday yuksak nomu lavozimga qachondir erishishingizni hech o‘ylaganmidingiz?

— Kutilmagan savol bu. Ochig‘i, bu haqda jiddiy o‘ylamaganman.

— Yaqinda Liviya davlatining oliy mukofoti – «Buyuk Fotih» nishoni bilan taqdirlandingiz. O‘z yurtingizdan ancha olisda, o‘zga yurtda ana shu yuksak mukofotni qabul qila turib xayolingizdan nimalar o‘tdi?

— Bu mukofot men uchun kutilmagan sovg‘a bo‘ldi. Mukofotlash marosimiga kelgan elchixonaning birinchi kotibidan eshitdim, bu xabarni. Avvaliga o‘zimni qandaydir noqulay sezdim. Mukofotlarni Liviya Jamoxiriyasidagi ikkinchi shaxs Abdusalam Jellud topshirayotgan edi. Menga navbat kelganda birdan chetga chiqdi-da, rahbari Muammar Qazzofiyga qarab: «Hurmatli muftiyga o‘zingiz topshiring», dedi. Hammaning qarsaklari ostida mukofotni topshirar ekan, Qazzofiy hol-ahvol so‘rash bilan birga kelajak ishlarda muvaffaqiyatlar tiladi. Shunda xayolimdan, bu o‘tgan buyuk ajdodlarimiz hurmati, hozirgi musulmonlarimizga e’tibor, o‘zimizga esa kelajak ishlar uchun nasiya degan fikrlar o‘tdi.

— Din olamiga kirib kelishingiz Siz uchun tasodifmi yo an’ana? Diniy ta’limni necha yoshingizdan boshladingiz?

— Otamiz Muhammad Yusuf Hoji domla bizni kichikligimizdan diniy ruhda tarbiyalaganlar. O‘qish va yozishni o‘rganganimizdan boshlab deyarli har kuni uyda diniy dars olib turganmiz.

— Siz ham boshqalar qatori Sho‘ro maktabida ta’lim oldingiz. Materialistik dunyoqarash Sizning diniy dunyoqarashlaringizga halaqit bermadimi?

— To‘g‘ri, boshqalar qatori Sho‘ro maktabida ta’lim oldim. Lekin otamiz barcha qatori bo‘lishimizni hech xohlamasdilar, doimo hammadan yaxshi o‘qishni, faqat a’lo baholar olishimizni qattiq talab qilardilar. Shunday ham bo‘ldi, O‘rta maktabni a’lo baholar bilan tugatdim. Lekin bundan mening diniy dunyoqarashimga putur yetmadi. Diniy olim oilasida o‘sganimiz tufayli shunday bo‘lgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman.

— Aytingchi, bo‘sh paytlaringizda qanday ishlar bilan ko‘proq shug‘ullanasiz?

— Hozir bo‘sh paytni topishning o‘zi qiyin. Agar rasmiy ish vaqtidan bo‘sh paytni nazarda tutayotgan bo‘lsangiz, uni ko‘proq musulmonlar bilan uchrashuvlar, kitob o‘qish, yozish-chizish bilan o‘tkazaman.

— Eng so‘nggi o‘qigan kitoblaringiz qaysi?

— Eng so‘nggi o‘qigan kitobim arab tilida Misr yozuvchisi Ahmad Bahjat Imom Tirmiziy anjumani paytida sovg‘a qilgan «Allohning payg‘ambarlari» kitobi, o‘zbekchada Murod Muhammad Do‘stning «Lolazor» romani, rus tilida D. Graninning «Zubr» nomli kitobidir.

— Zamon zayli bilan ayollar ko‘chaga chiqishdi. Balki bu yaxshidir, biroq o‘choqlar sovub qolmadimikin? Ma’naviyat o‘choqlari-chi? Siz qanday o‘ylaysiz?

— Ha, ayollarning ko‘chaga chiqishi ko‘p narsalarni sovutdi. Albatta, Siz bilan biz «Ko‘chaga chiqishni» shartli ravishda ishlatyapmiz. Tag‘in ba’zilar Islom ayollarni hech qachon ko‘chaga chiqarmaydi, faqat to‘yi kuni kuyovnikiga borish uchun-u, o‘lgan kuni qabrga borish uchun degan ta’na toshlarini otishmasin.

Iordaniyalik olim Muhammad Ibrohim Shakra qiynalib asfalt yotqizayotgan ayollarni ko‘rib, ko‘zidan yosh quyilib: «Qalbim parchalanib ketayapti», deb yig‘lagandi. Shu voqeadan so‘ng o‘zimcha: «Har kuni ko‘raverib bizning qalbimiz tosh bo‘lib ketibdi» degandim.

O‘ylab ko‘raylik. Ayollar nima ishlarni qilyaptilar? Ayollarga hech xos bo‘lmagan, ularning ayollik latofatiga to‘g‘ri kelmaydigan ishlarni qilishyapti. O‘zimizning O‘rta Osiyo – Turkiston ayollarining ayanchli holi jamiyat bo‘yniga tavqi la’nat bo‘la oladi. Bunga ko‘p sabablar bo‘lgan bilan, o‘z ayolini, onasini, qizini, opa-singlisini e’zozlay olmagan erkaklar aybdor. Ayollarning ko‘chaga chiqqani oila buzilishiga, farzandlar tarbiyasiga, ma’naviyat qashshoqligiga olib kelgan asosiy omillardan biridir. Eng yomoni ko‘chada ko‘proq qolgan ayollarning buzilib, harom-xarish yo‘llarga kirib, zynoga yurib ketganliklaridir. Arzon ishchi kuchi tufayli erkaklarning ishsiz qolishi ham yaxshi emas.

Masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Avval aytganimizdek, ayollar asfalt yotqizishyapti, g‘isht quyayaptilar (Xorazmga boring, ko‘rasiz), tramvay haydayaptilar, oftobda kuyib ketmon chopib, paxta terib, og‘ir yuklarni ko‘taryaptilar, uy ishlari ham ularning yelkasida. Xuddi shu vaqtning o‘zida tug‘ruqxonalarda erkaklar doyalik qilyaptilar. Bu xalqimiz uchun, ayollarimiz uchun, ayniqsa erkaklarimiz uchun or-nomusning nochorligidan emasmi?

Nima uchun ayollarning ichki kiyimlarini ham zabardast yigitlar sotib o‘tiradi? Aytmoqchimanki, ayollarga xos ishlarni ayollar qilsa yaxshi bo‘ladi.

— Siz faqat diniy aqidalarni chuqurroq o‘rganish va ularga amal qilish bilan mashg‘ulmisiz yoki islomshunoslik, Islom nazariyasi bilan ham shug‘ullanasizmi?

— Islom ilmlari bir ummon. U faqat diniy aqidalardangina iborat emas. Hozir oliy islom o‘quv yurtlarida 19 – 20 turdagi fandan dars o‘tilib, imtihon olinadi. To‘g‘ri, Sizning savolingiz bizning voqelikda, uzoq muddatdan buyon haqiqiy diniy ta’lim bo‘lmaganidan kelib chiqqan surani yodlab, namoz o‘qishni o‘rganib olgan kishi qori aka, mulla amakiga aylanib qolishgan. Qiyin paytlarda og‘irlikni ko‘tarishgani uchun ularga rahmat. Islom ilmlarini atroflicha egallagan kishilarimiz juda kam bo‘lgan. Hatto rasmiy diniy o‘quv yurtimizda ham Ulumul-Qur’on, Ulumul-Hadis, Meros, Aqoid, Usulul-Fiqh kabi sof islom ilmlarini katta qiyinchiliklar bilan yaqindagina joriy qildik. Aytmoqchimanki, Islom ilmlarining barchasidan to‘liq xabardor bo‘lib, doimiy ravishda mazkur ilmlar sohasidagi yangiliklarni kuzatib bormagan kishi qiynalib qolishi turgan gap.

— Menimcha, eng so‘nggi ilmiy-nazariy ishingiz Imom Tirmiziyning 1200 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro anjumanda qilgan ma’ruzangiz bo‘lsa kerak. U ko‘pchilikda katta taassurot qoldirdi.

— Yuqori bahoyingiz uchun tashakkur. Mazkur ma’ruzani unchalik yuqori baholab ham bo‘lmaydi. U anjuman uchun baholi qudrat tayyorlangan narsa. Imom Tirmiziy va u kishiga o‘xshash bobokalonlarimiz hayotlari va ijodlari haqida ilmiy ishlar ko‘proq bo‘lishi lozim.

Zero, biz ular oldida qarzdormiz. Yangi holatda diniy ishlarimiz rivojlanib boraversa, Alloh xohlasa, bundoq ilmiy ishlar ham yo‘lga qo‘yilib ketar degan umiddamiz.

Quvonchlisi shulki, Imom Tirmiziyning 1200 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman xalqimizga o‘zligini tanishda, o‘z madaniyatining asli qayerdan kelib chiqqanligini anglashda katta ta’sir ko‘rsatdi. Shu munosabat bilan qilingan ma’ruzalar, maqolalar, hatto she’rlar shuni ko‘rsatib turibdi. Eng chuqur taassurot chet ellardan kelgan mehmonlarimizda qoldi. Ular bunchalik yuqori saviyali xalq bilan muloqotni tasavvur qilishmagan ekan.

— Taqsir! Siz SSSR xalq deputatisiz. Hozir qanday tashvishlar bilan bandsiz?

— Deputatlik ham oson ish emas ekan. Nihoyatda sertashvish yumush. Ayniqsa, hamma narsa o‘z o‘rniga tushmagan hozirgi bir paytda. Sansalorchi ma’sul xodimlar o‘zlari qilish lozim bo‘lgan ishlarni ham deputatlarga oshirib qo‘yib, qutulishning payida bo‘lyaptilar. Uy-joy so‘rab borganlarga, deputat bechorada hech narsa yo‘qligini yaxshi bilishsa ham, «deputatga bor» deyishadi. Shu bilan o‘zidan mas’uliyatni qochirsa bo‘ldi-da. Birovning arig‘i iflos bo‘lsa ham deputat tozalab berishi kerak, qo‘shnisi bilan urishib qolsa ham deputat aralashishi lozim va hokazolar.

Siz tashvishlarni so‘raysiz, shundan bir-ikkitasini aytib o‘taylik. Men poytaxtning eski shaharidan saylanganman. Shu mintaqaning o‘zida turmush tarziga rioya qilgan holda qayta qurish, barcha qulayliklar bilan ta’minlashga qaror chiqarishning o‘zi juda qiyin bo‘ldi.

Ancha bo‘ldi, chet elda bir marta ishlatiladigan igna olib qo‘yilgan. Biroq uni olib kelish muammo bo‘lib turibdi. Bu ham tashvish. Xullas, tashvishlar ko‘p.

— Shu kunlarda Sizni eng ko‘p qiynayotgan narsa nima?

— Meni shu kunlarda ko‘p qiynayotgan narsa insoniy qadriyatning oyoq-osti bo‘lishi. Gunoh, surbetlik, axloqsizlik, jaholat kabi razil illatlar bugungi kun o‘lchovida fazilatga aylanib qolganligi. Odamlarning Allohdan qo‘rqmay, bandadan uyalmay qo‘yganligi.

— Hayotda nimalarni ko‘proq qadrlaysizu, nimalardan nafratlanasiz?

— Iymon, e’tiqod va taqvoni qadrlayman. Iymonsizlik, e’tiqodsizlik va jaholatdan nafratlanaman.

— Armoningiz bormi?

— Armonim bor.

— Ota-onangiz haqida gapirib bersangiz?

— Otam Muhammad Yusuf Hoji Boybo‘ta o‘g‘li ota-bobolarimiz yurti Andijon viloyatida tug‘ilib o‘sib, Buxoroi sharifdagi «Mir Arab» madrasasini bitirganlaridan beri 30 yildan buyon Buloqboshi qishlog‘idagi «Qirg‘izboy» masjidida imom-xatib. Musulmonlarga xizmat qilib kelmoqdalar. U kishining Islom g‘oyalariga fidoyiliklari, shaxsiy fazilatlari, insonparvarliklari ko‘pchilikka ma’lum. Mahalliy sho‘rolarga bo‘lib o‘tgan so‘nggi saylovda hamqishloqlarimiz u kishini Andijon viloyati sho‘rosiga deputat qilib sayladilar.

Onam Sobiraxon Tilakberdi qizi oddiy dindor mehnatkash oilasida tug‘ilib o‘sganlar. Jamoa xo‘jaligida mehnat qilganlar. Hozirda uy bekasi bo‘lib, nabiralar tarbiyasi bilan mashg‘ullar. Ham ota, ham ona tarafdan bo‘lgan qarindoshlar barchasi Andijonda va xususan Marhamat hamda Asaka nohiyalarida istiqomat qiladilar.

— Mushtariylarimiz oilangiz haqida bilishni istaydilar?

— Oilamiz to‘rt kishidan iborat. Bolalarning onasi Fotima xonim o‘lkamizdagi mashhur diniy oilada tavallud topganlar. U kishining otalari ustozimiz Ismoil maxdum Oxun o‘g‘illari mashhur olim bo‘lib, uzoq vaqt O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi raisining noiblari bo‘lganlar.

Marhum muftiy Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon hazratlari va boshqa ulamolarimiz bilan birga diniy idoramiz va musulmonlar uchun katta xizmatlar qilganlar. Toshkentda saqlanayotgan «Usmoniy Mushaf tarixi» kitobi o‘sha kishi qalamlariga mansubdir. Tabiiyki, bunday oilada o‘sgan umr yo‘ldoshimning diniy ma’lumotlari yaxshi. Bu yil ko‘p qatori haj ibodatini ado etish baxtiga muyassar bo‘ldilar. Hozir bolalarimiz tarbiyasi va oilaviy ishlar bilan mashg‘ullar.

O‘g‘limiz Ismoil Toshkent shahar, Mannon Uyg‘ur nomli o‘rta maktabning 9-sinfida a’lo baholar bilan o‘qimoqda. Qizimiz Odinaxon esa xuddi shu maktabning 6-sinfida ta’lim olyapti.

— Muhtaram muftiy hazratlari, O‘rta Osiyoda yashayotgan sog‘lom fikrli kishilar Sizning serqirra faoliyatingizni qadrlaydilar. Biroq, ayting-chi, nega keyingi vaqtda din ahllari o‘rtasida har xil nizolar paydo bo‘lmoqda?

— Sog‘lom fikrli kishilar bor bo‘lsinlar. Ular bilan har bir jamiyat baxtlidir. Lekin shu bilan birga har bir jamiyatning o‘ziga yarasha nosog‘lom fikrli kishilari ham bo‘ladi. Afsuski, bundaylar bizning oramizda ham bor. Keyingi paytda din ahllari o‘rtasida chiqayotgan turli nizolarning diniy idora va shaxsan men haqimdagisini nazarda tutsangiz, bir gap bilan aytganda, buning sababi mansab talashishdir. Bir guruh odamlar kishilarning soddaligidan foydalanib, ularni o‘z shaxsiy g‘arazlari yo‘lida ishlatmoqdalar. Ular haqiqiy Islom qayg‘usidan uzoq kishilar ekanligini hamma biladi. Agar dillari pok, da’volari haq bo‘lsa faoliyatimizda tirnoq ostidan kir qidirmay, bizning xatolarimizni o‘zimizga aytib, nasihat qilardilar, haqiqiy musulmonlik shunga chaqiradi. Lekin ular biz hali faoliyat boshlamay turib 1989 yil 10 mart, ya’ni musulmonlar qurultoyidan to‘rt kun avval namoyish uyushtirdilar.

Allohdan qo‘rqqan, qiyomatdan umidi bor odam birovga tuhmat qilmaydi.

Homiylarining maslahatlari bilan bizning «birodarlar» 1990 yil 24 mart, 3 may, 31 avgust, 1 sentyabr, 20, 21 sentyabr kunlari masjidlarda to‘polonlar uyushtirishdi. Bo‘hton tuhmatlar yetmagandek «o‘ldiramiz» deb tahdid qildilar. Noibimiz Zohidjon domlaning uylariga o‘t qo‘ydilar va hokazo. Bu ishlar faqat Islomga zarar ekanligini ko‘pchilik anglab yetganligi boisdan hammaning nafrati kelgani, ayniqsa chet ellik kishilarning xafa bo‘lganliklari ma’lum. Endigina ko‘krakka shamol tekkanda, bunday noshukurlik kimning tegirmoniga suv quyadi, bir o‘ylab ko‘rish kerak.

— Din ahllarini hajga, yuborishda go‘yoki adolatsizlik bo‘lgan emish. Ya’ni vodiy tomondan ko‘proq, boshqa viloyatlardan kamroq vakillar borgan emish. Agar shunday bo‘lsa, buni qanday izohlaysiz?

— Bu ham yuqoridagi g‘arazgo‘ylarning e’tirozi. Avvallari bir-ikki kishi hajga borganda jim yurishardi, endi yurtimiz tarixida birinchi marta 1525 kishi borsa, shuncha gap. Kamtarlik doirasidan chiqsam ham aytib qo‘yay, shu ishlarni amalga oshirishni Alloh taolo menga muyassar qildi. Agar zarracha yordam bergan odam bo‘lsa, chiqib aytsin.

Meni kechirasizu, ko‘pchilikka hasadgo‘ylik, o‘zim bo‘lay ruhiyati singib ketgan ekan. Haj masalasida qancha odam murojaat qilgan bo‘lsa, «bir odam borsa, men borishim kerak», deb talab qo‘yadi. «Ko‘pchilik qatori men ham boray», deb niyat qilsangizchi, desang ko‘nmaydi.

Endi «vodiy tomonidan ko‘proq» iborasiga kelsak. Kim ariza berib, astoydil harakat qilsa o‘sha bordi. Boshqa joylardan o‘z vaqtida harakat qilib, bizning aybimiz bilan qolib ketgan odamlar bitta ham yo‘q. Bo‘lsa, chiqib aytsin. Lekin vodiydan harakat qilib, hatto pasporti bilan qolib ketganlar ko‘p. Birovga ayb qo‘yishdan oldin ozgina bo‘lsa ham o‘ylash, andishaga borish kerak, axir. Shu ham musulmonchilik bo‘ldimi?

Boshqa tuhmat ham bor. Go‘yoki chet eldan odamlarni hajga olib borish uchun pul berilgan ekan. Men uni o‘zimga olibman va oqibatda kishilar o‘z pullariga boribdilar.

Hech qachon, hech kim bunday pul bergani yo‘q. Da’vogarlar hujjatini ko‘rsatishsin. Allohdan qo‘rqishsin.

Yana Siz eshitgan boshqa tuhmat ham bor. Madina shahri amiri har bir hoji uchun 1000 riyoldan bergan ekan. Men 300 riyoldan urib qolibman. Qaysi til bilan buni aytishdi? Qaysi qo‘l bilan Prezident va boshqa rahbarlarga yozishadi? Aql bovar qilmaydi! Shunga o‘xshash bo‘htonlar ko‘p. Lekin ularning hammasiga to‘xtalishning hojati yo‘q. O‘zimga nomunosib so‘zlaganim uchun uzr. Lekin xalqqa haqiqatni aytish ham kerak.

— So‘nggi savol, hazratim. Oynomamiz yangi. U mushtariylar bilan ilk bor uchrashmoqda. Zero, Siz ham uning birinchi mehmonisiz. Mushtariylarimizga qanday tilaklaringizu, tahririyatimizdan qanday iltimoslaringiz bor?

— Mushtariylarga iymon, tavfiq, baxt-saodat hamda insoniy kamolot tilayman. Tahrir hay’yati esa mard, shijoatli, xalq dardi bilan, yonadigan bo‘lishini orzu qilaman.

«Muloqot» oynomasi, 1991 yil, 1-son.