Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: “Islom – ilm demakdir” (1989)

— Muftiy hazratlari! O‘zingizga ayon, hozir shunday bir paytda yashayapmizki, hayotimizda yig‘ilib qolgan ko‘plab chigil va mavhum muammolar xususida ro‘y-rost, oshkora gapirishni, xalqimizning o‘tmishdagi hayotiga, umuman, tarixga munosabatimizni o‘zgartirishni davrning o‘zi taqozo etayotir. Masalan, keng omma uchun hozirgacha noaniq qolib kelayotgan shunday muammolardan biri – dinning ilmga munosabati masalasidir. Shu mavzuda Sizga o‘zimni ko‘pdan o‘ylantirib yurgan bir qancha savollar bilan murojaat qilmoqchi edim. O‘ylaymanki, ular ko‘p sonli jurnalxonlarimizni ham qiziqtiradi.

— Bismillahir rohmanir rohim! Avvalo, «Fan va turmush» jurnalxonlarini birinchi diniy suhbat munosabati ila chin qalbdan tabrik etishga ijozat bergaysiz. O‘ylaymizki, bu suhbat kelgusidagi shu xil chiqishlarning debochasi, xolos.

— Suhbatimizni hozirgi madrasalarda ta’lim qandayligidan boshlasak. Madrasalarga o‘qishga kirish uchun konkurs katta deyishadi, shu to‘g‘rimi? Ularda dunyoviy ilmlar qay darajada o‘qitiladi? Madrasada tahsil ko‘rganlar arab tilini sharqshunos olimlardan mukammalroq bilishadi, buning siri nimada? Madrasalarda diniy arboblargina emas, balki ilmiy xodimlar ham tayyorlash ko‘zda tutilganmi? Usmon Qur’oni qaytarilishi bilan Siz orqali din ahlini muborakbod etar ekanmiz, Diniy boshqarma va madrasalar kutubxonasida qaysi ilmlarga oid kitoblar saqlanishi, ularni o‘rganish qay ahvolda ekanligini ham bilishni istardik. Qolaversa, imlo o‘zgaraverishi oqibatida butun xalqimiz o‘tmish merosidan mahrum bo‘lib qolgan, olimlarimiz behisob qo‘lyozmalarni o‘rganib ulgurolmayotgan hozirgi davrda bu ishga din ahllari qanday hissa qo‘shayotirlar?

— Ha, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom ma’hadi va Buxorodagi Mir Arab madrasasiga o‘qishga kirysh uchun konkurs katta. Buning bir necha sabablari bor, shulardan biriga ko‘ra, bu ikkala madrasa o‘z bobida Vatanimizdagi yagona o‘quv yurtlari bo‘lib, ularda tahsil rluvchilarning soni chiqarilgan. Mazkur o‘quv yurtlarida faqat diniy arboblar tayyorlash ko‘zda tutilgan, lekin diniy ilmlar bilan bir qatorda jug‘rofiya, tarix, davlat va huquq kabi dunyoviy ilmlar ham o‘qitiladi.

Madrasada tahsil ko‘rganlar arab tilini sharqshunos olimlardan mukammalroq bilishlarining siriga kelsak, bizda arab tili asl manbalardan mufassal o‘rganiladi. Ayniqsa Qur’oni Karim va Hadisi sharifni o‘rganish jarayoni katta ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Sharqshunoslarda esa undoq emas, ular asosan so‘zlashuvga katta e’tibor berishadi, arab tilini rus tilida yozilgan o‘ziga xos manbalar, arab tili qoidalari ruhidan yiroq qoidalar asosida o‘rganishadi.

Diniy boshqarma va madrasalar kutubxonasida asosan Qur’on, Tafsir, Hadis, Usul al-fiqh, Islom tarixi va boshqa tabarruk kitoblar saqlanadi. Shu bilan birga kitoblar orasida arab, fors, o‘zbek va tojik adabiyotiga oid, tib, jug‘rofiya, ilmi falak, falsafa va boshqa ilmlarga doir asarlar ham mavjud. Ularni o‘rganish esa, afsuski, yaxshi ahvolda emas. 4-qurultoydan avval o‘tkazilgan taftish ishlari Diniy idora kutubxonasining faoliyatini qoniqarsiz deb topdi. Ko‘plab kitoblar izsiz yo‘qolgan, borlarini saqlash talab darajasida emas. Hozirda bu nuqsonlarni bartaraf etish tadbirlari ko‘rilayotir.

Olimlarimiz behisob qo‘lyozmalarni o‘rganib ulgurolmayotgan hozirgi davrda bu ishga din ahllari qo‘shayotgan hissa haqida gapirish juda og‘ir. Chunki ko‘zga ko‘rinarli hech narsa qilinmagan desam yolg‘onchi bo‘lmasman. Qani, menga ayting-chi, agar biron diniy xodim ilmiy ish qilsa, uni kim qabul etadi-yu, kim nashr qiladi? Biroq ayni vaqtda, din ahllari bu ishga mutlaqo hissa qo‘shishmagan desak ham insofdan bo‘lmas. Hissa qo‘shishgan – sharqshunos olimlar ulardan birov bilmasligi sharti bilan yordam olib turishgan. Lekin hozirda, qayta qurish va oshkoralik davrida Qur’onni tarjima qilayotgan olimlar dindorlardan yordam olmayotganligi taajjublanarlidir.

— Hozirdaki ahvol shunday bo‘lsa, demak, tariximiz buzib ko‘rsatib kelinganiga ajablanmaslik ham kerak ekan-da. Masalan, Xo‘ja Ahror rahnamoligidagi mutaassib ruhoniylar doirasi shohu olim Mirzo Ulug‘bekni bir umr ta’qib etgani, pirovardida uni o‘ldirib, rasadxonasini vayron etib, shogirdlarini quvg‘in qilgani haqida ko‘p gapiriladi. Bu to‘g‘rida maktabda, oliy o‘quv yurtida talabalar qulog‘iga quyilaveradi. Nafaqat darsliklar, balki badiiy asarlar, filmlarda ham aynan shu narsa takror etilaveradi. Ko‘p qatori men ham shu vaqtgacha bunga ishonardim, johil Xo‘ja Ahrordan g‘azablanib, jaholat qurboni Ulug‘bekka achinardim. Biroq kutilmaganda sharqshunos olim Bo‘rivoy Ahmedov bultur «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida bosilgan bir maqolasi bilan bu to‘g‘ridagi jamiki tasavvurlarimni o‘zgartirib yubordi.

Aslida Xo‘ja Ahror johil ruhoniy emas, balki o‘z davrining ulamoyi kiromi ekan. Ulug‘bekni ta’qib etish uyoqda tursin, hatto o‘zaro tanish bo‘lmagan, uning o‘limiga zarracha ham aloqasi yo‘q ekan. Rasadxona Ulug‘bek o‘limidan so‘ng yana 50 yil turgan. Darvoqe, bu haqda boshqa manbalarda ham yozilgan-ku. Masalan, Ulug‘bek 1449 yili o‘ldirilgan bo‘lsa, Bobur «Boburnoma»sida rasadxonani 1500 yili bus-butun ko‘rganini aytadi. Qolaversa, Ulug‘bekning shogirdlarini ham ta’qib etmagan. Ali Qushchi ustodidan keyin Samarqandda uzoq vaqt yashab, so‘ng Istambul safarini ixtiyor etgan ekan.

Muftiy hazratlari! Bu o‘rinda tarix qo‘pol ravishda buzib ko‘rsatilgani yaqqol ayon bo‘lib turibdi. Bu yolg‘on kimlarga va nima uchun kerak bo‘lgani menga qorong‘u. Lekin Sizdan bir narsani so‘ramoqchi edim: Xo‘ja Ahror misolida din nohaq qoralangan ekan, bu masalani nechun sizlar, din arboblari ko‘tarib chiqmadingiz? To sharqshunos olim ajrim qilib bermaguncha, manfaatdor tomon bo‘laturib, bu masalada chet da turdingizlar?

— Jurnalingizning birinchi sonidan boshlab to hozirgi kungacha ushbu suhbatni uyushtirish uchun sizga to‘siq bo‘lgan narsa bizni dam bu masalada chetda turishga majbur qilgan. Hurmatli olimimiz Bo‘rivoy Ahmedovning mazkur maqolasi ko‘pchilik uchun kutilmagan bo‘lsa bo‘lgandir, lekin biz uchun qachonlardir aytilishi zarur haqiqatning yuzaga chiqishi bo‘ldi, xolos. Men Bo‘rivoy og‘aning bu maqolasini ilmiy jasorat deb atashdan hech tortinmayman.

Shu bilan birga ta’kidlab aytmoqchimanki, bu masala faqat Ulug‘bek va Xo‘ja Ahror shaxslari bilangina cheklanib qolmaydi. Ibn Sino, Forobiy, Beruniy va boshqa buyuk shaxslarning ham o‘z «Xo‘ja Ahror»i bor. Faqat voqelik (realizm)gagina asoslanuvchi ijodkorlarimiz va «haqiqatgo‘y» olimu tarixchilarimiz bu xil to‘qima «Xo‘ja Ahror»lar orqali qanday niyatga erishishmoqchi bo‘lganlarini o‘zlaridan so‘raylik, javob bersinlar.

Yuqorida nomlari zikr etilgan allomalar o‘z davrining farzandi bo‘lgan. Lekin, nima uchundir, ular bugungi kun bo‘yog‘i bilan bo‘yaladi. Hammalari avvalo dahriy deb e’lon qilinadi, so‘ng ba’zi asarlari shu ruhda o‘rgana boshlanadi. Haqiqatda esa allomalarning o‘zlari musulmonliklari bilan faxrlanib o‘tishgan. Ibn Sinoga «Shayx ur-rais», Forobiyga «Ustodi soniy» unvonlari Islom falsafasi bo‘yicha berilgan-ku axir?!

Aminmanki, «Ibn Sino kim bo‘lgan va uning qanday asarlarini bilasiz?» – degan savolga jurnalxonlar: «Ibn Sino mashhur tabib bo‘lgan, u «Tib qonunlari» kitobining muallifi» degan javobdan nariga o‘ta olmaydilar. «Ibn Sino mashhur Islom faylasufi bo‘lgan, Allohning mavjudligini, Qur’onning ilohiy kitobligini va boshqa Islom aqidalarini falsafiy yo‘l bilan bayon qilgan o‘nlab muhim kitoblarning muallifi» deb javob beradiganlar esa kam bo‘lsa kerak. Bu xil misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Modomiki shunday ekan, Islom ilmga to‘sqinlik qilgan, degan da’voga qanday ishonim mumkin?

— Bil’aks, islomshunoslikka oid adabiyotlarda Islom hamisha ilmga da’vat etib kelgani ko‘rsatiladi. Masalan, horijiy mashhur sharqshunos olim Frants Rouzental Islom va ilm munosabatlariga bag‘ishlangan «Ilm tantanasi» nomli yirik asarida Islom dini mag‘iz-mag‘zigacha ilm olishga da’vatdan iborat deb ta’kidlaydi. Kattagina bir qismga «Ilm – islomdir» degan nom berilgan, umuman – Islom – ilm demakdir» degan fikr asarning boshidan oxirigacha singdirib yuborilgan, Qolaversa, muallif shuni alohida ta’kidlab o‘tadiki, Qur’onda jami 78000 ga yaqin so‘z bo‘lsa, «ilm» so‘zi ularning 1 foizga yaqinini tashkil etar, boshqacha aytganda, «Alloh», «arab», «bo‘lmoq» va «aytmoq» kabi eng ko‘p takrorlanuvchi so‘zlardan keyin beshinchi o‘rinda turarkan. Bu o‘rinda olim diniy ilmni nazarda tutyaptimi yo dunyoviy ilmni? Umuman, Islomning ilmga munosabati xusisida nimalar deya olasiz?

— Arab tilshunoslari ilmning mohiyatini «Narsalarni xuddi voqelikdagidek idrok etish» deb ta’riflashadi. «Islom dini ilmga qarshi bo‘lgan» degan fikr esa «Din – ilmga qarshi» g‘arbiy fikrning umumlashtirilgan ko‘rinishi, xolos. Boshqa dinlar ilmga qarshi bo‘lgan bo‘lsa ehtimol, lekin Islom hech qachon ilmga qarshi bo‘lgan emas. Islom – ilm dinidur. Siz Toshkentda 12 ta madrasa bo‘lgan ekan dedingiz, Samarqand, Buxoro, Xiva singari markazlarda yuzlab shu xil oliy o‘quv yurtlari bo‘lgan. Qolaversa, gap ilm maskanlarining sonidagina emas, balki ularda yetishib chiqqan Buxoriy, Zamaxshariy, Termiziy, Nasafiy, Shoshiy, Ibn Sino, Beruniy, Forobiy, Al-Xorazmiy, Al-Farg‘oniy, Ulug‘bek, Jomiy, Navoiy va boshqa allomalar haqida hamdir.

Endi bir o‘ylab ko‘raylik: nima uchun mo‘tabar zotlar Islom madaniyati gullab yashnagan bir paytdagina yetishib chiqdi, undan avval ham emas? Islom ilmga qarshi deganlar, qani, shuni bir tushuntirib bersinlar-chi? Keling, tarafkashlikni bir chetga qo‘yib, Islomning asosi bo‘lmish Qur’oni Karim va Hadisi sharifga murojaat etaylik, ilm haqidagi ba’zi ta’limotlarga nazar solaylik.

Qur’onda «ilm» so‘zi turli hollarda 765 marta takrorlanadi. Payg‘ambar alayhissalomning hayotlari va aytgan so‘zlari ham ilmga da’vat bilan to‘la. Birgina misol keltiraylik. Badr degan joyda mushriklar bilan urushdan so‘ng Muhammad alayhissalom har bir asirga ozod bo‘lishi uchun 10 ta musulmonga o‘qish, yozishni o‘rgatib qo‘yishni shart qilganlar. O‘sha o‘rinda pul, mol yoki xohlagan boshqa narsa so‘ralishi mumkin edi, lekin Islomda ilm hamma narsadan ustun turgani uchun shu so‘ralgan. Bu masalada qancha gapirilsa shuncha oz, o‘nlab kitoblar bitilgan bo‘lsa ham baribir oz.

Siz Frants Rouzental haqida gapirdingiz, bu borada u yolg‘iz emas, g‘arbdagi ko‘plab insofli olimlar Islom ilm dini ekanligini ochiq-oydin, hujjat va dalillar bilan isbotlab berishgan. Shulardan biri, nemis sharqshunos olimasi Zingfrid Xenka «Arab quyoshi g‘arbga ziyo sochadi» nomli yirik asarida bu masalani atroflicha yoritgan. Xususan, kitobning «Madrasaga qatnayotgan xalq» deb ataluvchi bobida g‘arb aholisining 95 foizi savodsiz bo‘lgan, buyuk Sharl qarigan chog‘ida o‘qish, yozishni qiynalib o‘rganayotgan, hatto ibodatxonalarda qalam tutishni biladiganlar nodir bo‘lgan IX – XII asrlarda Islom olamining shaharu qishloqlaridagi minglab madrasalar millionlab o‘g‘il-qizlarni kutib olayotgani, ular Islom talabiga asosan ilmni rag‘bat bilan o‘rgatayotgani haqida hikoya qilinadi.

Islomda ilm to‘g‘risida so‘z yuritilar ekan, uning tom ma’nosi nazarda tutiladi. Basharti faqat diniy ilm nazarda tutilgan bo‘lsa, bu alohida qayd etilib, ta’kidlanar edi. Shuni unutmaslik kerakki, Islomda din va dunyo alohida-alohida tushunchalar emas, balki bir-biri bilan bog‘liq narsalardir. Siz dunyoviy deb atayotgan ilmlarda musulmondar peshqadam bo‘lishgan, bunga esa ularni Qur’oni Karim va Islom ta’limotlari chorlagan.

Shuning uchun ham barcha ilmlarning diniy tusi bo‘lgan. Rivoyat qilishlaricha, falakiyot sohasidagi ikki musulmon olimi yunon olimi Batlimusning falak ilmiga oid kitobini o‘qib o‘tirishgan ekan, diniy ulamolar o‘tib ketayotib: «Nima qilib o‘tiribsizlar?» – deb so‘rashibdi. Shunda falak ilmi sohiblari: «Tuya qanday yaratilganiga va osmon qanday ko‘tarilganiga nazar solmaydilarmi?» – degan oyatning sharhini o‘qib o‘tiribmiz», deb javob berishgan ekan. Xuddi shu fikrni barcha ilmlar hakida Qur’on va sunnatdan dalillar keltirib quvvatlash mumkin.

Islom ilm talab qilishni ibodat darajasiga ko‘targan, hattoki ixtiyoriy ibodatdan ilm talabini ustun qo‘ygan. Shuning uchun ham avvallari ilm o‘rgatganlarga haq berilmagan, ilm o‘rgatish – ibodat, ibodatga esa haq olinmaydi deyilgan. Turli ilm va hunarlar bo‘yicha o‘z ehtiyojiga yetarli kishilarni tayyorlash musulmon jamiyatiga farzdir. Agar bu borada kamchilik bo‘lsa, jamiyatning barcha a’zolari Allohning huzurida gunohkor bo‘lajaklar. Gapning xulosasini aytganda, Islom – ilmdir, ilm – islomdir.

— Ma’lumki, arablar dunyoning yarmini egallashgan, Islom dini Atlantika okeani sohilllaridan Tinch okean sohillariga qadar keng yoyilgan. Ayni vaqtda ular istilo etgan joylarida ilmu urfon ham tarqatishgan. Natijada bosib olingan mamlakatlarning fani va madaniyati ham dunyoga arab fani va madaniyati nomida ma’lum bo‘ldi. Pirovardida esa arablar Qadimgi Yunonistondan, shuningdek, bosib olgan mamlakatlaridan, ayniqsa O‘rta Osiyodan to‘plagan jamiki ilmlarini Ispaniyaning o‘sha davr Andalusiyasi – Qurtuba xalifaligi va G‘arnata amirligi orqali Yevropaga uzatib, Uyg‘onish davrining tamal toshini qo‘yishdi.

Misol uchun, Buyuk geografik kashfiyotlar davrida Vasko da Gama Afrikani aylanib o‘tib, Hindistonga borish mumkinligini qayerdan bilgan? Beruniyning Afrika janubida Atlantika va Hind okeanlari o‘zaro tutash degan fikri yetib bormaganmikan unga? Safarining ma’lum qismida portugal sayyohiga mashhur arab dengizchisi Ahmad ibn Majid yo‘lboshlovchilik qilgani ham bejiz emasdir balki! Yoinki Amerika qit’asini kashf etishida Xristofor Kolumbga Beruniyning yuzlab yil avval aytilgan, daholarga xos bashorati ilhom bermaganmikan?! Umuman, sharqning g‘arbga ta’siri va bu borada ana shu ilmlarni olib borgan Islomning roli haqida nimalar deya olasiz?

– Savolingizdan ko‘rinib turibdiki, bu to‘g‘ridagi ma’lumotlarni g‘arb sharqshunoslaridan olgansiz. Zotan, arab fani, arab madaniyati kabi tushunchalar ularga xos. Aslida esa Islom fani, Islom madaniyati deyilishi kerak. Negaki, arablar tarixga faqat Islom orqali kirishgan. Avvalgi musulmonlar orasida esa arabmaslar ham bo‘lgan, shuningdek, ilmu fan va madaniyat arboblarining ko‘pchiligi ham arab emas. Ibn Sino, Forobiy, Beruniy, Al-Xorazmiy, Al-Farg‘oniy kabi allomalarning o‘ziyoq guvoh bunga. Ularning bari musulmon, Islom fani va madaniyatining yirik namoyandalari bo‘lishgan.

«Bosib olish» iborasi ham sharqshunoslarniki, biz esa «fath» (ochish) so‘zini ishlatamiz. Chunki musulmonlar qayerga borishgan bo‘lsa, faqat dinni tarqatish, ya’ni boshqa xalqlarning ham ongini ochish uchun borishgan, xolos. «Bosib olish» ma’nosi bo‘lmagan mutlaqo. Tarix shohid, ular qayerga borishsa, o‘sha yerning tub aholisi bilan aka-uka, do‘st-birodarlarga aylanishgan. O‘zlari bilgan narsalarni o‘rgatib, bilmaganlarini o‘rganishgan. Hozirgi kunga qadar barcha xalqlar ularni hurmat-ehtirom bilan esga oladilar.

Ma’lumki, Qadimgi Yunoniston va Rimning fani hamda madaniyati tanazzulga uchragan davrdan to Islom borguniga qadar Yevropa ko‘p asrlik zulmat qo‘ynida qolgan edi. Islom hadsiz-hisobsiz ilmlarni olib borib, Yevropa xalqlarini g‘aflat uyqusidan uyg‘otdi. Uyg‘onish davrini boshlab berdi. Masalan, musulmonlar Andalusiyaga hisob ilmini berishdi, «algebra», «algoritm» so‘zlari buyuk bobomiz Al-Xorazmiy nomi bilan bog‘liqligini butun dunyo e’tirof etadi. Hatto Rim papalaridan biri sanoqni arabchada o‘rgangani tarixdan ma’lum. Musulmonlar Yevropaga texnika, astronomiya, harbiy ishga oid ilmlarni olib borishdi, porox va kompas sovg‘a qilishdi. Paxtaning inglizcha nomi «kotton» arabcha «qutun» so‘zidan, «kofe» arabcha «qahva» so‘zidan olingan. Musulmonlar Yevropaga jug‘rofiy, kemasozlik, dengizchilik ilmlarini olib borishdi, bu esa Buyuk jo‘g‘rofiy kashfiyotlarga olib keldi. «Kapitan» so‘zi ham arabcha «qubton»dan olingan.

Islom tabobati yevropaliklarga bemorlarni davolashni, shifoxonalar qurishni o‘rgatdi. Ibn Sinoning «Tib qonunlari» asari Yevropa dorilfununlarida 600 yil mobaynida talabalar uchun tabobat bo‘yicha yagona qo‘llanma bo‘lib kelganini butun dunyo e’tirof etadi. Uyog‘ini so‘rasangiz, Yevropa Islomdan hatto me’morchilikni o‘rgangan joylari bor.

— Muftiy hazratlari, Islom fani va madaniyati qadimgi dunyo ilmlarini asrab qolib va ko‘paytirib, yangi dunyo rivoji uchun taqdim etgan bashariyat tarixida bag‘oyat ulug‘vor ish bo‘lgani to‘g‘risida, ayniqsa, G‘arbning o‘zida ko‘p yozishadi. Masalan, frantsuz faylasufi Jan Kondorse «Inson tafakkuri taraqqiyotining tarixiy manzarasi chizgilari» nomli asarida: «O‘rta asrlar musulmon olamida to‘plangan ilmiy bilimlar g‘arbda Uyg‘onish davrini tayyorlash uchun xizmat qilmaganida insoniyat uchun besamar yo‘qolib ketardi» deb yozgan.

Zamonamizning yirik fantast-yozuvchilaridan biri, atoqli olim Artur Klark esa Islomning g‘arb olamiga, umuman, bashariyat tarixiga jahonshumul ulkan ta’sir ko‘rsatganini yanada yuqori baholaydi. Uning fikricha, Islom Andalusiya bilan cheklanib qolmay, butun Yevropaga tarqalganida yer yuzida taraqqiyot 1000 yil olg‘a ketar va hozirda insoniyat sayyoralar uyoqda tursin, yulduzlarga yetib borgan bo‘lar ekan. Bu baholarga qanday qaraysiz?

— Shu savolingizga muxtasar javob qilsam, boisi – avvalgi gaplarimda qisman javob bor. Frantsuz faylasufining Islom to‘g‘risidagi fikriga qo‘shilaman. Endi fantast-yozuvchining tasavvuriga kelsak, unda hech qanday yangilik yo‘q. Bu gap g‘arbning o‘zida 1000 yil avval aytilgan.

— Islomning ilmga munosabatida goho hayratomuz hodisalarga duch kelish mumkin. Masalan, ilm olishda millat ajratmaslik, nainki musulmonlar, balki g‘ayridinlar ham bemalol tahsil ko‘rishi uchun keng imkoniyat yaratib berish hollarini uchratamiz tarixda.

Chunonchi, arablar davrida Iskandariya dorilfununida ba’zan 14000 talaba o‘qigan. Kutubxonasida 700000 jild kitob bo‘lgan. Bu ajablanarli emas, misol uchun xalifalardan birining kutubxonasidagi kitoblar katalogining o‘zi 40 jild edi. Ajablanarlisi shuki, hayvonot va nabotot bog‘lari, rasadxonasi, jarrohxonasi va hokazolari ham bo‘lgan ushbu dorilfununda ilm-fanning barcha sohalarida istalgan dindagi kishilar o‘qishi mumkin bo‘lgan.

Mana bu qiziqarli ma’lumot esa Islom ilm bobida har qanday diniy qarashlardan ustun turganini yana bir bor tasdiqlaydi. Xalifa Al-Ma’mun matematik Lev Sharq poytaxtiga kelishiga ijozat berishini so‘rab, Vizantiya imperatoridan shunday iltimos qilgan edi: «Dinimiz yoxud mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tafovutlar bois o‘tinchimni rad etmagaysiz. Do‘stlik udumlariga muvofiq ish tutgaysiz, degan umidim bor. Evaziga men sizga yuz qadoq tilla, abadiy ittifoq va sulhni taklif eturman».

— Hadislardan birida Muhammad alayhissalom: «Ilmni Chin mamlakatidan bo‘lsa ham talab qilinglar», deganlar. Islom har qanday ilmni o‘rganishga da’vat etadi, u diniy aqidani buzmasa bas. «Ilm – mo‘minlarning axtarib yuruvchi narsasidir, topgan joyidan oladi», degan hadis ham bor. «Imkoni boricha va qayerda qodir bo‘lsang ilm o‘rgan va ma’rifatingni ziyoda qil», bu – musulmonlarning doimiy shiori bo‘lgan.

Xalifa Xorun ar-Rashid va Ma’mun davrlarida Bag‘dodda o‘sha davr akademiyasi – Baytul hikmat («Donishmandlik uyi») tashkil etilib, qadimgi yunonlarning jamiki ilmlariga old asarlari tarjima qilingan. Shuningdek, boshqa xalqlar tilidan o‘giriladigan tarjimalarga ham e’tibor katta bo‘lgan, masalan hindlarning «Kalila va Dimna» asari qadimgi sanskrit tilidan o‘girilgan edi, zamonlar o‘tishi bilan asl nusxasi yo‘qolganidan keyin arabcha tarjima eng qadimiy matn bo‘lib qoldi.

— Ilm bobida millatu dinni ajratmagani kabi Islom erkagu ayolni ham teng ko‘rgan. «Ilm olmakka intilish muslim va muslimalar uchun birdek qarzu farz» degan hadis bunga yaqqol misoldir. Darvoqe, suhbatimiz avvalida tilga olingan olimu shoh Ulug‘bek bu hadisni Buxorodagi madrasasi eshiklariga yozdirgan edi. Shuning o‘ziyoq Islom ayol kishini aslo kamsitmaganini ko‘rsatmaydimi?

U holda nima uchun din xotin-qizlarni hamisha tahqirlagan, haq-huquqlarshsh cheklab qo‘ygan, deb yoshlarimizning qulog‘iga quyib kelishadi? Bu nima o‘zi – bir zamonlari dinga qarshi ko‘r-ko‘rona boshlangan kurashning hanuzgacha sudralib kelayotgan asoratimi? Zotan, Islom ayolni kamsitishi va ayni vaqtning o‘zida ilm olishga da’vat qilishi mumkin emas-ku axir?

— Islom xotin-qizlarni hech qachon kamsitmagan, bil’aks, ularni hamisha ulug‘lab kelgan. Na Qur’oni Karimda va na Hadisi sharifda ayol kishiga past nazar bilan qaralmagan, bunga quruq da’vo qiluvchilar qani, biron manbadan isbot-dalil keltirib ko‘rsinlar-chi?

Islomning ilk davrlaridayoq xotin-qizlar e’zozlangan, ularning ehtiyojlariga hamisha diqqat-e’tibor bilan qarab kelingan. Masalan, ayollar ko‘p jihatdan erkaklar bizdan o‘tib ketishyapti, deb shikoyat qilishganida Muhammad alayhissalom ular uchun maxsus majlislar tayin etganlar.

Onani-ku Islom mo‘tabar zot deb biladi. Hadislardan birida aytilishicha, bir kishi: «Kimga yaxshilik qilishim kerak?» – deb so‘raganida Muhammad alayhissalom: «Onangga!» – deb javob berganlar. Savol uch marta takrorlanganda ham javobi shu bo‘lgan. Faqat to‘rtinchi martadagina payg‘ambarimiz: «Otangga!» – degan ekanlar. Ya’ni Islomda onaning haqi otanikidan uch baravar ulug‘ deb bilinadi. «Jannat – onalar oyog‘i ostidadir», deganlar payg‘ambarimiz.

Islom xotin-qizlarga shu qadar izzat-ikrom ko‘rsatgani bois ham tarixda ko‘plab fozila ayollar yetishib chiqqan. Ma’lumki, hadislarni yig‘uvchi, sharhlovchi va targ‘ib etuvchi shaxslar muhammadiy deb atalgan. Abu Hurayra eng ko‘p hadis rivoyat qilgan kishi hisoblanadi. Muhammad alayhissalomning xotinlari Bibi Oysha esa u kishidan so‘ng ikkinchi o‘rindadirlar. Payg‘ambarimizning qizlari Bibi Fotima ham ilmli, fozila ayol bo‘lib, ijtimoiy ishlarda faol ishtirok etgan, arab xalifalarining butun boshli bir sulolasi – fotimiylar o‘zlarini Bibi Fotimaning avlodi deb hisoblaydilar.

Samarqandlik alloma Imom Kosoniy fiqh ilmida ustozining kitobiga sharh tarzida «Badoyeul sanoye» nomli ajoyib asar bitgan. Minnatdor ustod esa shogirdiga ilmda benazir qizi Fotimani bergan. O‘sha vaqtlarda bu uch mashhur faqihning imzolari qo‘yilmaguncha fatvolar kuchga kirmagan. Shuningdek, ayollar orasida atoqli shoiralar ham bo‘lgan.

Endi Islom ayollarning haq-huquqini cheklaganiga kelsak, bu faqat ularning manfaatini ko‘zlaganidan. Masalan, ayollar urushda hamshiralik etishiga ijozat bergani holda og‘ir mehnat qilishiga ruxsat bermagan. O‘zingiz qiyoslab ko‘ring: hozir qayerda og‘ir ish bo‘lsa, ayol kishini albatta uchratasiz. Xotin-qizlarimiz saraton tig‘ida kun bo‘yi ketmon chopishadi, qurilishda ishlashadi, ko‘chaga asfalt yotqizishadi, zavod-fabrikalarda murakkab mashinalarni boshqarishadi, bozor-o‘char qilishadi va hokazo. Islom esa ayol kishini ilm olishga da’vat qiladi-yu, lekin qo‘liga ketmon bermaydi aslo. U jamiki og‘ir ishlarni erkaklar zimmasiga yuklab, ayollarni bundan xalos etadi.

Ayol kishi avvalo ayolligini – bor nafosatiyu nazokatini, odobu ibosini saqlab qolishi kerak, deb biladi Islom. Zero, u ona sifatida salomatligini farzandlari uchun asramog‘i shart. Zuryodlari sog‘lom bo‘lishini istovchi erkak esa ayolini e’zozlamoq uchun burchlidir. Xullasi kalom, Islom xotin-qizlarning haq-huquqlarini yolg‘izgina bir narsada – og‘ir mehnat qilishda cheklagan, xolos.

— Muftiy hazratlari, bir vaqtlari dinga qarshi ko‘r-ko‘rona boshlangan kurash qanday salbiy oqibatlarga olib kelganini qisqacha bo‘lsa-da, ko‘rib o‘tdik. Shu kurash niqobi ostida diniy-mistik shoirlar degan tamg‘a yopishtirilgan talay ijodkorlar vaqti-soati kelib dunyoviy adabiyotga qaytarildi. Lekin uzoq va boy tariximizda ularga o‘xshash olimlar ham ko‘p. Umuman, Islom taraqqiyotiga O‘rta Osiyodan yetishib chiqqan allomalar juda katta hissa qo‘shgani jumlai jahonga ayon. Ikkitagina misol keltiray.

Hoja Ismoil Buxoriyning «Sahihi Buxoriy» deb ham yuritiladigan, minglab hadislar jam etilgan «Al-jomi’ as-sahih» – «Ishonarli to‘plam» nomli asari musulmon mamlakatlarida ulug‘ shuhrat topib, qayta-qayta nashr etilgan. Atoqli faqih Burhoniddin Marg‘iloniyning fiqh ilmiga oid «Bidoyat al-mubtadiy» – «Ilmga kirishuvchi uchun birinchi asos» nomli ko‘p jildli asari esa Sharq mamlakatlaridagi madrasalarda hanuzgacha asosiy qo‘llanma bo‘lib kelayotir, fors, ingliz, rus tillariga tarjima qilingan.

Yuqoridagi shoirlar ijodi singari bu olimlar ijodi ham diniy ahamiyatidan tashqari katta dunyoviy ahamiyatga ega. Zero, mazkur asarlarda xalqimizning tarixi, o‘tmishdagi hayoti, marosimlari, urf-odatlari, ahloqqa oid qarashlari va hokazolar bo‘yicha qimmatli ma’lumotlar mavjud. Binobarin, horijiy tillarga allaqachon o‘girilgan bu xil asarlarni nihoyat o‘zbek tiliga ham tarjima qilib, xalqimizning o‘ziga tanishtirish fursati yetmadimikan? Masalan, Qur’onni!

— Fursat yetganda qanday? Biroq qani ushbu savob, ammo og‘ir yumushga bel bog‘lovchilar? Qani bunga imkon va sharoit? Holbuki, hanuz diniy ilmga ham boy bo‘lgan bunday asarlar juda ko‘p. Qur’onning o‘zi xususida muxtasar so‘zlab o‘tsam.

Qur’oni Karim musulmonlarning asosiy muqaddas kitobidir. Unda insoniyatning etnik bo‘linishi, ijtimoiy-iqtisodiy tabaqalanishi inkor etiladi. Bundan tashqari, Qur’on musulmon xalqlarning falsafiy, axloqiy va huquqiy qarashlari taraqqiyotiga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatgan. Unda geografik, etnografik, tarixiy ma’lumotlar mavjud. Ayni vaqtda Qur’on arab nasrining ilk yozma yodgorligi sifatida umuman Sharq adabiyotida katta ta’sir ko‘rsatgan.

Turfa xil jihatlardan beqiyos ahamiyatga egaligi bois ham Qur’oni Karim XII asrdanoq dunyo xalqlari tillariga tarjima qilina boshlangan. Hozirgi davrda, Qur’onni butun dunyo bemalol o‘qib turgan bir paytda, qolaversa, rus tiliga bir necha marta tarjima qilingani holda biz, musulmonlar o‘z tilimizda o‘qiy olmasligimiz ham to‘g‘ri emas. Qolaversa, endilikda ayrim kishilar Qur’onni o‘qigan hamma odam dindor bo‘lib ketadi, deb qo‘rqqan paytlar emas-ku! Qur’onni hatto siz, ziyolilar ham bilmasligingiz uyat emasmi axir?

Allohga shukrkim, suhbatimiz avvalida aytib o‘tganimizdek, Qur’on o‘zbek tiliga tarjima etilayapti. Umid qilamizki, bovdqa diniy asarlar ham xolisanlilloh bahosini olib, tarjima etiladi, kechroq bo‘lsa-da, xalqimizning o‘ziga qaytariladi.

— Boshqa dindagilar, masalan, xristianlar o‘zining o‘tmishiga nisbatan bunday noto‘g‘ri munosabatda bo‘lmayotganini jahon afkor ommasi ko‘rib turibdi-ku axir! Rus cho‘qintirilganining 1000 yilligi keng nishonlandi, Bibliya millionlab nusxada nashr etilyapti. «Sotsialistik Tatariston» gazetasining 1988 yilgi 18 dekabr sonida muxbirning Marjoniy masjidi jomesining imomi Zakiy hazrat Safiullin bilan suhbati e’lon qilindi. Zakiy hazratning aytishicha, bu yil Volgabo‘yi xalqlari Islomni qabul etganining 1000 yilligi nishonlanar, shu munosabat bilan Qur’on tatar tilida 50000 nusxada chop etilar ekan.

O‘rta Osiyoda Islom qachon qabul qilingan? Biron sanasi nishonlanganmi? Turli-tuman xalqlarni birlashtira olishdek qudratli kuchga ega bo‘lgan dinga nisbatan bu xil loqayd munosabat bizda tokaygacha davom etadi?

— Islom 22-hijriy yilda Marv shahriga kirib kelgan, uning O‘rta Osiyoda tarqalishi shu sanadan boshlanadi. 1974 yili Buxoriyning 1200 yilligi, 1980 yili hijriy sananing 1500 yilligi nishonlangan. Kelgusi yili Imom Tirmiziyning tavalludiga 1200 yil to‘ladi. Va nihoyat, Alloh nasib etsa, yaqin kelajakda O‘rta Osiyoda Islom qabul etilganining 1400 yilligini nishonlash niyatimiz bor. So‘nggi savolingizga men javob bermasam, uni Islomga hanuz loqayd munosabatda bo‘lib kelayotganlarning o‘zlariga havola etsak. Zero, e’tiqod erkinligi so‘zda emas, amalda bo‘lmog‘i lozim.

— Muftiy hazratlari! Mazmunli suhbatingiz uchun yuz minglab mushtariylarimiz nomidan Sizga tashakkur bildirish barobarida so‘nggi so‘zni o‘zingizga bersam. Nafaqat O‘zbekistonda, balki butun O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan ilmiy-ommabop jurnalimiz orqali keng ommaga aytadigan dildagi gaplaringiz, ayniqsa yoshlarga bildiradigan tilaklaringiz bordir.

— «Fan va turmush» jurnalxonlariga Alloh taolodan avvalo sihat-salomatlik, iymon-e’tiqod butunligini tilayman, baxt-saodat hamisha yor bo‘lsin sizlarga. Yoshlarga ham bir og‘izgina gapim bor. Odam olamni faqat ilm orqaligina anglay oladi.

Odamdan yuqori turarkan olam,

Bilim oshirmoqqa muhtojdir odam, –

degan edilar Abu Abdulloh Rudakiy ham. Ming yil bo‘libdiki, ushbu hikmat hanuz eskirmaydi.

Qur’oni Karim ham «Iqro!», ya’ni «O‘qi!» – degan so‘zdan boshlangan va bu xitob uch bora takrorlanadi. Mening ham sizlarga tilagim shu: «O‘rganing va ilmli bo‘ling, zero kuch – ilmdadir!»

Rustam Obidov suhbatlashdi.

«Fan va turmush» jurnali, 1989 yil, iyun.