Xurshid Do‘stmuhammad: “Muallif nuqtai nazari tahlilda ko‘rinadi” (2010)

— Istiqlolimiz sharofati bilan mustaqil O‘zbekistonning bugungi taraqqiyotida fan, adabiyot, matbuot singari ma’naviy sohalarning o‘rni va ahamiyati ham yanada ortdi. Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganlaridek, “Ijtimoiy hayotimizni islohqilish va yangilash boshlanib ketganligi bois, ma’naviy madaniyatning qudratli qatlamlari ochildi. Ular xalq ruhiyatini vatanparvarlik, milliy iftixor, butun dunyo uchun bag‘rikenglik tomon keskin o‘zgartirib yubordi”. Xurshid aka, bugungi o‘zbek badiiy publitsistikasining xalq ruhiyatini, uning ma’naviyatini boyitish borasidagi vazifalar va shu janrlarda erishilayotgan natijalar haqidagi fikrlaringizni bilmoqchi edik.

— Avvalo shuni ta’kidlash kerakki, Yurtboshimizning «Adabiyotga e’tibor — ma’naviyatga, kelajakka e’tibor» risolasida butun adabiyotimiz qatori, uning eng hozirjavob janri bo‘lgan badiiy publitsistkaning ham bugungi kundagi dolzarb vazifalari belgilab berildi. Ana shunday e’tibor tufayli hozirgi kunda badiiy publitsistka janrida hayotimizda bo‘layotgan ulkan o‘zgarishlarni aks ettirish bo‘yicha jonlanish paydo bo‘layapti, nazarimda. Publitsistika hayotning o‘zidan nafas oladi, u bilan birga yashaydi. Publitsistika — dolzarb hayotiy muammolarga tezkor javob beradigan, zamon bilan hamnafas ijodiy janr. Hayotning sarhadlari esa nihoyatda keng, publitsistikaning imkoniyatlari ham kenglik borasida undan qolishmaydi, lekin hayotda ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘lib turgan barcha mavzu-muammolarni qamrab olish nuqtai nazaridan publitsistika o‘z zimmasidagi vazifani bugun yetarli darajada bajaryapti, deb aytolmayman. Buning sababi ko‘p. Muammo bo‘ladimi, tahliltalab mavzular bo‘ladimi, odamlarning ruhini boyitadigan, ma’naviyatini o‘stiradigan, dunyoqarashini yangilaydigan darajadagi publitsistika yetuk badiiy asarlar singari kam yaratiladi.

Mixli Safarov, Zuhriddin Isomiddinov, Qutlibeka Rahimboyeva maqolalari mavzuga yondashish, ta’sirchan hikoya qilish, kutilmagan xulosalar chiqarishga undash nuqtai nazaridan alohida e’tiborga loyiq. Keyingi yillarda Ibrohim G‘afurovning“Hayo — xaloskor” va “Mangu latofat” deb nomlangan salmoqli kitoblari chop etildi. Mazkur kitoblarga turfa mavzulardagi badiiy publitsistika namunalari kiritilgan. Ularning har biri haqida istagancha mulohaza yuritish mumkin. O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidovning gazetalarda e’lon qilingan qator maqolalari adabiy-ma’rifiy hayotimizda katta voqea bo‘ldi. “Tafakkur” jurnalining har sonida bosh muharrir Erkin A’zamning publitsistik miniatyuralari chiqadi. Men ularni katta yozuvchining mikropublitsistikasi deb atagan bo‘lardim. Anvar Obidjon,Nusrat Rahmat, Matnazar Abdulhakim, Mirpo‘lat Mirzo, Sa’dulla Siyoyev,Murod Abdullayev, Shodmon Otabek, Hakim Sattoriy, Ashurali Jo‘rayev, Alisher Fayz kabi yozuvchilarimiz badiiy publitsistikada ham samarali mehnat qilishyapti. Aytmoqchimanki, aytsa aytgulik publitsistik maqolalar yo‘q emas, bor. Faqat, takror aytaman, ular bugungi kun talab qilayotganiga nisbatan ancha oz.

— Publitsistikada muallif shaxsiyati alohida masala. Har bir hodisada, muammoda publitsist munosabati aks etishi zarur. Sizning nazaringizda, bugungi o‘zbek badiiy publitsistikasida “publitsist nuqtai nazari” yetarli darajada bo‘rtib ko‘rinyaptimi?

— Albatta, badiiy publitsistikaning birinchi shartlaridan biri — bu muallifning nuqtai nazari. Har bir publitsistik asarda so‘z yuritilayotgan muammoga nisbatan, umuman, hayotda yuz berayotgan voqea-hodisalarga va jamoatchilikning fikriga nisbatan muallifning pozitsiyasi, muallif “men”i bo‘rtib ko‘rinib turishi kerak. Ana shunisi bilan publitsistik ruhning ta’sirchanligi ortadi. Aks holda, ya’ni muallifning pozitsiyasi, uning fikri tayinli bo‘lmasa, uning o‘zini yetuk publitsistik, yozgan narsasini publitsistik asar, deb aytolmaymiz. Bu borada ham ahvol birdek emas. Ayrim maqolalarda publitsistning nuqtai nazari shundoqqina bo‘rtib ko‘rinib turadi, ayrim birlarida esa teskari holatni ko‘rish mumkin. Muallif mavzuning panasida qolib ketgan, nuqtai nazari, “men”i fakt va raqamlar girdobiga g‘arq bo‘lib ketgan maqolalar ko‘p uchraydi. Buning bir sababini muallifning tajribasizligiga yo‘yish mumkin, boshqa bir sababi esa yozuvchining uslubiga borib taqaladi. Bir xil yozuvchilarimiz keskinroq yozadi, bir xillari yotig‘i bilan yozadi, bir xillarida tanqidiy ruh kuchli bo‘lsa, bir xillarida satirik ruho‘ynab turadi, boshqasida tahliliy yondashuv kuchli bo‘ladi. Shuning uchun ham bu masalaga muallifning shaxsiyati va uslubidan kelib chiqib yondashish zarur.

— Publitsistik ijod yozuvchining yetuk badiiy asarlar yaratishi uchun real zamin bo‘la oladimi?

— Albatta, publitsistik ijod bilan badiiy asarlar yaratish o‘rtasidagi aloqa qanday, ularning bir-biridan farqi, bir-biriga ta’siri bormi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Badiiy asar yozishda ham, publitsistik asar yozishda ham qariyb o‘xshash tayyorgarlik bosqichi o‘tiladi. Men andijonlik mashhur Mirkomilboy haqidagi tarixiy manbalarni o‘rganib yurib, dastlab publitsistik maqolalar yozganman. Shu asnoda Mirkomilboy badiiy obraz sifatida ko‘rinish bera boshladi. Natijada publitsistik maqolalarimda tasvirlangan tarixiy faktlar badiiy talqinga aylandi va “Qazo bo‘lgan namoz” nomli hikoya yaratildi. Men hatto Mirkomilboy haqida roman yozishga kirishgandek edim, biroq bu reja amalga oshmadi.

Yakkabog‘dagi oddiy oila boshiga tushgan kulfatni batafsil o‘rganish maqsadida u yerga qayta-qayta bordim, allaqancha odamlar bilan dardlashdim — maqolalar yozdim. So‘ng o‘sha taassurotlarimni “Sof o‘zbekcha qotillik” qissasida, keyinroq “Chayongul” badiiy filmi stsenariysida badiiylashtirishga harakat qildim. Ko‘ryapsizmi, ixcham-ixcham publitsistik maqolalar vaqt-soati yetib badiiy asarga arzigulik xomashyo beryapti. Aytmoqchimanki, badiiy asar bilan publitsistika o‘rtasida Berlin devorini chegara qilish to‘g‘ri emas. Chunki publitsistika badiiy asarning “ukasi”. Kezi kelsa va qalovi topilsa, ilhom bilan yozilgan publitsistik maqolani salgina ishlov berish bilan badiiy asarga aylantirish hech gap emas. Faqat bitta xavf bor, bu — publitsistik ruhning badiiy asarga aynan ko‘chib o‘tishi. Bu badiiy asar ohorini, shirasini to‘kib qo‘yadigan xavf. Bunga hushyor bo‘lish kerak.

— Sizning safar taasurotlaringiz asosida yaratilgan “Toshkentni sog‘ingan kunlarim” turkumini o‘qidim. Ayting-chi, siz bo‘lgan chet davlatlardagi matbuotning o‘ziga xosligi nimalarda ko‘rinadi?

— Xorij safarlarida, albatta, matbuot tajribalarini o‘rganishga harakat qilaman. G‘arb matbuotining tajribalari biznikidan farqli, albatta. Misol keltiray. Tahririyat xodimi o‘z xonasidagi kompyuter va telefon oldidan jilmaydi. Uning to‘rt-beshta axborot tashuvchi “yugurdak”lari bo‘ladi. O‘shalar falon joyda falon voqea sodir bo‘ldi, degan mazmunda kompyuterga tafsilotlar jo‘natadi. Tahririyat xodimi tafsilotlardan maqola yoki xabar yasaydi. Bu qabildagi ish tarzi menga unchalik ma’qul kelmadi. Chunki gazetada chiqqan xabar, maqola voqeaning bevosita guvohi tomonidan emas, ikkinchi yo uchinchi shaxs tomonidan yozilyapti. Natijada qup-quruq axborot bor-u, jonli ehtiros, hayajon yo‘q. Bizda unday emas. Tahririyat xodimlarimiz voqea joyiga o‘zi boradi, o‘z ko‘zi bilan ko‘radi va o‘zi yozadi.

Xorij gazetalarining bir tajribasidan o‘rnak olsa arziydi. Bu — har bir nashrning, hatto aksariyat sahifalarning o‘z mualliflari bor. Tasavvur qiling, gazetaning 80-sahifasidagi o‘ng ustun yil mobaynida bitta muallifga taqdim etiladi. Dunyo voqealaridan xabar beradimi, ularni tahlil qiladimi, sharhlaydimi, farazlarini ilgari suradimi, bahslashadimi — uning ixtiyori! Gazetxonni zeriktirmasa bas!

Buning afzalligi, birinchidan, keng omma orasida o‘sha ustundagi chiqishlarning ixlosmandlari ko‘payadi, ikkinchidan, bitta muallif o‘y-mulohazalarining muntazam e’lon etilishi keng omma qarashlarini muntazamlashtirishga xizmat qiladi, buning ijtimoiy-tarbiyaviy ahamiyati beqiyos, uchinchidan esa, nufuzli gazetadan doimiy minbarga egalik jurnalist yo sharhlovchining shaxs, fuqaro, intellektual publitsist sifatidagi qadr-qimmatini, salohiyatini toblaydi, oshiradi va charxlaydi.

— Maqolalaringizdan birida: “Har qanday katta-kichik hodisalar, xotiralar, holatlar, hatto bir og‘iz so‘z ham tafakkurni o‘zgartirishga, yangilashga, dunyoqarashni larzaga solishga qodir…”, deya fikr bildirgansiz. Lekin kichik bir maqola yoki publitsistik maqola shunday katta ijtimoiy vazifani bajara oladimi?

— Yaxshi bir maqolani o‘qib, odamning tafakkuri o‘zgarib qoladimi-o‘zgarmaydimi, uning mezonini belgilab berish qiyin, albatta. Maqola sizni o‘ylantirib qo‘ydimi, shu vaqtgacha bilgan narsangiz haqida sizga yangi ma’lumot berib, mushohada qilishga undadimi, demak, u o‘z vazifasini o‘tagan hisob. Men boshqa bir holatga e’tiborni qaratmoqchi edim. Nazarimda bir mavzu, bir muammoga bag‘ishlangan turkum maqolalar yozish kamayib ketdi. Teleseriallar ommalashmoqda, nega turkum badiiy publitsistik maqolalar yozmaslik kerak?! Buning uchun bugungi hayotimizda qancha-qancha qiziqarli mavzular bor.

Bu xildagi publitsistik maqolalarda tahlil chuqurligi talab etiladi. Tahlil professional malakani, katta mahoratni talab qiladi. Hozirgi publitsistikamizning eng katta nuqsoni ham — professional tahlilning yetarli emasligi!

Sizning “Kaftdagi chiziqlar”, “Aqlli kulgi yoxud kulgili aql”ga kiritilgan hayotiy tajribalaringizdan saralab olgan fikr-mulohazalaringiz ham paremik san’at namunasi hisoblanadi. Ularning nomlanishi o‘zbek adabiyotida yaratilgan kundalik satrlardan sal boshqacha? Bu badiiy publitsistik qaydlaringiz ham aslida kundalikka bitilgan satrlar emasmi?

“Kaftdagi chiziqlar” talqiniga kelsak… Bu to‘g‘rida mendan ko‘p so‘rashgan. Har bir insonning kaftida chiziqlari bo‘ladi. Ana shu chiziqlar odamning bosib o‘tgan yo‘lidan va kelajagidan ayrim daraklar beradi. Nima ish qilgan bo‘lsak, kaftimizda chiziq sifatida yozib qo‘yilibdi. Faqat biz uni o‘qishni bilmaymiz. Kaftimdagi chiziqlar — mening kundaliklarim. Tarjimai holim.

—    Ko‘pgina maqolalaringizda Sharq va G‘arb dunyosini yoki Sharq va G‘arb adabiyotini qiyosiy o‘rgangansiz, ularni taqqoslab, muammolar mohiyatini tahlil va tadqiq etgansiz. Bunday badiiy publitsistik uslubda ijod qilishingizning sababi nimada?

—    Juda oddiy, jo‘n holatlarni kattaroq, kengroq rakursda ko‘rishga harakat qilib ko‘raylik. Bir holatga o‘zbek qanday yondashadi, qozoq, rus, ingliz, yapon-chi, degan savolga javob izlaylik, juda qiziq xulosalar chiqadi. Masalan, Balzakning Gobsegi, Ayniyning Qori Ishkambasi, Qodiriyning Solih Maxdumini bugungi hayot talablaridan kelib chiqib qiyosan tahlil qilaylik, favqulodda xulosalar chiqishi muqarrar! Yapon yozuvchisi Akutagava Ryunoskening “Rasyomon darvozasi” asari bilan G‘afur G‘ulomning “Mening o‘g‘rigina bolam” hikoyasini qiyoslashga harakat qildim. Ehtimol, bular bir-biridan juda yiroq asarlardir, lekin ularni chog‘ishtirish mumkin bo‘lgan yaqinlik topildi. Yana Akutagavaning bitta novellasi bilan Oybekning she’rlari o‘rtasida qandaydir bir yaqinlikni topgandek bo‘ldim. Yoki bo‘lmasa, “Jimjitxonaga yo‘l” degan hikoyamni atoqli italyan adibi Dino Butsatining“Etti qavat” hikoyasi bilan qorishtirib, yaratishga harakat qildim. Badiiy xulosa ham, publitsistik xulosa ham, hayotiy xulosa ham boshqacha, kutilmagan yechimlar berdi nazarimda.

Xurshid aka, qalbingiz sezgan, ammo yozolmay qolgan maqolangiz bormi? Yoki dilingizda nimaiki bo‘lsa, hammasini o‘z vaqtida yoza olganman, deya olasizmi?

—    Suhbatimizning boshlanishida aytganimdek, hayotning pulsi bilan publitsist yuragining pulsi jo‘r ovoz. Publitsist bugunning eng dolzarb muammosi haqida yozmasa, halovat bo‘lmaydi. Albatta, ijodkorning ko‘nglidan juda ko‘p gap o‘tadi, juda ko‘p ruhiy holatlarga tushadi u. Lekin hammasini yozib ulgurolmaydi.Chunki har qanday iztirob ham, avvalo, badiiy shaklga aylanishi kerak. Agar ko‘ngildan o‘tgan gap badiiy shaklga aylanmasa, yozish qiyin. Yozaman degan fikr keladi-yu, uni rivojlantira olmaysiz. Yaxshi niyat sifatida bitta-ikkita jumladan nariga o‘tolmaysiz. Katta rejalar amalga oshmaganda, siz aytgan paremiyalar tug‘iladi.

Suhbatdosh: Saida Qurbonova,

O‘zR FA Til va adabiyotinstituti tadqiqotchisi

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 17-sonidan olindi.